Jizzax viloyati Jizzax tumani hokimining
Qarori
Tuman hududida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-son Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 1998-y., 10-11-son, 203-modda) ijrosini taʼminlash hamda tuman hududidagi toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan oʻtkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli bunday holatlarga chek qoʻyish, fuqarolar sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Maʼnaviyat targʻibot markazining boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashlarini tuzish taklifi maʼqullansin.
2. Xotin-qizlar qoʻmitasi (I. Meliyeva), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (U. Urazboyev), “Nuroniy” jamgʻarmasi (K. Soatov), Maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha tuman hokimi yordamchisi (F. Xotamov)ga:
Jamoatchilik Kengashining maqsad va vazifalarini belgilab, oʻtkaziladigan toʻy-hasham, marosim, oilaviy tantanalar va boshqa tadbirlarning oʻtish holati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda toʻy va marosim egalari bilan ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida oʻtkazish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish;
keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni tartibga solish hamda ixcham va milliy qadriyatlar asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, targʻibot orqali jamiyat hayotiga tatbiq etish;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar va marosimlarni oʻtkazish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilish, ushbu masalani mahalla va mehnat jamoasida muhokama etish, taʼsir chorasini koʻrish va tushuntirish ishlarini oʻtkazish tizimini yaratish vazifalari topshirilsin.
3. Tuman bosh imom-xatibi (E. Xolboʻtayev)ga:
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni ixcham oʻtkazishni, dabdabali oʻtkazilayotgan tadbirlar oʻrniga mablagʻni kam taʼminlangan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirishni targʻib qilish;
diniy tashkilotlar imom-xatiblari toʻylar va marosimlardagi maʼruzalarida aholining eʼtiborini yoshlar tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati, jamiyat hayotiga xavf solayotgan tahdidlarning oldini olish, tinchlik va mustaqillik neʼmatini asrash kabi masalalarga qaratishi tavsiya etilsin.
4. Tumandagi davlat boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat unumdorligini saqlash maqsadida restoran, kafe va toʻyxonalarda ish kunlari toʻy va marosim munosabati bilan soat 07.00 dan 09.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha osh berish va aksincha ish vaqtida soat 09.00 dan 12.00 gacha, 14.00 dan 18.00 gacha osh bermaslik hamda soat 23.00 dan keyin toʻy va bazmlarni davom ettirish holatlarining oldini olish boʻyicha jamoatchilikning takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
5. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi (B. Kuvondikov)ga:
Restoran, kafe va toʻyxonada toʻy-hasham va turli marosimlarni oʻtkazishda plastik kartochkalar, pul oʻtkazish yoʻli va bank krediti orqali oʻtkaziladigan toʻlovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, bir xil narxda amalga oshirilishi nazoratga olinsin.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi (B. Ishmatov)ga:
Barcha restoran, kafe va toʻyxona egalari toʻy va marosimlarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi texnikalar, koʻrgazmalar va pirotexnikadan foydalanmaslik hamda toʻyxona atrofida yashovchi aholining tinchi buzilmasligi uchun toʻy-hashamdan soʻng shovqinli holatlar boʻlmasligini taʼminlash, toʻy-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari tumanda aylanishi va suratga olishi jarayonida fuqarolar hamda yoʻl harakati xavfsizligiga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilasin.
7. Tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi (F. Sheraliyev)ga:
toʻylar va maʼrakalarda sanʼatkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilinishi, shuningdek, xonandalik va raqqosalik litsenziyasi mavjudligi nazoratga olinsin, raqqosalik kasbiga nomunosib boʻlgan qiz-juvonlarning toʻy-hasham va bazmlarga raqqosa nomi ostida chiqishi qatʼiy cheklansin.
8. Tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi (I. Meliyeva), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (U. Urazboyev), “Nuroniy” jamgʻarmasi (K. Soatov), Maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha tuman hokimi yordamchisi (F. Xotamov) hamda qishloq va mahalla fuqarolar yigʻini raislari, diniy tashkilotlar imom-xatiblariga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini aholi va mehnat jamoasi oʻrtasida keng targʻib qilish vazifasi topshirilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosarlari E. Kenjayev va I. Meliyevalar zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror tumandagi barcha restoran, kafe va toʻyxona egalariga yetkazilsin va ijrosi toʻliq nazoratga olinsin.
11. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. ABDULLAYEV
Jizzax t.,
2013-yil 28-dekabr,
1652-son