Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining
Qarori
Birinchi guruhga sanoat mollarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2540]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga sanoat mollarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-noyabr,
20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish Qoʻmitasining 2013-yil 26-noyabrdagi 20-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga sanoat mollarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga sanoat mollarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish Qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar hamda sanoat mollarini uzoq muddat masʼul saqlashga qabul qiladigan boshqa tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-§. Sanoat mollarini yetkazib berish, qabul qilish va berib yuborish
3. Sanoat mollari shartnoma shartlari asosida yuk tashish qoidalariga muvofiq yetkazib beriladi.
4. Vagonlarda yetkazib berilgan sanoat mollari temir yoʻl izi mavjud boʻlganda bevosita tashkilotga, boshqa hollarda esa eng yaqin temir yoʻl bekatiga yetkaziladi.
5. Vagonlar tashkilotning masʼul xodimi tomonidan temir yoʻl bekatining vakili, shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, yetkazib beruvchi tashkilot vakili ishtirokida koʻzdan kechiriladi.
6. Vagonlar tashkilot hududiga ularning devorlari, poli, tomi, lyuklari butunligi tekshirilgandan keyin plombalar mavjud boʻlganda kiritiladi. Plombalar vagon varaqasida va yuk xatida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelishi, toʻgʻri qoʻyilgan va izi aniq boʻlishi shart.
Shikastlanishlar yoki biror-bir nuqsonlar mavjud boʻlganda vagonlarni tashkilotning hududiga kiritish va ochish temir yoʻl bekatining vakili ishtirokida tijorat dalolatnomasi tuzilgan holda amalga oshiriladi.
7. Tashkilotga kelib tushadigan sanoat mollari yuk tashish qoidalariga muvofiq ilova hujjatlariga ega boʻlishi lozim.
8. Vagonlardan yukni tushirishda akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilot vakili ishtirokida yuk oʻrinlari va vaznining ilova hujjatlariga muvofiqligi, plombalanishi va yaroqliligi tekshiriladi. Sanoat mollarining kamomadi, nosozligi yoki ularning but emasligi aniqlangan hollarda tijorat dalolatnomasi tuziladi.
9. Avtomobil transportida yetkazib berilgan sanoat mollari oʻramining butligi va sozligi yuzasidan, shuningdek yuk oʻrinlari va vaznining miqdori ilova hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi yuzasidan tekshiriladi.
10. Sanoat mollarini qabul qilishda aniqlangan nuqsonlar shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tashkilotning kuchi va vositalari bilan joyida bartaraf etilishi mumkin. Ularni joyida bartaraf etish mumkin boʻlmaganda sanoat mollari yetkazib beruvchi tashkilotga qaytariladi.
11. Yetkazib beruvchi tashkilotdan transport hujjatlari olingan, yuk esa kelmagan boʻlsa yoki uning yuborilganligi haqida xabarnoma boʻlmasa, tashkilot temir yoʻl bekatiga va yetkazib beruvchi tashkilotga bu haqda xabar berishi lozim. Agar yukni izlash ijobiy samara bermagan boʻlsa, transport tashkilotiga talabnoma bildirish uchun tijorat dalolatnomasi tuziladi.
12. Birinchi guruhga birinchi, oliy markali (navli), normativ hujjatlar talablariga mos keluvchi, shartnomada koʻrsatilgan barcha hujjatlari mavjud boʻlgan sanoat mollari qabul qilinadi. Sanoat mollarining sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz uzoq muddat saqlashga qabul qilish taqiqlanadi. Sanoat mollarini saqlashga joylashtirish faqat toʻliq toʻplamlar va butun standart birliklar (buyumlar, gʻaltaklar, barabanlar, tirgaklar va hokazo) bilan amalga oshiriladi.
Tashkilotning sanoat mollarining hisobi yuklatilgan tegishli boʻlimida normativ hujjatlarning koʻrsatkichlari boʻlishi shart. Saqlanayotgan sanoat mollari uchun normativ hujjatlar oʻzgarganda, tashkilot koʻpi bilan bir yil ichida shartnomaga muvofiq sanoat mollarini sotishi va saqlashga yangilarini joylashtirishi lozim.
13. Sanoat mollarini yangilash tashkilot tomonidan ularni saqlash uchun belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Chegaraviy saqlash muddatlari tugaganda tashkilot shartnomaga muvofiq sanoat mollarini tegishli markadagi (navdagi) yangi ishlab chiqarilganlariga yangilashni amalga oshiradi.
14. Sanoat mollarini berib yuborish birinchi navbatda avvalroq saqlashga joylashtirilgan, yangilash yoki muddatidan ilgari almashtirish lozim boʻlgan partiyalardan amalga oshiriladi.
15. Sanoat mollarini saqlash davomida yuzaga kelgan kamomad tashkilot hisobidan toʻldiriladi.
2-§. Sanoat mollarini saqlash
16. Sanoat mollarini saqlash tegishli mahsulot turlarini uzoq muddat saqlashga moʻljallangan saqlash uchastkalarida (omborlar, maydonchalar, sigʻimlar, rezervuarlar) amalga oshiriladi.
Saqlash uchastkalari quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi lozim:
sanoat mollari normativ hujjatlar talablariga muvofiq butun va sifatli holatda saqlanishini taʼminlashi;
sanoat mollarini kuzatish qulayligini taʼminlashi;
texnik koʻzdan kechirish va sanoat mollarini yaroqli holatda saqlab turish ishlari bajarilishini taʼminlashi;
avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash vositalaridan foydalangan holda sanoat mollarini joylashtirish va berib yuborish tezligini va qulayligini taʼminlashi;
yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni va yongʻinga qarshi uskunalarni qoʻllash imkoniyatini taʼminlashi;
sutkaning istagan paytida ishlab chiqarish ishlarini bajarish uchun tabiiy va sunʼiy yoritishni taʼminlashi.
17. Sanoat mollari yopiq, ochiq va yarim yopiq omborlarda saqlanadi.
Yopiq omborlar moddiy boyliklarni tashqi muhitning taʼsiridan himoya qilish zarur boʻlganda barpo etiladi, ular isitiladigan yoki isitilmaydigan boʻlishi mumkin. Yopiq omborlariga tom bilan yopilgan, barcha tomondan devor bilan oʻralgan binolar va inshootlar, sigʻimlar va rezervuarlar kiradi.
Ochiq omborlar fizikaviy-mexanik xususiyatlari tashqi muhitning taʼsiridan oʻzgarmaydigan sanoat mollarini saqlash uchun moʻljallangan.
Yarim yopiq saqlash omborlariga bostirmalar kiradi.
18. Omborlarning barcha binolari, inshootlari, sigʻimlari va kommunikatsiyalari qurilish, yongʻinga qarshi, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq boʻlishi lozim.
19. Omborlar ishlab chiqarish faoliyatini toʻsqinliksiz amalga oshirish uchun va sanoat mollarining ehtimoliy evakuatsiyasi uchun yetarli miqdordagi eshiklarga ega boʻlishi lozim. Ularning eshiklari konstruksiya va oʻlchamlariga koʻra ishlash uchun soz holatda boʻlishi hamda ombor ishlarini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
20. Omborlarning pollari uvalanishga, qum va chang hosil boʻlishiga chidamli boʻlgan qattiq qoplamga ega boʻlishi, saqlanadigan sanoat mollarining, ombor ishlarini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash vositalarining bosim yukiga chidamli boʻlishi hamda tozalash uchun qulay boʻlishi lozim. Pollarning notekisliklari, oʻyiqlari, darzlari va boshqa shikastlanishlari oʻz vaqtida bartaraf etilishi lozim.
21. Ombor derazalariga oyna qoʻyilgan, himoya metall panjaralar (toʻrlar), pardalar, ishonchli va yaxshi ishlaydigan qulflar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Deraza oynalari tirqishlari ishonchli mustahkamlanib, talab etiladigan saqlash shart-sharoitlariga bogʻliq holda sanoat mollarini quyosh nurlaridan himoya qilish uchun ichki tomonidan och tusli boʻyoq (boʻrli eritma) bilan boʻyalishi yoki ularga yarim yorugʻlik oʻtkazmaydigan oyna qoʻyilishi lozim.
22. Omborlarda yoritish tabiiy yoki sunʼiy (elektr yoritish) boʻlishi mumkin. Omborlarda avariyali yoritish koʻzda tutilishi lozim. Elektr yoritqichlar, simlar va uskunalar normativ hujjatlarga muvofiq boʻlishi shart.
Oson yonuvchan ashyolar uchun va barcha turdagi moylash materiallari uchun moʻljallangan omborlarda tabiiy yoritish boʻlishi lozim.
23. Omborlarda, zarurat boʻlganda, tabiiy yoki sunʼiy shamollatish nazarda tutilishi kerak. Shamollatishning zarurligi va uning chizmasi saqlash uchun joylashtirilgan sanoat mollarining xususiyatlariga, omborlarning hajmi va rejalashtirilishiga, shuningdek saqlash rejimiga bogʻliq holda belgilanishi lozim.
Omborlarda harorat rejimini saqlash va havo namligini oʻlchash uchun tekshiruvdan oʻtgan oʻlchov vositalari boʻlishi kerak.
Ochiq tuynukli shamollatish moslamalari boʻlmagan yarim yer osti va yer osti saqlash omborlari sunʼiy shamollatish bilan jihozlanadi.
24. Sigʻimlar va rezervuarlarda akkreditatsiyadan oʻtgan metrologiya xizmati tomonidan tuzilgan kalibrovka jadvallari boʻlishi shart. Kalibrovka jadvallari boʻlmaganda rezervuarlarga mahsulotlarni quyish taqiqlanadi.
Mahsulot quvurlari, vakuumli va tozalash sigʻimlariga hamda mahsulotni qabul qilish sigʻimlariga alohida kalibrovka jadvallari tuzilgan boʻlishi lozim.
Poʻlat vertikal silindrik rezervuarlarning va 1990-yildan keyin qurilgan rezervuarlarning kalibrovka jadvallarini tuzish GOST 8.570 “Poʻlat vertikal silindrik rezervuarlar, sigʻimi 100-5000 m3. Tekshirib tasdiqlash usullari va vositalari”ga muvofiq amalga oshiriladi.
25. Mahsulotlarning quyilish sathini oʻlchash poʻlat oʻlchov ruletkasi (lot yoki metrshtok) bilan belgilangan doimiy nuqtada, mahsulot yuzasi tinch va koʻpiksiz boʻlganda amalga oshiriladi. Oʻlchov ruletkasi ishga yaroqli boʻlib, tekshiruv plombasiga ega boʻlishi lozim.
26. Bostirmalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
uch tomonidan devor bilan toʻsilgan boʻlishi lozim;
pollari toʻsilmagan tomoniga qarab qiya nishabga (1-2 gradus) ega boʻlishi kerak;
bostirmaning poli yer sathidan 20 sm dan kamroq balandda joylashishi, atrofida suvni ketkazish uchun handaq qazilishi lozim;
yogʻoch konstruksiyalarga yonish xususiyatini pasaytiruvchi kimyoviy suyuqlik bilan ishlov berilgan boʻlishi lozim;
ochiq joylarda bostirmalar qisqaroq yoki yopiq tomoni bilan koʻproq esadigan shamollar yoʻnalishiga qaratib joylashtirilishi kerak.
27. Ochiq maydonchalar quruq, yuqori, suv bosmaydigan joylarda barpo etiladi. Ularga qum, shagʻal yoki mayda shagʻal toʻkilgan boʻlishi lozim. Ochiq maydonchalarning perimetri boʻylab suvni ketkazish uchun handaqlar oʻtkaziladi. Maydonchalarning yuzasi tekis, suv oqishi uchun qiya nishablik bilan yoppasiga, qattiq (asfalt, beton, chaqir tosh, klinkerli) yoki alohida yoʻlli qoplam bilan barpo etiladi, qoplam mashinalar va texnikalarning harakatlanishida ularning yukiga chidamli boʻlishi kerak. Ochiq maydonchalar atrofi begona shaxslar kirishiga yoʻl qoʻymaslik uchun toʻsilgan boʻlishi shart.
28. Saqlash uchastkasining har bir ombori, rezervuari, sigʻimi, bostirmasi va ochiq maydonchasi oʻz tartib raqamiga ega boʻlishi lozim.
29. Saqlash uchastkalari quyidagi maxsus ashyolar bilan taʼminlanishi shart:
sanoat mollarini oʻramdan chiqarish, oʻrash, sinovdan oʻtkazish va konservatsiya qilish uchun asboblar va moslamalar;
yuklash-yuk tushirish va ombor ishlarini mexanizatsiyalashtirish uchun uskunalar, moslamalar va asboblar;
birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari, avtomatik yongʻin oʻchirish va signalizatsiya qurilmalari, shuningdek yongʻinga qarshi suv taʼminoti;
oʻlchash va vazn tortish uchun moslamalar;
havo koʻrsatkichlarini qayd etish uchun asboblar (termometrlar, gigrometrlar yoki psixrometrlar), ular omborlarning ichki devorlarida yoki stellajlari va shkaflarida poldan 1,5 m balandlikda, eshiklar, shamollatish tuynuklari va isitish moslamalaridan kamida 3 m masofada joylashtiriladi;
sanitariya rejimini taʼminlash uchun dezinfeksiya vositalari.
30. Saqlash uchastkalarida quyidagi maxsus hujjatlar boʻlishi lozim:
saqlash uchastkalari pasportlari (ularda ombor oʻlchami va pol maydonining 1 m2 ga yoʻl qoʻyiladigan yuklash koʻrsatilgan holda);
sanoat mollarini oqilona joylashtirish chizmalari;
omborlar rejasi, maxsus texnika va sanoat mollarini joylashtirish chizmasi;
sanoat mollarini texnik koʻzdan kechirish kitobi;
harorat-namlik darajasini qayd etish kitobi;
yordamchi jihoz-uskunalar va xoʻjalik ashyolarining roʻyxati;
saqlash uchastkalarida ishlashda xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarish sanitariyasi va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish boʻyicha yoʻriqnoma;
xodimlarning trevoga signallari boʻyicha harakatlanishi boʻyicha yoʻriqnoma;
yongʻin xavfsizligi choralari va yongʻin paytida harakatlanish boʻyicha yoʻriqnoma;
yongʻin chiqishi holatida sanoat mollarini evakuatsiya qilish rejasi.
31. Saqlash uchastkalari va ularning atrofidagi hudud doimo toza va tartibli saqlanishi kerak. Vaqt-vaqti bilan saqlash omborlariga kemiruvchilar va hasharotlardan tozalash uchun sanitariya ishlovi berilishi lozim.
3-§. Sanoat mollarini saqlash qoidalariga rioya qilishni va miqdoriy butligini nazorat qilish
32. Sanoat mollarining sifat va miqdor jihatidan saqlanishini nazorat qilish uchun tashkilotda doimiy faoliyat yurituvchi texnik komissiya (bundan buyon matnda DTK deb yuritiladi) tuziladi, sanoat mollarining sifat va miqdor jihatdan saqlanishini nazorat qilish usullari, ishlarni bajarish muddatlari aniqlanadi.
33. DTK tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan belgilanadi, uning tarkibiga:
tashkilotning bosh muhandisi — raisi;
malakali mutaxassislar, buxgalter, moddiy boyliklarning hisobi va hisoboti vazifasi yuklatilgan tegishli boʻlim xodimlari va saqlash uchastkasi xodimlari kiradi.
34. DTKning ishi tashkilotning rahbari tomonidan tasdiqlangan yillik rejaga asosan amalga oshiriladi. DTKning vazifalari quyidagilardan iborat:
sanoat mollarini shartnomada koʻrsatilgan jamgʻarish miqdori va muddatlariga muvofiq oʻz vaqtida butlash ustidan nazorat qilish;
sanoat mollarining normativ hujjatlarga va saqlash muddatlariga muvofiqligini tahlil qilish;
normativ hujjatlarning talablariga binoan sanoat mollari sifatining nazoratini tashkil qilish;
sanoat mollarini yangilash yoki saqlash muddatini uzaytirish zarurligini belgilash, har yili sanoat mollarini almashtirish va yangilash rejalarini tuzish, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilish;
sanoat mollarini saqlash uchastkalariga joylashtirish talablari bajarilishini tekshirish, saqlash sharoitlarini yaxshilash, saqlash uchastkalarini taʼmirlash yoki qoʻshimcha jihozlashga oid takliflar berish.
4-§. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlash
35. Umumiy qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlashni tashkil etish normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
36. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi sanoat mollarining toʻliq saqlanishi va butunligini taʼminlashi kerak. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim:
yongʻin xavfsizligi uchun masʼul shaxsni tayinlash va yongʻinga qarshi rejim oʻrnatish;
saqlash uchastkalarini yongʻin signalizatsiyasi va avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlash;
saqlash uchastkalarining butun perimetri boʻylab ishonchli toʻsiqlar oʻrnatish;
harbiylashtirilgan yoki qoʻriqlash xizmati tomonidan sutkalik navbatchilikni tashkil qilish;
saqlash uchastkasiga kirib-chiqish rejimini tashkil qilish;
sanoat mollarini yuklash meʼyorlari va saqlash tartibini belgilash;
isitish, shamollatish asboblari, elektr qurilmalari, texnologik uskunalarining sozligini va yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni oʻz vaqtida aniqlab, bartaraf qilishni taʼminlash;
yongʻinga qarshi normalar va qoidalar talablaridan chetlashgan holda taʼmirlash ishlarining oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik;
yongʻin oʻchirish, aloqa va signalizatsiya vositalarining soz saqlanish va qoʻllashga doimiy tayyorligini taʼminlash;
ish tugagandan keyin ish joylari va xonalarda tozalash oʻtkazilishini nazorat qilish, xonalarni va saqlash omborlarini yopishdan avval sinchiklab koʻzdan kechirish, kommunikatsiyalar (gaz, havo va hokazolar) hamda navbatchi yoritish tizimi va uzluksiz ishlashi lozim boʻlgan elektr qurilmalaridan boshqa elektr tarmogʻining oʻchirilganligini tekshirish;
yongʻinga qarshi suv rezervuarlari yoki hovuzlari, yongʻin oʻchirish vositalari va yer osti gidrantlarining holatini, meʼyorlarga muvofiqligini nazorat qilish;
hududni tungi paytda asosiy va rezerv yoritish bilan taʼminlash;
saqlash uchastkalariga zaxira kirish yoʻllarini taʼminlash va jihozlash.
37. Saqlash uchastkalari hududida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish, ochiq alangadan foydalanish, xashak quritish va saqlash, ekinlar ekish, maishiy elektr isitish asboblaridan foydalanish, vaqtincha elektr simlarini oʻtkazish, hisobda yoki ashyolar roʻyxatida turmagan moddiy boyliklarni saqlash, saqlash joylariga belgilangan meʼyorlardan ortiq darajada sanoat mollarini yuklash, yonilgʻi quyish shoxobchalarini barpo etish, tashkilot ehtiyojlari uchun yonilgʻi-moylash materiallarini saqlash taqiqlanadi.
38. Saqlash uchastkasini qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligining tashkil etilishi va holati uchun tashkilot rahbari masʼul hisoblanadi. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligining tashkil etilishi maxsus tayinlangan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
39. Saqlash uchastkalarini yopishdan avval qoʻriqlash xodimlari va yongʻin xavfsizligi uchun masʼul shaxslar tomonidan saqlash omborlari koʻzdan kechiriladi va bu toʻgʻrisida maxsus jurnalga yozuv kiritiladi.
40. Yongʻin oʻchirish vositalari, yongʻin oʻchirish gidrantlari va hovuzlariga olib boruvchi yoʻllar doimo ochiq holda boʻlishi kerak. Yongʻin oʻchirish gidrantlari va hovuzlarining joylari belgilar bilan belgilanishi va tunda yoritilishi shart.
41. Alohida binolar va inshootlar orasidagi yoʻllarni, yoʻlaklarni va yongʻinga qarshi oraliqlarni toʻsib qoʻyish va materiallarni joylashtirish uchun ishlatish mumkin emas.
42. Saqlash uchastkalarining eshiklarida ishlab chiqarishning portlash va yongʻin xavfi boʻyicha toifasi hamda portlash va yongʻindan xavfli zonalar sinfini koʻrsatuvchi yozuvlar koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
43. Yongʻinga qarshi devorlarda eshik-deraza oʻrinlari alanga tarqalishiga qarshi moslamalar bilan jihozlanishi lozim (yongʻinga qarshi eshiklar, suv toʻsiqlari va hokazo).
44. Yongʻinga qarshi toʻsiqlar muhandislik kommunikatsiyalari bilan kesib oʻtilganda ular va konstruksiyalar oʻrtasidagi tirqishlar yonmaydigan materiallar bilan (butun qalinligida) toʻliq yopib qoʻyilishi shart.
45. Ombor xonalarining rejasini loyiha hujjatlarini ishlab chiqmagan holda oʻzgartirish taqiqlanadi.
46. Xizmat xonalarida va omborlarda quyidagilar taqiqlanadi:
yonuvchan suyuqliklardan foydalanib xonalarni tozalash (pollar va devorlarni yuvish), jihoz-uskunalarni artish va maxsus kiyimlarni yuvish;
ish tugaganidan keyin elektr yoritishni (navbatchi yoritishdan tashqari), yuqori kuchlanishli elektr jihozlarni (havo yetkazish shamollatgichlarining elektr dvigatellari va sovutgichlardan tashqari), oʻlchov, isitish, hisoblash moslamalari va asboblarini yoqilgan holda qoldirish;
texnologiyada nazarda tutilmagan elektr isitish asboblaridan foydalanish;
muzlagan quvurlarni payvandlash moslamalari va ochiq alangali boshqa har qanday usullar bilan isitish (shu maqsadlarda bugʻ, qizigan qum yoki issiq suvdan foydalanish kerak).
47. Saqlash uchastkasi xodimlarining yongʻin xavfsizligi qoidalari boʻyicha bilimlari muntazam ravishda tekshirib turilishi lozim.
II. bob. Sanoat mollarining alohida turlarini saqlashga talablar
1-§. Neft xom ashyosi
48. Neft xom ashyosi (bundan buyon matnda neft deb yuritiladi) normativ hujjat talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
49. Tayyorlanish darajasiga koʻra neft IA, I, II va III guruhlarga boʻlinadi.
50. Tayyorlanish darajasi koʻrsatkichlari boʻyicha neft IA guruhining quyidagi normalariga mos kelishi lozim:
xlorli tuzlarning konsentratsiyasi, koʻpi bilan — 50 mg/dm3;
suvning vaznli ulushi, koʻpi bilan — 0,5 foiz;
mexanik aralashmalarning vaznli ulushi, koʻpi bilan — 0,05 foiz;
toʻyingan bugʻlarning bosimi, koʻpi bilan — 66,7 (500) kPa (mm.sim.ust).
I, II va III guruhlar uchun normalar GOST 9965-76 “Neftni qayta ishlash korxonalari uchun neft. Texnik shartlar”da belgilangan.
51. Neft bilan ishlashda neft bugʻlari xona havosiga tushishini istisno etish maqsadida uskunalarni germetiklash lozim. Neft bilan ishlar bajariladigan xonalar oqib kirish-tortib chiqarish turidagi shamollatish uskunalari bilan jihozlanishi shart. Xonalarda ochiq alangadan foydalanish taqiqlanadi.
52. Neft bilan quyish-toʻkish, transport-ishlab chiqarish amaliyotlarini bajarishda, namunalarni olishda va tahlillarni oʻtkazishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish lozim.
53. Neftni quyish-toʻkish rejimi, rezervuarlar, tashish vositalari va sigʻimlardan foydalanish jarayonlari statik elektr yuzaga kelishidan himoya qilingan boʻlishi shart.
54. Neftni yigʻish, tayyorlash va tashish uskunalari germetik boʻlishi lozim. Neft rezervuarlari neft bugʻlarining atmosferaga bugʻlanib ketishini kamaytiruvchi nafas olish armaturasi bilan jihozlanishi kerak. Texnik-iqtisodiy asoslash natijalariga koʻra pontonlarni, gaz-tekislash oʻramlarini va yengil fraksiyalarni tutish tizimi qoʻllanishi mumkin.
55. Rezervuar parklari va texnologik qurilmalar atrofi toʻsiqlarga va toʻkilgan neftni avariyali yigʻish tizimiga ega boʻlishi lozim. Neftning avariyali toʻkilib ketishi normativ hujjatlarga muvofiq darhol bartaraf etilishi shart.
56. Tarkibida neft boʻlgan oqova suvlar tozalanishi lozim. Sanitariya-maishiy foydalanishdagi suv havzalaridagi neftning eng yuqori yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyasi — 0,3 mg/dm3.
57. Neft tutish emulsiyalari va neft shlamlari alohida yigʻilib, zararsizlantirish maqsadida vaqt-vaqti bilan ishlov berilishi kerak.
58. Neft partiyalar bilan qabul qilinadi. Bitta pasport va qabul qilish dalolatnomasi ilova qilingan, sifat koʻrsatkichlari bir xil boʻlgan har qanday miqdor partiya deb hisoblanadi.
59. Agar partiyaning istalgan qismidan olingan namuna oʻz koʻrsatkichlariga koʻra ushbu partiyaning pasportida koʻrsatilgan sinfi, turi va guruhiga mos boʻlsa, neft oʻz koʻrsatkichlariga koʻra bir jinsli deb hisoblanadi.
60. Neftning sifatiga koʻra guruhi neft partiyasidan olingan namunaning tahlili asosida pastroq boʻlgan koʻrsatkichga binoan belgilanadi.
61. Agar bitta koʻrsatkich III guruh uchun belgilangan normadan ortiqroq boʻlsa, neft nokonditsion (talabga mos boʻlmagan) deb hisoblanadi.
62. Neftning har bir partiyasidan GOST 2517-85 “Neft va neft mahsulotlari. Namuna olish usuli” boʻyicha namuna olinadi. Shartnomada koʻrsatilganda rezervuarni (sisternani) toʻldirish yoki undan neft olish paytida neft quvuridan avtomatik namuna olish moslamasi bilan namunalar olishga yoʻl qoʻyiladi.
63. Neftning har bir partiyasi uchun neftning 200˚ S dagi zichligi, suvning vaznli ulushi va xlorli tuzlarning miqdori aniqlanadi. Oltingugurtning vaznli ulushi, mexanik aralashmalar va neftning toʻyingan bugʻlari bosimi normativ hujjatlarning talablariga muvofiq nazorat qilinadi. Neft partiyalarining pasportlarida “koʻrsatkich normasi kafolatlanadi” degan yozuvi boʻlishi lozim.
Yetkazib beruvchi tashkilot va qabul qiluvchi tashkilot oʻrtasida neftning sifati yuzasidan kelishmovchiliklar yuzaga kelganda mustaqil laboratoriyada neft namunasining sinovi oʻtkaziladi.
64. Neftni markirovka qilish, tashish va saqlash GOST 1510-84 “Neft va neft mahsulotlari. Plombalash, oʻrash, transportda tashish va saqlash” (bundan buyon matnda GOST 1510-84 deb yuritiladi) boʻyicha bajariladi.
65. Yetkazib beruvchi tashkilot GOST 1510-84 talablari bajarilganda neftning pasportdagi koʻrsatkichlarga muvofiqligini taʼminlashi lozim.
66. Neftni uzoq muddat masʼul saqlashga qabul qiladigan tashkilotlarda neftning chiqmaydigan qoldigʻi birinchi guruh moddiy boyliklari hisobiga kiritilmaydi.
2-§. Mazut
67. Mazut GOST 10585-99 “Neft yoqilgʻisi. Mazut” talablariga mos boʻlishi lozim.
68. Mazut neftni qayta ishlashning qoldiq mahsuloti hisoblanadi.
69. Birinchi guruhga 40, 100 markali mazut yetkazib beriladi.
70. Tashkilotlar mazutni joylashtirish uchun sigʻimlarni oldindan tayyorlashi, mazutni miqdori va sifati boʻyicha qabul qilish va saqlanishini taʼminlashi, oʻz vaqtida yangilashi, mazutni saqlash va tashish davomida yuzaga kelgan barcha yoʻqotishlarni aniqlanganidan keyin darhol foydalanish resurslari hisobidan toʻldirishi lozim.
71. Saqlash uchastkasida mazut bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish uchun mazutni saqlash boʻyicha yetarli bilimlarga ega boʻlgan va eng tajribali xodimlar ichidan moddiy javobgar shaxs tayinlanadi.
72. Birinchi guruhga joylashtiriladigan mazutning markasi foydalanish ehtiyojlari uchun ishlatiladigan markaga mos kelishi lozim.
73. Mazutni saqlash va tashish normativ hujjatlarga muvofiq bajariladi. 40 va 100 markali mazutni markirovka qilishda yoʻl qoʻyiladigan oltingugurt miqdori koʻrsatiladi:
0,5 foiz — kam oltingugurtli;
2,0 foiz — oltingugurtli;
3,5 foiz — koʻp oltingugurtli.
74. Mazut kam xavfli mahsulot hisoblanadi va inson organizmiga taʼsir etish darajasiga koʻra GOST 12.1.007-76 “Mehnat xavfsizligi tizimi standartlari. Zararli moddalar, tasniflash va xavfsizlikning umumiy qoidalari”ga (bundan buyon matnda GOST 12.1.007-76 deb yuritiladi) muvofiq 4-xavflilik sinfiga mansubdir.
75. Ish zonasi havosida uglevodorod bugʻlarining eng yuqori yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyasi GOST 12.1.005-88 “Mehnat xavfsizligi tizimi standartlari. Ish zonasi havosiga umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga muvofiq 300 mg/m3 ni tashkil etadi.
76. Mazutni saqlash va ishlatish xonalarida alangadan foydalanish taqiqlanadi, elektr uskunalar, elektr tarmoqlar va sunʼiy yoritish armaturasi portlashdan himoyalangan boʻlishi kerak.
Mazutni saqlash va tashish uchun sigʻimlar statik elektrdan GOST 12.1.018-93 “Mehnat xavfsizligi tizimi standartlari. Statik elektrning portlash-yonish xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq himoyalangan boʻlishi lozim.
Mazut bilan ishlashda zarba paytida uchqun beruvchi asboblardan foydalanish mumkin emas.
77. Mazutni tashish va saqlash GOST 1510-84 boʻyicha amalga oshiriladi.
78. Yetkazib beruvchi tashkilot tashish va saqlash shartlariga rioya qilinganda mazutning ishlab chiqarilgan sanadan boshlab 5 yil davomida GOST 10585-99 “Neft yoqilgʻisi. Mazut” talablariga muvofiq boʻlishini kafolatlaydi.
79. Mazutni uzoq muddat masʼul saqlashga qabul qiladigan tashkilotlarda mazutning chiqmaydigan qoldigʻi birinchi guruh moddiy boyliklari hisobiga kiritilmaydi.
3-§. Avtomobil shinalari
80. Avtomobil shinalari (bundan buyon matnda shina deb yuritiladi) GOST 5513-97 “Yuk avtomobillari, ularning tirkamalari, avtobuslar va trolleybuslar uchun pnevmatik shinalar” (bundan buyon matnda GOST 5513-97 deb yuritiladi) talablariga mos boʻlishi lozim.
81. Shinalar ishlatilishiga koʻra yengil avtomobillar, yuk avtomobillar, avtotirkamalar, trolleybuslar va avtobuslar uchun shinalarga boʻlinadi.
82. Shina toʻplami shina pokrishkasi, kamera va gardish tasmasidan iborat.
83. Foydalanish maqsadiga qarab shina protektori quyidagi relyef rasmlariga ega boʻlishi mumkin: yoʻl uchun (qattiq qoplamli: asfalt-beton, sement-beton, shagʻal va boshqa xil yoʻllarda foydalanish uchun), universal (har xil qoplamli yoʻllarda foydalanish uchun), yuqori oʻtish qobiliyati bilan (yoʻl yoʻq sharoitda, yumshoq tuproqlarda foydalanish uchun).
84. Konstruksiyasiga koʻra shinalar diagonal (oddiy) va radial (“R”) turiga boʻlinadi. Diagonal shinada kord va breker iplari qoʻshni qatlamlarda koʻndalang tushadi, karkas va brekerda yugurish yoʻlakchasi oʻrtasida iplarning qiyalik burchagi 45 dan 60 gradusgacha. Radial shinada karkas kordi iplarining qiyalik burchagi 0 gradusga, brekerda — kamida 65 gradusga teng boʻladi.
85. Shinalar dyum belgilanishga ega, masalan: 7,50-20 — diagonal shina, 7,50R20 — radial shina, bu yerda 7,50 — shina profili enining shartli belgilanishi, 20 — shina ichki diametrining shartli belgilanishi, R — radial shinaning harfli indeksi.
86. Shina 270° S haroratda quyuq qora tutun ajratgan holda intensiv yonganda 1200° S gacha harorat yuzaga kelishi sababli alangani namlovchi modda qoʻshilgan suv, koʻpik bilan oʻchirish kerak.
87. Shinalar vaqt oʻtib, havo kislorodi va ozon taʼsirida eskiradi. Eskirish davomida pokrishkalar va kameralar elastikligini yoʻqotadi, darzlar bilan qoplanadi hamda qattiq va sinuvchan boʻlib qoladi. Eskirish jarayonini tezlashtiruvchi omillar atrof-muhit havosining yuqori harorati, shuningdek quyosh nurlari hisoblanadi.
88. Shinalarni markirovka qilish GOST 5513-97 talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
89. Shinalar oʻramsiz holda, ularni ifloslanish va atmosfera yogʻinlaridan himoya qilishni taʼminlaydigan har qanday transport vositasida tashiladi. Pokrishkalar kameralar bilan birga yetkazib beriladi. Bunda talk sepilgan kameralar, pokrishkaning ichiga solinib, pokrishkaning ichiga puflangan boʻlishi kerak. Gardish tasmalari bogʻlamlar shaklida tashiladi.
90. Birinchi guruhga saqlash uchun normativ hujjat talablariga javob beradigan, ham diagonal (oddiy), ham “R” turidagi (radial) shinalar qabul qilinadi.
91. Temir yoʻl vagonidan shinalarni qabul qilishda moddiy javobgar shaxslar yuk tashish qoidalariga asosan temir yoʻl transporti tashkiloti vakillari bilan birga quyidagilarni tekshirishi shart:
yetkazib beruvchi tashkilot plombalari mavjudligi va undagi izlarning aniqligi;
shinalar, kameralar, gardish tasmalari miqdorining transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlariga muvofiqligi.
92. Shinalarni miqdoriga koʻra qabul qilish komissiya tartibida, ularni 100 foiz sanash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
93. Shinalarni sifatiga koʻra qabul qilishda pokrishkalar, kameralar va gardish tasmalari toʻliq tashqi koʻzdan kechiriladi, yetkazib beruvchi tashkilot hujjatlarida koʻrsatilgan sifat koʻrsatkichlari normativ hujjat koʻrsatkichlariga solishtiriladi.
Qoʻshimcha ravishda quyidagilar tekshiriladi:
kameralarni puflab shishirish darajasi;
kameralar germetikligi, havosi chiqarilgan holda kelgan kameralarning germetikligi puflash yoʻli bilan tekshiriladi. Puflangan kameralar bir sutkaga qoldiriladi, keyin bosimi tekshiriladi, uning pasayishi kameraning germetik emasligidan dalolat beradi;
pokrishka va kamera orasida talk borligi.
Zarur boʻlganda shinalarga quyidagicha ishlov beriladi:
kameralar pokrishkaning gabarit oʻlchamlarigacha puflanadi;
talk boʻlmaganda kameraga kukun sepiladi. Agar qabul qilishda terlash aniqlangan boʻlsa, talk sepishdan avval kamera va pokrishka artiladi.
94. Shinalarda quyidagi ishlab chiqarish nuqsonlariga yoʻl qoʻyish mumkin emas:
a) pokrishkalarda: karkas va bortda qatlamlar ajralishi, protektor va yon qismi qatlamlarining koʻchishi, protektorda boʻrtib chiqish, toʻqimasi pressdan chiqib turishi, karkasning ichki yuzasiga qattiq aralashmalarni presslab kiritish, birinchi qatlam shikastlanishi, kord iplarining yon qismi boʻylab siyraklashuvi;
b) kameralarda: germetik emasligi, kamera bukilgan joylarda 0,5 mm dan chuqurroq ezilib qolgan joylar, kamera chokining ochilishi, mexanik shikastlanish, begona aralashmalar va kamera devorlarining gʻovakligi.
95. Yaroqsizga chiqarilgan shinalar boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilot vakili ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
96. Normativ hujjat talablariga javob bermaydigan, shuningdek but boʻlmagan (kamerasi, gardish tasmasi yoʻq) shinalar vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi. Ular alohida omborga joylashtiriladi va keyinchalik yetkazib beruvchi tashkilotining koʻrsatmasiga binoan yuklab joʻnatiladi.
97. Shinalarning sifatini tasdiqlovchi hujjatlar alohida ish jildiga tikiladi va shinalarni saqlash muddati davomida hamda ular berib yuborilgandan keyin kamida 7 oy davomida saqlanadi.
98. Shinalarni joylashtirish uchun metall stellajlar qoʻllanadi. Stellajlar eni kamida 12 sm boʻlgan, stellaj tokchasiga 20 gradus burchagi ostida joylashgan yogʻoch yassi tayanchlar bilan jihozlanadi.
Stellaj qavatlarining soni shinalar oʻlchamlari va ombor balandligi bilan belgilanadi. Stellajlarni oʻrnatish tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan namunali joylashtirish chizmasi va oʻrnatish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
99. Shinalar metall stellajlarda va metall tortma tokchalarda vertikal holatda pokrishka ichiga solingan puflangan va talk sepilgan kameralar bilan birga saqlanadi. Gardish tasmalarining bogʻlamlarini stellajning maxsus ajratilgan uyalariga yoki maxsus konteynerlarga joylashtirish kerak.
100. Taxlamlarni joylashtirish ishlab chiqilgan joylashtirish chizmasiga muvofiq ombor maydonidan oqilona foydalanishni taʼminlash, yuklash-yuk tushirish ishlarida qoʻllanadigan mexanizatsiyalash vositalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim. Taxlamlar va ularning orasidagi yoʻlaklar avvaldan belgilab chiqiladi.
101. Har bir stellaj uchun stellaj yorligʻi yuritiladi, u shinalarni qabul qilish paytida qabul qilish dalolatnomasi va yetkazib beruvchi tashkilotning hujjatlari asosida toʻldiriladi. Saqlash davomida stellaj yorligʻiga ushbu stellaj boʻyicha mahsulot mavjudligi, turlari hamda shinalarga ishlov berish va koʻzdan kechirish natijalari kiritiladi. Radial shinalarni joylashtirish va hisobini yuritish diagonal shinalardan alohida olib borilishi kerak.
102. Shinalar bilan yuklash-yuk tushirish ishlarini oʻtkazishda va ombor ichki ishlarida xavfsizlik texnikasi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qatʼiy amal qilinishi lozim.
103. Shinalarni saqlash davomida omborda havoning nisbiy namligi 50—80 foiz boʻlishi, havoning harorati ± 30° S dan oshmasligi kerak. Shinalar bilan qish paytida (minus 10° S dan past haroratda) ishlaganda ularning darz ketishi yuz bermasligi uchun ehtiyot boʻlish, zarbalarga va ularni otishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
104. Kondensat yuzaga kelishi yuz bermasligi uchun ombor havosi va tashqaridagi havo harorati hamda va nisbiy namligining keskin farqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
105. Omborda shamollatishni amalga oshirish lozim. Momaqaldiroq paytida havoda ozon miqdori keskin ortishi tufayli bu vaqtda shamollatishni amalga oshirish va ombor eshiklarini, tuynuklarini ochish taqiqlanadi. Eshikni momaqaldiroqdan keyin 2-3 soatdan soʻng ochish kerak. Agar omborda havoning nisbiy namligi 50 foizdan past boʻlsa, havoni sunʼiy namlantirish qoʻllanishi shart.
106. Omborlarda havoning harorati va nisbiy namligini oʻlchash uchun nazorat-oʻlchov asboblari (termograflar va gigrograflar) ishlatiladi, ular stellajlar quyi qavatining sathida, eshiklar va tuynuklardan uzoqroqda oʻrnatiladi.
107. Havoning harorati va nisbiy namligi koʻrsatkichi kiritiladigan jurnallar shinalarning butun saqlanish muddati davomida va mahsulot berib yuborilgandan keyin 7 oy davomida nizoli holat yuzaga kelishi ehtimoli uchun saqlanadi.
108. Saqlash davomida shinalar sifatining oʻzgarishlarini oʻz vaqtida aniqlash uchun ular oyiga kamida bir marta koʻzdan kechiriladi.
109. Nuqsonlar yuzaga kelishiga olib kelishi sababli belgilangan saqlash rejimining buzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Nuqsonlarning asosiylari quyidagilardan iborat:
shinalarda mayda darz toʻrlari yuzaga kelishi;
protektorda bukilib ezilgan joylar va oʻyiqlar yuzaga kelishi;
pokrishkaning qatʼiy dumaloq shakli buzilishi;
kameraning ichki devorlari bir-biriga yopishib qolishi, kamerada burmalar va bukilishlar yuzaga kelishi;
kameraning devorlari pokrishka devorlariga yopishib qolishi.
110. Shinalarda saqlash davomida yuzaga kelgan nuqsonlar aniqlangan holda ularga ishlov beriladi. Ishlov berish zarurligi va uning hajmi komissiyaviy tartibda aniqlanadi. Nuqsonlari boʻlgan shinalar birinchi navbatda yangilanishi lozim.
111. Qoʻmita tizimidagi tashkilotlarda shinalar har yili Qoʻmitaning buyrugʻiga muvofiq inventarizatsiyadan oʻtkaziladi.
112. Shinalarni saqlash muddati normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda — 5 yil.
4-§. Kalsiylangan va kaustik soda
113. Kalsiylangan soda (Na2CO3) yopiq, quruq, texnik soz omborlarda saqlanadi.
114. Birinchi guruhga yetkazib beriladigan kalsiylangan soda GOST 5100-85 “Texnik kalsiylangan soda” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
115. Kalsiylangan va kaustik sodani saqlash davomida uning oʻrami va markirovka holatini muntazam kuzatib turish lozim. Oʻramning holati tashqi koʻzdan kechirish orqali aniqlanadi. Taxlamlar har tomondan koʻzdan kechiriladi, quyi qatorlardagi qoplarga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
116. Kalsiylangan va kaustik soda taxlamlarga besh-olti qoplab, balandligi kamida 20 sm boʻlgan, yoppasiga taxta toʻshalgan quruq, toza tagliklarga joylashtiriladi. Qoplar chokini ichiga qilib taxlanadi. Taxlamlar oʻlchamlari (uzunligi va eni) omborning oʻlchamlari va konstruksiyasi, eshiklar va ustunlarning joylashuvi bilan belgilanadi.
117. Taxlamlar orasida va devorlar (chiqib turgan konstruksiyalar) boʻylab yoʻlaklar kamida 0,5 m boʻlishi kerak. Mahsulot yuzasidan yoritish armaturasigacha masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim. Taxlamlar omborning qurilish konstruksiyalariga tegmasligi kerak.
118. Oʻralgan qopning netto ogʻirligi koʻpi bilan 50 kg boʻlishi kerak.
119. Kalsiylangan soda GOST 30090-93 “Qoplar va qopli matolar. Umumiy texnik talablar” boʻyicha polipropilen qoplarga solinadi.
120. Mahsulotning har bir oʻramida quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va mahsulot belgisi;
mahsulotning nomi, markasi, sorti;
partiya raqami va ishlab chiqarilgan sanasi;
netto ogʻirligi;
standart nomi;
GOST 19433.1-2010 boʻyicha “Namlikdan asrang!” ogohlantiruvchi belgisi.
121. Markirovka oʻramga bosmaxona usulida, yorliqni yopishtirish yoki uni mashina yordamida tikib qoʻyish orqali yoziladi.
122. Kaustik va kalsiylangan sodani saqlash muddati normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda ishlab chiqarilgan sanasidan boshlab 1 yilni tashkil qiladi. Akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilot sinovlari natijalariga koʻra sifati normativ hujjat talablariga muvofiq boʻlgan kaustik va kalsiylangan sodani saqlash muddati uzaytirilishi mumkin.
123. Soda sifati yomonlashuvining xavfli belgilari yuzaga kelganda soda belgilangan saqlash muddatidan qatʼi nazar, yangilanishi kerak.
124. Kalsiylangan soda GOST 12.1.007-76 “Zararli moddalar. Tasniflash va xavfsizlikning umumiy talablari”ga (bundan buyon matnda GOST 12.1.007-76 deb yuritiladi) muvofiq 3-xavflilik sinfidagi moddalarga kiradi.
125. Kalsiylangan sodaning aerozoli nam teriga, koʻz va burunning shilliq pardalariga tekkanda achishtirishi, uzoq muddat taʼsir etganda esa dermatitni yuzaga keltirishi mumkin.
126. Kalsiylangan soda bilan ishlayotganlar maxsus kiyim, poyabzal va individual himoya vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
127. Yuklash-yuk tushirish va ombor ichidagi ishlar oʻramning shikastlanishi imkoniyatini istisno etgan holda xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
128. Birinchi guruhga yetkazib beriladigan kaustik soda (NaON) GOST 2263-79 “Texnik oʻyuvchi natr” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
129. Kaustik soda teriga tekkanda kimyoviy kuyishlarga olib keladi, uzoq taʼsir etganda esa yaralar va ekzemalarga olib kelishi mumkin. Shilliq pardalarga kuchli taʼsir etadi. Kaustik sodaning koʻzga tegishi juda xavfli hisoblanadi. Ishlab chiqarish xonalari havosidagi kaustik sodaning eng yuqori yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyasi — 0,5 mg/m3.
130. Kaustik soda GOST 12.1.007-76 boʻyicha 2-xavflilik sinfidagi zararli moddalarga kiritiladi.
5-§. Kabel buyumlari va simlar
131. Kabel buyumlari va simlar normativ hujjat talablariga muvofiq boʻlishi, ishlab chiqarilgan muddatlari yangi boʻlishi kerak.
132. Kabel va simlar quyidagi markalarga boʻlinadi: PV 1, PV 3, PUNP, TRBN, TPP, KG. Kabelli gʻaltaklar stellajlarga balandligiga koʻra besh-olti qavat qilib taxlanadi.
133. Kabel va simlar isitiladigan yoki isitilmaydigan qorongʻilashtirilgan omborlarda saqlanadi. Quyosh nurlari toʻgʻri tushishining oldini olish uchun ombor derazalari qorongʻilashtiriladi.
134. Kabelli barabanning yon tomonida, gʻaltak yoki barabanga mahkamlangan yorliqda quyidagilar koʻrsatilishi shart:
mahsulot belgisi;
kabelning shartli belgilanishi;
kabelning metrlardagi uzunligi va kesimlar soni;
gʻaltaklarda yetkazib berilganda brutto yoki netto ogʻirligi (kg);
ishlab chiqarilgan sanasi;
baraban yoki gʻaltakning raqami.
135. Bronlangan uzoq aloqa kabellari, qoʻrgʻoshin va aluminiy qobigʻidagi koʻp juftli telefon kabellari, yuqori kuchlanishli bronlangan kabellar isitilmaydigan omborlarda saqlanadi.
136. Taqsimlovchi telefon kabellari, bir juftli va radiochastotali kabellar isitiladigan omborlarda saqlanadi.
137. Montaj uchun, kross uchun, “obmotka”li simlar, aviasimlar, emal simlari, kommutator simlari isitiladigan omborlarda yetkazib beruvchi tashkilot oʻramlarida yoki gʻaltaklarga oʻralgan holda saqlanadi. Simlar turlari va kesimi boʻyicha alohida saqlanadi.
138. Kabelli barabanlar kabellarning turlari, markalari, ishlab chiqarilgan sanasi va normativ hujjatiga koʻra ikkita qator qilib oʻrnatiladi. Texnik koʻrikni, elektr oʻlchovlarini oʻtkazish, qobiqlar germetikligini tekshirishni bajarish uchun kabelli barabanlarning qatorlari orasidagi masofa 0,7 m boʻlishi kerak. Har bir barabanga kabelning turi, normativ hujjat nomi, markasi, uzunligi, ishlab chiqarilgan sanasi, yetkazib beruvchi tashkilot koʻrsatilgan yorliq biriktiriladi. Har bir barabanga shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tashkilotdan olingan pasport boʻlishi kerak. Kabelning tashqi uchi barabanning tashqi yon tomoniga mahkamlanib, payvandlanadi, rezinali kabel uchi ishonchli izolyatsiya qilinadi.
139. Kabelli barabanlarni yotqizib taxlash taqiqlanadi. Kabelni yuklash, yuk tushirish va harakatlantirishda barabanlarga zarba tushishi, ularning tushib ketishi, barabanlarning yoʻnalishiga qarshi dumalatishga yoʻl qoʻyish mumkin emas.
140. Kabel buyumlari va simlari korroziyalanishiga, buzilishga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni kimyoviy materiallar bilan birga saqlash taqiqlanadi.
141. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda saqlash muddatlari:
yuqori kuchlanishli kabellar uchun — 6 yil;
telefon kabellari uchun — 10 yil (isitilmaydigan omborda);
oʻrnatish va yoritish simlari uchun — 6 yil (isitilmaydigan omborda);
elektr oʻtkazish tarmogʻi uchun izolyatsiya qilinmagan simlar — 35 yil (isitilmaydigan omborda).
6-§. Ruxlangan tikanli sim
142. Ruxlangan tikanli sim bitta tutam (asos) va unda bir-biridan teng masofada joylashgan tikanlardan iborat.
143. Ruxlangan tikanli sim uchta turda ishlab chiqariladi:
och tusli (qoplamsiz) — K;
ruxlangan — KS;
ruxlangan passivirlangan — KSP.
144. Ruxlangan tikanli simning asosini va tikanlarini tayyorlash uchun GOST 14085-79 boʻyicha yoki GOST 1050-60 boʻyicha katankadan tayyorlangan simlar qoʻllanadi.
145. Ruxlangan tikanli sim moylanmagan holda yetkazib beriladi. Simdagi rux qoplami yoppasiga uzluksiz boʻlishi kerak. Ruxning u yer-bu yerdagi oqma doʻnglariga yoʻl qoʻyiladi.
146. Ruxlangan tikanli sim 35+2 kg vaznli oʻramlarda yetkazib berilishi kerak, oʻramning tashqi diametri koʻpi bilan 500 mm, balandligi koʻpi bilan 250 mm. Sim oʻramining ichki diametri 100 dan 140 mm gacha boʻlishi kerak. Oʻram teshigining shu chegaragacha konussimon boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
147. Oʻramda tikanli sim asosining koʻpi bilan ikkita ulanishiga yoʻl qoʻyiladi, kesim uchlarining ulanishi GOST 285-69 “Tikanli rifellangan bir asosli sim” (bundan buyon matnda GOST 285-69 deb yuritiladi) boʻyicha boʻlishi kerak.
148. Ruxlangan tikanli simning har bir oʻrami bir tekisda joylashgan uchta joyda kamida 2 mm diametrli sim bilan bogʻlanishi kerak. Bunda bogʻlanadigan simning har bir uchini oʻram teshigidan oʻtkazib, bogʻlanadigan simning boshqa uchiga mustahkam aylantirib bogʻlab, oʻramning silindrik yuzasi boʻylab egiladi.
149. Ruxlangan tikanli sim oʻramiga yorliq yopishtiriladi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
simning shartli belgilanishi;
ishlab chiqarilgan sanasi;
normativ hujjat raqami
150. Ruxlangan tikanli sim partiyalarda yetkazib beriladi. Partiya bir turdagi simdan iborat boʻlishi kerak. Partiyaning vazni yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
151. Shartnomaga muvofiq ruxlangan tikanli simning har bir partiyasiga simning sifati GOST 285-69 talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
simning shartli belgilanishi;
oʻtkazilgan sinov natijalari;
partiyadagi oʻramlar soni;
partiyaning netto ogʻirligi;
normativ hujjat raqami.
7-§. Poʻlat sim
152. Poʻlat sim GOST 9389-75 “Uglerodli prujinali poʻlat sim” talablariga muvofiq tayyorlanadi. Poʻlat sim mexanik xususiyatlari boʻyicha birinchi sinf — I, ikkinchi sinf — II, uchinchi sinf — III, sinf — II A ga boʻlinadi, ishlab chiqarish aniqligi boʻyicha normal aniqlikda, yuqori aniqlikda — P boʻladi.
153. Poʻlat sim yuzasida darzlar, oʻyiqlar, notekisliklar, tirnalishlar, chuqurliklar va zang boʻlmasligi kerak. Poʻlat sim yuzasida metallni choʻzib tortishga tayyorlash uchun qoplanadigan texnologik qoplamlar qoldiqlari (mis, fosfat, bura) boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
154. Har bir poʻlat sim oʻrami uchta joyda bir tekisda joylashgan sim bilan bogʻlanishi kerak. Diametri 0,60 mm boʻlgan sim oʻramlari oʻramning uchi bilan yoki tasma bilan bogʻlanishi mumkin. Bir sinf, guruh va diametrdagi oʻramlar yoki gʻaltaklarga bogʻlanishi mumkin. Simning gʻaltakdagi ustki uchi gʻaltakning yon tomonida mahkamlanishi lozim.
155. Poʻlat sim suyuq ingibirlangan moylash vositalari bilan qoplangan boʻlishi kerak. Korroziyadan himoyani taʼminlaydigan boshqa moylash vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi. Gʻaltakdagi sim moylanmagan holda yetkazib berilganda omborga joylashtirishda korroziyaga qarshi qoplam bilan konservatsiya oʻtkazilishi lozim. Oʻramlar yoki gʻaltaklar yumshoq sim bilan bogʻlanishi yoki oʻramni tarqalib ketishdan asraydigan boshqa usulda mahkamlanishi kerak.
156. Poʻlat simning har bir gʻaltagiga va oʻramiga yorliq mahkam yopishtirilishi lozim, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
simning shartli belgilanishi;
texnik nazorat plombasi.
157. Poʻlat sim partiyalarda yetkazib beriladi. Partiya bir diametrdagi, bir sinf va bir aniqlik guruhidagi sim oʻramlari yoki gʻaltaklaridan iborat boʻlishi kerak. Poʻlat simning har bir partiyasiga shartnomaga muvofiq quyidagilar koʻrsatilgan hujjat ilova qilinishi kerak:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
simning shartli belgilanishi;
partiya raqami;
oʻram joylarining soni;
simning netto ogʻirligi;
poʻlatning markasi.
158. Poʻlat sim omborda stellajlar yoki tagliklarda joylashtiriladi, har bir joylashtirilgan partiya uchun yorliq biriktiriladi.
159. Poʻlat simni tashish transportning barcha turlarida uni namlik, agressiv muhitlar taʼsiridan, ifloslanishdan yoki oʻramning butunligi buzilishidan muhofaza qiluvchi sharoitlarda amalga oshirilishi lozim.
160. Poʻlat sim namlik va agressiv muhitlar taʼsirini istisno etuvchi yopiq omborlarda saqlanadi. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda poʻlat simni saqlash muddati isitilmaydigan omborlarda — 5 yil, isitiladigan omborlarda — 10 yilni tashkil etadi.
8-§. Oddiy sim
161. Oddiy sim GOST 3282-74 “Past uglerodli umumiy poʻlat sim” talablariga (bundan buyon matnda GOST 3282-74 deb yuritiladi) muvofiq tayyorlanadi. Oddiy sim quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
a) ishlov berish turi boʻyicha:
termik ishlov berilgan — O;
termik ishlov berilmagan.
b) yuzasining turi boʻyicha:
qoplamsiz;
qoplamli.
v) termik ishlov berilgan qoplamsiz sim:
och rangli- S;
qora — Ch.
g) qoplamli sim:
1-sinf ruxlangan sim — 1 S;
2-sinf ruxlangan sim — 2 S.
d) ishlab chiqarish aniqligiga koʻra:
yuqori — P;
normal.
e) vaqt mobaynida uzilishga qarshiligiga koʻra:
I guruh — I;
II guruh — II.
j) oliy sifat toifasiga koʻra:
termik ishlov berilgan — och rangli, 2-sinfga oid ruxlangan sim;
termik ishlov berilmagan — II guruh qoplamsiz, 2-sinfga oid ruxlangan sim.
162. Oddiy sim GOST 14085-79 boʻyicha poʻlatdan tayyorlanishi kerak. GOST 1050-88 “Sifatli va yuqori sifatli poʻlat” boʻyicha poʻlatning past uglerodli markalaridan sim tayyorlashga yoʻl qoʻyiladi.
163. Simning mexanik xususiyatlari GOST 3282-74 “Umumiy foydalanish uchun past uglerodli poʻlat sim. Texnik shartlar” talablariga mos kelishi lozim.
164. Diametri 0,50-10,00 mm boʻlgan termik ishlov berilmagan sim kamida toʻrt marta bukilganda parchalanmasligi zarur.
165. Qoplamsiz simning yuzasida darzlar, oʻyiqlar, notekisliklar va kuyindilar boʻlmasligi kerak (qora simdan tashqari).
166. Ruxlangan simning yuzasida rux qoplanmagan joylari, qora dogʻlari, oqma shishlari boʻlmasligi kerak.
167. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda oddiy simni saqlash muddatlari isitilmaydigan omborlarda — 5 yil, isitiladigan omborlarda — 10 yilni tashkil etadi.
9-§. Deraza oynasi
168. Birinchi guruhga GOST 111-90 “Varaqli oyna. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 111-90 deb yuritiladi) talablariga mos keluvchi silliqlangan deraza oynalari (bundan buyon matnda oyna deb yuritiladi) yetkazib beriladi.
169. Shoshilinch yuk ortishga avvaldan tayyorgarlik koʻrish maqsadida oyna GOST 4295-80 “Varaqli oyna uchun yogʻoch yashiklar. Texnik shartlar”ga muvofiq yashiklarga solingan holda saqlanadi.
170. Oyna partiyalarda qabul qilinadi. Partiya bir markali, bir oʻlchamdagi oynadan tashkil topishi kerak. Shartnomaga muvofiq har bir oyna partiyasi uchun GOST 111-90 ga muvofiq quyidagilar koʻrsatilgan hujjat rasmiylashtirilishi lozim:
ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi va mahsulot belgisi;
oynaning shartli belgilanishi;
oyna varaqlarining soni;
yashiklar soni;
hujjatning raqami va tuzilgan sanasi.
171. Oynani qabul qilishda kelib tushgan yukning har bir yashigi koʻzdan kechirilishi, oʻramning sozligiga, oynaning shikastlanishi (siniqlari) mavjudligiga eʼtibor berish kerak.
Oʻramda oyna varaqlari orasiga sinishdan asraydigan mato qoʻyilishi kerak. Sinishdan asraydigan mato sifatida tirnaydigan aralashmalari boʻlmagan qogʻoz ishlatiladi. Sinishdan asraydigan qogʻoz oynaning butun maydonini qoplab turishi kerak.
172. Yashik markirovkasida GOST 14192-77 “Yuklarni markirovka qilish” talablariga muvofiq “Moʻrt. Ehtiyot boʻling!”, “Namlikdan asrang!” belgilari va quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va mahsulot belgisi;
oynaning shartli belgilanishi;
oyna varaqlarining soni donalarda va/yoki umumiy maydoni (m2);
oʻram ishchisining raqami;
yuk ortilgan sana.
Markirovka aniq boʻlishi va yuvilmaydigan boʻyoq bilan yozilgan boʻlishi kerak.
173. Saqlash uchun qabul qilingan va yashiklarga solingan oyna GOST 111-90 ga muvofiq qiya holatda taxlamga qoʻyiladi, qiyalik burchagi 10—15 gradus. Yashiklarni qiya oʻrnatish uchun yashiklar ostiga kerakli qalinlikdagi bruslarni qoʻyib, ular qiya holatda mustahkamlanadi. Oynali yashiklar bir qavatga qoʻyib saqlanadi. Taxlam tayanch devordan qatorlar boʻyicha shakllantiriladi. Har bir qatorda bir tur va oʻlchamdagi hamda bitta yetkazib berish sanasi boʻlgan yashiklar boʻlishi kerak.
174. Omborga joylashtirish ombor maydonidan oqilona foydalanishni taʼminlash, yuklash-yuk tushirish ishlarida qoʻllanadigan mexanizatsiyalash vositalarini hamda oyna va oʻramning but saqlanishini taʼminlashni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim. Taxlamlarning oʻlchamlari omborning oʻlchamlari va konstruksiyasi bilan, eshiklari va ustunlarining joylashuvi bilan belgilanadi.
175. Omborda yoʻlaklar boʻlishi lozim: darvoza qarshisida — darvoza enidan kam boʻlmagan, devor (chiqib turuvchi konstruksiyasi) va taxlam orasida, shuningdek taxlamlar orasida — 0,8 m, tayanch ustunlaridan — kamida 0,2 m, markaziy yoʻlak — kamida 2,0 m.
Omborda boʻylama va koʻndalang yoʻlaklar har bir taxlamgacha oʻtishni taʼminlashi kerak. Har bir taxlamga taxlam yorligʻi yuritiladi.
176. Oʻram va oynaning holati vizual tarzda oyiga bir marta saqlash uchun masʼul xodim tomonidan tekshiriladi. Oyna yuzasiga kondensat tushganda, yashiklar yoki oraliq materiallar namlanishi aniqlanganda nuqsonli yashiklarni oʻramdan chiqarish va quritish kerak.
177. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda oynani saqlash muddati yopiq omborda 6 yilni tashkil etadi.
10-§. Asbestotsement toʻlqinli varaqlar, quvurlar
178. Asbestotsement toʻlqinli varaqlar GOST 30340-95 “Asbestotsement toʻlqinli varaqlar. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 30340-95 deb yuritiladi) va GOST 24986-81 “Yuqori profilli asbestotsement toʻlqinli varaqlar” talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan boʻlishi lozim.
179. Varaqlar va detallarda singan joylari, teshiklar va teshib oʻtgan darzlari boʻlmasligi kerak.
Kam ahamiyatli quyidagi nuqsonlarga yoʻl qoʻyiladi:
uzunligi koʻpi bilan 100 mm boʻlgan istalgan yoʻnalishdagi ayrim shilinishlar;
oʻlchami koʻpi bilan 15 mm boʻlgan varaqning bir tomonidan, buyum chetiga perpendikulyar yoʻnalishda ayrim oʻyiqlar. Varaq cheti boʻylab oʻlchangan oʻyiqlarning umumiy kattaligi 60 mm dan oshmasligi kerak;
uzunligi koʻpi bilan 100 mm va eni 2 mm boʻlgan ayrim yuzaki uzilishlar.
Bir varaqda kam ahamiyatli nuqsonlarning jami soni uchtadan oshmasligi kerak, bunday nuqsonlari boʻlgan varaqlar soni uning hajmining uchdan bir qismidan ortmasligi lozim.
180. Boʻyalgan varaqlar va detallarning rangi ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan etalon namunalarga mos kelishi kerak.
181. Varaqlar va detallarning yuzasi bir tekisda boʻyalishi, unda shoʻr chiqmagan va 10 m masofadan koʻrinuvchi dogʻlar boʻlmasligi lozim.
182. Asbotsement varaqlari fizikaviy-kimyoviy koʻrsatkichlariga koʻra GOST 30340-95 da belgilangan koʻrsatkichlarga mos boʻlishi lozim.
183. Varaqlar va detallarning yopiladigan qismiga quyidagilar yoziladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va mahsulot belgisi;
varaq profilining belgilanishi (quvurning qisqartirilgan belgilanishi), 54/200 profilidagi varaqlarda esa — qalinligi;
partiya raqami.
184. Markirovka sifati nizoli holatga sabab boʻlish imkoniyatini istisno etadigan darajada boʻlishi lozim.
185. Varaqlar va detallar oʻramsiz yetkazib beriladi.
186. Asbestotsement toʻlqinli varaqlar va ularning detallari GOST 30244-94 “Qurilish materiallari. Yonuvchanligini sinash usullari” boʻyicha yonmaydigan qurilish materiallari guruhiga kiradi.
187. Shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tashkilot varaqlar va detallarning har bir partiyasiga ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatni ilova qilishi lozim, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va manzili;
varaqlarning (detallarning) shartli belgilanishi;
partiya raqami va ishlab chiqarilgan sanasi;
yetkazib berishdagi har bir partiyada varaqlar va detallarning soni;
har bir partiya sinovlarining natijalari;
normativ hujjat raqami.
188. Varaqlar va detallarni tashish har qanday turdagi transport vositasida yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
189. Quvurlar GOST 539-80 “Bosimga moʻljallangan asbestotsement trubalar va muftalar” ga muvofiq tayyorlanadi va saqlanadi.
11-§. Yogʻoch-taxta, taxta materiallari, fanera, DSP
190. Yogʻoch-taxta va taxta materiallari ochiq, maxsus tayyorlangan (drenajlangan, puxta tekislangan va tozalangan, yomgʻir suvi va erigan suvlar oqib ketishini taʼminlaydigan) maydonchalarda saqlanadi. Yogʻochni zararlaydigan hasharotlar va zamburugʻlar rivojlanishining oldini olish maqsadida maydonchalarga antiseptik moddalar bilan ishlov berilishi lozim.
191. Yogʻoch-taxtani joylashtirish ularning namiqish, chirish va zararkunandalardan buzilishiga yoʻl qoʻymasligini taʼminlashi, yogʻochning qiyshayishi va darz ketishiga olib keluvchi oʻta tez qurishini istisno etishi shart. Yogʻoch-taxtani yogʻoch turlari, navlari va oʻlchamlari boʻyicha, taxta materiallarini ishlov berish usullari va profiliga koʻra joylashtirish kerak.
192. Yogʻoch-taxta va taxta materiallari tagida asosi boʻlgan taxlamlarda saqlanadi (masalan, yogʻoch kataklar yoki beton bloklar, ustiga quruq bruslardan progonlar qoʻyiladi). Yer yuzasidan taxlamdagi yogʻoch-taxtaning pastki qatorigacha masofa kamida 50 sm (dumaloq yogʻochlar uchun — 20—30 sm) boʻlishi kerak.
193. Toʻshamaning yogʻoch elementlariga antiseptik bilan ishlov berilishi kerak. Yerga tegib turgan joylari va elementlarning bir-biriga tegib turuvchi joylariga alohida puxta ishlov berilishi lozim.
194. Dumaloq yogʻochlar, taxlam qiyshayib qolmasligi uchun har bir qatorda ildiz tomoni har xil tomonga qaratib taxlanadi. Taxlamlarning yuza tomonlari tekislanadi. Dumaloq yogʻochlarni taxlamning butun balandligi boʻylab dumaloq, poʻstlogʻi olingan yogʻochlardan oraliq qatorlar bilan ajratilgan gorizontal qator qilib taxlash kerak. Taxlamlarning pastki qatorida dumaloq yogʻochlar orasida eni 30-40 sm boʻlgan oraliqlar qoldirilishi shart. Dumaloq yogʻochlarning uchlari himoya vositalari (boʻr, ohak, bitumli emulsiya va hokazo) bilan qoplanadi.
195. Taxta materiallari GOST 8486-86 “Ignabargli taxta materiallari” talablariga mos boʻlishi kerak. Ular yogʻoch turlari, navlari, ishlov berish usullari, eni va qalinligiga qarab taxlamlarga alohida taxlanadi.
196. Namligi yuqori (22 foizdan ortiq) boʻlgan taxta materiallari oraliq elementlar bilan taglikka yoki katak qilib taxlanadi. 22 foiz namlikkacha quritilgan taxta materiallari zich taxlamlarga (dastalar, paketlar shaklida) joylashtiriladi.
197. Taxlamning ustida 22-25 mm qalinlikdagi taxtalardan nishabligini yoʻlaklarga qaratib 1 pog.m uzunlikda, 10-12 sm qiyalikda vaqtincha, qismlarga ajratiladigan tom yasaladi. Tom taxlam uchlaridan 0,5-0,75 m ga chiqib turishi kerak.
198. Ninabargli yogʻoch turlarining randalangan taxta materiallari, detallari yopiq xonalarda yoki bostirma ostida yon tomonidan himoya shchitlari oʻrnatilgan holda saqlanishi kerak. Agar ularning namligi 25 foizdan ortiq boʻlsa, uzoq saqlash uchun taxlashdan avval ular quritish taxlamlarida tabiiy quritilishi kerak. Taxta materiallarining uchlari ohak eritmasi bilan qoplanishi kerak. Namlikdan himoyalovchi qoplamlar va oqlangan qoplami saqlash davomida vaqt-vaqti bilan yangilanishi kerak.
199. Tashqi tomoni koʻkargan va koʻndalang kesimi koʻkargan taxta materiallarni uzoq saqlashga joylashtirish taqiqlanadi. Koʻndalang kesimida koʻkarish borligini nazorat qilish uchun partiyadan 1 foiz miqdorida taxta materiallarining ayrim donalarining uchlari kesiladi. Materialda koʻk rang yoki boshqa mikrobiologik shikastlanish alomatlari topilganda taxlam darhol toʻliq ajratib tekshiriladi. Zararlangan taxta materiali saqlash omboridan tashqariga chiqariladi.
200. Uzoq saqlashga qoʻyiladigan barcha yogʻoch-taxtaga antiseptik, insektitsid va antipiren moddalar bilan ishlov berilishi kerak.
201. Quruq yogʻoch-taxta taxlamlarini qor va yomgʻir paytida qayta taxlash va ajratib olish hamda har qanday koʻchirishda tagliksiz yerga taxlash taqiqlanadi.
202. Taxlamlarning yoʻlaklarga qaratilgan tomonlariga taxlam raqami, yogʻoch-taxta materialining nomi, navi, oʻlchami, miqdori, taxlangan sanasi va yangilash muddati koʻrsatilgan yorliqlar yopishtirilishi lozim.
203. Yogʻoch-taxta taxlamlari oʻrtasidagi oraliqlar GOST 3808.1-80 “Ignabargli taxta materiallari. Atmosferada quritish va saqlash” talablariga muvofiq belgilanishi va yogʻoch-taxtani koʻzdan kechirish va ularga ishlov berish imkoniyatini taʼminlashi shart.
204. Fanera yopiq isitilmaydigan omborlarda tagliklar ustida saqlanadi.
205. Fanera GOST 30427-96 “Umumiy foydalanish uchun fanera. Tashqi koʻrinishi boʻyicha tasniflash” va GOST 3916.1-96 “Bargli jinsga oid tashqi shpon qatlamli umumiy foydalanish uchun fanera” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
206. Fanera yuzasining tashqi koʻrinishiga qarab navlarga, yelim birikuvining suvga chidamliligi darajasiga qarab rusumlarga, yuzasiga ishlov berilishi darajasiga qarab silliqlangan va silliqlanmagan faneraga boʻlinadi.
207. Tashqi qatlamlarining tashqi koʻrinishga qarab fanera beshta navga boʻlinadi: E (elita), I ,II, III, IY.
208. Fanera yelim birikuvining suvga chidamliligi darajasiga qarab quyidagi rusumlarga boʻlinadi:
FSF — yuqori darajada suvga chidamli fanera;
FK — suvga chidamli fanera.
209. Fanera yuzasiga mexanik ishlov berilishi darajasiga qarab quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
silliqlanmagan — NSH;
bir tomonidan silliqlangan — Sh1;
ikki tomonidan silliqlangan — Sh2.
210. Fanera varaqlarining oʻlchamlari va qatlamlari soni GOST 3916.1-96 ga muvofiq boʻlishi lozim.
211. Fanera varaqlari toʻgʻri burchak ostida qirqilgan boʻlishi kerak, qiyaligi 1 m ga 2 mm dan oshmasligi lozim.
212. Fanera markirovkasida quyidagilar koʻrsatiladi:
mahsulot nomi;
tashqi va ichki qatlamlar yogʻochining turi;
markasi;
tashqi qatlamlar shponi navining birikmasi;
yuzaga ishlov berish turi;
oʻlchamlari;
normativ hujjat raqami.
213. Faneraning tashqi qatlamlarini ishlab chiqarish uchun bargli daraxtlar: qayin, olxa, zarang, ilm, qora qayin, togʻterak, terak, joʻka shponi qoʻllanadi. Ichki qatlamlar uchun ignabargli daraxtlar: qaragʻay, archa, oq qaragʻay, tilogʻoch va kedr shponi qoʻllanadi.
214. Fanera uning tashqi qatlamlari tayyorlangan yogʻoch turidan tayyorlangan deb hisoblanadi.
215. Fanera yogʻoch turlari, oʻlchamlari, navlari, qobigʻi yuzasidagi ishlov berishning turi va markalariga koʻra dastalarga oʻralgan boʻlishi kerak.
216. Dastaning vazni 1500 kg dan oshmasligi lozim. Faneraning yuza tomonlari dasta ichiga qaratilishi lozim. Dastalar metall tasma yoki sim bilan dastalarning barcha yon tomonlarida yogʻoch plankalar qoʻyilgan holda tortib bogʻlanadi.
217. Faneralar dasta qilib yotqizib, oraliq yogʻoch qoʻymasdan taxlanadi. Har bir fanera dastasida yoki bogʻlamida uning nomi, markasi, normativ hujjat nomi, yetkazib beruvchi tashkilot, varaqlar oʻlchami, qalinligi, miqdori, joylashtirish va yangilash sanasi koʻrsatilgan tegishli yorliq boʻlishi lozim.
218. DSP plitalar GOST 10632-2007 “Taxta-qirindi plitalar” talablariga mos boʻlishi hamda yopiq omborlarda, turlari va oʻlchamlari boʻyicha ajratilgan holda, tekis tagliklarga paket qilib gorizontal yotqizilgan holda saqlanishi kerak. Har bir dastada material nomi, markasi, yogʻoch turi, navi, yetkazib beruvchi tashkilot, dastadagi plitalar soni, normativ hujjat nomi, joylashtirish va yangilash sanasi koʻrsatilgan yorliqlar boʻlishi lozim.
219. Yogʻoch-taxta va ulardan yasalgan buyumlarni uzoq saqlash uchun moʻljallangan hududni jihozlashda yongʻin xavfsizligi talablari bajarilishiga alohida eʼtibor qaratilishi kerak.
220. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda saqlash muddatlari quyidagilarni tashkil etadi:
yogʻoch-taxta — 4 yil, bostirmada va ochiq maydonchada;
taxta materiallari — 5 yil, bostirmada va ochiq maydonchada;
yelimli fanera, DSP — 4 yil, isitilmaydigan omborda.
12-§. Gazeta qogʻozi
221. Birinchi guruhga GOST 6445-74 “Gazeta qogʻozi” va Oz DSt 1077:2005 “Gazeta qogʻozi. Texnik shartlar” talablariga javob beradigan gazeta qogʻozi (bundan buyon matnda qogʻoz deb yuritiladi) joylashtiriladi.
222. Qogʻoz oson yonuvchan materialdir (yonib ketish harorati 165° S va oʻz-oʻzidan yonib ketish harorati 300-450° S). Rulonlarda (dastalarda) qogʻoz issiqlikdan oʻz-oʻzidan yonib ketishi mumkin. Oʻz-oʻzidan isib ketish harorati 100° S.
223. Moʻljallanishi va sifat koʻrsatkichlariga qarab, gazeta qogʻozi quyidagi rusumlarda ishlab chiqarilishi mumkin: V, O, A, B.
224. Qogʻoz rulonlarining eni 420, 594, 840, 1260, 1485, 1680 mm qilib belgilanadi. Qogʻoz rulonlari diametri 850 va 950 mm boʻlishi kerak, yoʻl qoʻyiladigan chetlashuvi ± 50mm.
225. Qogʻoz quruq, usti yopiq toza transport vositalarida GOST 1641-75 “Qogʻoz. Oʻrash, markirovka qilish, tashish va saqlash” talablari boʻyicha oʻralgan holda tashilishi lozim.
226. Tashish va saqlash paytida qogʻoz rulonlari yon uchiga qoʻyilishi yoki gorizontal holda boʻlishi lozim. Omborlarda va tashish paytida rulonlar va dastalarni tashlab yuborish taqiqlanadi.
227. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda qogʻozni saqlash muddati 4 yilni tashkil etadi.
13-§. Payvandlash elektrodlari
228. Payvandlash elektrodlari (bundan buyon matnda elektrodlar deb yuritiladi) GOST 9466-75 “Poʻlatni payvandlash va eritish uchun metall bilan qoplangan elektrodlar. Tasniflash va umumiy texnik shartlar”, GOST 9467-75 “Konstruksiyali va issiqqa chidamli poʻlatni payvandlash uchun metall bilan qoplangan elektrodlar. Turlari”, GOST 10051-73 “Kalibrovka qilingan prokat. Umumiy texnik shartlar” talablariga mos kelishi lozim.
229. Elektrodlarning oʻqlari GOST 2246-70 “Payvandlash uchun poʻlat sim. Texnik shartlar” talablariga muvofiq payvandlash simidan yasalgan boʻlishi lozim.
230. Elektrodlarning qoplami zich, mustahkam boʻlishi, shishlar, gʻovaklar, doʻnglar boʻlmasligi kerak.
231. Elektrodlarning qoplami yuzasida bitta elektrodda koʻpi bilan ikkita yuzaki boʻylama darzlar va lokal toʻrli darz ketishlarga yoʻl qoʻyiladi, har bir darz yoki darz ketish uchastkasining uzunligi diametri 4 mm gacha boʻlgan elektrodlar uchun koʻpi bilan 10 mm va diametri 4 mm dan ortiq boʻlgan elektrodlar uchun koʻpi bilan 15 mm boʻlishi mumkin.
232. Elektrodlarning qoplami yuzasida bitta elektrodda koʻpi bilan toʻrtta va jami uzunligi 25 mm gacha boʻlgan, chuqurligi qoplam qalinligining koʻpi bilan 50 foizigacha boʻlgan lokal oʻyiqlarga yoʻl qoʻyiladi.
Elektrodning ikki tomonida bitta koʻndalang kesimda joylashgan ikkita lokal oʻyiqlar, agar ularning jami chuqurligi qoplam qalinligining 50 foizidan oshmasa, bitta oʻyiq deb qabul qilinishi mumkin.
233. Qoplamdan tozalangan elektrodning aloqa uchiga yondosh elektrod uchastkasida, oʻqning yalangʻochligiga yoʻl qoʻyiladi (ishqorli qoplam bilan elektrodlar uchun koʻpi bilan 1,6 mm, kislotali, sellyuloza va rutil qoplamli elektrodlar uchun koʻpi bilan oʻqining 2/3 diametrigacha).
234. Qoplamning yuzasida uzunligi koʻpi bilan 15 mm, chuqurligi qoplamning nominal qalinligidan koʻpi bilan 25 foizi boʻlgan, bitta elektrodda koʻpi bilan ikkita lokal shilinish boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
235. Elektrodlar quyidagi usullardan biri bilan qutilarga yoki dastalarga oʻralgan boʻlishi lozim:
germetiklanadigan plastmassa qutilarga (penallarga);
GOST 8273-75 “Oʻrash qogʻozi. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 8273-75 deb yuritiladi) boʻyicha oʻram qogʻoziga yoki xususiyatlari boʻyicha unga teng boʻlgan qogʻozga oʻralgan dastalarga, dastalar germetiklanadigan metall qutilarga solinadi;
GOST 8273-75 boʻyicha qalinligi kamida 0,7 mm boʻlgan oʻram qogʻoziga yoki xususiyatlari boʻyicha unga teng boʻlgan qogʻozga oʻralgan dastalarga, har bir dasta GOST 10354-82 “Polietilen plyonka. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 10354-82 deb yuritiladi) boʻyicha qalinligi 0,1-0,2 mm polietilen qoplamga germetik qilib oʻraladi;
GOST 8273-75 boʻyicha oʻram qogʻoziga yoki xususiyatlari boʻyicha unga teng boʻlgan qogʻozga oʻralgan dastalarga, har bir dasta GOST 10354-82 boʻyicha qalinligi 0,1-0,2 mm boʻlgan polietilen qoplamdan yasalgan germetik qoplamga oʻraladi;
GOST 7933-89 “Isteʼmol idishi uchun karton. Umumiy texnik shartlar” boʻyicha qalinligi kamida 0,8 mm boʻlgan “A”, “B” yoki “V” markali kartondan yasalgan qutilarga;
GOST 8828-89 “Asos qogʻoz va ikki qoplamli suv oʻtkazmaydigan oʻrash qogʻozi” boʻyicha B-70, B-80, V-70, V-80 yoki G-80 markali ikki qavatli oʻram qogʻoziga yoki GOST 2228-81 “Qop uchun qogʻoz. Texnik shartlar” boʻyicha V-70 yoki V-78 markali namlikka chidamli qop qogʻoziga yoki xususiyatlari boʻyicha unga teng boʻlgan qogʻozga oʻralgan dastalarga.
236. Qutida yoki dastada elektrodlarning massasi:
diametri 2,5 mm gacha boʻlgan elektrodlar uchun — 3 kg;
diametri 3,0- 4,0 mm boʻlgan elektrodlar uchun — 5 kg;
diametri 4,0 mm dan ortiq boʻlgan elektrodlar uchun — 8 kg dan oshmasligi lozim.
237. Elektrodli yashiklar yoki qutilarni yashikli metall tagliklarga va yirik oʻlchamli yashiklarga solish balandligi 600 mm dan oshmasligi kerak.
Oʻram oʻrinlarining brutto ogʻirligi:
karton yashiklar uchun — 32 kg;
yogʻoch tolali plitalardan yasalgan yashiklar uchun — 50 kg;
yogʻoch yashiklar uchun — 80 kg;
yashikli metall tagliklar va yirik oʻlchamli yashiklar uchun — 1100 kg dan oshmasligi lozim.
238. Har bir elektrodli dasta yoki quti ustida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan yorliq yoki markirovka boʻlishi kerak:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
elektrodlarning shartli belgilanishi;
partiya raqami va ishlab chiqarilgan sanasi;
elektrodlarning qoʻllanish sohasi;
elektrodlarning diametri va payvandlash yoki metall qoʻshish holatiga qarab payvandlash tokining rejimlari;
payvandlash yoki metall qoʻshishni bajarishning alohida shartlari;
elektrodlarning shartli belgilanishida koʻrsatilmagan chok yoki payvandlash birikmasining metalli, qoʻshilgan metallning mexanik va maxsus xususiyatlari;
elektroddan foydalanishdan avval qoplamda namlikning yoʻl qoʻyiladigan miqdori;
elektrodlarni takroriy qizdirish rejimi;
quti yoki dastadagi elektrodlarning vazni.
239. Elektrodlarning har bir partiyasiga shartnomaga muvofiq elektrodlarning normativ hujjat talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi yoki mahsulot belgisi;
elektrodlarning shartli belgilanishi;
partiya raqami va ishlab chiqarilgan sanasi;
partiyaning netto ogʻirligi (kg);
elektrod oʻqlari simining markasi, normativ hujjat raqami koʻrsatilgan holda.
240. Elektrodlar har qanday yopiq transport vositasida yuklarni tashish qoidalariga muvofiq tashiladi.
241. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda elektrodlarni saqlash muddatlari isitilmaydigan omborlarda 5 yilni tashkil etadi. Elektrodlarni saqlash muddati ular ishlab chiqarilgan yil choragidan boshlab hisoblanadi.
14-§. Qoʻrgʻoshin, surma
242. Qoʻrgʻoshin (Pb) GOST 3778-77 “Qoʻrgʻoshin. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 3778-77 deb yuritiladi) talablariga mos boʻlishi kerak. Qoʻrgʻoshin koʻkish-kul rang metall, yangi singan joyida oʻziga xos metall rangi yaltiraydi. Qoʻrgʻoshin quymalarining yuzasi toʻq koʻk rangdan binafsha ranggacha turlicha boʻladi. Qoʻrgʻoshin yumshoq, oson bukiladi qilinadi va bolgʻalanadi. Zichligi — 11340 kg/m3, erish harorati — 327,3° S.
243. Qoʻrgʻoshin odatdagi atmosfera sharoitida juda barqaror metall boʻlib, amalda korroziyaga uchramaydi.
244. Nam havoda uzoq boʻlganda qoʻrgʻoshin yuzasi oq qoplam (qoʻrgʻoshin karbonat) bilan qoplanadi.
245. Surma (Sb) — kumush-kul rang metall, oʻziga xos metall rangi yaltiraydi. Zichligi — 6690 kg/m3, erish harorati — 630,5° S. Surma moʻrt metall, zarbalarda oson sinib, kukun boʻlib yemiriladi.
Surma xona haroratida havoda oksidlanmaydi, erish haroratidan yuqoriroq qizdirilganda surmaning zaharli oksidlaridan iborat boʻlgan oq tutun hosil qilib, yonadi. Surma changi va surmaning oksidlari zaharli.
246. Qoʻrgʻoshin normativ hujjatga muvofiq bir necha rusumda, ogʻirligi 30 dan 40 kg gacha yassi tubi boʻlgan quymalar shaklida yoki oʻzaro birlashtiriladigan quymalar shaklida va vazni 1, 2, 3 tonna boʻlgan bloklar shaklida chiqariladi.
247. Shartnomaga muvofiq qoʻrgʻoshin quymalari paketli shaklda yetkazib berilishi mumkin.
248. Qoʻrgʻoshin quymalari va bloklarining yuzasi kukunsimon oksidlar va begona aralashmalarsiz boʻlishi kerak. Rang oʻzgarishlari, oq qoplami va kichrayish oʻyiqlari boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Quymalar va bloklar qat-qat boʻlmasligi lozim.
249. Qoʻrgʻoshinning har bir quymasi va blokida ishlab chiqaruvchi tashkilotning mahsulot belgisi va partiya raqami koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Qoʻrgʻoshin quymalari va bloklariga normativ hujjat talablariga muvofiq har bir marka uchun maʼlum rangli boʻyoq bilan yon tomoniga markirovka qoʻyiladi.
250. Har bir paketda yuqori qatorning bir-ikkita quymasiga yuvilmaydigan boʻyoq bilan quyidagilar koʻrsatilgan aniq markirovka bosilishi kerak: metall markasi, paketdagi quymalar soni, paket vazni (brutto va netto) kilogrammda, paketning tartib raqami.
251. Surma normativ hujjatga muvofiq ogʻirligi 15-25 kg boʻlgan kesik piramida shaklida chiqariladi.
252. Surmaning SuO-Su2 markali quymalari oʻramsiz yetkazib beriladi. SuOO markali surma quymalari va shartnomaga muvofiq SuO-Su2 markali surma quymalari qogʻozga oʻraladi va zich yogʻoch yashiklarga taxlanadi.
253. Surmani konteynerlarda va paketlar shaklida yetkazib berishga yoʻl qoʻyiladi.
254. Surma bir markali va bir eritishdagi metalldan iborat boʻlgan partiyalar bilan yetkazib beriladi.
255. Surmaning har bir quymasida surmaning markasi, partiya raqami, ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va mahsulot belgisi koʻrsatilishi kerak.
256. Saqlash sharoitlariga amal qilinganda surma oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotmaydi. GOST 3778-77 ga muvofiq tarkibida 0,02 mg/m3 dan kam oltingugurtli gaz boʻlgan qoʻrgʻoshinni saqlash muddati — 15 yil.
15-§. Poʻlat quvurlar
257. Payvandlanadigan suv, gaz oʻtkazuvchi poʻlat quvurlar GOST 3262-75 “Suv, gaz oʻtkazuvchi poʻlat quvurlar. Texnik shartlar” boʻyicha, yuqa qatlamli quvurlar GOST 10705-80 “Elektrpayvandlangan poʻlat quvurlar. Texnik shartlar” (bundan buyon matnda GOST 10705-80 deb yuritiladi) boʻyicha, poʻlat choksiz quvurlar GOST 8732-78 “Issiq holda deformatsiyalangan choksiz quvurlar. Sortlari” (bundan buyon matnda GOST 8732-78 deb yuritiladi) boʻyicha ishlab chiqarilgan boʻlishi lozim.
258. GOST 10705-80 ga muvofiq sifat koʻrsatkichlari boʻyicha elektr payvandlangan quvurlar A, B, V, D guruhlari boʻyicha tayyorlanadi. Sinov bosimi kattaligiga qarab, elektr payvandlangan quvurlar I va II turlariga boʻlinadi.
Elektr payvandlangan quvurlar yuzasida darzlar, oʻyiqlar, notekisliklar, uzilishlar va tirnalishlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Gʻadir-budurlik, oʻyiqlar, chuqurliklar, mayda tirnalishlar, kuyindi qatlami va tozalash izlariga, ular devor qalinligi va quvurning diametrini chegaraviy chetlashuvlardan koʻproq kamaytirmasligi sharti bilan, yoʻl qoʻyiladi. Chetlarining devor nominal qalinligidan 10 foizgacha siljishiga yoʻl qoʻyiladi.
259. Himoya atmosferasida termik ishlov berilgan quvurlarning yuzasida kuyindi boʻlmasligi kerak. Oksid qoplami boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
260. Uzunligi 8 dan 12 m gacha boʻlgan suv-gaz quvurlari yetkazib beriladi.
261. Suv-gaz quvurlarining yuzasida ularning devor qalinligi va quvurning tashqi diametrini chegaraviy chetlashuvlardan koʻproq kamaytirmasligi sharti bilan kichik nuqsonlar boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
Pech payvandlash usulida tayyorlangan quvurlarda chok zonasida balandligi koʻpi bilan 0,5 mm boʻlgan nishabli qalinlashuvga yoʻl qoʻyiladi.
262. Quvurlarning uchlari toʻgʻri burchak ostida kesilgan boʻlishi kerak. Uchining koʻpi bilan 2 gradusga qiyshayishiga yoʻl qoʻyiladi. Tirnalishlar 0,5 mm dan oshmasligi kerak. Chetlarining dumaloqlashuviga yoʻl qoʻyiladi.
263. Choksiz poʻlat quvurlar oʻlchovsiz uzunligi 8 dan 12,5 m gacha uzunlikda yetkazib beriladi. Choksiz poʻlat quvurlarga talablar GOST 8732-78 boʻyicha belgilanadi.
264. Quvurlar partiyalarda qabul qilinadi. Partiya bir oʻlchamdagi, poʻlatning bir markasi, bir turda termik ishlov berilgan va bir tayyorlash guruhiga mansub boʻlgan quvurlardan tashkil topgan boʻlishi kerak. Har bir partiyaga shartnomaga muvofiq quvur sifatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
265. Markirovka qilish, oʻrash, tashish va saqlash GOST 10692-80 “Poʻlat, choʻyan quvurlar va ularning qismlari. Qabul qilish, markirovka qilish, oʻrash, tashish va saqlash” talablari boʻyicha bajariladi.
266. Poʻlat quvurlar (neft quvurlari, suv-gaz quvurlari, yuqa qoplamli quvurlar, choksiz quvurlar, elektr payvandlangan quvurlar) yopiq isitilmaydigan omborlarda yoki bostirma ostida saqlanishi lozim.
267. Quvurlar navlari, turi, tashqi diametri va devorining qalinligi, shuningdek material markasiga qarab alohida saqlanadi.
Poʻlat quvurlarni saqlash uchun ularning miqdoriga qarab, metall skobalar, tirgakli, katakli stellajlar va simli metallni saqlash uchun qoʻllanadigan boshqa turdagi stellajlardan foydalanish mumkin. Quvurlarni taxlamlarda, yogʻoch tagliklar va oraliq zichlagichlar bilan saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
Stellajlarda 5-6 m uzunlikdagi quvurlarni saqlashda, ular kamida uchta joyda tayanchlarga tayanishi kerak.
268. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda quvurlarni saqlash muddati isitilmaydigan omborda 10 yilni tashkil etadi.
16-§. Yupqa varaqli prokat
269. Yupqa varaqli sovuq prokat GOST 9045-93 “Past uglerodli sifatli poʻlatdan qilingan yupqa varaqli sovuq prokat” boʻyicha 3,9 mm gacha qalinlikda tayyorlanadi va quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
a) mahsulot turlari boʻyicha: varaqlar, rulonlar;
b) meʼyorlanadigan xususiyatlari boʻyicha: 1, 2, 3, 4, 5-toifalarga;
v) yuzasiga ishlov berish sifati boʻyicha:
oʻta yuqori ishlov berilgan — I;
yuqori ishlov berilgan — II;
yuqorilangan ishlov berilgan — III (IIIa, III6).
g) choʻzilishi qobiliyatiga koʻra (2 mm gacha qalinlikdagi prokat):
oʻta murakkab — VOSV1), VOSV-T2);
alohida murakkab — OSV;
murakkab — SV;
oʻta chuqur — VG.
270. Yupqa varaqli prokatning navi va turlari GOST 19904-90 “Varaqli sovuq prokat” talablariga mos kelishi kerak.
271. Yupqa varaqli prokat termik ishlov berilgan va dresslangan holatda ishlab chiqariladi. Shartnomaga muvofiq yupqa varaqli prokat dresslanmagan holatda ishlab chiqariladi, bunda yoʻl-yoʻl siljish chiziqlari, payvandlash yopishgan dogʻlari va bukilishiga yoʻl qoʻyiladi, oquvchanlik chegarasi, sferik oʻyiq chuqurligi, nisbiy uzayishi, tekislik yassiligi va gʻadir-budurlik koʻrsatkichlari meʼyorlanmaydi.
272. Yupqa varaqli prokat cheti kesilmaydigan va kesilgan holatda ishlab chiqariladi. Chetlarida chuqurligi prokatning eni boʻyicha chegaraviy chetlashuvning yarmidan ortiq boʻlgan va prokatning eni boʻyicha nominal oʻlchamidan chiqib ketuvchi nuqsonlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
273. Yupqa varaqli prokatda egilgan burchaklari, uchlarining bukilishi va 90 gradusdan ortiq burchakda boʻlgan chetlari, burmalari boʻlmasligi lozim.
274. Yupqa varaqli prokatning yuzasida oʻyiqlar, teshib oʻtuvchi uzilishlar, pufak-doʻnglar, prokatlangan pufaklar, payvandlash yopishgan dogʻlari, kesimlar, uzilishlar, ichiga kiritilgan kuyindi, yeyilgan joylar, kam oʻyilgan joylar, ichiga kiritilgan metall va begona zarralar boʻlmasligi lozim. Qat-qat koʻchishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
275. Yupqa varaqli prokatni oʻrash, tashish va saqlash GOST 7566-94 “Metall mahsuloti. Qabul qilish, markirovka qilish, oʻrash, tashish va saqlash” (bundan buyon matnda GOST 7566-94 deb yuritiladi) boʻyicha bajariladi.
276. Yupqa varaqli prokat ikkala tomonidan korroziyadan asraydigan moylash vositasi bilan moylanishi kerak.
277. Varaqlarning dastalari yumshoq poʻlat varaqlariga oʻraladi, bruslarga taxlanib, poʻlat tasmalari bilan mustahkam biriktiriladi.
Yupqa varaqli prokatni tashishda uning saqlanishini taʼminlaydigan boshqa material va oʻram usullaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi. Shartnomaga muvofiq dastalar yumshoq poʻlat varaqlariga oʻrashdan avval qoʻshimcha suv oʻtkazmaydigan qogʻoz bilan oʻraladi.
278. Yupqa varaqli prokat yopiq isitilmaydigan omborlarda va bostirmada saqlanadi.
279. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda saqlash muddatlari quyidagilarni tashkil etadi:
a) yupqa varaqli poʻlat:
qalinligi 1-1,8 mm: isitilmaydigan omborda — 5 yil, bostirmada — 1 yil;
qalinligi 1,9-3,9 mm: isitilmaydigan omborda — 8 yil, bostirmada — 2 yil.
b) tom uchun varaqli poʻlat: isitilmaydigan omborda yoki bostirmada — 5 yil.
280. Yupqa varaqli prokat yotqizib saqlashda toʻshamalarga dasta qilib taxlanadi yoki maxsus stellajlar va tirgaklarda qirrasiga oʻrnatiladi. 3,9 mm gacha qalinlikdagi dastalarga taxlangan varaqli prokatning yon tomonlarini korroziyaga qarshi moylash vositasi bilan qalin qilib moylash lozim. Varaqli prokat taxlamining balandligi koʻpi bilan 1,5 m boʻlishi kerak.
17-§. Qalin varaqli prokat
281. Qalin varaqli prokat GOST 1577-93 “Konstruksiyali sifatli poʻlatdan qilingan qalin va keng varaqli prokat” talablariga muvofiq sifatli konstruksiyaviy va legirlangan poʻlatdan 4-160 mm qalinlikda (varaqli), 4-12 mm qalinlikda (rulonli), 6-60 mm qalinlikda (keng yoʻlli) ishlab chiqarilgan boʻlishi lozim.
Prokat yuzasining sifati va chetlari GOST 14637-89 “Oddiy sifatli uglerodli poʻlatdan qilingan qalin varaqli prokat” talablariga mos kelishi lozim. Prokatda qat-qat koʻchishga yoʻl qoʻyilmaydi.
282. Qalin varaqli prokatning navlari va turlari quyidagilarga mos kelishi kerak:
varaqli va rulonli prokat uchun — GOST 19903-74 “Qaynoq prokatka qilingan varaqli prokat” talablariga;
keng yoʻlli prokat uchun — GOST 82-70 “Qaynoq prokatka qilingan keng universal poʻlat prokat” talablariga.
283. Prokatni markirovka qilish, prokat dastalari va bogʻlamlarini oʻrash GOST 7566-94 boʻyicha bajariladi.
284. Tashish uchun markirovka qilish GOST 14192-77 “Yuklarni markirovka qilish” boʻyicha bajariladi.
285. Prokat partiyalarda qabul qilinadi. Quymali prokat uchun partiya bir markali poʻlatdan boʻlgan, qalinligi bir oʻlchamli, bitta termik ishlov berilgan boʻlishi lozim.
286. Har bir partiyaga shartnomaga muvofiq GOST 7566-94 ga muvofiq mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
287. Qalin varaqli prokatni tashish va saqlash GOST 7566-94 boʻyicha bajariladi.
288. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada belgilangan saqlash shartlariga rioya qilinganda saqlash muddati quyidagicha boʻladi:
bostirmada — 5 yil;
isitilmaydigan omborda — 8 yil.
289. Qalin varaqli prokat barcha turdagi transport vositalarida yuklarni tashish qoidalarga muvofiq tashiladi.
290. Qalin varaqli prokat yarim yopiq omborlarda va bostirmada saqlanadi.
291. Qalin varaqli prokatni yotqizib saqlashda toʻshamalarga dasta qilib taxlanadi.
18-§. Balkalar va shvellerlar
292. Ikki tavrli balkalar va shvellerlar GOST 19425, GOST 26020, GOST 8240 boʻyicha qaynoq prokat qilingan poʻlatdan tayyorlanadi va quyidagi turlarga boʻlinadi:
B — normal ikki tavrli, yuqori aniqlikdagi shvellerlar;
V — oddiy aniqlikdagi shvellerlar;
Sh — keng nuqtali ikki tavrli detallar;
K — ustunli ikki tavrli detallar;
M — osma yoʻllar uchun ikki tavrli detallar;
S — avtomobil sanoati uchun shvellerlar.
293. Balkalar va shvellerlar 4 dan 13 m gacha (GOST 19425), 4 dan 12 m gacha (GOST 8240), 6 dan 24 m gacha (GOST 26020) uzunlikda ishlab chiqariladi:
oʻlchovli uzunlikda;
oʻlchovli uzunlikda, kesimlari bilan;
oʻlchovliga baravar uzunlikda;
oʻlchovliga baravar uzunlikda, kesimlari bilan;
oʻlchovsiz uzunlikda.
294. Har bir partiyaga shartnomaga muvofiq GOST 7566-94 ga muvofiq mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
295. Mustahkam dastalarda kelib tushgan balkalar va shvellerlar taxlamlarga dasta qilib omborga joylashtiriladi. Taxlamga suv tushishining oldini olish uchun balkalar va shvellerlarning ustki toʻrtta qatori taxlamlarga “qulf” qilib bostirma shaklida suv oqishi uchun nishablik bilan yotqiziladi va ikkala tomonidan 0,5 dan 1 m gacha soyabonlar oʻrnatiladi.
296. Balkalar va shvellerlar uchun taxlamning balandligi mahsulot osti tagligi yuzasidan 3 m qilib belgilanadi, tayanchlar orasida masofa kamida 1,5 m boʻlishi kerak.
297. Yirik gabaritli balkalar va shvellarni ochiq maydonda saqlash mumkin.
298. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda balkalar va shvellerlarning saqlash muddati isitilmaydigan omborda yoki bostirmada 10 yilni tashkil etadi.
19-§. Katanka
299. Katanka GOST 30136-95 “Oddiy sifatli uglerodli poʻlatdan qilingan katanka. Texnik shartlar” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
300. Katanka GOST 380 boʻyicha barcha kislotadan chiqarish darajalari boʻlgan StO, St1, St2, StZ markali oddiy sifatli uglerodli poʻlatdan ishlab chiqarilgan boʻlishi lozim.
301. Tayyor katankaning kimyoviy tarkibi va chegaraviy ogʻishlari GOST 380 ga mos boʻlishi kerak.
302. Katanka yuzasida prokat qilingan darzlar, oʻyiqlar, moʻysimon doʻnglar va prokat qilingan gardlar boʻlmasligi lozim. Izlar, notekisliklar, prokat qilingan pufaklar va tirnalishlar, katankaning diametri boʻyicha chegaraviy ogʻishlardan oshgan ayrim mayda notekisliklarga yoʻl qoʻyilmaydi.
303. Katanka bitta uzluksiz kesimdan iborat boʻlgan oʻramlarda tayyorlanadi. Katanka oʻramlari chalkashtirmay oʻralishi kerak. Partiya vaznidan koʻpi bilan 10 foiz miqdorda katankani ikki kesimdan iborat boʻlgan oʻramlarda tayyorlashga yoʻl qoʻyiladi.
304. Bir oʻramning vazni kamida 160 kg boʻlishi kerak. Partiyada koʻpi bilan 10 foizgacha vazni 160 kg dan kam, lekin kamida 100 kg boʻlgan oʻramlarga yoʻl qoʻyiladi.
305. Katankani markirovka qilish GOST 7566-94 boʻyicha bajariladi.
306. Ikki kesimdan iborat boʻlgan oʻramlar ikkita yorliqqa ega boʻlishi shart.
307. Shartnomaga muvofiq har bir partiyaga katankani sovutish usuli koʻrsatilgan hujjat ilova qilinadi.
308. Katankani oʻrash, tashish va saqlash GOST 7566-94 boʻyicha bajariladi.
309. Katanka bir diametrli, bir eritishdan olingan va bir usulda sovutilgan katanka oʻramlaridan iborat boʻlgan partiyalar bilan qabul qilinadi.
310. Bir vagonda bir markali poʻlatdan yasalgan bir yoki bir nechta partiyadagi maʼlum diametrli katanka tashilishi mumkin.
311. Katanka yopiq isitilmaydigan omborlarda va bostirmada saqlanishi lozim.
312. Katanka ishlab chiqaruvchi tashkilot oʻramida saqlanadi. Oʻramlar tagliklarga taxlam qilib (qirrasiga 25-30 gradus burchak ostida qator qilib) yoki yogʻoch toʻshamali stellajlarda taxlanadi.
313. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda katankani saqlash muddati isitilmaydigan omborda 10 yil va bostirmada 8 yilni tashkil etadi.
20-§. Yirik navli, oʻrta navli va mayda navli poʻlat
314. Qaynoq prokat qilingan poʻlat burchaklar GOST 8509-93 “Qaynoq prokatka qilingan burchaklar. Sortlari” (bundan buyon matnda GOST 8509-93 deb yuritiladi) talablariga muvofiq ishlab chiqariladi.
Poʻlat burchaklarning oʻlchamlari, koʻndalang kesimining maydoni, oʻqlari uchun maʼlumot kattaliklari va 1 m burchaklarning vazni GOST 8509-93 talablariga mos kelishi lozim. Aniqligiga koʻra poʻlat burchaklar yuqori aniqlikda — A, oddiy aniqlikda — V tayyorlanadi. Poʻlat burchaklar 4 dan 12 m gacha uzunlikda ishlab chiqariladi.
315. Silliq va poʻlat armatura GOST 5781-82 “Temir-beton konstruksiyalarni armaturalash uchun qaynoq prokatka qilingan poʻlat” (bundan buyon matnda GOST 5781-82 deb yuritiladi) talablariga muvofiq ishlab chiqariladi. Mexanik xususiyatlariga qarab, poʻlat armatura A-I, A-II, A-III, A-IV, A-V, A-VI sinflariga boʻlinadi.
316. Poʻlat armatura oʻqlar yoki oʻramlarda ishlab chiqariladi. A-I sinfidagi poʻlat armatura silliq holda, A-II, A-III, A-IV, A-V va A-VI sinflaridagisi esa periodik profilda ishlab chiqariladi.
317. Profillarning raqamlari, koʻndalang kesimining maydoni, silliq va poʻlat armaturaning 1 m uzunligining vazni, shuningdek periodik profillar uchun vazn boʻyicha chegaraviy chetlashuvlar GOST 5781-82 talablariga mos kelishi lozim.
318. Periodik profildagi poʻlat armatura ikkita boʻylama qirrasi va uchta kirish vintsimon chiziq boʻylab keluvchi koʻndalang doʻnglari boʻlgan dumaloq profillardan iborat. Diametri 6 mm boʻlgan profillar uchun bir kirish vintsimon chiziq boʻylab keluvchi doʻnglar, diametri 8 mm boʻlgan profillar uchun — ikki kirish vintsimon chiziq boʻylab keluvchi doʻnglarga yoʻl qoʻyiladi.
319. A-I va A-II sinfidagi diametri 12 mm gacha va A-III sinfidagi diametri 1 mm gacha boʻlgan poʻlat armatura oʻramlar yoki oʻqlar, undan kattaroq diametrli armatura faqat oʻqlar shaklida ishlab chiqariladi. A-IV, A-V va A-VI sinfidagi barcha oʻlchamlardagi poʻlat armatura oʻqlar shaklida, diametri 6 va 8 mm boʻlgan armatura shartnomaga muvofiq oʻramlar shaklida ishlab chiqariladi.
320. Oʻqlar 6 dan 12 m gacha uzunlikda ishlab chiqariladi.
321. Profilning yuzasida, jumladan qirralari va doʻnglarining yuzasida, prokatlangan pufaklari, darzlar, prokat notekisliklari va oʻyiqlari boʻlmasligi lozim.
Qirralari va doʻnglarining 1 m uzunlikda koʻpi bilan uchta ayrim lokal shikastlanishi, shuningdek ozgina zanglash, izlar, doʻnglar, ayrim prokat qilingan ifloslanishlar, yoʻl qoʻyiladigan chetlashuvlar doirasida gʻadir-budurlikka yoʻl qoʻyiladi.
322. Poʻlat armatura bir diametrli, bir sinfdagi, bir eritish kovshidan olingan va bitta mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat bilan rasmiylashtirilgan partiyalarda qabul qilinadi.
323. Shartnomaga muvofiq har bir partiyaga GOST 7566-94 boʻyicha mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi, unda profil raqami va sinfi koʻrsatiladi.
324. Yirik navli, oʻrta navli va mayda navli poʻlat isitilmaydigan omborlarda va bostirmada saqlanadi.
325. Normativ hujjat va mazkur Yoʻriqnomada nazarda tutilgan saqlash shartlariga rioya qilinganda saqlash muddatlari:
yirik navli, oʻrta navli poʻlat isitilmaydigan omborlarda — 10 yil, bostirmada — 8 yilni;
mayda navli poʻlat isitilmaydigan omborlarda — 7 yil, bostirmada — 4 yilni tashkil qiladi.
III Bob. Yakuniy qoida
326. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 22-noyabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 22-noyabr
“Oʻzbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi Boshqaruvi raisi Sh. FAYZULLAYEV
2013-yil 22-noyabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2013-yil 22-noyabr
“Oʻzkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi X. SHERMATOV
2013-yil 22-noyabr
“Oʻzqurilishmateriallari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi E. AKRAMOV
2013-yil 22-noyabr
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi T. DJALILOV
2013-yil 22-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 698-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)