Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000-yil hosilini yetishtirish uchun kuzgi-qishki agrotexnika tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2000-yil hosilini yetishtirish uchun 1999-yilning sentyabr — dekabr oylarida oʻtkaziladigan kuzgi-qishki agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2000-yilgi paxta xomashyosi, boshoqli ekinlar doni, sholi hosilini yetishtirish uchun 1999-yilda oʻtkaziladigan kuzgi-qishki agrotexnika tadbirlariga avans berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, kuzgi-qishki tadbirlarga avans berish davlat resurslariga xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi yuzasidan:
boshoqli ekinlar doni boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 17-avgustdagi 391-son qarori bilan belgilangan miqdorlarda;
paxta xomashyosi va sholi boʻyicha — 1999-yil uchun belgilangan davlat xaridlari hajmlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi va “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasiga Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” Xolding kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan 2000-yil hosili uchun ushbu qarorning 2-bandida belgilangan hajmlarda, 1999-yilgi xarid narxlaridan kelib chiqqan holda avans berish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzishni 1999-yil 15-oktabrgacha taʼminlash vazifasi yuklansin.
Belgilab qoʻyilsinki, 2000-yil hosili yuzasidan uzil-kesil kontraktatsiya shartnomalari 2000-yilning I choragida, paxta xomashyosi yetishtirish, sholi boʻyicha davlat xaridlari va ularning xarid narxlari prognozi belgilangan tartibda tasdiqlangandan keyin tuziladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi, Jamgʻarmaning moliya agentlari boʻlgan tijorat banklari, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi va “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagrosugʻurta” kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda xoʻjaliklarda paxta xomashyosi, boshoqli ekinlar doni va sholi yetishtirish uchun, yangidan tasdiqlangan texnologiya kartalari boʻyicha xarajatlardan va xoʻjaliklarning moddiy-texnika resurslari limitlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan shartnomalar asosida, avans berilishini taʼminlasinlar.
7. Har bir qishloq xoʻjaligi korxonasini ichki xoʻjalik hisob-kitobining va xarajatlarni hisobga olish chek tizimining joriy etilishi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari, tumanlarda esa — tuman hokimlari boshchiligidagi hududiy komissiyalar tuzsinlar, ular zimmasiga amaldagi ichki xoʻjalik iqtisodiy mexanizmini puxta tahlil qilish hamda 1999-yil 1-noyabrgacha tijorat banklariga ichki xoʻjalik hisob-kitobini va xarajatlarni hisobga olishning chek tizimini joriy etishning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1999-yilda paxta xomashyosi va boshoqli ekinlar doni xarid narxlari va ichki xoʻjalik iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 15-maydagi 248-son qarori talablariga muvofiqligi haqida xulosalar taqdim etish vazifasini yuklasinlar.
Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining hisob-kitob Jamgʻarmasining moliya agentlari boʻlgan tijorat banklari 1999-yil 1-noyabrdan boshlab 2000-yil hosili uchun avans berishni faqat viloyatlar komissiyalarining qishloq xoʻjaligi korxonalarini ichki xoʻjalik hisob-kitobi va xarajatlarni hisobga olishning chek tizimi joriy etilishi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ijobiy xulosasi asosida amalga oshirsinlar.
8. Xarajatlarni hisobga olishning chek tizimini va ichki xoʻjalik hisob-kitobini joriy qilmasdan xarajatlarni mablagʻ bilan taʼminlash hollari aniqlangan taqdirda qishloq xoʻjaligi korxonalarining mansabdor shaxslari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi 2000-yilda paxta xomashyosi, boshoqli ekinlar doni va sholi yetishtirish uchun 1999-yilda oʻtkaziladigan kuzgi-qishki agrotexnika tadbirlari uchun avans berishga ajratiladigan mablagʻlardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanilishi yuzasidan yalpi va tanlab tekshirishlarni muntazam ravishda oʻtkazsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B. S. Hamidov va B. M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 23-sentabr,
445-son