Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahri dehqon bozorlarida tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarining savdosini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1326-sonli (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2010-yil, 17-son, 131-modda.), 2010-yil 8-yanvardagi “Respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1257-sonli qarorlariga (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2010-yil, 1-2-son, 4-modda.) va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 27-yanvarda 2185-son bilan roʻyxatga olingan “Bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovlari hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining qaroriga (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-yil, 4-5-son, 38-modda.) muvofiq hamda dehqon bozorlarini yozgi mavsumga tayyorlash, tez buziladigan mahsulotlarni vaqtinchalik saqlash va sotish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, aholini sifatli, kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha oʻtkazilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bosh sanitariya vrachi tomonidan 2000-yil 22-avgustda tasdiqlangan “Dehqon bozorlariga oid sanitariya qoida-tartiblari va gigiyenik normativlar toʻgʻrisida”gi 0098-00-sonli sanitariya qoida va meʼyorlari talablariga, Oʻzbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-yil, 9-son, 239-modda; “Xalq soʻzi”, 1997-yil, 214 (1731)-son) hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuniga (“Xalq soʻzi”, 1993-yil, 192-son; Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 335-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 10-avgustda 1610-son bilan roʻyxatga olingan “Savdo shoxobchalari va bozorlarda goʻsht mahsulotlarini sotishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirl�gi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzstandart” agentligining 2006-yil 13-iyuldagi 6/2, 4, 255-son qaroriga asosan (Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hujjatlari toʻplami, 2006-yil 31-32-son, 328-modda), Toshkent shahar hokimligining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari majmuasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasi, “Toshbozorsavdo” uyushmalarining murojaatini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Toshkent shahar hokimligining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari majmuasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasi, “Toshbozorsavdo” uyushmalarining, Toshkent shahar hokimligi tizimidagi dehqon bozorlarda veterinariya-sanitariya qoida va meʼyorlari talablaridan kelib chiqib, sub mahsulotlar (jigar, ichak, oshqozon, tuyoq, oʻpka, kallapochcha va hokazolar) 2014-yil 1-oktabrga qadar bozor hududiga olib kirilishi va savdoga chiqarilishini taqiqlash (maxsus vitrinali muzlatkichlar oʻrnatilgan majmualardan tashqari) haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov), Ichki ishlar bosh boshqarmasi (M. Adilov), Davlat soliq boshqarmasi (R. Mirzayev), Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining Toshkent shahar boʻlimi (R. Raimov), Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (D. Alimuxamedov), Davlat veterinariya boshqarmasi (R. Xasanov), “Toshbozorsavdo” uyushmasi (A.Xamrayev), tuman hokimlari:
Tez buziladigan sub mahsulotlar (jigar, ichak, oshqozon, tuyoq, oʻpka, kallapochcha va hokazolar) bilan belgilanmagan joylarda, shu jumladan bozorlar hududidan tashqari joylarda noqonuniy savdo qilish holatlarini, oldini olish choralari koʻrilsin.
3. Tuman hokimlari:
tuman hokimlarining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari boshchiligida tegishli boshqarma, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda JTSB deb yuritiladi) quyi boʻlimlari, Davlat veterinariya boshqarmasi, Davlat sanitariya, epidemiologiya nazorati markazi tizim tashkilotlarining masʼul xodimlarini jalb qilgan holda dehqon bozorlarida tez buziladigan sub mahsulotlar savdosini tartibga solish boʻyicha maxsus Ishchi guruhlarini tuzsinlar;
tashkil etilgan maxsus Ishchi guruhlar zimmasiga muntazam ravishda tadbirlar olib borish hamda oʻtkazilgan tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish vazifasi yuklatilsin;
har oy yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Toshkent shahar hokimligiga axborot taqdim etib borilsin.
4. “Toshbozorsavdo” uyushmasi (A. Xamrayev):
dehqon bozorlarida haftaning bir kunini “Tozalik kuni” sifatida belgilasin;
“Tozalik kuni” dehqon bozorlari, ularning shohobchalari hamda ular hududida joylashgan barcha obyektlarda tozalash va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirib borilsin;
dehqon bozorlari va ular hududidagi shohobchalarda har kuni ish boshlanishidan oldin va ish jarayoni davomida muntazam ravishda tozalash ishlari olib borilishi nazoratga olinsin;
savdo rastalari oraliqlarida chiqindilarni yigʻish uchun maxsus chiqindi yigʻish qutilari oʻrnatgan holda chiqindi yigʻish maydonchalarini tartibga keltirish va yigʻilgan chiqindilarni har kuni olib chiqib ketilishi tashkil etilsin;
dehqon bozorlari va shohobchalari hududida goʻsht, sut, parranda tuxumi, salat va qandolat mahsulotlari savdosi amalga oshiriladigan rastalarga koʻrgazmali sovutgich uskunalari oʻrnatish boʻyicha zaruriy choralar koʻrilsin.
5. Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (D. Alimuxamedov), Davlat veterinariya boshqarmasi (R. Xasanov), “Toshbozorsavdo” uyushmasi (A. Xamrayev), Toshkent shahar IIBB JTSB (B. Egamberdiyev):
dehqon bozorlari va ularning hududida faoliyat yuritayotgan obyektlarning ishchi-xizmatchilari hamda tadbirkorlarni belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtganligi, maxsus ish kiyimlari bilan taʼminlanganligi, mahsulotlarni saqlash va sotish qoidalariga rioya qilinishi, ish joylarining sanitariya holatini talab darajasida boʻlishi ustidan nazorat oʻrnatilsin;
sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni aholi isteʼmoli uchun sotilishining oldini olish boʻyicha keskin chora-tadbirlar belgilasin;
chorva mollarining kalla-pochasi va ichki aʼzolarini dehqon bozorlari hududiga tozalangan holda savdoga chiqarilishi tashkil etilsin va doimiy nazoratga olinsin.
6. Axborot xizmati (X. Ermatov) mazkur qaror www.toshkent.uz veb saytiga joylashtirilsin va “Vecherniy Tashkent” va “Toshkent oqshomi” tahririyati (A.Akromov) mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari F.Ziyayev hamda Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti boshligʻi R. Abdumajitov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim R. USMANOV
Toshkent sh.,
2014-yil 28-may,
457-son