Xorazm viloyati Xiva tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati Xiva tumani hokimining 2014-yil 30-sentabrdagi 1789-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanib qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari band qiladigan korxona va tashkilotlar hamda muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalar xodimlarning, roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 320 ta ish oʻrni, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshga bolalari koʻp bolali ota-onalar uchun 15 foiz (47 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 52 foiz (168 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 9 foiz (28 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (9 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 8 foiz (25 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 6 foiz (19 kishi);
boshqa toifa shaxslari uchun 7 foiz (24 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya va gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin. Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida roʻyxatda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari muayyan kasb-hunarga va malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilingan kasb va lavozimlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Korxona va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlamagan korxona va tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima qoʻllansin.
7. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi (S. Ulliyev) bir hafta muddatda ushbu qarorning 1-ilovasida* koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 3-oktabrdagi 906-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingandan boshlab kuchga kiradi.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari J. Masharipov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. ALLAQULIYEV
Xiva sh.,
2013-yil 3-oktabr,
1525-son