Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TAMAKI MAHSULOTLARI VA ALKOGOLLI ICHIMLIKLARGA AKSIZ MARKALARI QOʻLLANISHNI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari olib kelish hamda sotishni tartibga solish, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida:
1. 1997-yilning 1-iyulidan boshlab aksiz markalari boʻlmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni:
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga (xalqaro tranzitdan tashqari);
“vaqtincha olib kirish” rejimida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga;
jismoniy shaxslar tomonidan (qaytadan joʻnatish ham shu jumlaga kiradi) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlansin. Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan normalar doirasida aksizsiz olib kirish bundan mustasno.
Belgilab qoʻyilsinki, 1997-yilning 1-iyulidan boshlab importyorlar tomonidan aksiz markalarini respublikadan tashqariga olib chiqib ketish yuk boʻyicha oʻrnatilgan tartibda toʻldirilgan bojxona deklaratsiyasi mavjud boʻlgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
2. Davlat soliq qoʻmitasiga aksiz markalari boʻlmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotish chogʻida, shuningdek ularni yashirincha ishlab chiqarish chogʻida shunday mahsulotlar va ichimliklarni musodara etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Koʻrsatib oʻtilgan huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari belgilab qoʻyilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli soliq idoralarining qarorlari asosida musodara qilingan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning bir oy muddatda baholanishi hamda maxsus doʻkonlar orqali sotish uchun yuborilishini taʼminlasinlar.
3. 1997-yil 1-iyulidan boshlab chetdan olib kelinadigan oziqabop spirtga kontrakt qiymatining 10 foizi miqdorida aksiz soligʻi joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Davlat soliq qoʻmitasi yigirma kun muddatda:
Adliya vazirligi bilan kelishgan holda aksiz markalari boʻlmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni musodara qilish hamda sotish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birga xalqaro tranzit tartibida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali tashib oʻtiladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlardan olinadigan boj haqi va aksiz soligʻini bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazib, ushbu summani tovar respublika hududidan olib chiqib ketilgandan keyin qaytarib berish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki hafta muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflar kiritilsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 12-iyun,
PF-1789-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 7-son, 177-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 19-son, 177-modda; 2008-y., 6-7-son, 25-modda)