OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRINING
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 26-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2089-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-yanvardagi 18-son “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimida boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2010-yil 27-fevraldagi 56-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2089, 2010-yil 23-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 12-son, 87-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq 2014-yilning 1-iyul kunidan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-yanvar,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 27-yanvardagi 21-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma tugʻruq sodir boʻlgan tibbiy muassasalar tomonidan barcha tirik tugʻilish hollarida beriladi. Tirik tugʻilganlik mezonlaridan (nafas, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyoriy qisqarishi) biri mavjud boʻlsa ham bola tirik tugʻilgan hisoblanadi. Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning boʻyi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlishi lozim.
Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma ushbu tibbiy muassasa shifokori, bir nafar shifokor ishlaydigan yoki tibbiy muassasada shifokor boʻlmagan (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) hollarda tugʻruqni qabul qilgan feldsher yoki akusher tomonidan beriladi.”.
2. 16-band quyidagi mazmundagi ikkinchi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning boʻyi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlib, mazkur Yoʻriqnomaning 9-bandida nazarda tutilgan tirik tugʻilganlik mezonlaridan hech biri mavjud boʻlmasa, bola oʻlik tugʻilgan hisoblanadi.”.
3. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TOʻRAYEV
2014-yil 27-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 9-son, 93-modda)