Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sobiq “Chorsu” mehmonxonasi negizida zamonaviy mehmonxona kompleksi tashkil etish loyihasini amalga oshirishni tugallash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikaning turizm salohiyatini yanada oshirish, Toshkent shahrining mehmonxona xoʻjaligini rivojlantirishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Daegeon Global Co.Ltd” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) bilan 2007-yil 28-sentabrda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, investor tomonidan 18,0 mln AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda, “Chorsu” mehmonxona kompleksi 7,0 mln AQSh dollariga sotilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi va “Daegeon Global Co.Ltd” kompaniyasining sobiq “Chorsu” mehmonxonasi negizida tegishli infratuzilmaga ega boʻlgan zamonaviy mehmonxona kompleksini tashkil etish loyihasini quyidagi qoʻshimcha shartlarda amalga oshirishni jadal tugallash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Daegeon Global Co.Ltd” kompaniyasi 2012-yil 1-sentabrdan kechikmagan muddatda mehmonxona kompleksi obyektlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha qurilish-montaj ishlari tugallanishini taʼminlash majburiyatini oladi;
ilgari sotib olish toʻlovlari, jarimalar va penyalar hisobiga toʻlangan mablagʻlar, shuningdek tashkil etiladigan mehmonxona kompleksiga jalb etilgan investitsiyalar hamda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Daegeon Global Korea” xorijiy korxonasi hisob raqamlaridagi mablagʻlarning joriy qoldigʻi, keyinchalik oldi-sotdi shartnomasi investor aybiga koʻra bekor qilingan taqdirda, toʻliq miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi foydasiga ushlab qolinadi;
investitsiya majburiyatlarining oʻz vaqtida bajarilmaganligi natijasida vujudga kelgan penyalar mehmonxona kompleksi obyektlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha qurilish-montaj ishlarini tugallash tarzida qabul qilingan majburiyatlar “Daegeon Global Co.Ltd” kompaniyasi tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq bajarilgan taqdirda hisobdan chiqarilgan hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda oʻn kun muddatda, ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan qoʻshimcha shartlarni hisobga olgan holda, ilgari “Daegeon Global Co.Ltd” kompaniyasi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
4. Tashkil etilayotgan mehmonxona kompleksi obyektlarini loyihalashni va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlashni birga bajargan holda 2011-yil 1-yanvargacha ishchi chizmalar boʻyicha rekonstruksiya qilish va qurishga istisno tartibida ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini ekspert xulosasi bilan birga ishlab chiqishni va amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan nazoratni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 7-iyul,
139-son