OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlarida ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 11-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2155-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/9-sonli “Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlarida ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2155-5, 09.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda) va “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 51-son, 373-modda) qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-oktabrdagi 34/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 2155, 2010-yil 19-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 47-son, 438-modda) bilan tasdiqlangan Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlarida ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2014-yil 21-fevral,
4/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 21-fevraldagi 4/6-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlarida ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Tizimda mijoz tomonidan pul-hisob-kitob hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2465, 2013-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 23-son, 309-modda) talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.”.
2. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Bankning masʼul xodimi Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga (roʻyxat raqami 2528, 2013-yil 21-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 47-son, 623-modda) muvofiq mijozlarni lozim darajada tekshirishda elektron toʻlov hujjatlarini chop etishi va ularni bankning tegishli boʻlimlari bilan kelishishi mumkin.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 11-son, 130-modda)