Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining
qarori
Oʻzbekiston SSR aholisiga oziq-ovqat va nooziq-ovqat mollari sotishni barqarorlashtirishga doir muvaqqat choralar haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti respublika isteʼmol bozorini barqaror qilish maqsadida qaror qiladi:
1. 1990-yil 30-maydan boshlab respublika territoriyasida yashovchi aholiga oziq-ovqat va nooziq-ovqat mollarini pasport, xizmat guvohnomasi, student bileti, pensiya guvohnomasi hamda shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarga qarab sotishning muvaqqat tartibi joriy etilsin.
2. Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Soveti, viloyat ijroiya komitetlari, Toshkent shahar ijroiya komiteti mahalliy sharoitlardan va ajratilgan fondlardan kelib chiqib, respublikada yashovchi har bir fuqaroga ayrim oziq-ovqat va nooziq-ovqat mollarini sotish tartibi va normasini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari va nogironlariga hamda ularga tenglashtirilgan shaxslarga mollarni sotishning ilgari belgilangan tartibi saqlab qolinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Respublikaga vaqtincha (komandirovka, harbiy xizmat, turistik safar, mehnat shartnomasi boʻyicha ish va boshqa sabablar bilan) kelgan fuqarolarga kundalik ehtiyoj mollari xalq deputatlari mahalliy Soveti tegishli ijroiya komiteti tomonidan belgilab qoʻyilgan alohida roʻyxat va normaga muvofiq sotiladi.
Xalq anʼanalari va udumlari (toʻylar, dafn marosimlari, marhumlar hurmati uchun oʻtkaziladigan marosimlar va boshqalar) bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazish chogʻida aholiga oziq-ovqat mahsulotlari va mollar sotish normasi koʻzda tutilsin.
Xaridorgir nooziq-ovqat mollarni sotish xalq deputatlari mahalliy Sovetlari ijroiya komitetlarining qaroriga muvofiq amalga oshirilsin.
3. Mollarni sotishning muvaqqat tartibi joriy etilishi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Soveti, viloyat ijroiya komitetlari va Toshkent shahar ijroiya komiteti vujudga keladigan barcha masalalarni koʻrib chiqsinlar va hal etsinlar, shuningdek, mollarning belgilangan normaga muvofiq sotilishini nazorat qilib turishni taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston SSR Savdo ministrligi, Oʻzbekbirlashuv, Oʻzbekiston SSR Davlat moddiy-texnika taʼminoti komiteti, Oʻzbekiston SSR Qishloq xoʻjaligi davlat-kooperativ komiteti, Oʻzbekiston SSR Don mahsulotlari ministrligi, Oʻzbekiston SSR Binokorlik materiallari sanoati ministrligi, Oʻzbekiston SSR Qurilish ministrligi, Oʻzbekiston SSR Davlat neft mahsulotlari bilan taʼminlash komiteti, Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Soveti, viloyat ijroiya komitetlari, Toshkent shahar ijroiya komiteti savdoning uzluksiz boʻlishini taʼminlash uchun planga qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish hisobidan, shuningdek tovar ayirboshlash yoʻli bilan olingan resurslardan mollarning zapaslarini vujudga keltirish uchun zarur choralarni koʻrsinlar.
Savdo tashkilotlariga ana shu maqsadda normativ tovar zapaslarini koʻpaytirishga ruxsat etilsin. SSSR davlat banki, Oʻzbekiston respublika banki, ixtisoslashtirilgan banklar yiliga 2 foiz foyda olib, normadan ortiqcha mollar zapaslariga kredit berishni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekbirlashuvga “Sentrosoyuz” yoʻli bilan tovar ayirboshlash operatsiyalari orqali olingan radioteleapparatlar va boshqa chet el mollarini Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining roziligi bilan oziq-ovqat mahsulotlariga va binokorlik materiallariga almashtirish uchun mamlakatning boshqa regionlariga yuborish tavsiya etilsin. Respublika uchun ajratilgan chet el radiotexnikasini 1991-yildan boshlab tegishli miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari, tikuv va toʻquv mashinalari, bolalar uchun chiqarilgan tovarlarga almashtirish imkoniyatlari “Sentrosoyuz” bilan birgalikda koʻrib chiqilsin.
6. Oʻzbekiston SSR Xalq nazorati komiteti, Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar ministrligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari respublika kengashi bilan birgalikda isteʼmol bozorini barqarorlashtirish yuzasidan amalga oshirilmagan tadbirlar munosabati bilan respublika aholisiga mollarni sotish tartibiga rioya qilinishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar, qoidani buzgan shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralari koʻrsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston SSR Davlat televideniye va radioeshittirish komiteti, OʻzTAG, respublika gazetalari redaksiyalari mazkur qarorni matbuotda eʼlon qilsinlar, uni keng yoritish boʻyicha koʻrsatuv va eshittirishlar turkumi tayyorlashni nazarda tutsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining oʻrinbosari oʻrtoq D. D. Berkovga, Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Sovetining, viloyat ijroiya komitetlarining, Toshkent shahar ijroiya komitetining raislariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining Raisi Sh. MIRSAIDOV
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti Ishlar Mudirining oʻrinbosari R. ABDUQODIROV
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti Ishlar Mudirining oʻrinbosari R. ABDUQODIROV
Toshkent sh.,
1990-yil 29-may,
224-son