xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimining
Qarori
Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimining 2014-yil 18-martdagi 156q-sonli “Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq transport vositalarining 2013-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Yangiariq tuman ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi maʼmuriy amaliyot inspektori (I. Boboniyozov) zarur shart-sharoitlarga (texnik diagnostika uskunalariga, koʻtarish moslamalariga yoki qarab chiqish uchun chuqurchalarga, nazorat-oʻlchash asboblariga, asfalt yoki beton qoplangan bir tekis gorizontal maydonchaga) va malakali mutaxassislarga ega boʻlgan tashkilotlarda va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida, tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining majburiy texnik koʻrikdan (keyingi oʻrinlarda matnda “texnik koʻrik” deb yuritiladi) oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumanda yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1 yilda 1 marotaba (1-martdan 10-iyungacha).
tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar bir yilda ikki marotaba (1-martdan 10-iyungacha va 12-sentabrdan 31-oktabrgacha);
jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilsin;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin, ushbu bandning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno;
tuman ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilganlaridan tashqari.
3. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining oʻndan bir qismi miqdorida yigʻim undiriladi.
Ushbu qarorning 2-bandi ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yigʻim undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.
6. Transport vositalarini texnik koʻrikka jalb qilishda Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, qishloq fuqarolar yigʻini raislari, tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari va jamoatchilik asosida amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 24-fevraldagi 80q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi, transport vositalarining texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2013-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Q. Otajonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. BEKChANOV
Yangiariq sh.,
2013-yil 4-mart,
140-son