Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyati Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON SSJ DAVLAT REJA QOʻMITASINI OʻZBEKISTON SSJ IQTISODIYOT QOʻMITASIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 13-fevraldagi PF-343-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash komitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Oʻzbekiston SSJ Mustaqilligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan Deklaratsiya asosida davlat ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy siyosatini shakllantirish, jamoat ishlab chiqarishini oʻstirish resurslari va manbalaridan samarali foydalanish hamda aholi farovonligini yaxshilash yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, koʻrsatma asosidagi rejalashtirishdan xalq xoʻjaligini rivojlantirishni boshqarishning iqtisodiy shakllariga izchil oʻtishni taʼminlash maqsadida hamda boshqariladigan bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitida zamonaviy boshqaruv va ishlab chiqarish tuzilmalarini tashkil etishning oʻsib borayotgan ahamiyatini eʼtiborga olib:
1. Oʻzbekiston SSJ Davlat reja qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi zimmasiga:
— jumhuriyatning tabiiy va mehnat resurslarini, ilmiy-texnikaviy hamda ishlab chiqarish imkoniyatini hisobga olib, uni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan taxminlarini ishlab chiqish hamda joriy koʻrsatkichlarini belgilash;
— jumhuriyatning bozor munosabatlariga oʻtish siyosatini shakllantirish va uning dasturlari roʻyobga chiqarilishini nazorat qilish;
— asosiy xoʻjalik, tabiiy-moddiy, moliyaviy va boshqa balanslarni tuzish, katta xoʻjalik, ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy muammolarni hal etishga oid umumjumhuriyat dasturlarini tayyorlash;
— boshqa jumhuriyatlar va mintaqalar bilan oʻzaro samarali ishlab-chiqarish-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash;
— xoʻjalik mexanizmini, xalq xoʻjaligini rivojlantirish jarayoniga iqtisodiy taʼsir vositalari va usullarini takomillashtirish vazifalari yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, umumiqtisodiy kompleks rahbari oʻrtoq B.S. Hamidov bir oy muddat ichida Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasini malakali kadrlar bilan muttasil butlasin va uning samarali ishlashini taʼminlasin; Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi qaramogʻidagi tashkilotlarni hisobga olib, uning toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 8-dekabr,
PF-108-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 1-2-son, 20-modda)