Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat universitetining 75 yilligi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Taʼlim fan tizimini rivojlantirishda, respublika uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda Toshkent davlat universiteti katta hissa qoʻshganligini hisobga olib hamda jamiyatning maʼnaviy hayotida, yoshlar tarbiyasida, mustaqil Oʻzbekistonning aql-zakovat imkoniyatlari shakllanishida universitetning tutgan oʻrniga katta ahamiyat berib, shuningdek, 1995-yil sentyabr oyida universitet tashkil topganligiga 75 yil toʻlishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995-yil sentyabr oyida respublika va xorijiy mamlakatlarning ilmiy jamoatchiligi, taʼlim xodimlari, madaniyat arboblari jalb qilingan holda Toshkent davlat universiteti tashkil topganligining 75 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlari oʻtkazilsin.
2. Toshkent davlat universitetining 75 yillik yubileyini tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha tashkilot qoʻmitasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkilot qoʻmitasi bir oy muddatda Toshkent davlat universitetining 75 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlari dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyat markazlarida universitetlar negizida Toshkent davlat universitetining yetakchi olimlari va ijodkor ziyolilar ishtirokida tantanali yigʻilishlar va ilmiy konferensiyalar oʻtkazish;
Fanlar akademiyasi bilan birgalikda universitet taʼlimi va fanining mustaqil Oʻzbekiston davlati hayotidagi ahamiyatiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish;
talabalarda masʼuliyat hissini, oʻz Vatanidan gʻururlanish va unga muhabbat tuygʻularini shakllantirish maqsadida ularning taniqli olimlar, ustoz — muallimlar, madaniyat va sanʼat arboblari bilan uchrashuvlarini oʻtkazishga oid tadbirlar majmui;
Toshkent davlat universitetining 75 yillik yubileyiga bagʻishlangan maxsus rasmli kitob chiqarish.
4. Toshkent davlat universiteti tashkil topganligining 75 yilligiga bagʻishlangan esdalik nishoni taʼsis etilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda esdalik nishonining eskizi va modelini tayyorlasin.
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha esdalik nishonini tayyorlasin.
5. Tashkilot qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga muvofiq:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi yubiley tadbirlari qatnashchilariga transport xizmati koʻrsatilishini taʼminlasinlar;
“Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi yubiley tadbirlari qatnashchilari boʻlgan delegatsiyalarga xizmat koʻrsatish uchun avtomobil transporti ajratilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent shahar hokimligi:
yubiley tadbirlari qatnashchilari joylashtirilishini;
Toshkent davlat universitetining smetasi va mablagʻlari hisobiga universitet oʻquv binolarining old tomonini tuzatish, universitetga tutashib ketgan hududni obodonlashtirish boʻyicha ishlar bajarilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzbekmebel” davlat-aksionerlik birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha Toshkent davlat universiteti uchun 1994-1995-yillarda oʻquv-laboratoriya mebeli yetkazib berilishini taʼminlasin.
8. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 1995-yildan boshlab Toshkent davlat universiteti biologiya fakulteti binosining ikkinchi navbati qurilishiga 2-ilovaga muvofiq sarmoya qoʻyilmalari ajratilishini va uning mablagʻ bilan taʼminlanishini nazarda tutsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
1995-yilgi budjet istiqbolini belgilashda Toshkent davlat universitetining yubiley tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin;
1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Toshkent davlat universitetining oʻquv binolari va yotoqxonalarini mukammal tuzatish va jihozlashga aniq maqsadlarga moʻljallangan 1 mlrd soʻm kupon ajratsin.
Respublika valyuta fondi xarajatlari prognozlarida 1995-1996-yillarda Toshkent davlat universitetiga kompyuter texnikasi sotib olish uchun 300 ming AQSh dollari ajratishni nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1995-yilda Toshkent davlat universitetiga oʻquv-ilmiy uskunalar va davriy ilmiy jurnallar xarid qilish uchun Rossiya rubllarini ajratish toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi, gazetalar va jurnallar tahririyatlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Toshkent davlat universiteti rektorati bilan birgalikda Toshkent davlat universiteti yubileyga tayyorgarlik koʻrishning qanday borayotganligini va yubiley tadbirlari oʻtkazilishini keng yoritsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi yubiley tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish hamda Toshkent davlat universiteti obyektlari qurilishining borishi toʻgʻrisida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 3-may,
235-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 235-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent davlat universitetining 75 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha
TAShKILOT QOʻMITASI
| O.U. Salimov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, tashkilot qoʻmitasi raisi |
| T.J. Joʻrayev | — | Toshkent davlat universiteti rektori, tashkilot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
|
Tashkilot qoʻmitasi aʼzolari | ||
| Sh.Y. Abdullayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari |
| A. Oripov | — | Oʻzbekiston Respublikasi xalq shoiri |
| Sh. Bolabekov | — | “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi |
| X.G. Joʻrayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi |
| P.X. Nosirov | — | “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| M.S. Salohitdinov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Prezidenti |
| T.A. Sarimsoqov | — | akademik |
| U.A. Usmonov | — | Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari |
| A.I. Fozilbekov | — | Toshkent shahar hokimi |
| E.H. Hayitboyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri |
| Y.Sh. Shodimetov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi mudiri |
| G.Sh. Shogʻulomov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi raisi |
| J.G. Yoʻldoshev | — | Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri |
| G.N. Yusupbekov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi raisi |
| Sh.G. Yahyoyev | — | “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi raisi |
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-maydagi 235-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Toshkent davlat universitetining 1994 — 2000-yillarda quriladigan obyektlari
|
(mln soʻm-kupon) | |||||
|
Obyektning nomi |
Qurilishning boshlanish va tugallanish yili |
Qurilishning 1991-yil narxlaridagi smeta qiymati |
Loyiha quvvati |
Smeta qiymatining 1991-yil narxlaridagi qoldigʻi |
Buyurtmachi |
| Biologiya faqulteti binosining ikkinchi navbati |
1995 |
3,2 |
5,5 |
3,2 |
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi |