Samarqand viloyati xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining
Qarori
Samarqand shahrida 2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Samarqand shahrida 2013-yilda aholi bandligini taʼminlash, mehnat bozori ehtiyojlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorligini hisobga olgan holda yangi ish joylari yaratish, yaratilayotgan ish oʻrinlarini malakali ishchi-xizmatchilar bilan taʼminlab borish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra “2013-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi”ga koʻra jami 9483 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, haqiqatda 10311 ta ish oʻrinlari yaratilgan. Dastur 109,0 foizga bajarildi.
Shulardan:
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish va mavjud korxonalarni kengaytirish, quvvatini yangilash hisobiga dasturga koʻra 530 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Haqiqatda 662 ta ish oʻrinlari yaratilgan. Dastur ijrosi 125,0 foizga bajarilgan.
Shundan:
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish hisobiga 72 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, haqiqatda 108 ta ish oʻrni yaratilgan. Dastur 150 foizga bajarildi.
Mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatini yangilash hisobiga 458 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan, amalda 554 ta ish oʻrinlari yaratilgan.
Kichik korxona va mikrofirmalarni tashkil etish hisobiga Dastur boʻyicha 5169 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, haqiqatda 5193 ta ish oʻrinlari yaratilgan. Dastur 100,0 foizga bajarilgan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 737 ta ish oʻrni yaratilishi belgilangan boʻlib, haqiqatda 1048 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Uy mehnatining barcha shakllarini rivojlantirish hisobiga 1252 ta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan, haqiqatda 1428 ta ish oʻrni yaratilgan. Dastur koʻrsatkichi 114,0 foizga bajarilgan.
Shu jumladan, korxonalar bilan kooperatsiya asosida kasanachilik ish oʻrinlari yaratish hisobiga dastur boʻyicha 160 ta ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan, haqiqatda 164 ta ish oʻrinlari yaratilgan. Dastur ijrosi 103,0 foizga bajarilgan.
Ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobiga 386 ta ish oʻrni yaratilishi belgilangan boʻlib, haqiqatda 387 ta ish oʻrni yaratilgan. Dastur 100,0 foizga bajarilgan. Jumladan, ayollar uchun 4125 ta ish oʻrni yaratildi; ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab kelganlarga 238 ta ish oʻrni yaratildi, kollej bitiruvchilari uchun 2282 ta ish oʻrni yaratildi, yoshlar uchun 5646 ta ish oʻrni yaratildi, kvotalangan 4098 ish oʻrinlaridan 3776 tasi yaratildi.
Iqtisodiy tahlillardan kelib chiqib, joriy yilda Samarqand shahrining sanoat salohiyati, kam quvvatli, past rentabelli va ishlamasdan turgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, xizmat koʻrsatish va servis xizmatini rivojlantirish, ayniqsa turizmni rivojlantirishga eʼtibor kuchaytiriladi.
Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan qabul qilingan dasturlarning hamda 2014-yilda ishga tushiriladigan obyektlarini ishga tushirish evaziga yaratiladigan yangi ish oʻrinlarini inobatga olib, shu bilan birga kasb-hunar kollejlari shahar bitiruvchilari soni 2014-yilda oʻrtacha 4500 tani tashkil etishini nazarda tutgan holda, “2014-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” ishlab chiqilib, unga koʻra 16230 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Xalq deputatlari shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Shahar hokimining oʻrinbosari J. Urakovning Samarqand shahrida 2013-yilda “Yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” ijrosi haqidagi hisoboti 1-ilovaga* muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Samarqand shahrida “2014-yilda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Samarqand shahrida “2014-yilda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi”ning oyma-oy parametrlari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. “2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” ijrosini nazorat qilish Ishchi komissiyasi tarkibi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
5. Shahar hokimining oʻrinbosari J. Urakovga “2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” loyihasini viloyat hokimligi huzuridagi Ishchi komissiyasiga taqdim etish topshirilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining “Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi” (K. Baxronov) zimmasiga yuklatilsin.
Shahar Kengashi raisi A. ShUKUROV
Samarqand sh.,
2013-yil 28-dekabr,
142-24-son