Jizzax viloyati Baxmal tuman hokimining
Qarori
Tumanda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasini oʻtkazish haqida
Tumanda yangi ish joylarini tashkil etish, yoshlarni ish bilan taʼminlash, milliy hunarmandchilikka oʻqitish va kasbga yoʻnaltirish ishlarini yanada yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”ni oʻtkazish haqida taklifi maʼqullansin.
2. “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”ni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (I. Xolmirzayev) “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”ni tashkiliy jihatdan yuqori saviyada oʻtkazilishi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan barcha tashkilotlarning oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi targʻibot-tashviqot koʻrgazmalari bilan faol ishtirok etishlari taʼminlansin.
5. Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkiliy jihatdan yuqori saviyada oʻtishiga ishtirok etuvchi korxona va tashkilot rahbarlari shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman ichki ishlar boʻlimi (F. Toʻychiyev), Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi v. b. (U. Ergashev), “Kamolot” YIX tuman kengashi (Z. Boymurodov), Madaniyat va sport ishlari boʻlimi boshligʻi (B. Doniyorov), “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi (T. Pardayev) fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikda yoshlarni, jazoni oʻtash joyidan ozod qilinganlarni hamda vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi shaxslarni “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”ga keng jalb qilinishini taʼminlasin.
7. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari, Koʻnikma markazi hamda “Kamolot” YIX tuman Kengashi oʻz hududlarida mavjud ish bilan band boʻlmagan fuqarolarni, jumladan voyaga yetmagan yoshlarni va jazodan ozod qilingan shaxslarni yarmarka oʻtkazilayotganligi va uning mohiyatini tushuntirgan holda ishtirokini tashkil qilish, yarmarkaning oʻtishi va uning yakuni haqida tuman hokimligiga maʼlumot berish vazifasi yuklatilsin.
8. “Baxmal hayoti” gazetasi (T. Berdiyev)ga “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”ni tayyorlash va oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari O. Abduraximov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim B. IZBASAROV
Oʻsmat sh.,
2013-yil 15-iyun,
438-son