OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Tijorat banklari balansida turgan alohida obyektlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2589]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 7-yanvardagi 2-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2589-4, 07.01.2020-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2014-yil 14-fevraldagi PF-4602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi farmonlariga, va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 71-son “Tijorat banklarining investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirishga va banklar tomonidan korxonalarni yangi investorlarga sotishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 26-iyuldagi 332-V-3, 113, 25 va 01/16-1-10/30-sonli qarori (roʻyxat raqami 2589-3, 07.08.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2018-y., 10/18/2589-3/1627-son)
1. Tijorat banklari balansida turgan alohida obyektlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-may,
332 V -son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-may,
40-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 13-may,
69-son
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-may,
01/22-26/75-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 13-maydagi 332 V, 40, 69 va 01/22-26/75-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari balansida turgan alohida obyektlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 71-son “Tijorat banklarining investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirishga va banklar tomonidan korxonalarni yangi investorlarga sotishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ilovasiga kiritilgan obyektlarni sotish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
auksion — musobaqalashish asosida xaridorni tanlash savdo shakli boʻlib, bunda obyektni sotib olish uchun eng katta narxni taklif etgan ishtirokchi obyektni sotib olish toʻgʻrisida oldi-sotdi shartnomasi tuzish huquqiga ega boʻladi;
sotib olish uchun toʻlov — xaridor tomonidan sotib olingan obyekt uchun toʻlanayotgan milliy va (yoki) chet el valyutasidagi pul mablagʻlari;
auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish sanasi — auksion va (yoki) toʻgʻridan toʻgʻri muzokara oʻtkazilishi koʻrsatilgan eʼlondagi auksion oʻtkaziladigan va toʻgʻridan toʻgʻri muzokara boʻlib oʻtadigan kun;
obyekt — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 71-son qarori ilovasiga kiritilgan korxona yoki uning ustav fondi (kapitali)dagi tijorat banklarining ulushi, shuningdek, qarzdorlarning majburiyatlari boʻyicha bank tomonidan undirilgan mulk;
tashkilotchi — qonun hujjatlariga hamda sotuvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishni tashkil etish hamda oʻtkazish xizmatlarini koʻrsatadigan ixtisoslashtirilgan tashkilot;
xaridor — auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuziladigan yuridik yoki jismoniy shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti);
vakolatli vakil — ishonchnoma asosida auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishda ishtirok etish uchun talabgor tomonidan vakil qilingan yuridik yoki jismoniy shaxs;
talabgor — taklif etilgan shartlar asosida auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishda ishtirok etish xohishini bildirgan yuridik yoki jismoniy shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti);
sotuvchi — auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan obyekt sotuvini amalga oshiruvchi tijorat banki;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish — sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi olib borilgan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish natijasida tuziladigan oldi-sotdi shartnomasi orqali obyektni sotish;
boshlangʻich qiymati — auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaraga qoʻyilgan obyektning narxi;
qatnashchi — auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokarada qatnashish uchun qoʻyilgan talabgor yoki uning vakolatli vakili;
2. Obyektlarni sotish tashkilotchi tomonidan sotuvchi belgilagan shartlar va muddatlarda quyidagi ketma-ketlikda oʻtkaziladi:
a) auksionga quyish orqali;
b) auksion boʻlib oʻtmagan deb eʼlon qilingan taqdirda, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali.
3. Obyektlarni auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazmasdan sotish faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan amalga oshiriladi.
4. Obyektlar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlariga qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda ham Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida, ham chet el valyutasida sotilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Obyektning bozor qiymatini aniqlash uchun sotuvchi tomonidan baholovchi tashkilot jalb etiladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 26-iyuldagi 332-V-3, 113, 25 va 01/16-1-10/30-sonli qarori (roʻyxat raqami 2589-3, 07.08.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2018-y., 10/18/2589-3/1627-son)
Agar baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sanadan obyektning boshlangʻich qiymati belgilanayotgan sanagacha 6 oydan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa, baholovchi tashkilotning hisobotida koʻrsatilgan obyektning bozor qiymati uni sotish uchun ishlatiladi.
Agar obyektlar baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sanadan boshlab 6 oy davomida sotishga qoʻyilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 71-sonli qarori qabul qilingunga qadar tuzilgan baholash hisobotlari obyektning boshlangʻich qiymatini belgilash uchun ishlatiladi.
Mazkur Nizomga asosan sotuvga qoʻyilgan hamda obyektning boshlangʻich qiymati baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida belgilangan boʻlsa, obyektni baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sanadan uch yilgacha boʻlgan muddatda qaytadan baholash talab etilmaydi.
6. Auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish uchun sotuvchi tashkilotchi bilan tegishli xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi va obyektlarni sotish shartlari, shu jumladan, boshlangʻich qiymatini taqdim qiladi.
7. Auksion va (yoki) toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish tashkilotchi hisobidan amalga oshiriladi, agar sotuvchi va tashkilotchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqa shartlar belgilanmagan boʻlsa.
2-bob. Auksionga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish
8. Tashkilotchi obyektni sotish boʻyicha sotuvchi tomonidan taqdim etilgan shartlarga asosan:
auksion oʻtkazish sanasini belgilaydi;
doimiy yoki vaqtincha faoliyat koʻrsatuvchi auksion komissiyasini shakllantiradi;
auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanoma berish muddatini belgilaydi;
auksion oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin hech boʻlmaganda ikkita respublika davriy nashrlarida (2000 nusxadan ortiq tirajda) va oʻzining veb-saytida auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon qiladi. Eʼlonlar belgilangan auksion shartlariga muvofiq boʻlishi va mazkur obyekt boʻyicha toʻrt marta, bir haftada 2-martadan ortiq oʻtkazilmaydigan auksion oʻtkazish sanalari toʻgʻrisidagi maʼlumotga ega boʻlishi lozim;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotiladigan obyektlar toʻgʻrisida axborotni oshkor etadi;
auksionda ishtirok etish uchun ishtirokchilar buyurtmanomalarini roʻyxatga oladi;
auksionda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni taqdim etiladigan hujjatlar namunalari bilan taʼminlaydi, shuningdek ularni rasmiylashtirishda yordam beradi;
talabgorlar orasidan auksion ishtirokchilari roʻyxatini shakllantiradi;
auksion ishtirokchilariga ishtirokchi raqami koʻrsatilgan chipta va maxsus raqamli belgini beradi;
eʼlon chop etilgan sanadan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga ularning soʻrovlari boʻyicha obyekt toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etadi;
auksion oʻtkazilgan kundan boshlab 30 kun davomida auksion oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon berilgan respublika davriy nashrlari va veb-saytlarda auksion natijasi toʻgʻrisida maʼlumotni chop etadi;
tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.
9. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar aks ettirilishi lozim:
tashkilotchining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), uning aloqa qilinadigan telefoni, telefaksi, elektron pochta manzili;
auksionga qoʻyilayotgan obyektning nomi va uning joylashgan joyi;
obyektning boshlangʻich qiymati;
auksion oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy;
oldi-sotdi shartnomasi tuzilishining cheklangan muddati;
zakalat qoʻyish miqdori, muddati va tartibi, uni qoʻyish uchun bank rekvizitlari;
buyurtmanomalarni qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda);
sotib olish uchun toʻlovning muddati;
qoʻshimcha maʼlumotlar olish mumkin boʻlgan manzil va aloqa telefoni.
10. Auksionda sotilgan obyekt boʻyicha sotib olish uchun toʻlovlar bir yoʻla yoki sotib olish summasining qoldigʻiga foizlar hisoblamasdan boʻlib-boʻlib, shuningdek, sotib olish uchun toʻlovlar toʻliq toʻlangunga qadar obyektni oʻzgaga berish va uchinchi shaxslarga garovga (ipotekaga) qoʻyish huquqisiz (sotuvchi — tijorat banki bundan mustasno) toʻlanadi.
Sotib olish uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash muddati 7 yildan oshmasligi lozim, agar mazkur obyektni sotish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida koʻzda tutilmagan boʻlsa.
11. Auksion oʻtkazish jarayonini nazorat qilish, talablar yagonaligini va auksion natijalari boʻyicha qaror qabul qilish xolisligini taʼminlash uchun tashkilotchi tomonidan doimiy yoki vaqtincha faoliyat koʻrsatuvchi auksion komissiyasi tashkil etiladi.
12. Komissiya tarkibi kamida besh kishidan tashkil topishi lozim. Auksion komissiyasiga quyidagilar kiritiladi:
Sotuvchi — bankning investitsiya faoliyatini nazorat qiluvchi Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
sotuvchi bankning investitsiya faoliyati boʻyicha boʻlinmasi rahbari;
sotuvchi bankning investitsiya kompaniyalari rahbarlari (ular mavjud boʻlgan taqdirda);
sotuvchi bankning boshqa boʻlinmalari xodimlari;
tashkilotchi rahbari.
13. Auksion komissiyasiga sotuvchi-bankning investitsiya faoliyatini nazorat qiluvchi Boshqaruv raisi oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
14. Qarorlar oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Auksion komissiyasi majlisida uning aʼzolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etsa, uning qarorlari qonuniy hisoblanadi. Bunda, auksion komissiyasining raisi va tashkilotchi rahbarining ishtirok etishi talab etiladi.
15. Auksionda ishtirok etish uchun talabgor majburiyatlar bajarilishining taʼminlanishi sifatida obyektning boshlangʻich qiymatining 5 (besh) foizi miqdorida zakalat toʻlashi va auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanoma berishi lozim.
16. Auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish auksion oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan sanadan boshlanadi va auksion oʻtkazish boshlanishidan kamida uch soat oldin toʻxtatiladi.
17. Auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomalar talabgor yoki uning vakili tomonidan tashkilotchiga ikki nusxada (shaxsan yoki pochta orqali) quyidagi hujjatlar ilova qilingan tarzda taqdim etiladi:
yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi, shuningdek, auksionda ishtirok etish uchun vakolatli vakil nomiga, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
jismoniy shaxslar uchun — pasport (istiqomat guvohnomasi) nusxasi, auksionda vakolatli vakil qatnashgan taqdirda esa, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda, qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
auksion toʻgʻrisida eʼlonda koʻrsatilgan bank hisobraqamiga zakalat oʻtkazilganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasi.
18. Tashkilotchi taqdim etilgan hujjatlarning ikkinchi nusxasiga ularni qabul etganligi toʻgʻrisida sana va qabul qilingan vaqtni koʻrsatgan holda belgi qoʻyadi va uni talabgorga (yoki uning vakiliga) qaytarib beradi. Qabul qilingan buyurtmanomalar tashkilotchi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va hisobga olinishi lozim.
19. Auksion toʻgʻrisida eʼlonda koʻrsatilgan qabul muddati oʻtgandan soʻng auksionda ishtirok etish uchun taqdim etilgan, shuningdek, mazkur Nizomning 17-bandida belgilangan talablarga javob bermaydigan buyurtmanomalar tashkilotchi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Hujjatlar taqdim etilgan sana tashkilotchining roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozuvi boʻyicha aniqlanadi.
Boshqa asoslar boʻyicha auksionda qatnashishga rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Koʻrib chiqish uchun tashkilotchi tomonidan qabul qilinmagan auksionda ishtirok etish buyurtmanomalari shu kunning oʻzida talabgorga yoki uning vakolatli vakiliga tilxat ostida qaytarib beriladi, yoxud pochta orqali (buyurtma xat bilan), qabul qilishni rad etish sabablari koʻrsatilgan holda joʻnatib yuboriladi. Bunda toʻlangan zakalat summasi uch bank ish kuni mobaynida talabgorga qaytariladi.
21. Buyurtmanomalari va hujjatlari mazkur Nizomda belgilangan talablarga javob beradigan va tashkilotchi tomonidan qabul qilingan talabgor auksionda qatnashishga qoʻyiladi.
22. Auksion qatnashchilariga auksion oʻtkaziladigan kuni auksion qatnashchisi chiptasi beriladi, unda qatnashchining tartib raqami va obyekt nomi koʻrsatiladi, shuningdek auksion davomida foydalaniladigan maxsus raqam belgilari beriladi.
23. Auksion ishtirokchisi auksion oʻtkazilishidan kamida uch soat oldin tashkilotchiga yozma bildirishnoma berish yoʻli bilan buyurtmanomani qaytarib olishi mumkin. Bunda toʻlangan zakalat summasi buyurtmanomani qaytarib olish toʻgʻrisida bildirishnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab uch bank ish kunidan kechiktirilmagan muddatda qaytarilishi lozim.
24. Auksion obyektning boshlangʻich qiymatini bosqichma-bosqich oshirgan holda oʻtkaziladi. Auksion bosqichi auksion komissiyasi tomonidan boshlangʻich qiymatining bir foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
25. Auksionni tashkilotchi tomonidan tayinlanadigan auksionchi oʻtkazadi. Auksion auksionchi tomonidan obyektning nomi, qisqacha tasnifi va obyektning boshlangʻich qiymati eʼlon qilingan holda boshlanadi.
26. Auksionchi narxni eʼlon qiladi, ishtirokchilar esa mazkur narxda obyektni sotib olishga tayyorligi toʻgʻrisida ishtirokchi raqamini koʻtarish orqali bildiradi.
27. Bir necha ishtirokchilar tomonidan qiziqish bildirilgan taqdirda auksionchi narxni auksion bosqichiga muvofiq oshirib navbatdagi narxni eʼlon qiladi.
28. Agar navbatdagi narx 3-marta eʼlon qilingandan keyin xaridorlarning hech biri raqamini koʻtarmasa, auksion tugallanadi. Chipta raqami auksionchi tomonidan oxirgi marta eʼlon qilingan xaridor auksion gʻolibi hisoblanadi. Shundan soʻng, auksionchi auksionga qoʻyilgan obyekt sotilganligi toʻgʻrisida, sotib olish uchun toʻlov miqdorini va auksion gʻolibining chipta raqamini eʼlon qiladi.
29. Agar auksionda ishtirok etish uchun buyurtmanomalar ularni qabul qilish muddati tugashiga qadar taqdim etilmasa yoki faqat bitta buyurtmanoma taqdim etilsa, auksion boʻlib oʻtmagan deb topiladi. Bunda tashkilotchi auksion komissiyasini, sotuvchini, shuningdek yagona buyurtmanomani taqdim etgan ishtirokchini bu toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Auksionda ishtirok etish uchun yagona buyurtmanoma taqdim etgan talabgor istagiga koʻra uning toʻlangan zakalat summasi uch bank ish kuni mobaynida qaytarib berilishi yoki uning buyurtmanomasi navbatdagi auksionga (agar auksion oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlsa) oʻtkazilishi mumkin.
30. Auksion natijalarini rasmiylashtirish mazkur Nizomning 5-bobi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotishga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish
31. Auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotiladi.
32. Tashkilotchi tomonidan sotilmagan obyektning toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali, sotuvchi tomonidan oʻrnatilgan shartlarda va mazkur Nizomda belgilangan tartibda sotilishi toʻgʻrisida eʼlon chop etiladi.
33. Eʼlon toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish muddati tugashi sanasidan kamida 30 kun oldin, hech boʻlmaganda ikkita respublika davriy nashrlarida (2000 nusxadan ortiq tirajda) va oʻz veb-saytida chop etiladi.
Eʼlonlar oʻrnatilgan shartlarga muvofiq boʻlishi va oʻz ichiga oʻtkaziladigan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar sanasi hamda talabgor takliflarining amal qilish muddatlari toʻgʻrisida maʼlumotni olishi lozim.
34. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
tashkilotchining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), uning aloqa telefoni, telefaksi, elektron pochta manzili;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotuvga qoʻyiladigan obyektning nomi va uning joylashgan joyi;
obyektning boshlangʻich qiymati;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi;
oldi-sotdi shartnomasi tuzilishining oxirgi muddati;
zakalat miqdori, kiritish muddati va tartibi, uni qoʻyish uchun bank rekvizitlari;
buyurtmanomalarni qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda);
sotib olish uchun toʻlov amalga oshiriladigan oxirgi muddat;
qoʻshimcha maʼlumotlar olish mumkin boʻlgan manzil va aloqa telefoni.
35. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotilgan obyekt boʻyicha sotib olish uchun toʻlovlar bir yoʻla yoki sotib olish summasining qoldigʻiga foizlar hisoblanmasdan boʻlib-boʻlib toʻlanadi, shuningdek sotib olish uchun toʻlovlar toʻliq toʻlangunga qadar obyektni oʻzgaga berish va uchinchi shaxslarga garovga (ipotekaga) qoʻyish huquqisiz (sotuvchi — tijorat banki bundan mustasno) amalga oshiriladi.
Sotib olish uchun toʻlovlarning muddati 7 yildan oshmasligi kerak, agarda ushbu obyekt boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorida boshqa muddat koʻzda tutilmagan boʻlsa.
36. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotishda ishtirok etish uchun talabgor majburiyatlar bajarilishining taʼminlanishi sifatida obyekt boshlangʻich qiymatining 1 (bir) foizi miqdorida zakalat toʻlashi va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda ishtirok etish uchun buyurtmanoma berishi lozim.
37. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotishda ishtirok etish uchun buyurtmanomalar talabgor yoki uning vakili tomonidan (shaxsan yoki pochta orqali) ikki nusxada quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda tashkilotchiga taqdim etiladi:
yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi, shuningdek toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda ishtirok etish uchun vakolatli vakil nomiga, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
jismoniy shaxslar uchun — pasport (istiqomat guvohnomasi) nusxasi, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda vakolatli vakil qatnashgan taqdirda esa, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda, qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan bank hisobraqamiga zakalat oʻtkazilganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
ikki nusxada, konvert ichida sotib olish summasi va toʻlovlarni toʻlash muddatlari toʻgʻrisidagi takliflar. Bunda, taqdim etilgan hujjatlarning barcha varaqlari talabgor imzosi va muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
(37-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2015-yil 30-dekabrdagi 332-V-1, 111, 108, 01/22-26/28-sonli qarori (roʻyxat raqami 2589-1, 12.01.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 2-son, 16-modda)
38. Tashkilotchi taqdim etilgan hujjatlarning ikkinchi nusxasiga ularni qabul qilinganligi toʻgʻrisida sana va qabul qilingan vaqtni koʻrsatgan holda belgi qoʻyadi va uni talabgorga (yoki uning vakiliga) qaytarib beradi. Qabul qilingan buyurtmanomalar tashkilotchi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va hisobga olinishi lozim.
39. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan qabul muddati tugagandan soʻng toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishda ishtirok etish uchun taqdim etilgan, shuningdek mazkur Nizomning 37-bandida belgilangan talablarga javob bermaydigan buyurtmanomalar tashkilotchi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi. Hujjatlar taqdim etilgan sana tashkilotchining roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozuvi boʻyicha aniqlanadi.
Boshqa asoslar boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishda qatnashishga rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
40. Tashkilotchi tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishda ishtirok etishni koʻrib chiqish uchun qabul qilinmagan buyurtmanomalar shu kunning oʻzida talabgorga yoki uning toʻliq vakolatli vakiliga tilxat ostida qaytarib beriladi, yoxud pochta orqali (buyurtma xat bilan) qabul qilishni rad etish sabablari koʻrsatilgan holda, joʻnatib yuboriladi. Bunda toʻlangan zakalat summasi uch bank ish kuni mobaynida talabgorga qaytarib beriladi.
41. Hujjatlari mazkur Nizomda belgilangan talablarga javob beradigan va tashkilotchi tomonidan qabul qilingan talabgorlar toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishda ishtirok etishga qoʻyiladi.
42. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotishni oʻtkazish va talabgorlarning taqdim etilgan buyurtmanomalarini koʻrib chiqish uchun tashkilotchi tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tashkil etiladi.
43. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tarkibi besh kishidan kam boʻlmasligi lozim. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
sotuvchi bankning investitsiya faoliyatini nazorat qiluvchi Boshqaruv raisining oʻrinbosari;
sotuvchi bankning investitsiya faoliyati boʻyicha boʻlinmasi rahbari;
sotuvchi bankning investitsiya kompaniyalari rahbarlari (ular mavjud boʻlgan taqdirda);
sotuvchi bankning boshqa boʻlinmalari xodimlari.
44. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasiga sotuvchi bankning investitsiya faoliyatini nazorat qiluvchi Boshqaruv raisining oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
45. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi qarorlari oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi majlisida uning aʼzolarining kamida 2/3 qismi, shu jumladan komissiya raisi, ishtirok etsa, uning qarorlari qonuniy hisoblanadi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokara oʻtkazish komissiyasi ishida, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilish jarayonini, talablar teng boʻlishini va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijasi boʻyicha qabul qilinadigan qarorlar haqqoniyligining taʼminlanishini nazorat qiluvchi tashkilotchi rahbari majburiy tarzda ishtirok etadi.
46. Sotuv oʻtkaziladigan kunda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tomonidan talabgorlar takliflari solingan konvertlarning birinchi nusxalari ochiladi. Konvertlarning ikkinchi nusxalari tashkilotchida saqlanadi va takliflar mazmuni boʻyicha nizolar yuzaga kelgan taqdirda ochiladi.
Konvertdan olingan hujjatlar mazkur Nizomning 37-bandi beshinchi xatboshisida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, mazkur taklif toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tomonidan koʻrilmaydi.
Talabgorlar yoki ularning vakolatli vakillari takliflar solingan konvertlar ochilishida ishtirok etadi. Talabgorlar bilan muzokara toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi tomonidan takliflar solingan konvertlar ochilgandan soʻng oʻtkaziladi.
47. Ikkita va undan ortiq talabgorlardan takliflar mavjud boʻlganda, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijasi boʻyicha obyekt uchun eng koʻp miqdorda sotib olish uchun toʻlovni taklif etgan talabgor, uning taklifi eʼlonda koʻrsatilgan obyektni sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuzish shartlariga mos kelishini hisobga olgan holda, gʻolib deb topiladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasi boʻyicha obyekt uchun bir xil sotib olish uchun toʻlovlar summasini taklif qilgan ikkita talabgor mavjud boʻlgan taqdirda, sotib olish uchun toʻlovlar amalga oshirilishining eng qisqa muddatini taklif etgan talabgor gʻolib deb topiladi.
48. Bitta talabgor mavjud boʻlgan taqdirda, taqdim etilgan takliflar eʼlonda koʻrsatilgan shartlarga muvofiq boʻlsa, sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
49. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali oʻtkazilgan sotuv natijalari mazkur Nizomning 5-bobi talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
4-bob. Auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokara oʻtkazish komissiyalari huquq va majburiyatlari
50. Auksion komissiyasi hamda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablari buzilgan taqdirda, shuningdek kimoshdi yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotuv oʻtkazilishi jarayoniga toʻsqinlik qiluvchi boshqa vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, kimoshdi yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotuv oʻtkazilishini toʻxtatish;
tegishli eʼlonlar chop etilishini, shuningdek buyurtmanomalar taqdim etgan talabgorlarni (agar mavjud boʻlsa) yozma ravishda xabardor qilinishini taʼminlash, auksion oʻtkazish sanasini bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga va/yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishni oʻtkazish sanasini ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatga koʻchirish;
Auksion komissiyasi hamda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizomga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
51. Auksion komissiyasi mazkur Nizomda koʻzda tutilgan holatlarda auksion boʻlmagan deb topishi lozim.
Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi mazkur Nizomga muvofiq toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish oʻtkazilishini boʻlmagan deb topishi, shuningdek ishtirokchilarning takliflari belgilangan shartlarga muvofiq kelmagan holatda, ularni xabardor qilgan va rad etish sabablarini koʻrsatgan holda takliflarini rad etishi lozim.
Auksion komissiyasi hamda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyalari qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizomga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishlari mumkin.
5-bob. Auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish natijalarini rasmiylashtirish va boshlangʻich qiymatda oldi-sotdi shartnomalarini tuzish
52. Oʻtkazilgan auksion va/yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish natijalari, shu kunning oʻzida, auksion komissiyasi yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasining bayonnomasi bilan ishtirokchilar, ularning takliflari va qabul qilingan qarorlari aks ettirilgan holda, auksion komissiyasi yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasining aʼzolari hamda gʻolib (u aniqlangan taqdirda) tomonidan imzolangan holda rasmiylashtiriladi.
Oʻtkazilgan auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha bayonnoma mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
53. Bayonnoma nusxalari sotuvchi va gʻolibga (u aniqlangan taqdirda) taqdim qilinadi va u obyektning oldi-sotdi shartnomasini tuzish uchun asos boʻladi.
54. Obyektning oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi va gʻolib oʻrtasida bayonnoma tuzilgan kundan boshlab 20 kun muddat ichida tuziladi.
55. Qonunchilikda belgilangan hollarda obyekt boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilingan taqdirda, auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar takroran oʻtkaziladi.
56. Auksion gʻolibi bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortsa yoki imzolashni rad etsa, auksion komissiyasi bayonnomaga tegishli yozuv kiritadi va sotuvchi auksion gʻolibi taklifidan bir bosqich past narx taklif qilgan auksion ishtirokchisi bilan shartnoma tuzishni taklif qiladi.
Agar ushbu auksion ishtirokchisi ham oldi-sotdi shartnomasini imzolashni rad etsa, auksion natijasi bekor qilinadi va auksion komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda takroriy auksion oʻtkaziladi.
57. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar gʻolibi bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortsa yoki imzolashni rad etsa, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi bayonnomaga tegishli yozuv kiritadi va sotuvchi, taklifi eʼlonda koʻrsatilgan shartlarga eng muvofiq boʻlgan savdo ishtirokchisi (u boʻlgan taqdirda) bilan shartnoma tuzishni taklif etadi.
Agar bunday ishtirokchi boʻlmagan taqdirda yoki mazkur ishtirokchi ham oldi-sotdi shartnomasini imzolashni rad etsa, toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish natijalari bekor qilinadi va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish komissiyasi qarori bilan belgilangan muddatda takroriy toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish oʻtkaziladi.
58. Auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish gʻolibi bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortsa yoki imzolashni rad etsa, (sotuvchi tomonidan mazkur Nizom talablari buzilishi oqibatida oldi-sotdi shartnomasini imzolanishi rad etilishi holatlari bundan mustasno) qoʻyilgan zakalat summasi qaytarib berilmaydi.
Sotuvchi auksion savdolari yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar gʻolibi bilan bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortsa yoki imzolashni rad etsa, sotuvchi auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar gʻolibiga qoʻyilgan zakalat summasini ikki barobari miqdorida jarima toʻlab beradi.
6-bob. Auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotilmagan obyektlarni dastlabki boshlangʻich qiymatda sotilishi
59. Obyekt auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda dastlabki boshlangʻich qiymatda sotilmagan taqdirda, sotuvchi mazkur Nizomning 60-bandiga muvofiq bosqichma-bosqich dastlabki boshlangʻich qiymatini pasaytirish mexanizmini qoʻllaydi, biroq pasaytirish mexanizmi dastlabki boshlangʻich qiymatining 50%dan ortiq boʻlmagan miqdorda qoʻllaniladi.
60. Obyektni auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda dastlabki boshlangʻich qiymatidan pasaytirilgan narxda sotish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) birinchi bosqich:
obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan 10%gacha pasaytirilgan narxda auksionga chiqarish va auksionni tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkazish;
auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt soʻnggi auksionda qoʻyilgan narxda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishga chiqariladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkaziladi;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyektni sotishning keyingi bosqichi qoʻllaniladi;
b) ikkinchi bosqich:
obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan 20%gacha pasaytirilgan narxda auksionga chiqarish va auksionni tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkazish;
auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt soʻnggi auksionda qoʻyilgan narxda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishga chiqariladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkaziladi;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyektni sotishning keyingi bosqichi qoʻllaniladi;
v) uchinchi bosqich:
obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan 30 %gacha pasaytirilgan narxda auksionga chiqarish va auksionni tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkazish;
auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt soʻnggi auksionda qoʻyilgan narxda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishga chiqariladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkaziladi;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyektni sotishning keyingi bosqichi qoʻllaniladi;
g) toʻrtinchi bosqich:
obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan 40%gacha pasaytirilgan narxda auksionga chiqarish va auksionni tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkazish;
auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt soʻnggi auksionda qoʻyilgan narxda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishga chiqariladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkaziladi;
toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyektni sotishning keyingi bosqichi qoʻllaniladi;
d) beshinchi bosqich:
obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan 50%gacha pasaytirilgan narxda auksionga chiqarish va auksionni tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkazish;
auksion toʻrt marta boʻlib oʻtmagan deb topilgan taqdirda, obyekt soʻnggi auksionda qoʻyilgan narxda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotishga chiqariladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali sotish tegishli eʼlon chop etilgan sanadan boshlab kamida oʻn besh kundan keyin oʻtkaziladi.
61. Obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatidan pasaytirilgan narxda auksion oʻtkazish va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
62. Mazkur Nizomning 60-bandida nazarda tutilgan obyektning dastlabki boshlangʻich qiymatini pasaytirish mexanizmi oldingi bosqichda koʻzda tutilgan tadbirlar bajarilgandan soʻng hamda har bir bosqich uchun sotuv shartlari sotuvchining aksiyadorlari umumiy yigʻilishi yoki kengashi, yoxud uning vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangandan soʻng qoʻllaniladi.
63. Obyektni dastlabki boshlangʻich qiymatidan pasaytirilgan narxda sotish boʻyicha oʻtkazilgan auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish natijalariga koʻra oldi-sotdi shartnomasi, sotuvchi va gʻolib oʻrtasida, auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng yigirma kundan kech boʻlmagan muddatda tuziladi.
7-bob. Auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish natijalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish
64. Auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish natijalariga koʻra obyektlarni sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuzilgandan keyin, sotib olish uchun toʻlovlar xaridor tomonidan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda gʻolib tomonidan toʻlangan zakalat puli shartnoma summasiga kiritiladi.
Auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarda qatnashgan qolgan ishtirokchilarning zakalat summasi, auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish oʻtkazilgandan soʻng 3 (uch) bank ish kuni mobaynida qaytariladi.
Xaridor boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olingan obyekt boʻyicha sotib olish uchun toʻlovni muddatidan oldin amalga oshirish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
65. Obyekt sotilishidan tushgan mablagʻlar taqsimoti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-apreldagi 188-son “Amalga oshirilayotgan iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish va moliyaviy sogʻlomlashtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 4-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
(65-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 26-iyuldagi 332-V-3, 113, 25 va 01/16-1-10/30-sonli qarori (roʻyxat raqami 2589-3, 07.08.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2018-y., 10/18/2589-3/1627-son)
66. Sotuvdan tushayotgan mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, sotuvchi kuzatuv kengashining taqdimotiga koʻra aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yoki sotuvchi kengashi (kengash boshqaruvning oliy organi sifatida) obyektning balans qiymati (bankning buxgalteriya balansida aks ettirilgan obyekt qiymati) va uni sotib olish uchun toʻlovlar orasidagi salbiy tafovutni, tijorat banklari tomonidan ilgari berilgan kreditlar boʻyicha qoplanmagan qarzdorliklarni va obyektga tegishli boshqa xarajatlarni (shu jumladan investitsiya kompaniyalarining xarajatlari) hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.
8-bob. Obyektni sotishda ishtirok etgan tomonlar javobgarligi
67. Tashkilotchi, ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishi va maxfiyligini taʼminlamaganligi uchun qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda javobgar boʻladi.
68. Sotuvchi:
sotiladigan obyektlarni yangi mulkdorga topshirgunga qadar but saqlanishining taʼminlanmaganligi, mulklarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasini oʻz vaqtida rasmiylashtirilmaganligi;
mazkur Nizomga muvofiq taqdim etiladigan maʼlumotlar haqqoniy emasligi uchun javobgar boʻladi.
69. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
70. Obyektlarni auksion yoki toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
Tijorat banklari balansida turgan alohida obyektlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Auksion va toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar komissiyasining
bayonnomasi
| Auksion/toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilgan sana va joyi: | ___________________________________ | ||
| Savdo tashkilotchisi: | ___________________________________ | ||
| Sotuvchi: | ___________________________________ | ||
| Auksionchi (auksionda): | ___________________________________ | ||
| Talabgor ishtirokchilar: | ___________________________________ | ||
| Auksion/toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish obyekti: | ______________________________ | ||
| Boshlangʻich qiymati: | ______________________________ | ||
| Gʻolib: |
___________________________________ | ||
| Gʻolib vakili: | ___________________________________ | ||
| Gʻolib toʻgʻrisida maʼlumot: | ___________________________________ | ||
| Gʻolib taklifi: | ___________________________________ | ||
| Sotib olish uchun toʻlov: | ___________________________________ | ||
| Toʻlov muddati va shartlari: | ___________________________________ | ||
| Gʻolib majburiyatlari: | ___________________________________ | ||
| | | | |
| Komissiya raisi |
_____________________________ | ||
| | |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | |
| Komissiya aʼzolari |
_____________________________ | ||
| |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | ||
| |
_____________________________ | ||
| | |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | |
| Tashkilotchi rahbari: |
_____________________________ | ||
| |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | ||
| Auksionchi (auksionda): |
_____________________________ | ||
| |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | ||
| Auksion/toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali sotish gʻolibi: |
_____________________________ | ||
| | |
(F.I.Sh., lavozimi, imzo) | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 22-son, 263-modda; 2016-y., 2-son, 16-modda;Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 10/17/2589-2/0277-son, 08.08.2018-y., 10/18/2589-3/1627-son)