Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 60 yilligini nishonlash toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining oʻzbek badiiy adabiyoti rivoji yoʻlida adabiy jamoatchilikni uyushtirish, xalqimizni qayta tiklanayotgan milliy qadriyatlar, anʼanalar va urf-odatlar, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy iftixor ruhida tarbiyalash hamda milliy tafakkurni rivojlantirish sohasida olib borayotgan alohida xizmatlarini inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mamlakatimiz adabiy jamoatchiligining Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 60 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
1994-yilning noyabr oyida “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil topganiga 60 yil toʻlishi munosabati bilan tantanali kecha oʻtkazilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasiga:
bugungi oʻzbek adabiyoti atoqli namoyandalarining Saylanma asarlari toʻplamlarini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibiyati tavsiyasiga binoan nashriyotlarning rejasiga kiritishni va nashr etishni taʼminlash topshirilsin;
kitoblarni nashr qilishda Oʻzbekiston Ijodkorlari jamgʻarmasi, “Isteʼdod”, “Navroʻz” xayriya jamgʻarmalari va boshqa tashkilotlar homiyligidan foydalanish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga isteʼdodli yozuvchilar va dramaturglarimiz asarlarini sahnalashtirish va ularni omma orasida keng targʻib etish, xalqimiz ruhiga istiqlol tuygʻularini singdiruvchi yetuk asarlar uchun tanlovlar oʻtkazish topshirilsin.
4. “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi va “Oʻzdavkinokompaniya” oʻzbekistonlik adiblarning eng yaxshi asarlari asosida videofilmlar va badiiy filmlar yaratish chora-tadbirlarini belgilasinlar.
5. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qatagʻon qurbonlari boʻlgan adiblarimizning hayoti va ijodini chuqur oʻrganish, targʻib etish tadbirlarini belgilasin hamda ularning asarlarini nashrga tayyorlasin.
6. Ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yubileyiga tayyorgarlikning borishini yoritishni, turkum koʻrsatuvlar, eshittirishlar va maqolalar berilishini taʼminlasinlar.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari joylarda yozuvchi va olimlar, adabiy jamoatchilik ishtirokida yigʻinlar, ijodiy uchrashuvlarni tashkil etishga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 60 yilligini nishonlash bilan bogʻliq sarf-harajatlar uchun ilovaga muvofiq Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻ ajratsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimi zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 13-avgust,
412-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-avgustdagi 412-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 60 yilligini oʻtkazish xarajatlari
SMETASI
| 1. | “Turkiston” saroyining ijara xaqi | 1000 sum |
| 2. | Bukletlar, taklif qogʻozlari, dastur | 1500 sum |
| 3. | Yozuvchilarni viloyatlarga safarga yuborish va viloyatlardan Toshkentga taklif etilganlar uchun xizmat safari haqi | 6000 sum |
| 4. | Esdalik buyumlari (ruchka, bloknotlar) va gullar | 1000 sum |
| | Jami | 19500 sum |