Jizzax viloyati hokimining
Qarori
Bozorlar va savdo komplekslari maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatining yangi miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-sonli “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 17-son 131-modda) 4-bandi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2013-yil 7-yanvardagi 1-sonli, Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 7-yanvardagi 2013-1-sonli “Bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatining minimal miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi (roʻyxat raqami 2412, 2013-yil 16-yanvar) qaroriga asosan, shuningdek bozorlarda naqd puldagi hisob-kitoblarni tartibga solish, sotuvchilar va xaridorlarga yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash hamda mahalliy budjetga tushumlarni koʻpaytirish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyat hokimligi Moliya boshqarmasi hamda Davlat soliq boshqarmasining bozorlar va savdo komplekslari maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslari tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari 1, 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin hamda Jizzax shahar va tumanlardagi bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yigʻimlar, ijara va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning undirilishi yangi miqdorlarga asosan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
*1, 2 va 3-ilovalar berilmaydi.
3. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi bilan birgalikda bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (Q.Hoshimov) bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bozorlar va savdo komplekslari hamda ularga qarashli filiallariga kiriladigan barcha joylarga osib qoʻyilishini taʼminlasinlar.
4. Viloyat hokimligi moliya boshqarmasi (B.Oʻralov), Davlat soliq boshqarmasi (A.Mustanov), Davlat soliq qoʻmitasining bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining viloyat boʻlimi (J.Axboʻtayev), viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi (Q.Hoshimov), shahar va tumanlar hokimliklariga;
bir martalik yigʻimlar, ijara va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning holati boʻyicha monitoring yuritish va natijasi yuzasidan viloyat hokimligiga aniq takliflar kiritib borish;
bir martalik yigʻimlar, ijara va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarining yangi miqdorlarini toʻgʻri qoʻllanilishi hamda toʻliq undirilishi va bozorlar daromadlarining belgilangan qismini mahalliy budjetga oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish vazifalari topshirilsin.
5. “Jizzax haqiqati” va “Джизакская правда” gazetalari tahririyati (B.Nazarov) mazkur qarorni gazetada chop etilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari R.Kenjayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim S. ISMAILOV
Jizzax sh,
2013-yil 26-iyul,
168-son