Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani hokimining
Qarori
Qoʻshkoʻpir tumanida traktorlar, oʻzi yurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani hokimining 2014-yil 20-fevraldagi 425-sonli “Qoʻshkoʻpir tumanida qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi 345-sonli qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻzi yurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq qaror qilaman:
1. Qoʻshkoʻpir tuman davlat texnika nazorati inspektori (M. Abdullayev)ga tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan traktorlar, oʻzi yurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarining (keyingi oʻrinda “Mashinalar” deb yuritiladi) 2013-yilda (1-fevraldan 1 maygacha) texnik koʻrikdan oʻtkazishni taʼminlansin.
Mashinalarni texnik koʻrikdan oʻtkazishda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etish ustidan samarali nazoratni tashkil etish, amalda mavjudligini, mashinalar sonini, ularning holatini, roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlarini aniqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilsin.
2. Tumandagi mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish grafigi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Mashinalar texnik koʻrigidan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining:
traktorlar, traktor tirkamalari, meliorativ texnika va oʻzi yurar mashinalariga — 0,18 foizi;
qishloq xoʻjalik mashinalariga — 0,10 foizi;
mashina-traktor parklari, ustaxonalari va servis punktlarining asbob-uskunalari — 0,37 foizi;
birinchi texnik koʻrikdan nosoz deb topilgan mashinalar takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda yigʻim qayta undirilsin.
5. Tuman Davlat texnika nazorati bosh inspektori (M. Abdullayev)ga belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan nosoz mashinalarni yoʻlga chiqarilishini oldini olish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazorat kuchaytirilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim A. SULTONOV
Qoʻshkoʻpir sh.,
2013-yil 5-aprel,
701q-son
(“Hayot koʻzgusi” gazetasi, 30.04.2013-y., 12-son)