OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 4-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2570]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 373-modda) va “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 4-son, 41-modda) qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2014-yil 21-fevral,
4/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 21-fevraldagi 4/4-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi (bundan buyon matnda Kliring tizimi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kliring — elektron toʻlovlarni yigʻish, ishlov berish, tasdiqlash va yuritish hamda Kliring tizimi aʼzolarining sof pozitsiyalarini amalga oshirish jarayoni;
kliring sessiyasi — Kliring tizimida kliring amalga oshirilishi uchun oʻrnatilgan vaqt;
yakuniy hisob-kitob — tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazida ochilgan vakillik hisobvaraqlari orqali Kliring tizimida amalga oshirilgan hisob-kitob;
Kliring tizimi foydalanuvchilari — mablagʻlarni toʻlovchi va mablagʻlarni oluvchilar;
chakana toʻlovlar — jismoniy shaxslarning doimiy va isteʼmolga oid toʻlovlari, ular oʻrtasidagi pul oʻtkazmalari;
elektron toʻlov boʻyicha xabar — Kliring tizimidagi hisob-kitoblarga oid elektron axborot;
ijtimoiy tizim ahamiyatidagi toʻlov tizimlari — toʻlovlar keng hajmda amalga oshiriladigan toʻlov tizimlari;
sof pozitsiya — Kliring tizimi aʼzosining kliring sessiyasi davrida boshqa barcha aʼzolardan olgan toʻlovlari yigʻindisidan ushbu aʼzoning boshqa barcha aʼzolarga yuborgan toʻlovlari yigʻindisining ayirmasi;
billing tizimi — isteʼmolchilarning rekvizitlari va yetkazib berilgan tovar va koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha tarifikatsiyalashning hisobini yurituvchi axborot tizimi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Nizom talablari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Kliring tizimi orqali naqd pulsiz chakana toʻlovlarni amalga oshirishga nisbatan tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Kliring tizimining maqsadi — elektron toʻlov hujjatlari va elektron toʻlov boʻyicha xabarlarni ishonchli, xavfsiz, samarali ravishda real vaqt rejimida almashish va toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida moliyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etilishini taʼminlashdan iborat.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Kliring tizimi aʼzoligiga kirish va undan chiqish
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida vakillik hisobvaragʻiga ega boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Axborotlashtirish Bosh markazi (bundan buyon matnda ABM deb yuritiladi) bilan Kliring tizimida ishtirok etish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan tijorat banklari Kliring tizimi aʼzolari hisoblanadi.
Ijtimoiy tizim ahamiyatidagi toʻlov tizimlari operatorlari ham ABM bilan tuzilgan shartnoma asosida Kliring tizimida ishtirok etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Kliring tizimi aʼzolari Kliring tizimida ishtirok etish toʻgʻrisidagi shartnomani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish orqali tizim aʼzoligidan chiqishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Kliring tizimi aʼzolari, foydalanuvchilari hamda ABMning huquq va majburiyatlari
Keyingi tahrirga qarang.
6. Kliring tizimi aʼzolari elektron toʻlovlarni amalga oshirganlik uchun haq olishga va qonunda belgilangan hollarda toʻlov tizimidan foydalanuvchilarning hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Kliring tizimi aʼzosi:
toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushadigan pul mablagʻlarini qabul qilishi va hisobga kiritishi, uning tegishli summalarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarini bajarishi;
oʻzining aybi bilan notoʻgʻri amalga oshirilgan operatsiyalarni tiklashi yoki tuzatishi;
toʻlov tizimidan foydalanuvchiga uning hisobvaragʻiga oid axborotni shartnomada belgilangan muddatlarda qogʻozdagi yoki elektron shaklda taqdim etishi;
pul mablagʻlari oluvchining — toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushganligini toʻlovchining — toʻlov tizimidan foydalanuvchining soʻrovi boʻyicha qogʻozdagi yoki elektron shaklda tasdiqlashi;
yakuniy hisob-kitob qilish uchun vakillik hisobvaragʻining likvidligini taʼminlashi;
elektron toʻlov hujjatlari va elektron toʻlov boʻyicha xabarlarni shakllantirishi hamda Kliring markaziga uzatishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Kliring tizimidan foydalanuvchilar oʻz hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlarini mustaqil tasarruf etishga va oʻz hisobvaraqlari boʻyicha pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida axborot olishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Kliring tizimi foydalanuvchisi:
Kliring tizimining qoidalari bilan belgilangan axborotni muhofaza qilish tartibiga rioya etishi;
elektron toʻlov vositalarining va identifikatsiya maʼlumotlarining saqlanishini taʼminlashi;
Kliring tizimining aʼzosiga elektron toʻlov vositalari yoki identifikatsiya maʼlumotlari yoʻqolganligi toʻgʻrisida shartnomada belgilangan muddatlarda xabar qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
10. ABM koʻrsatilgan xizmatlar uchun Kliring tizimi aʼzolaridan shartnomada belgilangan miqdorda haq olish huquqiga ega.
ABM Kliring tizimining uzluksiz ishlashini, elektron toʻlov hujjatlari va xabarlariga oʻz vaqtida ishlov berilishini, axborotning toʻliqligi, xavfsizligi va maxfiyligini taʼminlashi shart.
11. ABM, Kliring tizimi aʼzolari va foydalanuvchilari oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlar tegishli qonun hujjatlari va shartnomalar bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Kliring tizimi tarkibi
12. Kliring tizimi ABM Kliring markazi hamda aʼzolarning axborot tizimlari va telekommunikatsiya tarmoqlaridan tashkil topgan.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Kliring tizimi aʼzolarining axborot tizimlari avtomatlashtirilgan ish joyi shaklida boʻlib, elektron toʻlov hujjatlari va xabarlarini olish, tayyorlash va Kliring tizimiga uzatish hamda monitoring olib borish uchun moʻljallangan.
Keyingi tahrirga qarang.
14. ABM Kliring markazi va Kliring tizimi aʼzolarining axborot tizimlari oʻrtasidagi aloqa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bank telekommunikatsiya tarmogʻi orqali taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Kliring tizimi foydalanuvchilari tizim aʼzolarining axborot tizimlariga Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlarini qoʻllagan holda toʻlov tizimlarini tashkil qilish qoidalariga (roʻyxat raqami 1767, 2008-yil 13-fevral) muvofiq, Internet tarmogʻi orqali bogʻlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. ABM Kliring markazi Kliring tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiya qilish, elektron toʻlov hujjatlari va elektron toʻlov boʻyicha xabarlarni markazlashgan tarzda yigʻish va ishlov berish, sof pozitsiyalarni hisoblash va yakuniy hisob-kitob qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitob markaziga uzatish boʻyicha funksiyalarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Kliring tizimida texnik, dasturiy va ekspluatatsiya xizmatlari aʼzolar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ABM tomonidan taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Kliring tizimi faoliyatini tashkil etish
18. Kliring tizimida elektron toʻlovlar dam olish kunlarisiz kecha-kunduz real vaqt rejimida uzluksiz amalga oshiriladi.
19. Kliring sessiyasi boshlanishidan oldin Kliring tizimi aʼzosining vakillik hisobvaragʻi ijobiy qoldiqqa ega boʻlishi kerak.
20. Kliring tizimida foydalanuvchining rekvizitlariga aniqlik kiritish uchun ABM Kliring markazi tomonidan billing tizimlariga soʻrovnoma yuborilishi va olingan maʼlumotlar asosida elektron toʻlov hujjatlariga oʻzgartirish kiritish uchun tizim aʼzolari va foydalanuvchilariga taqdim qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Bank amaliyot kuni davomida kliring tizimida bir necha marta kliring sessiyalari amalga oshirilishi mumkin. Bank amaliyot kunidagi soʻnggi kliring sessiyasidan keyin elektron toʻlov hujjatlari boʻyicha yakuniy hisob-kitoblar keyingi bank amaliyot kunining dastlabki kliring sessiyasida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. ABM Kliring markazi tomonidan elektron toʻlov hujjatlari va xabarlari boʻyicha tasdiqnoma yuboriladi. Tasdiqnoma olingan vaqtdan boshlab, toʻlov yakuniy va chaqirilmas hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Kliring tizimida belgilangan texnik talablarga mos kelmagan elektron toʻlovlar rad etiladi va ishlovga qabul qilinmaydi. Bunda toʻlovlarni rad etish sabablari kod orqali Kliring tizimi aʼzolariga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Sof pozitsiya maʼlumotlari ABM Kliring markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitob markaziga uzatiladi.
25. Bank amaliyot kuni davomida amalga oshirilgan kliring sessiyalari yakunlari boʻyicha shakllantirilgan hisobotlar Kliring tizimi aʼzolariga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Chakana toʻlovlar boʻyicha mablagʻlarni bank hisobvaragʻiga oʻtkazish tartibi hamda vositachilik haqlari miqdori Kliring tizimi aʼzolari va pul mablagʻlarini oluvchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 14-son, 160-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 10/20/2570-1/1350-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 05.06.2025-y., 10/25/2570-2/0495-son)