Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AHOLISIGA KOMPENSATSIYA TOʻLOVLARINI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 7-fevraldagi PF-1080-son “Ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Isteʼmol mollarining asosiy turlari va xizmatlarining erkin (shartnomaviy) narxlariga oʻtish tugallanishi munosabati bilan hamda aholining oʻsib borayotgan xarajatlarini qoplash maqsadida:
1. 1994-yilning 1-oktabrdan 100 soʻm miqdorida har oylik kompensatsiya toʻlovlari joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, ana shu kompensatsiyalar ishlab turgan barcha aholiga, pensionerlarga, oliy oʻquv yurtlarining talabalariga, oʻrta maxsus va hunar-texnika oʻquv yurtlarining oʻquvchilariga, aspirantlarga, doktorantlarga, bolasi ikki yoshga yetguncha uni parvarishlash bilan band onalarga, ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish muassasalarida roʻyxatdan oʻtib, vaqtincha ish bilan band boʻlmagan aholiga, yaʼni respublikadagi deyarli har bir katta yoshdagi odamga toʻlanadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, kompensatsiyalar oyiga bir marta ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, bola ikki yoshga yetguncha uni parvarishlash va ishsizlik boʻyicha nafaqalar toʻlanadigan muddatlarda 1994-yilning sentyabridan boshlab toʻlanadi.
4. Ushbu kompensatsiyalarga daromad soligʻi solinmasligi koʻzda tutilsin.
5. Kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq xarajatlar respublika budjeti, Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi, Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari va korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
6. Xoʻjalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga moliyaviy madad berish uchun kompensatsiyalar tegishli miqdori (100 soʻm)ning 50 foizi respublika budjeti hisobidan qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
uch kun muddat ichida kompensatsiyalar toʻlashning muvaqqat tartibini ishlab chiqsin hamda vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazsin;
1995-yilgi davlat budjeti loyihasini tuzish chogʻida ana shu kompensatsiya toʻlovlari miqdorlarini aniqlashga oid takliflarni Hukumatga taqdim etsin.
8. Mazkur Farmon bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-avgust,
PF-940-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y.,8-9-son, 239-modda;10-son, 279-modda)