Xorazm viloyati Xonqa tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati Xonqa tumani hokimining 2014-yil 23-sentabrdagi 1073-q-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomiga asoslanib qaror qilaman:
1. Xonqa tumanida 2014-yil uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida, ish oʻrinlarini band qiladigan korxona, tashkilotlar va muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda xodimlarning, roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 300 kishini tashkil etadigan 100 foiz miqdorida, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 14 foiz (43 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 63 foiz (190 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 8 foiz (23 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (8 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 1 foiz (3 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 2 foiz (5 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 9 foiz (28 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasini belgilasin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya va gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin. Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlarni hisobga olgan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida roʻyxatda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilinmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari muayyan kasb-hunarga malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilingan kasb va lavozimlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Korxona va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlar tashkil qilinishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlamagan korxona va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima qoʻllansin.
7. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi (N. Xajiyev) bir hafta muddatda ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin.
8. Ushbu qaror 2014-yil 1-yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 15-oktabrdagi 1025q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qaror tuman hokimligining rasmiy nashri boʻlgan “Xonqa hayoti” gazetasida eʼlon qilinsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari Gʻ. Sattarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim O. JUMANAZAROV
Xonqa sh.,
2013-yil 18-oktabr,
897q-son