Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini axborot-metodik taʼminlash xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-maydagi 391-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 12-iyuldagi 204-son qarorini bajarish yuzasidan hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini metodik taʼminlashni yanada takomillashtirishga doir tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini axborot-metodik taʼminlash xizmatining (keyingi oʻrinlarda Xizmat deb ataladi) xodimlarining cheklangan umumiy soni (yordamchi xodimlarsiz) 70 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari 17 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xizmat davlat muassasasi hisoblanishi, uning xodimlari tarkibini toʻldirish esa kasb-hunar kollejlaridagi metodist lavozimini tugatish natijasida boʻshab qoladigan xodimlar hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Xizmatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim standartlari, oʻquv rejalari, dasturlar va metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish, joriy etish va qoʻllash monitoringini, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun oʻquv adabiyotlarining yangi avlodini tayyorlashni tashkil etish;
oʻquv jarayonini tashkil etishda, oʻqitishning zamonaviy shakllarini, yangi ilgʻor pedagogik va axborot-kompyuter texnologiyalarini joriy etishda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga metodik yordam berish;
oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining pedagogik va kasbiy darajasini oshirish maqsadida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining yuqori malakali mutaxassislarini trenyerlar-moderatorlar sifatida jalb etgan holda ular uchun seminarlar-treninglar tashkil etish;
oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bilimlari, tajribasi va amaliy mahorati oshishiga koʻmaklashuvchi faol shakllar va usullarni, audio-vizual hamda oʻqitishning boshqa koʻrgazmali vositalarini ishlab chiqish, eksperimental maydonlarda sinovdan oʻtkazish va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquv-tarbiyaviy jarayoniga joriy etish;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida fan kabinetlari, laboratoriyalar, oʻquv ustaxonalari va oʻquv poligonlarini jihozlash boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari bilan birgalikda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻquv-taʼlim va tarbiyaviy ishlar darajasini oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalarining oʻquv-metodik taʼminlash boʻlimlari ishlarini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish.
3. Belgilansinki:
Xizmatga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi bilan kelishilgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi;
(3-bandning ikinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 107-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)
Xizmat faoliyatiga Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktorining oʻrinbosari — Davlat taʼlim standartlarini takomillashtirish va taʼlim yoʻnalishlarini birxillashtirish boshqarmasining boshligʻi tomonidan mutasaddilik qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktoriga, zaruriyat boʻlganda, Xizmat tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bir oy muddatda, belgilangan tartibda:
Xizmat Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Xizmatning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini va uning yuqori malakali mutaxassislar va rahbar xodimlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Xizmat xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari hamda shartlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tatbiq etsin.
6. Xizmat Toshkent shahar, Universitet koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Kompyuter texnologiyalari akademik litseyi binosiga ijara toʻlovi undirilmasdan joylashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha 2014-yilda — Xizmatning joriy taʼminoti va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur mablagʻlarni ajratsin va 2015-yildan boshlab esa ularni “Taʼlim” sohasi uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 14-aprel,
91-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini axborot-metodik taʼminlash xizmatining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻzgartirishlar kiritilayotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 41-modda) bilan tasdiqlangan Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining boshqa pedagog xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlaridagi “Lavozimlar nomi” ustunining 4-bandidan “metodist” soʻzi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-avgustdagi 180-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 45-modda) bilan tasdiqlangan Tayanch kasb-hunar kolleji va uning filiallari toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 22-banddagi “metodistlar” soʻzi chiqarib tashlansin;
b) 23-banddagi “metodist” soʻzi chiqarib tashlansin;
v) 47-bandning 1-kichik bandidagi “metodistlar” soʻzi chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 16-son, 179-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)