Jizzax viloyati Zomin tumani hokimining
Qarori
Tumanda 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlarini tizimli tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jizzax viloyat hokimining 2013-yil 28-avgustdagi “2013-2014-yil qish-bahor mavsumida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlarini tizimli tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 192-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda tuman aholisini 2013-2014-yil qish-bahor mavsumida arzon va sifatli meva-sabzavot, poliz va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash uchun ularning zaxirasini yaratish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-avgustdagi 01-03/1-455-sonli majlis bayoni va viloyat hokimining 2013-yil 28-avgustdagi 192-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman aholisi hamda ijtimoiy soha muassasalarini 2013-2014-yil qish-bahor oylarida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida ushbu turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxira omborlariga jamgʻarish hajmlari va turlari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Shundan kelib chiqib, tuman iqtisodiyot boʻlimi (O. Mamatqulov) joriy yilning 10-sentabriga qadar moliya, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimlari, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda, joriy yil mavsumida:
1a-ilovaga* muvofiq mahsulotlar hajmlari — aholi ehtiyojlari uchun ichki isteʼmol bozoriga grafik asosida savdoga chiqarish;
1b-ilovaga* muvofiq mahsulotlar hajmlari — yirik korxonalar va tashkilotlarning oʻz ishchi xodimlari ehtiyojlarini qondirish;
1v-ilovaga* muvofiq mahsulotlar hajmlari — sogʻliqni saqlash muassasalarining ehtiyojlariga yetkazib berish;
1g-ilovaga* muvofiq mahsulotlar hajmlari — xalq taʼlimi muassasalari ehtiyojlarini qoplash;
1d-ilovaga* muvofiq mahsulotlar hajmlari — mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari ehtiyojlarini taʼminlash maqsadlari uchun zaxira omborlariga jamgʻariladigan mahsulotlar hajmlariga aniqlik kiritsin.
3. 2013-2014-yil qish-bahor oylarida tuman ichki isteʼmol bozorini asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan kafolatli toʻldirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligi hamda narxlar barqarorligini taʼminlash, shuningdek zaxira tadbirlarini tizimli va samarali tashkillashtirish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Tuman ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Tuman hokimligida masalaga aloqador tashkilot rahbarlari ishtirokida joriy yilning sentyabr oyidan boshlab — 1-dekabriga qadar har hafta dushanba kuni soat 18-00 dan — 20-00 gacha “zaxira tadbirlarini muhokama qilish soati”ni oʻtkazib borish tartibi joriy etilsin.
4. Tuman ishchi guruhi hamda 3-ilovaga* muvofiq viloyatdan biriktirilgan masʼullarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin:
Joriy yilning 10-sentabriga qadar, 2013-2014-yil qish va bahor mavsumi uchun jamgʻarilishi rejalashtirilgan mahsulotlar turlari va hajmlarini tayyorlov tashkilotlari hamda ijtimoiy sohalar muassasalarigacha yetkazilishini taʼminlash;
Bir hafta muddatda, zaxiraga jamgʻariladigan mahsulotlar hajmlaridan kelib chiqqan holda, ularni qish-bahor oylarida sifatli saqlanishini taʼminlash maqsadida, mahsulotlar joylashtiriladigan omborlar va sovutkichli sigʻimlarni manzilli roʻyxatini (dislokatsiyasini) aniqlab, ularni joriy yilning 15-sentabriga qadar mavsumga tayyor holga keltirish ishlarini tashkil qilish va nazorat qilish;
joriy yilning 10-sentabriga qadar, zaxira tadbirlariga jalb qilingan tayyorlovchi savdo tashkilotlari, yirik korxonalar va tashkilotlar, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va ijtimoiy muhofaza muassasalarining manzilli roʻyxatini tuzib, ularga zaxira hajmlarini belgilab berish hamda mahsulot saqlashga ixtisoslashgan omborlar va sovutkichli sigʻimlarga biriktirib berilishini nazorat qilish;
joriy yilning 15-sentabriga qadar, zaxira tadbirlariga jalb qilingan tayyorlovchi savdo tashkilotlari, yirik korxonalar va tashkilotlar, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va ijtimoiy muhofaza muassasalari bilan mahsulot yetishtiruvchi dehqon va fermer xoʻjaliklari hamda tomorqa egalari bilan shartnomalar tuzilishini va boʻnak mablagʻlari ajratilishini taʼminlash va nazorat qilish;
joriy yilning 15-sentabriga qadar, tuzilgan shartnomalar asosida, tayyorlovchi savdo tashkilotlarining moliyaviy imkoniyatlarini tahlil qilib, ularni bank kreditlari va naqd pul mablagʻlariga boʻlgan talabini banklar kesimida aniqlash, banklarga buyurtmalar berilishini tashkil qilish va tijorat banklari rahbarlari ishtirokida masalani hal qilish choralarini koʻrish;
zaxira tadbirlariga jalb qilingan sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va ijtimoiy muhofaza muassasalariga 2013-yilning dekabr oyi va 2014-yilning yanvar — may oylarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish maqsadlari uchun sarf-xarajatlari smetasiga kiritilgan mablagʻlarni joylardagi tuman moliya boʻlimi tomonidan istisno tariqasida joriy yilning 20-sentabriga qadar ajratilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
joylardagi ishchi-xodimlari koʻp boʻlgan yirik korxonalar va tashkilotlar tomonidan qish va bahor oylarida oʻzlarining ishchi-xodimlari sonidan kelib chiqqan holda, asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxira omborlariga amalda qoʻyilishini nazorat qilish;
qayd etilgan asosiy vazifalar hamda joylarda 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlarining borishi, ichki isteʼmol bozorlarida oziq-ovqat xavfsizligini hamda narx-navolarni barqaror saqlanishini taʼminlanishi yuzasidan maxsus muhokamalar oʻtkazish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimligiga axborot berib borish.
5. Tuman ishchi guruhi:
2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun maqsadli yoʻnalishlar boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish hajmlari 4-ilovaga*, zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan omborlar va muzlatkichli sigʻimlarning manzilli roʻyxati (dislokatsiyasi) 5-ilova*, zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan tayyorlovchi korxonalarni mahsulot saqlovchi omborlar va sovutkichli sigʻimlarga biriktirilishi 6-ilova*, zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan tayyorlovchi korxonalarning moliyaviy ahvoli va talab etiladigan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumot 7-ilova*, zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va ijtimoiy muhofaza muassasalarining moliyaviy ahvoli va talab etiladigan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumot 8-ilova*, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan yirik korxonalar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumot 9-ilova*, asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga qoʻyish grafigi 10-ilovalarga* muvofiq tayyorlovchi korxonalar, tashkilotlar, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va ijtimoiy muhofaza muassasalarining ishlab chiqqan takliflari boʻyicha bajarilishini nazoratga olsin.
6. Tuman hududidagi mahalla va qishloq fuqarolar yigʻini raislari hamda faollari boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, aholi oʻrtasida 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilsin.
7. Mahalla va qishloq fuqarolar yigʻinida tuzilgan ishchi guruh masalaga aloqador tegishli tashkilotlar vakillari bilan birgalikda, aholi bilan birgalikda, aholi tomonidan asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun zaxiraga jamgʻarilishini xatlovdan (inventarizatsiya) oʻtkazib borsin.
8. Moliya boʻlimi (Sh. Aybashev), Tijorat banki boshqaruvchilariga:
2013-2014-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish tadbirlariga jalb qilingan tashkilot, korxona va muassasalariga belgilangan tartibda kredit mablagʻlari ajratilishi tavsiya etilsin.
9. Tuman iqtisodiyot boʻlimi:
joriy yilning 15-sentabridan boshlab 1-dekabrigacha har haftada tuman hududlarida 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish topshirigʻining amaldagi ijrosi boʻyicha 11*, 12-ilovalarga* muvofiq hamda joriy yilning dekabr oyidan boshlab 2014-yilning iyun oyigacha zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarni dehqon bozoriga chiqarilishi yuzasidan 13-ilovaga* muvofiq tahlil maʼlumotlarini har 10 kunda tuman hokimligi va viloyat Iqtisodiyot boshqarmasiga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
* 1 — 13-ilovalar berilmaydi.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 4-avgustdagi 1021-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh. Joʻrayevga yuklatilsin.
Hokim Oʻ. AZIMOV
Zomin sh.,
2013-yil 6-sentabr,
1341-son