Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1997-yilning II choragida naqd pul emissiyasi darajasi koʻrsatkichlari va kassa rejasi toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pul muomalasini mustahkamlash va naqd pullarning aylanishini tezlashtirish, shuningdek barcha darajalardagi rahbarlar va mansabdor shaxslarning mamlakat mintaqalarida naqd pul muomalasining ahvoli uchun masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda 1997-yilning II choragida naqd pul mablagʻlari emissiyasi darajasi prognozlariga va kassa rejasiga 1-ilovaga* muvofiq rozilik berilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari naqd pul mablagʻlari emissiyasi darajasi prognozlari va kassa rejalari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
2. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, Oʻzbekbirlashuv, “Oʻzmaishiyxizmatuyushma”, “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi, Aloqa vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, savdo tarmogʻiga ega boʻlgan va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa vazirliklar va idoralar hokimliklar bilan birgalikda bozorni zarur xalq isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish va xizmatlar sohasini kengaytirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari mazkur bandning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsinlar.
4. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ustav faoliyatida aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirish nazarda tutilgan korxonalarni nazorat-kassa apparatlari mavjud boʻlgan va ular korxona joylashgan joydagi soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirdagina davlat roʻyxatidan oʻtkazsinlar.
5. Aholiga pulli xizmatlar koʻrsatishda kvitansiyalar toʻldiradigan, chiptalar, talonlar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlar beradigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va jismoniy shaxslar koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakllaridan majburiy tartibda foydalansinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi nazorat-kassa apparatlarini qoʻllamasdan tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatish hamda tasdiqlangan shakldagi kvitansiyalar yoki boshqa hujjatlar berish bilan bogʻliq savdo qoidalari buzilgan hollarda sotuvchi bilan birgalikda tegishli tashkilotning rahbarini ham qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F. M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-aprel,
185-son