O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TARAQQIYOT ISTIQBOLINI BELGILASh KOMITETINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 5-avgustdagi PF-449-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat komitetini tashkil qilish to‘g‘risida” gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilash, bozor munosabatlarini shakllantirishga doir iqtisodiy islohotlarni faol amalga oshirish, mulkchilikning barcha shakllariga mansub korxonalar va tashkilotlarning respublika iqtisodiy mustaqilligiga erishishga, jahon iqtisodiy tizimiga qo‘shilishga va shu asosda xalq farovonligini oshirishga qaratilgan bahamjihat harakatlarini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiyot komiteti negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash komiteti tashkil qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash komiteti zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining konsepsiyalarini, qisqa muddatli va istiqboldagi rejalarni, katta iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy muammolarni hal qilish, tabiiy, mehnat zaxiralaridan, vujudga keltirilgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish borasidagi respublika va mintaqalarga oid tarmoq dasturlarini ishlab chiqish;
respublika aholisining moddiy farovonligini oshirish, uning eng nochor tabaqalari ijtimoiy muhofazasini mustahkamlashga oid takliflarni asoslab berish, xalqning turmush darajasini oshirish, mehnatda faollik va tadbirkorlik imkoniyatlarini kuchaytirish, iqtisodiy ahvolni sog‘lomlashtirish yo‘llarini belgilash;
respublikaning bozor munosabatlariga o‘tishida asosiy qoidalar va yo‘nalishlarni shakllantirish, bozor tarmoqlari majmuini vujudga keltirish, tadbirkorlik va raqobatchilik rivojlantirilishini rag‘batlantirish, xo‘jalik mexanizmini, boshqaruv shakllari va usullarini takomillashtirish;
xalq xo‘jaligi tuzilmasini qayta qurishga va mablag‘ sarflash siyosatini shakllantirishga, tayyor mahsulotni, xalq iste’mol mollarini ishlab chiqaradigan korxonalarni ustun darajada rivojlantirishga, Qoraqalpog‘iston Respublikasini, respublika viloyatlari, shaharlari va rayonlarini kompleks ravishda taraqqiy ettirishga, ishlab chiqaruvchi kuchlarni oqilona joylashtirishga doir takliflarni tayyorlash;
balans hisob-kitoblarini takomillashtirish va xalq xo‘jaligining istiqbolli natura-qiymat balanslarini tuzish asosida tarkib topgan umumiqtisodiy, tarmoqlararo va hududiy nomutanosibliklarni bartaraf etishga oid tavsiyalarni ishlab chiqish;
chuqur ilmiy-tadqiqotlarning, ilg‘or texnologiyaning, ishlab chiqariladigan mahsulot (ishlar, xizmatlar)ning raqobat qilish qobiliyatini ta’minlaydigan xalq xo‘jaligining ilm-fanga asoslangan tarmoqlari ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish borasidagi takliflarni asoslab berish;
xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatli tashqi iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirish, chet el mablag‘laridan samarali foydalanish, eksport-import ishlarini davlat yo‘li bilan tartibga solish va rag‘batlantirish vositasini takomillashtirish sohasidagi yo‘nalishlarni belgilash.
3. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash komiteti o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar vazirliklarning, idoralar konsernlar, uyushmalar, korxonalar (birlashmalar), muassasalar va tashkilotlarning, mahalliy boshqaruv organlarining, mansabdor shaxslar va fuqarolarning bajarishlari uchun majburiydir.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddat ichida O‘zbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash komiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi, komitetning nizomi va tuzilmasini tasdiqlashi zarur.
5. “O‘zbekiston SSRning Davlat reja komitetini O‘zbekiston SSR Iqtisodiyot komitetiga aylantirish to‘g‘risida” 1990-yil 8-dekabrdagi Farmon o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-fevral,
PF-343-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 198-modda; 1992-y., 10-son, 405-modda)