Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Boshligʻining
buyrugʻi
Havo transportida yuk tashish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 8-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2552]
Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq buyuraman:
1. Havo transportida yuk tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-dekabr,
36-N-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2013-yil 6-dekabrdagi 36-N-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Havo transportida yuk tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga, shuningdek Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (IKAO) standartlari va tavsiyalariga muvofiq, havo transportida yuk tashish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
aviatsiya xavfsizligi — fuqaro aviatsiyasini noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksi, shuningdek, jalb qilinadigan inson va moddiy resurslar;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 13-maydagi 4-n-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2552-1, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2552-1/0506-son)
aeroport — havo kemalarini qabul qilish va joʻnatish, havo transportida tashish uchun xizmat koʻrsatishga moʻljallangan va shu maqsadlarda aerodrom, aerovokzal, boshqa inshootlar, shuningdek zarur qurilmalarga ega boʻlgan inshootlar majmuasi;
tashqi oʻrama — bir yoki bir necha yuk oʻrinlarini birlashtirish uchun moʻljallangan idish;
yuk — havo kemasida tashilayotgan yoki tashish uchun qabul qilingan (pochta va xalqaro pochta bitimlarining shartlariga koʻra tashiladigan boshqa mol-mulk, tashuvchining bagaji yoki mol-mulkidan tashqari) har qanday mol-mulk, shuningdek yuk xati boʻyicha tashiladigan bagaj;
transfer yuk — tashish yoʻnalishidagi oraliq manzilga yetkazib berilgan va shu manzildan keyin shu tashuvchining boshqa qatnovi yoki boshqa tashuvchining qatnovi bilan tashiladigan yuk;
tashuvchi — ekspluatant sertifikati boʻlgan havo kemasining ekspluatanti;
tashuvchining agenti — tashuvchi nomidan harakat qilishga vakil qilingan shaxs;
tez buziladigan yuk — tashish uchun alohida sharoitlar va qoidalarga rioya etish talab qilinadigan yuk;
yuk oʻrami varaqasi — alohida toifadagi, jumladan eksponatlar, sanʼat asarlari va boshqa yuklarni tashishda foydalaniladigan varaqa;
forvarder — yuk joʻnatuvchi va tashuvchi oʻrtasida vositachi sifatida faoliyat olib boruvchi hamda yuk joʻnatuvchiga yoki tashuvchiga xizmat koʻrsatuvchi shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
kuzatib borilmaydigan bagaj — egasi hisoblangan shaxs joylashgan havo kemasida yoki boshqa havo kemasida yuk sifatida tashiladigan bagaj;
(1-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 13-maydagi 4-n-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2552-1, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2552-1/0506-son)
qimmatbaho yuk — tashish uchun har bir kilogramiga 1000 AQSH dollari (yoki uning ekvivalenti) yoki undan ortiq miqdorda yigʻim undiriladigan hamda saqlash va xavfsizlikni taʼminlashning alohida choralarini talab qiluvchi yuk (turli koʻrinishdagi kumush, oltin, platina, qimmatbaho toshlar, marvarid va undan yasalgan buyumlar, pul banknotalari, yoʻl cheklari, sugʻurta polislari, aksiyalar, markalar va foydalanishga tayyor bank va/yoki kredit kartochkalari);
embargo — maʼlum bir vaqt davomida biror-bir (yoki istalgan) turdagi va koʻrinishdagi yukni maʼlum (yoki istalgan) yoʻnalish boʻyicha yoki yoʻnalish hududidagi maʼlum bir (yoki istalgan) hudud yoki tutash manzillarda tashishga qabul qilishni rad etish.
2. Mazkur Qoidalar talablari fuqaro aviatsiyasi tashuvchilari tomonidan amalga oshiriladigan yuk tashishlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur Qoidalarda yoki tashish hujjatlarida nazarda tutilgan biror-bir qoida tashishda ishtirok etayotgan davlatning qonunchiligiga muvofiq boʻlmasa hamda yuk tashish shartnomasi tomonlarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin boʻlmasa, bunday qoidalarning tegishli davlatning qonunchiligiga zid boʻlmagan normalari amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan yuklar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga asosan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida mazkur Qoidalardan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashuvchi havo transportida yuk tashishning oʻz faoliyati xususiyatiga mos keladigan va tegishli qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan qoʻshimcha qoidalarini belgilashi mumkin.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
6. Tashuvchi mazkur Qoidalar talablarini bekor qilish yoki oʻzgartirishga haqli emas.
7. Tashuvchi yoki uning agenti yuk tashish uchun belgilangan tarifga kiritilmagan yigʻim haqida yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchini oldindan xabardor qilishi shart. Ushbu yigʻim tashish hujjatida nazarda tutilishi kerak.
8. Yuk tashish uchun tarif va yigʻimlar yuk joʻnatuvchi tomonidan tashishlarni sotish amalga oshirilgan hududda amalda boʻlgan valyutani tartibga solish va yuk tashish uchun haq toʻlash qoidalariga hamda tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Imtiyozli, maxsus tarif, tarifga chegirma va qoʻshimchalar, shuningdek yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchidan olinadigan yigʻimlarni belgilash tashuvchining tariflarni qoʻllash boʻyicha qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Yuklar havo transportida mazkur Qoidalar va yuk tashish shartnomasiga asosan tashiladi.
11. Havo transportida yuklarni yagona tashish hujjatiga asosan turli transport vositalari orqali tashish tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi. Yagona tashish hujjati asosida bir necha tashuvchilar tomonidan yuk yetkazib berilishi lozim boʻlgan aeroportgacha (bundan buyon matnda manzil aeroporti deb yuritiladi) tashish, uzilish boʻlgan yoki boʻlmaganligidan qatʼi nazar, yagona tashish deb eʼtirof etiladi.
II bob. Yuklarni tashish shartnomalari asosida tashish
1-§. Yuklarni charter shartnomasi asosida tashish
12. Charter (havo kemalarini kira qilish) shartnomasi boʻyicha bir tomon (kiraga beruvchi) ikkinchi tomon (kiraga oluvchi)ga haq evaziga bir yoki bir necha havo kemasini yuk tashishda foydalanishga bir yoki bir necha parvoz uchun toʻliq berib turish majburiyatini oladi.
13. Kiraga beruvchi havo kemasini yuk tashishda foydalanishga oʻz vaqtida berishi va charter shartnomasining amal qilish muddati davomida undan tegishli maqsadlar uchun foydalanishga yaroqli holda saqlanishini taʼminlashi shart.
14. Kiraga oluvchi charter shartnomasida nazarda tutilgan toʻlovni oʻz vaqtida toʻlashi va yukni joʻnash aeroportiga oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlashi zarur.
2-§. Yuklarni yuk tashish shartnomasi asosida tashish
15. Yuk tashish shartnomasiga koʻra tashuvchi oʻziga yuk joʻnatuvchi tomonidan ishonib topshirilgan yukni manzil aeroportiga yetkazib, uni yukni qabul qilib olishga vakolat berilgan shaxsga (yuk oluvchi yoki uning vakiliga) topshirish majburiyatini oladi, yuk joʻnatuvchi esa yuk tashilganligi uchun belgilangan tarif boʻyicha haq toʻlash majburiyatini oladi.
16. Qogʻozda yoki elektron shaklda rasmiylashtirilgan yuk xati yuk tashish shartnomasini tasdiqlovchi tashish hujjati hisoblanadi.
17. Yuk joʻnatuvchi yuk xatida koʻrsatilgan yuk joʻnatish sanasi va vaqtini tashuvchi bilan kelishgan holda oʻzgartirishga haqli.
18. Yuk tashish shartnomasining amal qilish muddati yukni qabul qilib olishga vakolat berilgan shaxs tomonidan yuk qabul qilib olingan vaqtda tugaydi.
19. Parvozlar jadvali yoki boshqa hujjatlarda koʻrsatilgan vaqt yuk tashish shartnomasining sharti hisoblanmaydi.
3-§. Parvozlar jadvali
20. Yuklar havo transportida muntazam yoki nomuntazam tashiladi.
21. Muntazam tashishlar tashuvchi tomonidan eʼlon qilingan parvozlar jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.
22. Parvozlar jadvalida quyidagilar aks ettirilishi zarur:
tashishning har bir yoʻnalishi haqidagi maʼlumotlar;
hafta kunlari (sutka) davomidagi tashishlar haqidagi maʼlumotlar;
qatnov raqami haqidagi maʼlumotlar;
foydalaniladigan havo kemalari turlari haqidagi maʼlumotlar;
joʻnash aeroportining boshqa aeroportlar bilan muntazam havo qatnovi borligi haqidagi maʼlumotlar;
havo transportida yuk tashish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
23. Parvozlar jadvaliga tashuvchi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-§. Tashuvchi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar
24. Tashuvchi tomonidan yuk xatida koʻrsatilgan yukni yetkazib berish bilan bir qatorda quyidagi xizmatlar koʻrsatilishi mumkin:
yukni saqlash;
yukni yuk terminaliga yetkazib berish;
yukni tushirish va yuklash.
25. Tashuvchi aeroportda, shuningdek tashishlarni sotish va yukni rasmiylashtirishning boshqa punktlarida ushbu aeroportdan harakatlanadigan havo kemalarining parvozlar jadvalini, mazkur Qoidalar va tashuvchining havo transportida yuk tashish qoidalarining tegishli matnlarini joylashtirishi, shuningdek yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchilarning boshqa zarur axborotlarni olishlari uchun maʼlumot xizmatini tashkil etishi kerak.
III bob. Yuk tashish shartnomasining asosiy shartlari
1-§. Tashish sigʻimini band qilib qoʻyish
26. Yuk tashish uchun tashish sigʻimini band qilib qoʻyish tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
27. Tashish sigʻimi yuk joʻnatuvchining tashuvchiga bevosita, jumladan telefon, faks, elektron pochta, internet hamda aloqaning boshqa turlari orqali murojaati asosida band qilib qoʻyiladi.
28. Yuk joʻnatuvchi uchun tashish sigʻimini oldindan band qilib qoʻyish hamda yuk tashish uchun tashish hujjatini rasmiylashtirish tashuvchining yuk tashish qoidalarida belgilangan muddatlarda bajariladi.
29. Yuk joʻnatuvchi tashish sigʻimini oldindan band qilib qoʻyishda tashish yoʻnalishi, uchish sanasi va vaqti, yukning nomi, uning vazni va hajmi, alohida xususiyatlari hamda ushbu yukni tashish shart-sharoitlari haqida tashuvchiga maʼlumot berishi kerak.
30. Yuk joʻnatuvchi yukni joʻnash aeroportiga tashuvchi tomonidan belgilangan muddatlarda yetkazib bermasa, tashuvchi band qilib qoʻyilgan tashish sigʻimini bekor qilishga haqli.
2-§. Yukni tashishga qabul qilish
31. Tashuvchi yukni yuk joʻnatuvchi yoki u vakil qilgan shaxs yoxud forvarderdan qabul qilib oladi.
32. Yuk joʻnash aeroportiga yoxud tashuvchi tayinlagan boshqa joyga belgilangan vaqtdan kechikmasdan yetkazib berilishi zarur.
33. Tashuvchi yoki uning agenti yuk joʻnatuvchining manfaatlarini hisobga olgan holda boshqa tashuvchilardan, boshqa havo kemalari va boshqa transport turlaridan foydalanishi mumkin. Tashuvchi yukni yuk xatida koʻrsatilgan manzilga belgilangan muddatda yetkazish uchun oʻziga maʼqul boʻlgan yoʻnalishni, oraliq qoʻnib oʻtish manzillarini tanlash, yoʻnalishni oʻzgartirish yoki boshqa yoʻnalishni tanlash huquqiga ega.
34. Yuk tashish yoʻnalishidagi oraliq manzillar tashuvchining tashabbusi bilan oʻzgartirilgan hollarda, tashuvchi yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchidan qoʻshimcha yigʻimlar toʻlashni talab qilishga haqli emas.
35. Yuk oʻzining hajmi, sifati, vazni va xususiyatlariga koʻra havo kemasida transportirovka qilish shartlarini hisobga olgan holda tashishga qabul qilinadi.
36. Yukni havo kemasida tashishga qabul qilish imkoniyati tashuvchi yoki uning agenti tomonidan aniqlanadi.
37. Yuklar ularni havo kemasining yuk boʻlinmalarida hamda paketlash vositalarida erkin joylashtirish va mustahkamlash mumkin boʻlgan oʻlchovda boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
38. Xavfli yuklar, tirik jonivorlar, tez buziluvchan va boshqa buyumlar ularni tashishning mazkur Qoidalarda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan shartlariga amal qilgan holda tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq tashiladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
39. Yuk joʻnatuvchi yukning belgilangan tartibda oʻralishini taʼminlashi kerak. Bunda yukka oddiy ishlov berilganda unga zarar yetmasligi hamda uchinchi shaxslarga, boshqa yuklarga va tashuvchining mulkiga ziyon yetkazmasligi kerak. Qimmatbaho yuklarning tashqi oʻramalari tashuvchining talabiga koʻra plombalangan boʻlishi kerak.
40. Yuklarning quyidagi alohida turlari havo transportida tashish uchun qabul qilinmaydi:
xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalar, fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (IKAO) xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalariga (IKAO, Doc 9264/AN 905) hamda tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq havo transportida tashilishi taqiqlangan yuklar;
tashuvchining xodimlari, yoʻlovchilar, havo kemasi, boshqa mulk yoki yuklarga zarar yetkazuvchi yuklar;
notoʻgʻri oʻralganligi sababli yoʻlovchilar, tashuvchining xodimlari, boshqa mulk yoki yuklarga zarar yetkazish xavfi boʻlgan yuklar;
karantin talablari bajarilmagan yuklar;
tashish uchun embargo eʼlon qilingan yuklar.
41. Quyidagi alohida toifadagi yuklar cheklangan tarzda tashishga qabul qilinadi:
tirik jonivorlar;
xavfli ashyolar;
kuzatib borilmaydigan bagaj;
qimmatbaho va nozik yuklar;
tez buziluvchan yuklar;
nam yuklar;
diplomatik yuklar;
sanʼat asarlari va muzey eksponatlari;
vazni ogʻir va katta hajmli yuklar.
Oldingi tahrirga qarang.
42. Yuklar aviatsiya xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining noqonuniy aralashish harakatlaridan aviatsiya xavfsizligini taʼminlash milliy dasturi talablariga muvofiq, parvozdan oldin majburiy nazorat tekshiruvidan oʻtkaziladi.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 13-maydagi 4-n-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2552-1, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2552-1/0506-son)
43. Yuk joʻnatuvchi joʻnatiladigan yukni nazorat tekshiruvidan oʻtkazishdan bosh tortgan hollarda yuk tashish shartnomasi bekor qilingan deb hisoblanadi.
44. Agar yukning yoʻqolishi, kamomadi yoki unga yetkazilgan zarar havo transportida tashish vaqtida yuz bergan boʻlsa, yukning yoʻqolganligi, kamomadi yoki unga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi javobgar boʻladi.
3-§. Yuk xati
45. Yuk xatining shakli fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining qoidalari va tavsiyalarini hisobga olgan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi.
46. Yuk joʻnatuvchi yuk xatiga kiritilgan yukning vazni, soni, manzili, holati va xususiyatlari toʻgʻrisida bergan maʼlumotlarining toʻla va toʻgʻriligi uchun javobgar hisoblanadi.
47. Tashuvchi yukning vazni, soni, holati va xususiyatlari, yetkaziladigan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yoʻqligi, kamomadi yoki notoʻgʻriligi oqibatida kelib chiqqan yoʻqotishlar va xarajatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
48. Yuk xati yuk tashilayotgan vaqtda yoʻqolgan taqdirda, 6 (olti) nusxada qoʻshimcha yuk xati rasmiylashtiriladi. Bunda qoʻshimcha yuk xatining bir nusxasi tashuvchida qoladi, qolgan nusxalari yuk bilan birga joʻnatiladi.
49. Yuk tashish boshlanmagan boʻlsa, qoʻshimcha yuk xati rasmiylashtirilmaydi.
4-§. Yukning vaznini tekshirish
50. Yukning vazni tashuvchi tomonidan u tashishga qabul qilinishidan oldin yuk joʻnatuvchi yoki uning vakili yoxud forvarder ishtirokida majburiy ravishda tekshirilishi kerak.
51. Tashuvchi yoki uning agenti yukni tekshirish jarayonida uning haqiqiy vaznini aniqlashi va yuk xatida koʻrsatishi shart. Yukning vaznini aniqlash natijasida yuk joʻnatuvchi eʼlon qilgan vazn bilan tafovut aniqlansa, tashuvchi tomonidan aniqlangan vazn yukning oxirgi vazni hisoblanadi.
52. Yukning vazni yuk tashishga qabul qilinayotgan vaqtda tashuvchiga taqdim qilinadigan yukning standart texnik hujjatlari (texnik pasport) boʻyicha ham aniqlanishi mumkin.
5-§. Yuklarni qabul qilish va joylashtirish
53. Yuk joʻnatuvchi yukning oʻziga xos xususiyatlarini, jumladan tashish jarayonida unga oddiy ishlov berilganda yukka zarar yetmasligini hisobga olgan holda oʻrashi hamda yukning uchinchi shaxslarga, boshqa yuklarga va tashuvchining mulkiga ziyon yetkazishi ehtimolini bartaraf etishi kerak.
54. Yukning tarasi va tashqi oʻramasi toza boʻlishi hamda oʻtkir burchaklari, chiqib turgan uchlari boʻlmasligi kerak.
55. Suyuq va boshqa yuklar solingan (oʻralgan) metall, shisha, sopol, yogʻoch yoki plastmassa idishlar parvoz sharoitlariga (balandlik, harorat) muvofiq boʻlishi, ichki bosimga dosh berishi va yukning oqib, toʻkilib yoki boshqacha tarzda sochilib ketishidan himoyalangan boʻlishi kerak.
56. Yumshoq tashqi oʻramalarga solingan yuklar tugunlari boʻlmagan bir xil ip bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Ipning bogʻlangan uchlari yuk joʻnatuvchining standart tamgʻasi bilan tamgʻalangan boʻlishi kerak.
57. Qiymati eʼlon qilingan holda tashishga topshiriladigan yuk oʻrnining idish va tashqi oʻramasi yuk joʻnatuvchi tomonidan tamgʻalanishi kerak, fuqarolarning shaxsiy mulklari bundan mustasno. Yukning tamgʻalanganligi yuk xatida qayd qilinadi.
58. Ogʻir vaznli va/yoki yirik oʻlchamli yuklar tashuvchi yoki uning agenti bilan kelishilgan holda oʻralgan yoki oʻralmagan holda tashilishi mumkin.
59. Tashqi oʻramasi IKAOning “Xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalari” (IKAO, Doc 9284/AN 905) talabiga, mazkur Qoidalar, shuningdek tashuvchining yuk tashish qoidalari talablariga javob bermaydigan yuklar tashish uchun qabul qilinmaydi.
60. Tashish uchun qabul qilingan har bir yuk oʻrni markirovkalash belgisiga, maxsus ishlov berish talab etiladigan yuklar esa maxsus markirovkalash belgisiga ega boʻlishi kerak.
61. Idishga solinmagan yoki oʻralmagan yuklarda markirovkalash belgisi bevosita yukning oʻziga qoʻyilishi mumkin.
62. Qiymati eʼlon qilingan yukka markirovkalash belgisi qoʻyilganda, unda har bir alohida joyning eʼlon qilingan narxi bilan birga, uning vazni koʻrsatiladi.
63. Markirovkalash belgilari aniq koʻrinadigan va tushunarli boʻlishi, rangi tashqi oʻrama rangidan keskin farq qilishi kerak.
64. Tashuvchi yoki uning agenti markirovkalash belgilari va tashqi oʻramasi tegishli talablarga javob bermaydigan yukni tashishga qabul qilishni rad etishga yoki yuk joʻnatuvchidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilishga haqli.
6-§. Yuk qiymatining eʼlon qilinishi
65. Yuk joʻnatuvchi yukning qiymatini eʼlon qilgan holda tashishga topshirishi mumkin. Yukning eʼlon qilingan qiymati uning haqiqiy qiymatidan yuqori boʻlmasligi kerak.
66. Qimmatbaho yuklar va haqiqiy qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan yuklar ularning qiymati eʼlon qilingandan soʻng tashishga qabul qilinadi.
67. Tez buziladigan, xavfli yuklar va yuk oluvchining yoki yuk joʻnatuvchining kuzatuvchisi bilan birga tashiladigan yuklarning qiymati eʼlon qilinmaydi.
68. Qiymati eʼlon qilingan yuklar bilan qiymati eʼlon qilinmagan yuklarga bitta yuk xati rasmiylashtirish taqiqlanadi.
69. Qiymati eʼlon qilinib tashishga topshiriladigan yukning idishi va tashqi oʻramasi yuk joʻnatuvchi tomonidan tamgʻalanishi kerak. Bunda tamgʻadagi harflar va raqamlar aniq koʻrinib turishi va yuk xatiga yukning tamgʻalanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilishi kerak.
70. Qiymati eʼlon qilingan yukni tashishga qabul qilishdan oldin tashuvchi yoki uning agenti:
har bir alohida yuk oʻrnining tashqi oʻramasi va markirovkalash belgisini sinchiklab tekshirishi;
tashqi oʻrama va tamgʻaning butunligiga ishonch hosil qilishi;
tamgʻadagi belgilar va raqamlarni yoʻriqnomadagi yozuvlar bilan solishtirib koʻrishi zarur.
71. Tashqi oʻramasi tegishli talablarga javob bermaydigan qiymati eʼlon qilingan yuklarni tashishga qabul qilish taqiqlanadi.
72. Yukning tashqi oʻramada yuk joʻnatuvchi tomonidan koʻrsatilgan vazni uning haqiqiy vaznidan farq qilsa, bunday yuk markirovkalash belgilari tuzatilib, tegishli hujjatlar toʻgʻri rasmiylashtirilganidan keyin tashishga qabul qilinadi.
73. Qiymati eʼlon qilingan yukni tashish bitta yuk joʻnatmasi bilan bajarilishi kerak.
74. Qiymati eʼlon qilingan yuklar aeroportlarda boshqa yuklardan alohida holda yopiq, ruxsatsiz kirish taqiqlangan va qulflanadigan xonalarda saqlanishi kerak. Bunday yuklar tashish uchun boshqa turdagi transportga topshirilganda, tashuvchi uni yuk joʻnatuvchi tomonidan yuk xatida koʻrsatilgan miqdordagi eʼlon qilingan qiymati bilan birga topshirishi shart.
75. Qiymati eʼlon qilingan yuklarni tashish uchun tashuvchining tariflarni qoʻllash qoidalarida belgilangan miqdorda yigʻim toʻlanadi. Qiymati eʼlon qilingan yukni topshirishda yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilangan miqdorda yigʻim toʻlangan taqdirdagina, tashuvchi tashish jarayonida yukka yetkazilgan zarar uchun uning eʼlon qilingan qiymati doirasida javobgar boʻladi.
7-§. Yukni tasarruf etish huquqi
76. Yuk joʻnatuvchi yuk tashish shartnomasi shartlarini bajargan taqdirda, yuklarni joʻnash yoki manzil aeroportidan qaytarib olish, tashuvchiga tashish davomida har qanday toʻxtab oʻtish manzilida uni ushlab turish yoki yuk xatida koʻrsatilmagan boshqa shaxsga topshirish yoxud yukni joʻnash aeroportiga qaytarib olib kelish haqida koʻrsatma berish huquqiga ega.
77. Yuk joʻnatuvchi yukni tashuvchi yoki boshqa yuk joʻnatuvchiga zarar yetkazish evaziga tasarruf etishga haqli emas va ushbu huquqdan kelib chiqadigan barcha xarajatlarni qoplashi shart.
78. Yuk joʻnatuvchining yukni tasarruf etish huquqi yuk manzil aeroportiga yetib kelgan vaqtda, yuk oluvchi tomonidan hamma toʻlovlar toʻlangan va yuk unga topshirilgandan keyin tamom boʻladi.
8-§. Yukni kuzatib boruvchining ishtirokida tashish
79. Yuk joʻnatuvchi tashuvchi yoki uning agenti bilan oldindan kelishilgan holda yukni oʻzining yoki yuk oluvchining vakili — kuzatib boruvchi bilan birga joʻnatish sharti bilan yukni tashishga topshirishi mumkin.
Tashuvchining talabiga koʻra alohida turdagi yuklarni (tirik jonivorlar, sanʼat asarlari, muzey eksponatlari va hokazolar) tashishda yuk joʻnatuvchi kuzatib boruvchini tayinlashi shart.
80. Yukni kuzatib boruvchi bilan birga tashish kuzatib boruvchi kim tomonidan tayinlanganligiga qarab, yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchining javobgarligi ostida amalga oshiriladi.
Kuzatib boruvchi bilan birga joʻnatilayotgan yukni tashish uchun qabul qilish mazkur Qoidalarga va tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
81. Kuzatib boruvchini tashish yoʻlovchi chiptasi orqali rasmiylashtiriladi va yoʻlovchi tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Kuzatib boruvchi yuk bilan birga joʻnaydi. Bunda kuzatib boruvchi havo kemasining yoʻlovchi salonida, yuk esa havo kemasida maxsus ajratilgan joylarda tashiladi.
82. Kuzatib boruvchi tashish davomida quyidagilarga majbur:
joʻnash aeroportida yukni havo kemasiga ortishda qatnashish;
yukning holati va uning butligini kuzatib borish;
yuk oʻrnining siljiganligi yoki mahkamlab qoʻyilgan joylari boʻshab qolganligi haqida zudlik bilan havo kemasi komandiri yoki bortkuzatuvchini (operatorni) xabardor qilish;
havo kemasi komandiri yoki bortkuzatuvchining (operatorning) ruxsatisiz yukni joyidan qoʻzgʻalishiga yoʻl qoʻymaslik;
parvoz vaqtida havo kemasi komandirining koʻrsatmalarini bajarish;
jonivorlarni kuzatib borayotganda ularga ovqat va suv berish, hayvonlar havo kemasi boʻlinmasini ifloslantirganda ularni tozalash;
yukni tushirishda ishtirok etish va uni yuk oluvchiga topshirilgunga qadar kuzatib borish;
xavfli yuklar kuzatib borilayotganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish va nosozliklarni bartaraf etish uchun zarur anjomlar va vositalarga ega boʻlish, yongʻin, zaharlanish va boshqa vaziyatlarning oldini olish uchun bunday yuk bilan muomala qilish qoidalarini bilish, shaxsiy himoya vositalariga ega boʻlish va ulardan foydalanish qoidalarini bilish.
83. Tashuvchi yoki uning agenti kuzatib boruvchiga oʻz majburiyatlarini bajarishida zarur yordam koʻrsatishi shart.
84. Yukka zarar yetish xavfi tugʻilsa va uni butligicha yetkazib berish imkoni boʻlmasa, kuzatib boruvchi yuk joʻnatuvchining topshirigʻiga muvofiq yukni tasarruf etishi kerak.
9-§. Yukni paketlash vositalarida tashish
85. Tashuvchi ayrim rusumdagi havo kemalarida yuklarni tegishli standartlar talablariga muvofiq boʻlgan paketlash vositalarida tashishni tashkil etishi mumkin. Paketlash vositalari aviatsiya va noaviatsiya paketlash vositalariga boʻlinadi.
86. Aviatsiya paketlash vositalari ayrim rusumdagi havo kemalari uchun ishlab chiqiladi va havo kemasi jihozi hisoblanadi.
87. Noaviatsiya paketlash vositalari havo kemasining standart konstruktiv elementi hisoblanmaydi.
88. Paketlash vositalari soz holda va yuk tashish uchun yaroqli boʻlishi zarur. Ayrim rusumdagi havo kemalarining paketlash vositalarida aeroportlarda yerda ishlov berish uchun texnologik jihozlar, mexanizatsiya va avtomatizatsiya vositalari oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
89. Yukning ogʻirligi paketlash vositasining yuk koʻtarish chegarasidan oshmasligi kerak.
90. Yukka zarar yetishining oldini olish maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
paketlash vositalarini yerga qoʻygan holda itarish yoki shatakka olish;
paketlash vositalarini siljitish uchun lom va shunga oʻxshash buyumlardan foydalanish;
kran yordamida paketlash vositalarini koʻtarish, asosining oʻlchamlari 2,44 x 2,44 m boʻlgan ayrim asosiy paluba konteynerlari bundan mustasno;
paketlash vositalarining ustiga yuk joylashtirish.
91. Paketlash vositalari yuklab boʻlingandan soʻng, ular yuk joʻnatuvchi, tashuvchi yoki uning agenti tomonidan plombalanishi kerak.
92. Bitta paketlash vositasiga faqat bitta manzilga joʻnatiladigan yoki bitta transfer manzilgacha boʻlgan yuklar joylashtiriladi. Xavfli yuklarni paketlash vositalarida tashishga IKAOning “Xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalari”ga (IKAO, Doc 9264/AN 905), xavfli yuklar tashish boʻyicha maxsus qoidalarga va mazkur Qoidalarga muvofiq ruxsat etiladi.
10-§. Transfer yukni tashish
Oldingi tahrirga qarang.
93. Transfer yuklar qonunchilik hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek hududidan, hududiga va hududi orqali tashish amalga oshiriladigan davlatning qonunchiligiga rioya etgan holda tashiladi.
(93-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
94. Tashuvchi yoki uning agenti transfer yukni qabul qilganda, barcha oraliq aeroportlarni koʻrsatgan holda yuk xati rasmiylashtiradi. Transfer yuklar alohida nazorat ostida boʻlishi va imkon boricha qisqa muddatlarda va eng qulay yoʻnalish boʻyicha joʻnatilishi kerak.
95. Quyidagi maxsus yuklarni transfer tashish tashuvchi yoki uning agenti va yuk joʻnatuvchi oʻrtasidagi oldindan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi:
tranzit/transfer tashishda maxsus ishlov berishni talab etadigan yuklar;
eʼlon qilingan qiymati 100.000 AQSH dollari yoki uning ekvivalentidan oshadigan yuklar;
ogʻir vaznli va yirik oʻlchamli yuklar;
tirik jonivorlar;
tez buziladigan yuklar;
xavfli yuklar;
inson jasadi qoldiqlari, bundan jasad kuli solingan qutilar mustasno.
96. Xalqaro parvozlar uchun ochiq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlari orqali ichki aeroportlarga joʻnatiladigan transfer yukning vazni, oʻlchami va xususiyatlari ichki havo yoʻllarida foydalaniladigan havo kemasida tashish imkoniyatlariga muvofiq boʻlishi hamda transfer aeroportlaridagi mavjud saqlash sharoitlari va imkoniyatlari talablariga javob berishi zarur.
11-§. Yukni havo kemasiga ortish va tushirish
97. Yukni havo kemasiga ortish va havo kemasidan tushirish yuk tashish shartnomasida nazarda tutilgan tartibda mazkur Qoidalarga, shuningdek tashuvchining yuk tashish qoidalariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
98. Yukni ortish va tushirish tashuvchi yoki uning agenti nazorati ostida amalga oshiriladi. Bunda tashuvchi yoki uning agenti:
yukni havo kemasiga ortish va tushirish qoidalarini;
yuklovchi va yordamchi uskunalardan foydalanish qoidalarini;
havo kemasi ichidagi quyi mexanizatsiya tizimini;
yonilgʻi quyish vaqtida yuk ortish va tushirishning oʻziga xos xususiyatlarini;
perronda ish bajarilayotganda xavfsizlik talablarini;
paketlash vositalarining sozligiga qoʻyiladigan talablarni;
havo kemasiga yerda xizmat koʻrsatish vaqtida bajariladigan ishlar va ularni bajarish ketma-ketligini;
turli koʻrinishdagi maxsus yuklarni ortish va tushirish qoidalarini;
birga yuklanadigan turli yuklarning bir-biriga muvofiqligiga qoʻyiladigan talablarni;
yuklarni, jumladan xavfli yuklarni ortish va tushirishda notoʻgʻri xatti- harakatlar qilish oqibatlarini (yukka va/yoki havo kemasiga zarar yetishi, yukning toʻkilishi, oqib ketishi), yuklash yoki tushirish qoidalarining buzilishi oqibatlarini bartaraf etish choralari va ushbu holatlarni rasmiylashtirish qoidalarini bilishi shart.
12-§. Yukni topshirish
99. Tashish uchun qabul qilingan yuk yuk tashish shartnomasi shartlariga muvofiq yuk oluvchiga topshirilgandan soʻng, yuk tashish bajarilgan hisoblanadi.
100. Tashuvchi yoki uning agenti yuk oluvchiga, agar yuk tashish shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa, tashuvchining yuk tashish qoidalarida belgilangan muddatlarda yuk yetib kelganligi toʻgʻrisida xabar berishi kerak.
101. Tashuvchi yoki uning agenti yuk oluvchiga topshirilguniga qadar yetib kelgan yukning saqlanishini taʼminlashi zarur. Yukni aeroportda saqlash va unga ishlov berish, agar yuk tashish shartnomasida boshqa holat nazarda tutilgan boʻlmasa, tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
102. Yuk yuk xatida koʻrsatilgan yuk oluvchiga yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan ishonchnoma asosida maxsus vakil qilingan shaxsga topshiriladi.
103. Idish yoki tashqi oʻramaga zarar yetganligi, yuk joʻnatuvchining plombasi buzilganligi yoki yukning holatiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar aniqlanganda tashuvchi yoki uning agenti yuk oluvchi ishtirokida yukni ochib koʻrishi va uni yuk joʻnatuvchining hujjatlari boʻyicha tekshirishi shart.
Yuk yetib kelganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan yuk oluvchi yukni talab qilib olmasa yoki qabul qilishdan bosh tortsa tashuvchi yuk xatiga muvofiq yuk joʻnatuvchi tomonidan berilgan koʻrsatmalarni bajarishi yoki yuk joʻnatuvchini yukni topshirish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisida xabardor qilgan holda undan tegishli koʻrsatma olishi shart.
13-§. Tashuvchining yukni saqlash majburiyati
104. Tashuvchi yoki uning agenti yuk oluvchiga berilgunga qadar manzil aeroportiga kelgan yukning tegishli tartibda saqlanishini taʼminlashi shart.
105. Yuk oluvchi yukni belgilangan muddatda qabul qilib olmasa yoki qabul qilib olishdan voz kechsa, tashuvchi yoki uning agenti yuk joʻnatuvchining roziligi bilan uning hisobidan yukni oʻzida saqlab turishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
106. Yuk oluvchi xabardor qilingan kundan boshlab 30 kun ichida yuk olib ketilmagan va bu yukka nisbatan yuk joʻnatuvchi tomonidan biror bir koʻrsatma berilmagan boʻlsa, bunday yuk talab qilib olinmagan yuk hisoblanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
(106-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
107. Manzil aeroportida yukni topshirishning imkoni boʻlmaganligi sababli, yuk joʻnash aeroportiga qaytarib olib kelingan taqdirda, yukni saqlash va qaytarib olib kelish bilan bogʻliq xarajatlar yuk joʻnatuvchi tomonidan qoplanishi shart. Yuk joʻnatuvchi ushbu xarajatlarni qoplashdan bosh tortgan taqdirda, tashuvchi yuk joʻnatuvchini ogohlantirgan holda yukni sotuvga qoʻyishga haqli.
108. Manzil aeroportiga tegishli hujjatlarsiz yoki markirovkalash belgilarisiz kelib tushgan yuk uning kimga tegishliligi aniqlangunga qadar manzil aeroportida saqlanadi. Tashuvchi yoki uning agenti yukning kimga tegishligini aniqlashi va uni yuk oluvchiga yoki yuk joʻnatuvchiga topshirish uchun barcha zarur choralarni koʻrishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
109. Manzil aeroportiga tegishli hujjatlarsiz kelib tushgan va 6 oy mobaynida egasi aniqlanmagan xavfli, tez buziluvchan va oʻziga xos saqlash sharoitlarini talab qiluvchi boshqa turdagi yuklar belgilangan tartibda tashuvchi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotuvga qoʻyiladi yoki yaroqsiz holga kelib qolgan boʻlsa, yoʻq qilinadi.
(109-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
110. Tashuvchi yoki uning agenti yukni sotuvga qoʻyish yoki yoʻq qilish boʻyicha qaror qabul qilgan taqdirda, bu haqda yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchini xabardor qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
111. Sotish uchun ajratilgan yuk qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda baholanadi. Zarur hollarda, yukning qiymatini baholash uchun ekspertlar jalb qilinadi.
(111-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
IV bob. Maxsus yuklarni tashish
1-§. Umumiy qoidalar
112. Tez buziladigan, nam, xavfli, qimmatbaho, ogʻir vaznli, yirik hajmli yuklar, avtomobil va gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari, sanʼat asarlari, muzey eksponatlari, tirik jonivorlar, inson jasadi va boshqa yuklar maxsus yuklar hisoblanadi.
113. Maxsus yuklar oʻziga xos tabiiy xususiyatlari va ularga maxsus ishlov berish zaruriyati tufayli alohida sharoitlar asosida tashishga qabul qilinadi.
114. Maxsus yuklarni tashish jarayonida tashuvchi yoki uning agenti bunday yuk haqida havo kemasi komandiriga xabar beruvchi xabarnoma (NOTOS) rasmiylashtirishi kerak.
2-§. Tez buziladigan yuklarni tashish
115. Tez buziladigan yuklarga “tez buziladigan” deb yozilgan yorliq yopishtirilgan boʻlishi zarur. Tez buziladigan yuklarni tashishga qabul qilishda tashuvchi yoki uning agenti bunday yuklarning saqlanishini taʼminlovchi barcha omillarni, jumladan:
yukning tashqi oʻramasi yukning tabiiy xususiyatlariga muvofiqligini;
havo kemalarining harakat va yoʻnalish jadvalini;
havo kemasi rusumi va yukni unga joylashtirish qoidalarini;
tashish sharoitlarini;
tashishning davomiyligini;
joʻnash, tranzit, manzil aeroporti joylashgan davlatlarning qonunchiligi talablarini hisobga olishi shart.
116. Tez buziladigan yuklar oldindan band qilingan yuk sifatida tashiladi hamda birlashtirilgan yuklar tarkibida tashishga qabul qilinmaydi.
117. Tashuvchi yoki uning agenti quyidagi hollarda tez buziladigan yuklarni tashishga qabul qilishdan bosh tortishi mumkin:
yukning tarkibi oʻz holati boʻyicha shubha uygʻotgan hollarda;
yuk tashishda yuk joʻnatuvchi tomonidan oʻziga xos sharoitlarga rioya etish zarurligi koʻrsatilganda (“doim muzlash kamerasida saqlansin!” yoki “-5°S haroratda saqlansin!”), yuk tashish shartnomasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
yuk joʻnatuvchi tomonidan yukni tashish sharoitlari (saqlash muddati, harorati, yuk oluvchi bilan muloqotda boʻlish usullari) aniq koʻrsatib berilmaganda;
yukning tashqi oʻramasi zarur talablarga javob bermaganda;
tashuvchi yoki uning agentida yukni tashish va yetkazib berish uchun zarur imkoniyatlar boʻlmaganda (havo kemasida parvoz vaqtida zarur haroratni taʼminlay olmaslik, parvozlar jadvalining toʻgʻri kelmasligi va hokazo);
ob-havo sharoitlari (havo harorati, namlik) ayrim tez buziladigan yuklarni tashish uchun toʻgʻri kelmaganda.
118. Muz bilan qoplangan tez buziladigan yuklar uchun zarur shart-sharoitlar taʼminlanishi kerak. Muzning sof (netto) vazni yukning tashqi oʻramasida koʻrsatilishi shart.
119. Muzdan sovutuvchi vosita sifatida foydalanilganda, deklaratsiya toʻldirish talab etilmaydi, bunda yuk xatining tegishli katagiga yukning nomi yozilgandan soʻng, muzdan sovutuvchi vosita sifatida foydalanilganligini koʻrsatuvchi yozuv kiritilishi va yukning soni koʻrsatilishi kerak.
120. Qatnov ushlanib qolgan taqdirda, tez buziladigan yukning buzilishini oldini olish uchun barcha zarur choralar koʻrilishi kerak. Tez buziladigan yuklarning miqdori, ushlanib qolish vaqti, yuk saqlanishini taʼminlash uchun bino va jihozlarning mavjudligi va qatnovni oʻzgartirish imkoniyatlariga qarab quyidagi choralar koʻriladi:
yuk uchun zarur boʻlganda havo kemasida havo haroratining bir xilda ushlab turilishini taʼminlash;
yukni bir xil haroratda ushlab turiladigan omborga yoki sovutgich kameralariga joylashtirish;
yukni sovutish uchun muzdan foydalanilgan boʻlsa, zaruratga qarab muzning zaxirasini toʻldirish;
yukni tushirish va uning joyini boshqa qatnovda oldindan qayta band qilish.
121. Tashuvchi tez buziladigan yuklarni joʻnatuvchilarga oʻzi ekspluatatsiya qilayotgan havo kemalarining yuk tashish boʻlmalarida harorat rejimini taʼminlash sharoitlari va usullari, ventilyatsiya va boshqa shartlari toʻgʻrisida, alohida ishlov berish, transfer va manzil aeroportlarida saqlash imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
122. Tez buziladigan yukning katta qismi buzilgan taqdirda, tashish toʻxtatilishi va yuk tushirilishi kerak. Tashuvchi bu haqda yuk tashish shartnomasining barcha taraflarini darhol xabardor qilishi zarur.
3-§. Nam yuklarni tashish
123. Tarkibida suyuqlik saqlovchi yoki oʻzidan suyuqlik yoxud koʻp miqdorda namlik chiqaruvchi yuk nam yuk hisoblanadi.
124. Nam yuklar quyidagicha tasniflanadi:
suyuqliklar;
hoʻl moddalar (goʻsht, poʻstloq, teri va hokazo);
oddiy muzdan foydalangan holda oʻralgan moddalar;
oʻzidan suyuqlik ajratib chiqarishi mumkin boʻlgan tirik jonivorlar, meva va sabzavot mahsulotlari;
tirik, muzlatilgan va sovutilgan baliq va baliq mahsulotlari.
125. Nam yuklar tashish uchun yuqori sifatli, suv oʻtkazmaydigan, havo transportida tashish va ishlov berish uchun pishiq boʻlgan materiallardan tayyorlangan tashqi oʻramalarda qabul qilinadi.
126. Nam yuk solingan tashqi oʻramalar ishlov berish va tashishda vertikal holatda joylashtirilishi va mahkamlanishi kerak.
127. Suyuqliklarning oʻrash komplekti va havo kemasi poliga yoki devoriga toʻkilishi va sizib chiqishining oldini olish uchun nam yuklar plastik matolar, brezent va suyuqlikni oʻziga tez singdiruvchi materiallar bilan oʻralishi kerak.
128. Suyuqlik oqib yoki sizib chiqqanda, havo kemasining ichki qismini ifloslantirganda tashuvchining agenti zudlik bilan bu haqda havo kemasi komandiriga yoki tashuvchining texnik xodimiga, aeroportdagi vakili yoki uning aeroportdagi agentiga xabar berishi va yuk boʻlmasi polidagi nam izlarni tozalash uchun barcha zarur choralarni koʻrishi shart.
4-§. Qimmatbaho yuklarni tashish
129. Qimmatbaho yuklar havo kemasining tashish sigʻimini oldindan band qilish sharti bilan tashishga qabul qilinadi.
130. Qimmatbaho yukning qiymati, uning tarkibi, tashish yoʻnalishi va saqlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sir tutilishi kerak.
131. Qimmatbaho yukning tashqi oʻramasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
mustahkam berkitilgan va ichidagilari zich oʻralgan boʻlishi;
ichidagilarni olish, almashtirib qoʻyish yoki sugʻurib olish ehtimolini istisno qilgan holda oʻralishi;
har bir oʻramning vazni tortib koʻrilishi va bu vazn qayd etilib, hujjatlar bilan solishtirib koʻrilishi;
barcha oʻramlarning shikastlanmaganligi sinchkovlik bilan tekshirilishi;
har bir tashqi oʻrama tamgʻalanishi;
qimmatbaho yukning oʻrami eʼtiborni jalb qiluvchi yorliqlarga ega boʻlmasligi.
132. Joʻnash, transfer va manzil aeroportida qimmatbaho yukka ishlov berilganda, yuklab-tushirilayotganda, uning butligi yuk xati bilan solishtirib koʻrilishi va ruxsatsiz kirish taqiqlangan joyda saqlanishi zarur.
133. Tashuvchi yoki uning agenti qimmatbaho yukni tashish uchun qabul qilishda yuk joʻnatuvchidan yuk oʻrami varaqasini talab qilishi zarur.
134. Aeroportlarda qimmatbaho yuklarni saqlashda quyidagi maʼlumotlar qayd qilinishi zarur:
oʻram tavsifi (identifikatsiyasi);
yuk qoʻriqlanadigan hududga keltirilgan sana va vaqt, yukni ushbu hududga olib kelgan va unga ruxsati bor shaxslar haqida maʼlumot;
yuk qoʻriqlanadigan hududdan chiqarilgan sana va vaqt, yukni bu hududdan chiqargan shaxslar haqida maʼlumot. Bunda har bir qayd javobgar shaxsning imzosi bilan tasdiqlanishi zarur.
135. Qimmatbaho yuk birlashgan yuk tarkibida tashish uchun qabul qilinmaydi, birlashgan yuk toʻliq qimmatbaho yuklardan iborat boʻlgan hollar bundan mustasno.
5-§. Ogʻir vaznli va yirik hajmli yuklarni tashish
136. Vazni 150 kilogrammdan ortiq boʻlgan yuk ogʻir vaznli, oʻlchamlari havo kemasining yuk ortiladigan lyuklari oʻlchamlaridan ortiq boʻlgan va standart paketlash vositalaridan foydalanilgan yoki tegishli oʻlchamlardan ortiq boʻlgan yuk yirik hajmli yuk hisoblanadi.
137. Ogʻir vaznli yuklar oʻralgan va oʻralmagan holda tashilishi mumkin. Ogʻir vaznli yuklarning idishi ortiqcha yuklanish koeffitsiyenti hisobga olingan holda yuk vazniga teng yuklanishga moʻljallangan boʻlishi zarur.
138. Idishga joylashtirilmagan ogʻir vaznli yuklar maxsus yogʻoch palletlarga mahkamlangan yoki yogʻoch toʻsinlar va taxtalar koʻrinishidagi qistirib qoʻyiladigan material bilan taʼminlangan holda tashishga qabul qilinishi lozim. Bunda havo kemasining poliga tushadigan yuklanish belgilangan normadan oshmasligi va yukkoʻtargichlarning ishlashiga imkon berishi zarur.
139. Oʻlchami va ogʻirligi yuklashda va tushirishda maxsus ishlov beruvchi jihozlarni talab etuvchi yuklarni tashish uchun tashuvchining roziligi talab qilinadi. Maxsus ishlov beruvchi jihozlarning foydalanilishini talab etuvchi yuklarni tashish uchun bunday yuklarni qabul qilishdan oldin yoʻnalishning barcha qismidagi tashishlarda ishtirok etadigan aeroportlardan bunday yukni qabul qilish va tashish uchun rozilik olinishi kerak.
140. Ogʻir vaznli, yirik hajmli yoki uzun oʻlchamli yuklarning tavsifi havo kemasi komandiriga beriladigan maxsus xabarnomaga (NOTOS) kiritilishi kerak.
6-§. Avtomobil va gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalarini tashish
141. Yoʻlovchi havo kemasida oʻlchamlari (uzunligi, kengligi, balandligi) 430 x 150 x 160 sm dan, ogʻirligi 2000 kg dan oshmaydigan avtomobil va gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari tashish uchun qabul qilinadi.
142. Oʻlchamlari belgilangan asosiy oʻlchamlardan ortiq boʻlgan avtomobil va gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalarini tashish zarur boʻlgan taqdirda, tashuvchi joʻnash aeroportining imkoniyatlari, havo kemasining bagaj-yuk boʻlmalari va lyuklarining oʻlchamlari, avtomobilning yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalarining burilish radiusi, yuklash usuli va ularni tushirishda manzil aeroporti imkoniyatlarini inobatga olgan holda tashishga qabul qilish yoki qabul qilmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
143. Yoʻlovchi havo kemalarida gazda yuradigan transport vositalarini tashish taqiqlanadi. Bunday transport vositalari havo kemalarida IKAOning “Xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalari” (IKAO, DOC. 9284) hamda xavfli yuklarni tashish qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tashiladi.
144. Havo kemasida tashish uchun qabul qilinadigan avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
tormozi soz holda boʻlishi kerak;
yongʻinga qarshi jihozlangan boʻlishi kerak;
yonilgʻi bakidagi yonilgʻining hajmi bakning toʻrtdan bir qismidan oshmasligi kerak;
dizel yoqilgʻisi solingan yonilgʻi bakida bosim oʻzgarishi natijasida yonilgʻi kengayishi uchun yetarli boʻshliq boʻlishi kerak;
yonilgʻi bakining qopqogʻi mahkam yopilgan boʻlishi kerak;
parvoz vaqtida ressor va amortizatsiya tizimlari oʻchirib qoʻyilgan boʻlishi kerak;
akkumulyator batareyalari yaxshilab mahkamlangan holda joyida qoldirilishi va klemmaning boshqa detallar bilan tutashuvi qismi izolyatsiya qilingan boʻlishi kerak;
oʻt oldirish kaliti avtomobilda qoldirilishi va yelim tasma yordamida avtomobil ruliga biriktirib qoʻyilishi kerak;
qoʻl tormozi ishchi holatida boʻlishi kerak;
avtomobilning davlat raqami belgilari yechib qoʻyilishi kerak.
145. Avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari tashilganda, tashuvchi yoki uning agenti manzil aeroportida bunday yukni tushirish uchun zarur boʻlgan texnologik jihozlar, mexanizatsiya va avtomatizatsiya vositalari mavjudligi toʻgʻrisida tasdiqnoma va joʻnatish uchun uning roziligini olishi kerak hamda manzil aeroportiga yukning ogʻirligi va oʻlchamlari toʻgʻrisida maʼlumot yuborishi lozim.
146. Avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari havo kemasida bir yoki ikki yoxud undan ortiq paketlash vositalarida tashilishi mumkin. Oʻlchamlari bitta paketlash vositasiga joylashtirish imkonini beruvchi va bir paketlash vositasida tashiladigan avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari paketlash vositasiga joylashtirilganda, avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositasining ogʻirlik markazi paketlash vositasining geometrik markaziga tushishi kerak.
147. Avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositasini paketlash vositasiga mahkamlash boʻyicha operatsiyalar yerda bajariladi. Ikki yoki undan ortiq paketlash vositalarida tashiladigan avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositasini paketlash vositasiga mahkamlash boʻyicha operatsiyalar havo kemasining ichida bajariladi.
148. Avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalari ularning oʻlchamlariga qarab bagaj-yuk boʻlmalariga havo kemasining oʻqi boʻylab yoki unga koʻndalang holda yuklanadi.
149. Avtomobil yoki gʻildirakli (oʻziyurar) transport vositalarini havo kemasidan tushirish yuklash tartibiga teskari ravishda amalga oshiriladi.
7-§. Kuzatib borilmaydigan bagajlarni tashish
150. Yoʻlovchining bagajini u uchib ketayotgan qatnovda tashishning imkoniyati boʻlmasa, tashuvchi yoʻlovchi bilan kelishgan holda uning bagajini vaqt jihatidan eng yaqin boʻlgan boshqa qatnovni amalga oshirayotgan havo kemasida yuborishi shart, bunda vazni bepul bagaj olib ketish normasiga toʻgʻri keladigan bagaj yoʻlovchining oʻzi bilan birga joʻnatilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
151. Kuzatib borilmaydigan bagaj faqatgina yoʻlovchining shaxsiy mulkidan, jumladan uncha katta boʻlmagan musiqa asboblari va sport jihozlaridan iborat boʻlishi mumkin. Bunda yoʻlovchi kuzatib borilmaydigan bagajdagi ashyolarning roʻyxatini taqdim etishi va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining bajarilishini taʼminlashi kerak.
(151-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
152. Mexanizmlar, mashinalar yoki ularning ehtiyot qismlari, pul, qimmatli qogʻozlar, qimmatbaho buyumlar, soat, idishlar, kumushdan yasalgan oshxona asboblari, moʻyna, foto va kinokameralar, hujjatlar, ichimliklar, atir-upa mahsulotlari, savdo namunalari va nozik maishiy texnikani, shuningdek xavfli yuklarni kuzatib borilmaydigan bagaj sifatida tashish taqiqlanadi.
153. Kuzatib borilmaydigan bagajlar faqat eʼlon qilingan qiymati bilan tashish uchun qabul qilinadi va bunda bu qiymat uning haqiqiy qiymatidan ortiq boʻlmasligi kerak.
154. Tashuvchi yoki uning agenti yoʻlovchini joʻnash, transfer/tranzit aeroporti joylashgan davlatlarning yuk tashishga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona qoidalariga rioya etishi hamda manzil aeroportida bojxona tekshiruvidan oʻtishi uchun bojxona brokeri talab qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirishi shart.
155. Har bir kuzatib borilmaydigan bagaj oʻrni idishga oʻralgan boʻlishi yoki mustahkam yaxlit mato bilan oʻralib, qattiq bogʻlangan boʻlishi shart. Bunda har bir kuzatib borilmaydigan bagaj oʻrniga markirovka belgilari qoʻyilib, ichki tomoniga egasining ismi va uy manzili yozilgan boʻlishi, tashqi tomonida esa yuk oluvchining familiyasi va yetib borish joyidagi manzili koʻrsatilgan yorliq yoki birka boʻlishi zarur.
156. Yuk xatida yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchining toʻliq nomi hamda manzili koʻrsatilishi shart. Yuk xatida “Soʻrab olingunga qadar” yozuvini kiritish taqiqlanadi.
8-§. Sanʼat asarlari va muzey eksponatlarini tashish
157. Sanʼat asarlari va muzey eksponatlari yuk sigʻimini oldindan band qilish sharti bilan tashiladi. Yuk joʻnatuvchi bunday turdagi yuklarni tashish uchun oldindan yuk sigʻimlarini band qilish zarurligi haqida xabardor etilishi kerak. Sanʼat asarlari va muzey eksponatlariga ishlov berish va ularni tashish ularning tasnifiga muvofiq ehtiyotkorlik va eʼtibor bilan amalga oshiriladi.
158. Tashuvchi sanʼat asarlari va muzey eksponatlarini tashishga qabul qilishda yuk joʻnatuvchidan yuk oʻrami varaqasini talab qilishi zarur.
159. Sanʼat asarlari va muzey eksponatlarini tashishda bir yoki ikki qavatli qutilardan yoki qoʻlda olib ketish uchun moʻljallangan oʻramlardan foydalaniladi. Sanʼat asarlari va muzey eksponatlariga markirovkalash belgilarini qoʻyishda ularga kimyoviy tarkibiga koʻra zarar yetkazishi mumkin boʻlgan boʻyoqlardan foydalanish taqiqlanadi.
9-§. Tirik jonivorlarni tashish
160. Tirik hayvonlar va qushlar, hasharotlar, asalarilar, quruqlikda ham suvda ham yashovchi hayvonlar va boshqalar (bundan buyon matnda jonivorlar deb yuritiladi) tashish uchun qabul qilinishi mumkin. Jonivorlarni tashish tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
161. Tashuvchi yoki uning agenti jonivorlarni yuk sifatida tashishga qabul qilishda tashish vaqtida qulaylik, xavfsizlik va sanitariya talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida ularni mustahkam idishga (konteyner, transport qafaslari va hokazo) joylashtirishni talab qilishi mumkin. Bunda mazkur idishlar ularga ishlov berish boʻyicha yoʻriqnomalarga ega boʻlishi hamda yashil rangli “Live animals”/”Tirik jonivorlar” deb yozilgan maxsus yorliqlar bilan markirovkalanishi kerak.
162. Jonivorlar, qoida tariqasida, ularni kuzatib boruvchi shaxs bilan birgalikda tashiladi. Bunda jonivorlarni kuzatib boruvchi shaxs zarur tibbiy va texnik vositalarga (veterinar aptekasi, maxsus kiyim, toʻshama va mahkamlovchi materiallar, jihozlar va hokazo), shuningdek ularni boqish uchun yetarli miqdorda ozuqa va ichimlikka ega boʻlishi, ularni parvarishlashi va oziqlantirishi, zarur hollarda havo kemasi ekipaji aʼzolari va atrofdagilarning xavfsizligini taʼminlashi kerak.
163. Mayda hayvon va qushlarni tashishda quyidagilarga qatʼiy rioya etish talab etiladi:
ularni faqat toʻgʻridan-toʻgʻri uchadigan qatnovlar orqali tashish;
ularni joʻnash aeroportiga tashuvchi bilan kelishilgan muddatda olib kelish;
ularni aeroportda turgan va havo kemasiga yuklash vaqtida yuk joʻnatuvchi yoki uning vakili yoxud forvarder nazorati ostida boʻlishini taʼminlash.
164. Jonivorlar birlashgan yuk tarkibida tashish uchun qabul qilinmaydi, birlashgan yuk toʻliq jonivorlardan iborat boʻlgan hollar bundan mustasno.
10-§. Inson jasadini tashish
165. Inson jasadi uning vafot etganligi haqida tegishli rasmiy hujjat boʻlganda, agar jasad krematsiya qilingan boʻlsa, krematsiya toʻgʻrisida ham tegishli hujjat boʻlganda tashishga qabul qilinadi. Bunda inson jasadi olib boriladigan davlat qonunchiligi boʻyicha talab etiladigan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
166. Inson jasadini tashish Xorijiy davlat hududida vafot etgan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasi hududida dafn etishda koʻmaklashish tartibi haqidagi nizom (roʻyxat raqami 2269, 2011-yil 27-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 39-son, 407-modda) talablari asosida amalga oshiriladi.
167. Krematsiya qilinmagan inson jasadidan iborat yukning tavsifi havo kemasi komandiriga beriladigan maxsus xabarnomaga (NOTOS) kiritilishi kerak.
168. Yuk xatida maxsus ishlov berish kodi — “NUM” koʻrsatilishi kerak.
169. Krematsiya qilinmagan inson jasadini yoʻlovchi havo kemalarida tashishga mazkur havo kemalarida ajratilgan bagaj-yuk boʻlmalari boʻlgandagina ruxsat etiladi. Bagaj-yuk boʻlmalari boʻlmagan taqdirda, krematsiya qilinmagan inson jasadi faqat maxsus buyurtma qilingan qatnovlar orqali tashilishi mumkin. Krematsiya qilinmagan inson jasadini yoʻlovchilar bilan birga tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
170. Krematsiya qilingan inson jasadi barcha yuk va yoʻlovchi havo kemalarida tashish uchun qabul qilinadi. Inson jasadini tashish uchun tashuvchining yuk tashish qoidalariga muvofiq haq olinadi.
171. Inson jasadi 200 kg (kattalar) va 100 kg (12 yoshgacha boʻlgan bolalar) shartli vazn boʻyicha tashishga qabul qilinadi. Yuk xatining “Chargeble Weight/Haq toʻlanadigan yuk” katagida haqi toʻlanishi lozim boʻlgan ogʻirlik sifatida haqiqiy vazni qancha ekanligidan qatʼi nazar, tegishli ravishda 200 kg yoki 100 kg vazn koʻrsatiladi. Jasad kuli solingan quti uning haqiqiy vazniga qarab tashishga qabul qilinadi.
172. Inson jasadini yoʻlovchi havo kemasiga ortish yoʻlovchilar havo kemasiga chiqmasdan oldin amalga oshiriladi, ular manzil aeroportida yoʻlovchilar va ularning bagajlari tushirilgandan soʻng, tushiriladi.
173. Inson jasadi va jasad kuli solingan qutilar oziq-ovqat mahsulotlari solingan yuklar bilan yonma-yon joylashtirilmasligi va tirik jonivorlardan alohida joylashtirilishi kerak.
174. Inson jasadi birlashgan yuk tarkibida tashish uchun qabul qilinmaydi, birlashgan yuk toʻliq inson jasadidan iborat boʻlgan hollar bundan mustasno. Inson jasadi, qoida tariqasida, kuzatib boruvchi shaxs bilan birga tashiladi.
11-§. Xavfli yuklarni tashish
175. Xavfli yuklar IKAOning “Xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalari” (IKAO, DOC 9284/AN905) va Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari”ga (OʻzR AQ-198) (roʻyxat raqami 1721, 2007-yil 25-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 407-modda) muvofiq tashiladi.
V bob. Rasmiylashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
176. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtilayotgan barcha yuklar qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona, sanitariya-karantin, veterinar, fitosanitar rasmiylashtiruvdan oʻtkaziladi.
(176-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
177. Tashuvchi yoki uning agenti, yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalariga, hududidan, hududiga va hududi orqali tashish amalga oshiriladigan davlatlarning qonunchiligiga rioya etishi shart.
(177-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
178. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aeroportlarning yerdagi xizmatlari va vakolatli davlat organlari tomonidan qatnovlarga xizmat koʻrsatishni tashkillashtirish parvozlarning sutkalik jadvallari, ularni aniqlashtirish va toʻldirish boʻyicha qoʻshimchalarga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshiriladi. Mazkur qoʻshimchalar tegishli aeroportning texnologik grafiklari bilan tasdiqlanadi.
Yukni qabul qilish boʻyicha vakolatli davlat organlarining talablari va tashuvchining yuk tashish qoidalari bajarilmaganligi uchun javobgarlik yuk joʻnatuvchiga yuklatiladi.
VI bob. Yuk tashish shartnomasining bekor boʻlishi
179. Yuk tashish shartnomasi tashuvchi va yuk joʻnatuvchining tashabbusi bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
180. Quyidagi hollarda tashuvchi yuk tashish shartnomasini bir tomonlama bekor qilishi mumkin:
yuk joʻnatuvchi tomonidan joʻnash, transfer/tranzit va manzil davlatlarning qonunchiligi talablari buzilganda;
yuk joʻnatuvchi oʻz majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganda;
yukni tashish aviatsiya xavfsizligiga taʼsir koʻrsatish xavfini yuzaga keltirganda;
yuk joʻnatuvchi aviatsiya xavfsizligi talablariga rioya qilmaganda;
yuk tarkibida tashish taqiqlangan narsalar boʻlganda;
yuk tashish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
181. Yuk tashish shartnomasi quyidagi hollarda oʻzgartirilishi mumkin:
fors-major vaziyatlar tufayli tashuvchi avval kelishilgan shartlarni bajara olmaganda, embargo eʼlon qilinganda;
yuk joʻnatuvchi tomonidan mazkur Qoidalar, tashuvchining yuk tashish qoidalari, shuningdek joʻnash, transfer/tranzit va manzil davlatlarning qonunchiligi talablari bajarilmaganda;
tashuvchining aybi bilan yuk tashish shartnomasining oldindan kelishilgan shartlarini bajarish imkoni boʻlmaganda;
yuk tashish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
182. Tashuvchining xatti-harakatlari tufayli yuk tashish shartnomasi shartlarini bajarish imkoni boʻlmaganda, tashuvchi tashish va ishlov berish uchun toʻlangan pul qiymatining hammasini qaytarib beradi, agar yuk tashishni toʻxtatish yoʻnalishning biror-bir manzilida roʻy bergan boʻlsa, oʻz hisobidan yukni joʻnash aeroportiga qaytarib olib keladi.
183. Joʻnash, transfer/tranzit va manzil davlat qonunchiligi talablarini bajarmagan taraf buning natijasida yuk tashish shartnomasi shartlarining oʻzgarishi va u bilan bogʻliq boshqa xarajatlar uchun javobgar boʻladi.
184. Yuk tashish shartnomasi ixtiyoriy ravishda bekor qilinganda, tashuvchi yuk joʻnatuvchiga yukni rasmiylashtirish va yuk tashish shartnomasi bekor qilingunga qadar yukka ishlov berish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni chegirib qolgan holda tashish uchun toʻlangan summani qaytarib beradi.
185. Yuk tashish shartnomasi ixtiyoriy ravishda oʻzgartirilganda, tashuvchi yuk tashish hujjatlarini qaytadan rasmiylashtiradi va tashish uchun toʻlangan pul qiymatini qayta hisob-kitob qiladi, bunda:
agar yuk tashish shartnomasi shartlarining oʻzgartirilishi tashish qiymatining ortishiga olib kelsa, yuk tashish shartnomasi shartlari ixtiyoriy ravishda oʻzgartirilishi oqibatida yuzaga kelgan barcha qoʻshimcha yigʻimlarni yuk joʻnatuvchidan undirib oladi;
agar yuk tashish shartnomasi shartlarining oʻzgartirilishi tashish qiymatining kamayishiga olib kelgan boʻlsa, toʻlangan pul qiymati bilan yangidan hisoblangan tashish qiymati oʻrtasidagi farqni yuk joʻnatuvchiga qaytarib beradi.
186. Yuk tashish tashuvchi yoki yuk joʻnatuvchining tashabbusi bilan, shuningdek tashuvchining aybi bilan bajarilmagan taqdirda, tashuvchi yoki uning agenti tashuvchining tariflarni qoʻllash boʻyicha qoidalariga muvofiq yuk joʻnatuvchiga pul qiymatini qaytarib berishi shart.
VII bob. Tomonlarning javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
187. Tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, taraflar xalqaro shartnomalarda, qonunchilik hujjatlarida, shuningdek yuk tashish shartnomasida belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
(187-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VIII bob. Yakuniy qoida
188. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy xavfsizlik xizmati va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 6-dekabr
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Z. DUSANOV
2013-yil 6-dekabr
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
2013-yil 6-dekabr
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V. TYAN
2013-yil 6-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 28-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.05.2026-y., 10/26/2552-1/0506-son)