Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanini tuzishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani tuzish toʻgʻrisida” 1999-yil 15-apreldagi 774-1-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hokimiyat ijroiya organlarining alohida oʻziga xos tuzilmasiga ega boʻlgan Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanini tuzishning tashkiliy masalalarini hal etish boʻyicha 1-ilovaga muvofiq Respublika komissiyasi tuzilsin.
2. Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani hokimligi apparati tuzilmasi va uning xodimlarining cheklangan soni, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlar 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda:
qoʻshimcha ajratiladigan va Sirdaryo viloyatining Xovos va Boyovut tumanlaridan beriladigan shtat birliklarini hisobga olgan holda davlat boshqaruv organlarining yangidan tashkil etilayotgan har bir tuman boʻlinmasi xodimlari sonini belgilangan tartibda belgilasin;
1999-yilda koʻrsatib oʻtilgan tumanning boshqaruv apparatini moliyaviy taʼminlash uchun joriy yilda nazarda tutilgan budjet koʻrsatkichlari doirasida zarur mablagʻlar ajratsin, 2000-yildan boshlab esa, har yili budjetni shakllantirishda ularning taʼminotiga mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda keyinchalik statistika bazasi qiyosiyligini taʼminlash uchun Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining statistika koʻrsatkichlariga bir oy muddatda tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Jizzax (Sh. M. Mirziyoyev) va Sirdaryo (Oʻ. Q. Ismoilov) viloyatlari hokimliklari 15 kun muddatda:
Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumani tuzilishi bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasinlar;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tegishli tuman boʻlinmalarining ishlashini tashkil etsinlar.
6. Jizzax viloyati hokimligi (Sh. M. Mirziyoyev):
Respublika komissiyasi bilan birgalikda Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanini Jizzax viloyati tarkibiga uzviy ravishda kiritishning tashkiliy masalalarini tezroq hal etish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi (B. M. Olimjonov) va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (A. Jalolov) bilan birgalikda tuman qishloq xoʻjaligi rivojlantirilishini, shu jumladan, yangi sugʻoriladigan yerlarni oʻzlashtirish maqsadida qurilayotgan (Yangiyer — Balandchaqir) nasos stansiyasi oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlasin;
Vazirlar Mahkamasining Yoʻl-transport kommunikatsiyalarini qurish va rivojlantirish kompleksi (R. R. Yunusov), “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni bilan birgalikda Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanini Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, shuningdek Xovos tumani markazlari bilan tutashtiruvchi yoʻllar tuzatilishini va ular tegishli toifaga keltirilishini taʼminlasin;
Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol bozori kompleksi (M. Z. Usmonov) va “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi (I. A. Zaynutdinov) bilan birgalikda tuman aholisi oziq-ovqat mahsulotlari bilan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar — moddiy-texnika va yonilgʻi-moylash materiallari bilan uzluksiz ravishda taʼminlanishini tashkil qilsin;
Vazirlar Mahkamasining Kommunikatsiyalar kompleksi (L. A. Axmetov), “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi (Q. M. Sidiqnazarov) bilan birgalikda Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanining iqtisodiyoti va aholisining transport xizmatlariga boʻlgan talablarini toʻliq qondirish uchun yuk va uzluksiz harakat qiluvchi yangi yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi (V. A. Chjen), Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (M. A. Sobirov), Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi (A. Bobomirzayev) bilan birgalikda Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (Oʻ. T. Komilov) va Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita (Gʻ. Q. Teshayev) bojxona va chegara postlari joylashuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. M. Olimjonov va Jizzax viloyati hokimi Sh. M. Mirziyoyev hamda Sirdaryo viloyati hokimi Oʻ. Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 30-aprel,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 206-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod maʼmuriy-hududiy tumanini tuzishning tashkiliy masalalarini hal etish boʻyicha Respublika komissiyasining
TARKIBI
| Olimjonov B. M. | — | Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Jalolov Y. J. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari (kelishuv boʻyicha) |
| Yoʻldoshev A. R. | — | Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasining shuʼba mudiri, komissiya kotibi |
| Abduazizov A. A. | — | “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasining boshligʻi |
| Yoʻldoshev J. Gʻ. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| Obidov O. O. | — | Ijtimoiy taʼminot vaziri |
| Mirsafoyev S. M. | — | Adliya vaziri |
| Qurbonov E. | — | Yer resurslari davlat qoʻmitasi raisi |
| Ismoilov Oʻ. Q. | — | Sirdaryo viloyati hokimi |
| Mirziyoyev Sh. M. | — | Jizzax viloyati hokimi |
| Akbarov A. | — | Mehnat vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Nazirov F. Gʻ. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Qudratov Gʻ. S. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi oʻrinbosari, statistika departamenti boshligʻi |
| Jalolov A. A. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Olimjonov O. O. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vaziri oʻrinbosari |
| Parpiyev B. R. | — | Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari |
| Ibrohimov Sh. Gʻ. | — | Moliya vaziri oʻrinbosari |
| Xoʻjayev B. A. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Oripov S. O. | — | Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Abdullayev M. A. | — | “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni raisining birinchi oʻrinbosari |
| Sidiqnazarov Q. | — | “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi raisi |
| Turdiyev R. | — | Xovos tumani hokimi |
| Maʼmurov T. | — | Boyovut tumani hokimining birinchi oʻrinbosari |
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-yanvardagi 2-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 1-2-son, 11-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 206-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Yangiobod tumani hokimligi apparati xodimlarining yagona tarif setkasi boʻyicha tarif
RAZRYaDLARI
|
Lavozimi |
2-guruh |
| Hokim | 16 |
| Hokim oʻrinbosari | 14 |
| Bosh mutaxassis | 10 |
| 1-toifali mutaxassis | 9 |