OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
QARORI
UMUMIY FOYDALANIShDAGI TELEKOMMUNIKATSIYA TARMOQLARINI QOʻLLAGAN HOLDA TOʻLOV TIZIMLARINI TAShKIL QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 13-fevralda 1767-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/10-sonli ““Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlarini qoʻllagan holda toʻlov tizimlarini tashkil qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1767-2, 09.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 12-iyundagi 120-sonli “Elektron tijoratni amalga oshirishda toʻlovlarni oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlarini qoʻllagan holda toʻlov tizimlarini tashkil qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-yanvar,
1/4-son
Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlarini qoʻllagan holda toʻlov tizimlarini tashkil qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 12-iyundagi 120-sonli “Elektron tijoratni amalga oshirishda toʻlovlarni oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq toʻlov tizimini tashkil qilish boʻyicha asosiy qoidalarni, umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlari, jumladan Internet orqali axborot tizimlariga kirishda axborot xavfsizligini taʼminlash mexanizmlarini, shuningdek, toʻlov tizimi subyektlari oʻrtasida moliyaviy maʼlumotlarni oʻzaro ayirboshlashda rekvizitlar tarkibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalarda quyidagi tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
toʻlov tashkiloti — toʻlov tizimini identifikatsiya qiluvchi tovar belgisi va (yoki) xizmat koʻrsatish belgisi huquqlariga egalik qiluvchi va ularning qoidalarini belgilovchi yuridik shaxs;
toʻlov tizimi foydalanuvchilari — elektron toʻlovlarni amalga oshirishda toʻlov tizimi xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
toʻlov tizimining aʼzolari — mazkur toʻlov tizimi foydalanuvchilariga toʻlov tashkiloti bilan shartnoma asosida elektron toʻlovlarni amalga oshirish xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalari — axborot xavfsizligini taʼminlash uchun uning kriptografik almashtirilishini amalga oshiruvchi apparat, dasturiy yoki apparat-dasturiy vositalar, shu jumladan:
a) shifrlash vositalari — axborot almashtirilishida kriptografik algoritmlarni qoʻllovchi va axborotni qayta ishlash, saqlash va aloqa kanallari orqali uzatishda unga ruxsatsiz kirish (foydalanish)dan muhofaza qilish uchun qoʻllaniladigan apparat, dasturiy va apparat-dasturiy vositalar;
b) imitohimoyalash vositalari — axborotni kriptografik oʻzgartirish va yolgʻon axborot bilan bogʻlanishdan muhofazalashni amalga oshiruvchi apparat, dasturiy va apparat-dasturiy vositalar;
v) elektron raqamli imzo vositalari — elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishini, elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanishi, elektron raqamli imzoning ochiq va yopiq kalitlari yaratilishini taʼminlaydigan barcha texnikaviy va dasturiy vositalar majmui;
g) kodlash vositalari — oʻzgartirishning ayrim qismini qoʻlda bajariladigan amallar orqali axborotni kriptografik oʻzgartirish algoritmini amalga oshirishda qoʻllaniladigan vositalar;
d) kalit hujjatlarni yaratish vositalari va kalit hujjatlari (kalit axborotlarni tashish turidan qatʼi nazar).
2. Toʻlov tizimini yaratuvchi toʻlov tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasida belgilangan toʻlov tizimi qoidalarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
3. Bankning ichki toʻlov tizimini tashkil qilish “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2014, 2009-yil 8-oktabr) muvofiq beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 22-noyabrdagi 41/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 1767-1, 02.12.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 49-son, 584-modda)
Chakana toʻlovlar tizimlarini tashkil qiluvchi, boshqa toʻlov tashkilotlari-rezidentlar qonunchilikka muvofiq roʻyxatdan oʻtishlari kerak.
4. Toʻlov tashkiloti oʻzaro shartnomalar tuzilgan chakana toʻlov tizimi aʼzolarining roʻyxatini olib borishi, bunda chakana toʻlov tizimi aʼzolarining tartib raqami va barcha xizmat koʻrsatish punktlari (manzillari bilan) hamda shartnomalarning sanasi va raqami koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
II. Toʻlov tizimlarining axborot tizimlarida axborot xavfsizligini taʼminlash qoidalari
5. Avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborot xavfsizligini taʼminlash qoidalari, shu jumladan, banklarda server xonalarini tashkil qilish Markaziy bankning “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomasi (2001-yil 9-iyul, roʻyxat raqami 1047) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
6. Tashqaridan begonalarning kirishini va tijorat axborotini oʻgʻirlanishini oldini olish uchun bank boʻlmagan toʻlov tashkilotlarning server xonalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
1) mustahkam devorlar, ishonchli toʻsiqlarga va panjaralarga ega boʻlishi;
2) maxsus kodli yoki boshqa turdagi ishonchli qulflar bilan jihozlangan mustahkam eshiklar bilan jihozlanishi;
3) tashqi kuzatuvga qarshi himoya vositalariga ega boʻlishi;
4) yongʻin xavfsizligi va qoʻriqlash signalizatsiyasini mavjudligi, zarur hollarda ogohlantirish qurilmalari ichki ishlar organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining pultiga ulaniladi.
7. Toʻlov tizimi serverlarini tashqi taʼsirdan himoyalash uchun tarmoqlararo ekranlar (Gʻirewall) oʻrnatiladi. Banklarda bank hisobvaraqlarini masofadan faol boshqarish tizimlarida ishlash va boshqa toʻlov tizimlarini ulanishi uchun alohida amaliy masalalar serverlari oʻrnatiladi.
8. Toʻlov tizimi foydalanuvchilarini toʻlov tizimiga kirishda autentifikatsiya qilish quyidagilar yordamida amalga oshiriladi:
1) login va parol (8 ta belgidan kam boʻlmagan raqam va simvollar kombinatsiyasi);
2) bank kartasining raqami va pin-kodi (odatda 14 belgili simvollar kombinatsiyasi);
3) login va parolning bir martalik oʻzgaruvchi kodlar bilan birgalikda qoʻllash.
Autentifikatsiya natijasi uch marta notoʻgʻri boʻlgan holda, tizim berkitilishi kerak. Toʻlov tizimi foydalanuvchilarini autentifikatsiya qilish usullarini texnik-dasturiy vositalarni qoʻllagan holda takomillashtirishga ruxsat etiladi.
Toʻlov tizimi aʼzolarini toʻlov tizimiga hamda boshqa toʻlov tizimlarini bank ichki toʻlov tizimining avtomatlashtirilgan bank tizimiga ulanishida autentifikatsiyalash, albatta texnik-dasturiy vositalar va IR-manzilni aniqlash yordamida bajariladi.
9. Operatsiyalarning aslligini tasdiqlash elektron toʻlov hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan imzolash va/yoki bir martalik oʻzgaruvchi kodlardan foydalanish yordamida amalga oshiriladi. Alohida bir martalik oʻzgaruvchi kodlar ishlatilganda operatsiyalar summasining cheklanishi tavsiya etiladi.
10. Toʻlov tizimi foydalanuvchilari va aʼzolari oʻrtasida elektron axborot ayirboshlashda, shuningdek, bank hisobvaraqlarini masofadan faol boshqarish tizimlariga kirish SSL protokoli boʻyicha amalga oshiriladi, toʻlov tizimi aʼzolari oʻrtasida himoyalangan shifrlangan aloqa kanallari (VRN) qoʻllaniladi. Axborotni maxfiyligini taʼminlash uchun qoʻshimcha sertifikatsiyalangan axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalari qoʻllanilishi mumkin.
11. Toʻlov tizimi serverlariga uzatiladigan va qabul qilinadigan axborot soʻngi yangilangan antivirus bazali litsenziyaga ega boʻlgan antivirus dasturi bilan viruslar mavjudligi boʻyicha tekshirilishi kerak.
12. Toʻlov tizimi foydalanuvchilarini tizimga kirganligi hamda amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisida ularning uyali telefoni, elektron pochtasiga yoki boshqa ogohlantirish vositalari orqali xabardor qilish tavsiya etiladi.
III. Toʻlov tizimi subyektlari oʻrtasida moliyaviy maʼlumotlarni oʻzaro ayirboshlashdagi rekvizitlar tarkibiga qoʻyiladigan talablar
13. Banklararo va bankning ichki toʻlov tizimida qoʻllaniladigan hamda bank hisobvaraqlariga masofadan faol xizmat koʻrsatish tizimlarida shakllantiriladigan bank elektron toʻlov hujjatlari rekvizitlari tarkibiga qoʻyiladigan talablar, “Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga (2006-yil 14-fevral, roʻyxat raqami 1545) muvofiq aniqlanadi.
14. Chakana toʻlov tizimlarida kliring operatsiyalari uchun, yaʼni bank toʻlov tizimlari orqali bir nechta operatsiyalar boʻyicha yagona summali bitta elektron toʻlov amalga oshirilishida, shuningdek, bank hisobvaraqlariga masofadan faol xizmat koʻrsatish tizimlarida telekommunikatsiya provayder va operatorlar yoki kommunal xizmat (elektr va telekommunikatsiya xizmatlari, ekspluatatsion va kommunal xizmatlar) korxonalari foydasiga bir xil turdagi operatsiyalarda elektron toʻlov hujjatlarining boshqa shakllaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda pul mablagʻlarini toʻlovchi va oluvchi — toʻlov tizimining foydalanuvchilari, shuningdek, bank hisobvaraqlariga/dan pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan hollarda esa, ularning bank rekvizitlari ham aniq identifikatsiyalangan boʻlishi kerak. Elektron toʻlov hujjati rekvizitlarining tarkibi va tuzilmasiga boʻlgan talablar pul mablagʻlarini oluvchilari bilan kelishiladi hamda toʻlov tizimi qoidalarida belgilanadi.
15. Elektron toʻlovlar, elektron toʻlovlarning maqsadini ishonchli va toʻliq bayon etadigan hujjatlarni majburiy tuzishni koʻzda tutadi:
toʻlov tizimi aʼzolari tomonidan naqd pullarni qabul qilishda qogʻoz koʻrinishida (slip, elektron terminal kvitansiyasi);
elektron toʻlov hujjatlarini oʻtkazishda elektron koʻrinishida (terminal yoki bankomatlarning elektron jurnalidagi hujjat, elektron kvitansiya yoki shaxsiy hisobvaraqdan elektron koʻchirma);
toʻlov tizimi qoidalarida koʻzda tutilgan boshqa hujjatlar.
Koʻrsatilgan hujjatlar amalga oshirilgan operatsiyalarni qoʻlda qayta tiklash uchun zarur boʻlgan barcha kerakli maʼlumotlarni, jumladan elektron toʻlov amalga oshiriladigan tovar/xizmatning nomini oʻz ichiga olishi hamda toʻlov tizimi subyektlariga taqdim qilinishi shart.
IV. Yakunlovchi qoidalar
16. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-yanvar
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 6-7-son, 33-modda; 2014-y., 49-son, 584-modda)