Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Vakillikka doir fuqarolik protsessual qonunchiligi normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida
Fuqarolik ishlari boʻyicha vakillikka doir qonunchilikni qoʻllashda sud amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda ushbu qonunchilik normalari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, fuqarolik protsessida vakillik instituti fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44, 116-moddalarida mustahkamlangan sud orqali himoyalanish va malakali yuridik yordam olish kabi konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudda vakillik taraflar, uchinchi shaxslar, arizachilar subyektiv huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoyasining protsessual kafolati vazifasini bajarishga qaratilgan.
2. Qonun mazmuniga koʻra, suddagi vakil — ishonch bildiruvchi shaxs nomidan va uning manfaatlari uchun berilgan vakolat doirasida protsessual harakatlar sodir etadigan hamda huquqlarini amalga oshirishda unga yordam beradigan jismoniy shaxsdir.
3. Fuqarolik protsessual kodeksining 50-moddasiga muvofiq yuridik shaxslarga tegishli ishlarni har doim ularning rahbarlari yoki vakillari yuritadilar, fuqarolar esa, oʻz ishlarini sudda shaxsan yoki vakil orqali yuritishlari mumkin. Bunda fuqaroning shaxsan ishtiroki uni mazkur ish boʻyicha vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonun fuqarolik ishlari boʻyicha sudda vakillikni ikki turga ajratadi — qonuniy, yaʼni majburiy vakillik (FPK 51-moddasi) va shartnoma boʻyicha, yaʼni ixtiyoriy vakillik (FPK 52-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
Qonuniy vakillik belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki oʻlgan deb eʼlon qilingan shaxslar huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga daxldor fuqarolik ishlarini sudda koʻrishda majburiydir. Qonuniy vakillik kelib chiqishi uchun huquq va manfaatlari himoya qilinayotgan shaxs roziligi talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudda vakillik boshqa barcha hollarda shartnomaga asoslangan boʻladi va faqat ishonch bildiruvchining bunga xohishi mavjud boʻlganda yuzaga keladi.
5. Sudda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, vasiylar, homiylar va FPK 51-moddasida koʻrsatilgan boshqa shaxslar ishtirok etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudda shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakil sifatida quyidagilar ishtirok etishlari mumkin:
1) advokatlar, yaʼni qonunda belgilangan tartibda advokatlik maqomini olgan shaxslar;
2) toʻgʻri va yon shajara boʻyicha qarindoshlar, shuningdek er(xotin) yoki uning qarindoshlari;
3) yuridik shaxslarning xodimlari-mazkur yuridik shaxslar ishlari boʻyicha;
4) notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari-mazkur tashkilotlar aʼzolarining ishlari boʻyicha;
5) qonunga binoan boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari;
6) ishtirokchilardan biri boshqa ishtirokchilarning topshirigʻi boʻyicha;
7) jismoniy shaxslar vakili sifatida sud tomonidan ishda qatnashishga ruxsat berilgan boshqa shaxslar, basharti ular vakil sifatida sudda kasb tariqasida (haq evaziga yoki haq olmay) faoliyat olib borishmasa.
Qonuniy vakillar ham, shartnoma boʻyicha vakillar ham voyaga yetgan va muomalaga layoqatli boʻlishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Ishonch bildiruvchiga qarindosh shaxslar doirasini aniqlashda sud FPK 52-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi va Oila kodeksining 57, 58-moddalariga amal qilishi lozim boʻlib, ularga koʻra quyidagilar qarindoshlar hisoblanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
ota-ona, bolalar, nevaralar, bobo, buvi, evaralar, katta bobo, katta buvi;
aka-uka, opa-singillar, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka, opa-singillari, ularning bolalari, bobo, buvilarning aka-uka, opa-singillari, ularning bolalari va h.k.;
oʻgay aka-uka, opa-singillar.
7. Yuridik shaxs xodimi deganda, mazkur tashkilotda mehnat shartnomasi (kontrakt)ga asosan ishlayotgan shaxs tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Sudda notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari sifatida mazkur notijorat tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt)ga asosan ishlayotgan va uning shtatida turgan shaxslar boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudda vakil sifatida, shuningdek, notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari ham ishtirok etishlari mumkin, basharti boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi mazkur tashkilotlarga bevosita qonunga binoan berilgan boʻlsa (masalan, “Oʻzbekiston Respublikasining savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasi va boshqalar).
Keyingi tahrirga qarang.
9. Davlat va fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan davlat organlari sudda notijorat tashkilot vakili sifatida emas, balki protsessning boshqa ishtirokchisi-davlat boshqaruv organlari sifatida qatnashadilar (FPK 48, 49-moddalari).
Keyingi tahrirga qarang.
10. Fuqarolik protsessual kodeksining 41-moddasiga koʻra, protsessda bir necha daʼvogar yoki javobgar, shuningdek uchinchi shaxslar qatnashganda, vakillik boshqa ishtirokchilar topshirigʻiga binoan sherik ishtirokchilardan biri tomonidan, basharti ulardan hech birining manfaatlari bir-biriga zid boʻlmasa, amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Vakillarning ishga kirishishi masalasi sudya tomonidan ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida hal etilib, bu haqda FPK 160-moddasiga muvofiq chiqarilgan ajrimda koʻrsatiladi. Agar vakilni ishga kiritish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud majlisida bildirilgan boʻlsa, masala ishda qatnashuvchi boshqa shaxslar fikri eshitilgandan soʻng bayonnomada qayd etiladigan ajrim chiqarish yoʻli bilan hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaxsni sudda vakil sifatida qatnashishiga ijozat berish (qatnashishini rad etish) toʻgʻrisidagi ajrim ustidan, u ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaganligi sababli, apellyatsiya (kassatsiya) shikoyatidan alohida tarzda shikoyat qilish mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Qonuniy vakillar ishga kirishishi uchun huquq beruvchi hujjatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
bolaning tegishli ota-onadan paydo boʻlganligi, bolalikka olinganlik faktlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
Keyingi tahrirga qarang.
vasiy yoki homiyni, meros mulkini asrovchini tayinlash toʻgʻrisida qarorlar.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillar ishga kirishishi uchun huquq beruvchi hujjatlar FPK 53-moddasiga muvofiq berilgan ishonchnomalar hisoblanadi, advokatlar, yuridik shaxs rahbari, shuningdek, ishonch bildiruvchi sud majlisida bergan arizaga (ogʻzaki yoki yozma) binoan shartnoma boʻyicha vakil sifatida ishda qatnashishi uchun FPK 53-moddasi uchinchi qismiga muvofiq ijozat berilgan jismoniy shaxsning qarindoshlari va boshqa vakillari bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Shartnoma boʻyicha ayrim vakillar ishga kirishishiga ijozat berilishi uchun qonun sudga, ishonchnomadan tashqari, yana boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qiladi, jumladan:
ishonch bildiruvchining qarindoshlari uchun — ishonch bildiruvchi va vakil orasida qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar;
yuridik shaxsning rahbari uchun — uning mansab mavqeyini tasdiqlovchi hujjat;
Keyingi tahrirga qarang.
Advokat ishga kirishishi uchun advokatlik guvohnomasi va advokatlar tuzilmasi tomonidan berilgan order taqdim etilishi kifoya boʻlib, u advokatga yuridik yordam soʻrab murojaat etgan shaxs manfaatlarini sudda himoya qilish huquqini (FPK 54-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari) beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Sudlarga tushuntirilsinki, ishga kirishish uchun huquq beruvchi hujjatlar shartnoma boʻyicha vakillarga protsess ishtirokchisining faqat umumiy huquqlarini (FPK 34-moddasi) berib, ularga quyidagilar kiradi: ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, nusxalar koʻchirish, raddiya berish toʻgʻrisida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashayotgan shaxslarga savollar berish, arizalar berish, iltimosnomalar taqdim etish, sudga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni sudda koʻrish davomida tugʻiladigan hamma masalalar boʻyicha oʻzlarining vajlarini bayon qilish, boshqa shaxslarning arzlari, iltimosnomalari, vajlariga qarshi eʼtiroz bildirish, sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va buyrugʻi ustidan shikoyat qilish, sud chiqargan hal qiluv qarori, ajrim, qaror va buyruqning majburiy ijrosini talab qilish, sud ijrochisining harakatlari vaqtida hozir boʻlish va oʻz huquqlarini amalga oshirish.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual huquqlardan ham foydalanadilar.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
15. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ayrim protsessual harakatlarni sodir etish uchun qonun maxsus vakolatlar mavjud boʻlishini talab etib, shartnoma boʻyicha vakil, shu jumladan advokat va ishga sud majlisida ishonch bildiruvchining arizasiga binoan kirishgan shaxs ham bu harakatlarni faqat ulardan har biri qonunga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnomada qayd etilgan holdagina sodir etishga haqlidir. FPK 54-moddasiga koʻra, bunday huquqlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Keyingi tahrirga qarang.
daʼvo talablaridan butunlay yoki qisman voz kechish;
daʼvo asosi yoki predmetini oʻzgartirish;
daʼvo miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish;
daʼvogar talablarini tan olish;
kelishuv bitimi tuzish;
vakolatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (boshqa shaxsga ishonib topshirish);
sudning hal qiluv qarori (ajrimi) ustidan shikoyat berish;
Keyingi tahrirga qarang.
ijro varaqasini undiruvga qaratish;
Keyingi tahrirga qarang.
undirilgan mol-mulk yoki pulni olish.
Faoliyati ustav bilan tartibga solinadigan yuridik shaxslar rahbarlari uchun ham maxsus vakolatlari borligi toʻgʻrisida hujjat taqdim etishi talab etiladi, basharti ustavda tegishli huquqlarni amalga oshirish korporativ boshqaruv organlari (umumiy yigʻilish yoki boshqaruv) vakolatiga tegishli boʻlsa.
Shuni nazarda tutish lozimki, qonuniy vakillar, shartnoma boʻyicha vakillardan farqli ravishda, FPK 54-moddasida koʻrsatilgan barcha protsessual harakatlarni maxsus vakolat olmagan holda mustaqil sodir etishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Fuqarolik ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar fuqarolik ishlari boʻyicha vakillikka doir qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini muntazam oʻrganib borishlari va natijasi boʻyicha mazkur huquqiy institut toʻgʻri qoʻllanilishi yuzasidan tegishli choralar koʻrishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 19-sonli “Fuqarolik protsessual qonun hujjatlari ayrim normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi haqida”gi qarorining 13-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi V. NAZAROV
Toshkent sh.,
2010-yil 14-may,
05-son