Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 31-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2014-6]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3253, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 142-modda), “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 18-son, 233-modda) qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 230-son “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 34-son, 456-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 2014, 2009-yil 8-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 41-son, 447-modda) bilan tasdiqlangan Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2013-yil 12-oktabr,
18/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 12-oktabrdagi 18/1-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xususiy bank — ustav kapitalida muassislar (aksiyadorlar) boʻlgan jismoniy shaxslarning ulushi kamida ellik foizni tashkil etishi lozim boʻlgan bank. Ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan yuridik shaxslar, davlat organlari, shuningdek siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va diniy tashkilotlar xususiy bank muassislari (aksiyadorlari) boʻlishi mumkin emas. Bank oʻz ustav kapitalini qonun hujjatlariga muvofiq shakllantira olmasligi sababli, oʻz maqomini xususiy bankka oʻzgartirishiga yoʻl qoʻyilmaydi;”.
2. 4-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) 49-moddasiga asosan, yuridik yoki jismoniy shaxs yoxud oʻzaro kelishuv bilan bogʻlangan yoki bir-birining mol-mulkini nazorat qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir necha bitim natijasida bank aksiyalarining 5 foizdan ortigʻini olish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xabardor qilinishini, 20 foizdan ortigʻini olish esa, oldindan uning roziligini olishni talab qiladi.”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur bandda koʻrsatib oʻtilgan yuridik va/yoki jismoniy shaxslar tomonidan bankning ustav kapitalidagi aksiyalarning oʻttiz besh va undan ortiq foizini tasarruf etish boʻyicha bitimlar tuzish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 230-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 34-son, 456-modda) bilan tasdiqlangan Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarini olishga doir bitimlarni koʻrib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish talab etiladi.”.
3. 5-banddagi, 49-bandning “b” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisidagi va 77-bandning “v” kichik bandidagi “xususiy tijorat banklari” degan soʻzlar “xususiy banklar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 25-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “5” degan raqam “10” degan raqam bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xususiy banklar uchun — 5 mln yevro ekvivalentida.”;
5. Quyidagi mazmundagi 771-band bilan toʻldirilsin:
“771. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun ariza berishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi. Bunda bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza yangidan berilgan hisoblanadi.
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqishda bankni roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 44-son, 583-modda)