Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining
Qarori
Jomboy tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining 2014-yil 27-sentabrdagi 1004-q-sonli “Jomboy tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida hamda Jomboy tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 9-sentabrdagi 147-sonli xatini koʻrib chiqib, tuman hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan, ishlayotgan xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan ortiq boʻlgan korxona, tashkilot, muassasalarda 2014-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdori ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarilishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash hamda qulay sharoitga ega boʻlgan;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 223 kishi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining 2014-yil 16-yanvardagi 26-q-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 18 kishi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining 2014-yil 16-yanvardagi 26-q-sonli qarori tahririda)
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun –– ularning kasbi boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq ish oʻrinlari;
nogironlar uchun –– mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻliqsiz bajarish imkoni (sogʻligʻining axvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun 10 kishi.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining 2014-yil 16-yanvardagi 26-q-sonli qarori tahririda)
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 7 kishi.
(2-band Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining 2014-yil 16-yanvardagi 26-q-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
3. Ish oʻrinlari ishchi, farrosh, qarovul, taʼlim muassasalarida tahlilchi, oʻqituvchi, sogʻliqni saqlash tizimida tahlilchi, xamshira, shifokor, boshqa korxonalarda chilangar, haydovchi, payvandlovchi, duradgor va boshqa kasb, lavozim boʻyicha ish oʻrinlari band qilinishi taʼminlansin.
4. Tumandagi barcha tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining koʻrsatib oʻtilgan soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda barpo etilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror talablarini bajarmagan tumandagi tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari (mansabdor shaxslari)ga Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (J. Jumanov) bir hafta muddatda ushbu qaror ilovasida koʻrsatilgan tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga eʼtiboriga yetkazsin.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 30-oktabrdagi 1386-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim v.b. A. AShUROV
Jomboy t.,
2013-yil 19-sentabr,
1194-q-son