Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining
Qarori
2014-yilda ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi.
Jumladan:
Investitsiya dasturlari, mahalliylashtirish, tarmoqlarni modernizatsiyalash va ishlab chiqarishni texnologik yangilash va qayta qurollantirish dasturlarini amalga oshirish hisobiga 8297 ta (jami ish oʻrinlariga nisbatan 9,5%) ish joylari;
Kichik korxonalar tashkil etish, mikrofirmalar hamda yakka va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning evaziga 43935 ta (jami ish oʻrinlariga nisbatan 50%) yangi ish joylari yaratish. Kichik biznesda yaratiladigan ish oʻrinlarining sezilarli qismi xizmat koʻrsatish va servis sohasida, sanoatda, qurilish-pudrat ishlarida, shu jumladan uy-joy qurilish va rekonstruksiya qilish sohasida;
Uy mehnatini rivojlantirish, birinchi navbatda korxonalar bilan kooperatsiyaga asoslangan mehnat shartnomalari boʻyicha, milliy va xalq xunarmandchiligi hamda uyda xizmat koʻrsatishga asoslangan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning natijasida 16099 nafar band boʻlmagan fuqarolarni, asosan koʻp bolali ayollar, nogironlar va boshqa aholining ijtimoiy zaif toifalarini ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi. Shundan, 4676 ta ish oʻrinlari yengil sanoat, oziq-ovqat, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi hamda qurilish, transport, aloqa tarmoqlarining yirik va kichik korxonalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kasanachilikni tashkil etish hisobiga yaratiladi;
Parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik va poliz ekinlari hamda boshqa mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan dehqon va fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish va kengaytirish hisobiga 11305 ta ish oʻrinlari tashkil etiladi;
Avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar, elektr, suv va gaz taʼminoti obyektlarini qurish va taʼmirlash, telekommunikatsiya tarmoqlari va uskunalarini modernizatsiyalash hisobiga ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish hamda joylarda bozor infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirish evaziga 6138 ta yangi ish joylari tashkil etilishi koʻzda tutilgan;
Vaqtincha ishlamayotgan korxonalar, shu jumladan tijorat banklari balansiga berilgan bankrot korxonalarning faoliyatini tiklash boʻyicha choralar koʻrish natijasida 1194 ta ish oʻrinlari yaratilishi taʼminlanadi.
“2014-yilda ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi”, shuningdek 2013-yil ish joylarini yaratish viloyat dasturining 10 oylik ijrosi yuzasidan viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻining hisoboti eshitildi va muhokama qilinib, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. “2014-yilda ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi”ni ishlab chiqish boʻyicha viloyat hududiy ishchi komissiyasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyatda “2014-yilda ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi” hamda uning asosiy yoʻnalishlari ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. Shahar va tuman hokimlariga:
viloyatda “2014-yilda ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi”ning barcha yoʻnalishlari boʻyicha bajarilishini taʼminlasinlar.
dasturga kiritilgan korxona (tadbirkor hamda fermer)lariga yangi ish oʻrinlarining yaratilishi bilan bogʻliq muammoli (er maydonlari ajratilishi, tijorat banklari tomonidan oʻz vaqtida kredit mablagʻlarining ajratilishi va boshqa) masalalarni hal etilishida amaliy yordam koʻrsatsinlar.
4. Viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi (S. Boboqulov):
Dasturda belgilangan prognoz parametrlarning bajarilishini hududlar va korxonalar kesimida tahlil qilib, har chorak yakuni boʻyicha xalq deputatlari viloyat Kengashi qoshidagi doimiy ishlovchi komissiya aʼzolari hamda tegishli viloyat boshqarmalari va hududiy hokimliklar mutasaddilariga tegishli axborotlar taqdim etilishini taʼminlasin.
5. Toshkent viloyatida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosat majlisining 1-sonli bayonida ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi bandlik manzilli dasturiga kiritilgan Olmaliq shahri, Bekobod, Boʻstonliq, Chinoz, Quyi Chirchiq, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq va Yangiyoʻl tumanlarida xotin-qizlar tadbirkorligi, ishsiz ayollarning bandligini taʼminlash borasidagi ishlar tahlil etilsin.
6. Ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga:
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini shakllantirish jarayonida, barcha tuman (shahar)lardan aniq loyihalarni tashkil etish takliflari hamda 2013 — 2015-yillar mobaynida Toshkent viloyatining sanoat salohiyatini oshirish, hududiy investitsiya, modernizatsiya hamda xizmat koʻrsatish va servis dasturlari asosida shakllantirilsin.
7. Yoshlar siyosati va sogʻlom avlod masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga:
Toshkent viloyatida 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini amalga oshirish natijasida mehnat bozorida ish qidiruvchilar, birinchi navbatda yoshlarni (taʼlim muassasalari bitiruvchilarini), tarkibiy oʻzgarishlar natijasida boʻshab mehnat bozoriga chiqadigan fuqarolar va boshqa toifadagi ishsizlarning bandligini taʼminlash imkonini hamda ishsizlik darajasini barqaror saqlab qolish choralari koʻrilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining “Yoshlar siyosati va sogʻlom avlod masalalari boʻyicha doimiy komissiya”si zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi A. USMANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-noyabr,
XXX/III-son
(“Toshkent xaqiqati” gazetasi, 23.11.2013-y., 95 (12627)-son)