Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 1999/2000-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 1999/2000-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar:
oʻzlariga qarashli xoʻjaliklarni 1998/99 yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va nuqsonlarni tanqidiy tahlil qilib chiqsinlar va ularni hisobga olgan holda shaharlar, tumanlar, korxonalar, uy-joylarni, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, madaniy-maishiy, savdo va umumiy ovqatlanish muassasalarini, transport, qurilish tashkilotlarini, qozonxonalarni va muhandislik inshootlarini 1999/2000-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlab qoʻyish yuzasidan oʻn kun muddatda chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Bolalar maktabgacha muassasalarga, kasalxonalarga, poliklinikalarga, uy-joylarga issiqlik uzluksiz berib turilishiga alohida eʼtibor bersinlar;
gaz yoqilgʻisini aholi uchun boʻshatish maqsadida barcha korxonalar va tashkilotlarda ularning qozonxonalari kuz-qish davrida yoqilgʻining zaxira turlari bilan uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun shu yilning 15-oktabriga qadar suyuq va qattiq yoqilgʻining zarur zaxiralarini yaratsinlar;
yongʻinga qarshi idoralar bilan birgalikda uy-joylar, binolar va inshootlar ahvolini va ularning texnik talablar normalariga muvofiqligini tekshirishni shu yilning 1-sentabrigacha amalga oshirsinlar;
kommunal-maishiy obyektlarni gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlashni tugallash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrsinlar va gazni hisobga olish priborlari boʻlmagan sanoat va kommunal-maishiy korxonalarga gaz yetkazib berishni toʻxtatsinlar;
shaharlar qozonxonalarini mukammal tuzatishni shu yil 15-sentabrgacha tugallasinlar hamda ularning kuz-qish davrida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisida tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirsinlar;
tabiiy gazdan hisobsiz foydalanilishini aniqlash maqsadida aholi tomonidan gaz isteʼmol qilinishini bir oy muddatda tekshirsinlar;
Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi va “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi tomonidan yetkazib berilgan yoqilgʻi-energetika resurslari uchun korxona va tashkilotlar qarzlari toʻlanishi jadvalini ishlab chiqsinlar va ularga muvofiq aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
2. Surxondaryo viloyati hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi korxonalariga texnik tuz oʻz vaqtida belgilangan tartibda yetkazib berilishini taʼminlasin.
3. Koʻmir va suyuq yoqilgʻining zarur hajmlardagi zaxiralarini yaratish uchun “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi, “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ularning respublika korxonalari va tashkilotlariga shu yilning 1-noyabrigacha shartnomalarga muvofiq yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi isitish mavsumi boshlangunga qadar koʻp qavatli uy-joylarning yertoʻlalarini quruq holga keltirish, kanalizatsiya, kollektor va issiqlik tarmoqlarini tozalash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
5. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi:
1999/2000-yil kuz-qish davrida respublikaning barcha gaz taqsimlash stansiyalariga belgilangan limitlar va koʻrsatkichlar doirasida gaz yetkazib berilishini taʼminlasin;
isitish mavsumi boshlangunga qadar yer osti gaz omborlariga 5,8 mlrd kub metr hajmida gaz toʻplanishini taʼminlasin;
shu yilning 1-noyabrigacha Ursatyevsk — Fargʻona gaz quvuri IV tarmogʻining 215 — 220 kilometr oraligʻidagi uchastkasi foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;
Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi elektr stansiyalari va xalq xoʻjaligining boshqa korxonalarini 1999/2000-yil qish davrining eng sovuq kunlarida gazdan yoqilgʻining zaxira turiga oʻtkazish jadvallarini shu yil 1-oktabrga qadar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi:
qishning eng sovuq davrida ishlatiladigan elektr stansiyalari, issiqlik-elektr markazlari, elektr tarmoqlari obyektlarining asosiy texnologik asbob-uskunalarini mukammal va oʻrtacha tuzatishni shu yil 1-noyabrgacha tugallasin;
shu yil 1-noyabrgacha elektr stansiyalarida tasdiqlangan jadvallarga muvofiq suyuq va qattiq yoqilgʻi jamgʻarilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi shu yil 1-oktabrgacha chorvachilik xoʻjaliklari, isitish tizimlari, qozonxonalar va qishloq joylardagi boshqa obyektlarning tayyorlab qoʻyilishini, shuningdek zarur hajmlarda ozuqa tayyorlashni taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi shu yil 1-oktabrgacha tuzatish ishlarini yakunlasinlar hamda maktablar, maktabgacha muassasalar, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, kasalxonalar, poliklinikalar qish sharoitlarida ishlashga shay qilib qoʻyilishini taʼminlasinlar.
9. “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shu yil 1-oktabrgacha shahar yoʻlovchi tashish avtotransportini hamda umuman avtotransportni kuz-qish davrida ishlashga tayyorlab qoʻyish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar, buning uchun transport korxonalarini ehtiyot qismlar, moddiy-texnika resurslari va yonilgʻi bilan oʻz vaqtida taʼminlasinlar.
10. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi lokomotiv, vagon va oʻziga qarashli boshqa xoʻjaliklarning kuz-qish davriga oʻz vaqtida tayyorlab qoʻyilishini tashkil etsin, neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari, koʻmir, tuz hamda xoʻjaliklarni kuz-qish davrida ishlashga tayyorlab qoʻyish bilan bogʻliq boshqa xalq xoʻjaligi yuklari uzluksiz tashilishini taʼminlasin.
Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, korxonalar vagonlar, sisternalarning normativdan ortiq turib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, ortish-tushirish, ayniqsa kechasi, dam olish va bayram kunlarida ortish-tushirish ishlarining bir maromda olib borilishini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
11. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi, kon-metallurgiya sanoati korxonalari hamda energiyani koʻp isteʼmol qiluvchi boshqa korxonalar qish oylarida elektr va issiqlik energiyasi isteʼmol qilishni kamaytirish maqsadida shu yil 1-sentabrgacha Energetika va elektrlashtirish vazirligi bilan birgalikda oʻzlariga qarashli asbob-uskunalarning yuqori yuklama davrida texnologiya jihatidan yoʻl qoʻyiladigan ish rejimlarini ishlab chiqsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi issiqlik manbalarini rekonstruksiya qilish, issiqlik tarmoqlarini qayta yotqizish hamda uylar ichidagi issiqlik va suv taʼminoti tizimlarini almashtirish ishlarini oʻz vaqtida tugallash maqsadida, shuningdek budjet tashkilotlarga yoqilgʻi xarid qilish uchun shu yil toʻrtinchi chorakka nazarda tutilgan moliyaviy mablagʻlarni joriy yil isitish mavsumi boshlanishidan oldin (oktyabr-noyabr oylarida) moliyalashtirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
14. Ommaviy axborot vositalari tarmoqlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni, joylardagi hokimiyat va boshqaruv organlarini boʻlajak kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashning borishini muntazam ravishda yoritsinlar.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, kompaniyalar, tashkilotlar mazkur qarorning bajarilishi toʻgʻrisida shu yil 1-sentabrgacha va 1-oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V. Y. Otayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 17-avgust,
395-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 17-avgustdagi 395-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 1999/2000-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash masalalari boʻyicha komissiya
TARKIBI
| Otayev V. Y. | — | Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Axmetov L. A. | — | Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari |
| Ahmadboyev A. Gʻ. | — | “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi raisi |
| Ahmedov A. A. | — | “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori |
| Amanboyev O. E. | — | “Oʻzdavzaxira” bosh boshqarmasi boshligʻi |
| Zaynutdinov I. A. | — | “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi raisi |
| Zinin V. I. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Julin N. I. | — | “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori |
| Nizomov M. Z. | — | “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Hasanov B. V. | — | “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Nazirov F. G. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Tolmachev G. M. | — | Energetika va elektrlashtirish vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Tomalak S. M. | — | “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi bosh direktori |
| Muhamedov Gʻ. K. | — | Kommunal xizmat koʻrsatish vaziri |
| Gʻulomov S. S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| Normurodov M. B. | — | Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari |
| Doroxov V. N. | — | Toshkent shahri hokimining oʻrinbosari |
| Murodov S. Gʻ. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Ermetov N. E. | — | “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Yoʻldoshev J. Gʻ. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari | ||