sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimining
Qarori
Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish davlat bosh inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 50-son, 559-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻziyurar shassilar, melirativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomi (roʻyxat raqami 1432, 17.12.2004-y.) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 508-modda) hamda tumanda 2013-yil qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalari, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini har yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish maqsadida qaror qilaman:
1. Tumanda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyati, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklar va fuqarolarda mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini hisobga olish va ularning texnik holatini yillik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 1-ilovaga*, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
2. Tuman qishloq xoʻjaligi texnikalari boʻyicha inspektor (N. Sattarov)ga:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha rusumdagi qishloq xoʻjalik va meliorativ yoʻl-qurilish texnika vositalari, mashina asbob-uskunalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi jadvalni yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha rusumli qishloq xoʻjalik va meliorativ yoʻl-qurilish texnika vositalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish maydonchalariga yigʻish;
texnik koʻrikdan oʻtgan texnikalarni dalolatnomalar asosida ishlashga ruxsat berishni tashkil qilish vazifasi topshirilsin.
3. Barcha korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, muqobil mashina traktor parklari, fermer xoʻjaliklari rahbarlariga:
hisobida mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va meliorativ, yoʻl-qurilish texnikalarini, mashina va asbob-uskunalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tayyorlab, belgilangan maydonchalarga yigʻish va texnik koʻrikka taalluqli toʻlovlarni toʻlanishini taʼminlash topshirilsin.
4. Tuman hokimi oʻrinbosari Z. Karimov tumandagi korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyati, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklari va fuqarolarda mavjud boʻlgan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qishloq xoʻjaligi va meliorativ yoʻl-qurilish texnikalarini, mashina asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan yigʻimlarni toʻlashga amaldagi tartiblarga asosan amaliy yordam berish topshirilsin.
5. Qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari X. Mansurov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. TURDIBOYEV
Sayxun sh.,
2013-yil 5-avgust,
1064-son