Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat texnika dorilfununini, Toshkent kimyo-texnologiya va Toshkent meʼmorchilik-qurilish institutlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston SSJ Prezidentining “Toshkent davlat texnika dorilfununini, Toshkent kimyo-texnologiya va Toshkent meʼmorchilik-qurilish institutlarini tashkil etish toʻgʻrisida” 1991-yil 6-maydagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 1991-yil 1-iyungacha:
Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining meʼmorchilik, sanoat-fuqaro qurilishi va muhandislik-qurilish fakultetlari negizida Toshkent meʼmorchilik-qurilish institutini;
Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya, muhandislik-texnologiya fakultetlari hamda neft va gaz fakultetining kimyo mutaxassisliklari negizida Toshkent kimyo-texnologiya institutini;
Toshkent mashinasozlik instituti va Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining qolgan fakultetlari negizida Toshkent davlat dorilfununini tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin.
Yangidan tashkil etilgan oliy oʻquv yurtlarining tuzilishi, mutaxassisliklari roʻyxati, joylashtirish rejalari va ustavlari ishlab chiqilsin va tasdiqlansin.
Joylardagi mavjud filiallar va fakultetlar belgilangan tartibda ushbu oʻquv yurtlari ixtiyoriga berilsin.
2. OʻzSSJ Moliya vazirligi OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga yangidan tashkil etilgan oliy oʻquv yurtlarining maʼmuriy-xoʻjalik xodimlarini taʼminlash uchun qoʻshimcha ish haqi jamgʻarmasi ajratsin.
3. Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda yangidan tashkil etilgan oliy oʻquv yurtlariga oʻquv korpuslari, yotoqxonalar va ijtimoiy-madaniy-maishiy inshootlar qurilishi uchun yer uchastkalari ajratish masalasini hal etsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 13-may,
130-son