OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 17-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2508]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 8-iyuldagi 54-sonli, Moliya vazirligining 2022-yil 7-iyuldagi 32-sonli va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2022-yil 29-iyundagi 367/01-15-sonli ““Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2508-2, 25.07.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 5-son, 57-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 22-avgust,
43-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 22-avgust,
78-son
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 22-avgust,
01/19-26/11-son
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2013-yil 22-avgustdagi 43, 78, 01/19-26/11-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 171-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 5-son, 57-modda) muvofiq, suyultirilgan gazni tovar xomashyo birjalari (bundan buyon matnda Birja deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladigan birja savdolarida sotish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mijozlar — birja savdolarida tovarlarni sotib olish va sotishni amalga oshiruvchi savdo qatnashchilari;
kotirovka narxi — birja savdolarining bir kuni uchun Birjada oʻtkazilgan savdo sessiyalari natijalari boʻyicha aniqlangan mahsulotning oʻrtacha narxi;
mahsulot — ishlab chiqarish va foydalanishning tasdiqlangan moddiy balansiga muvofiq birja savdolarida sotiladigan, gaz va neftni qayta ishlash va neft kimyo zavodlarida ishlab chiqariladigan propan-butan fraksiyalaridan tashkil topgan suyultirilgan uglevodorod gazi;
sotuvchilar — mahsulotni birja savdolariga qoʻyuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilar va boshqa tashkilotlar;
xaridorlar — birja savdolarida suyultirilgan gazni tegishli litsenziyalar asosida qayta sotish uchun xarid qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar;
bitimlar reyestri — Birjada oʻtkazilgan savdo sessiyalari natijalari boʻyicha birja savdolarining elektron tizimida shakllangan va Birja tomonidan tasdiqlangan bitimlar roʻyxati;
Hisob kitob-kliring palatasi (bundan buyon matnda HKKP deb yuritiladi) – birja bitimlari boʻyicha kliring, hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlovchi Birjaning tuzilmaviy boʻlinmasi;
toʻlangan bitimlar reyestri — tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning toʻliq qoplanilishini taʼminlaydigan miqdordagi pul mablagʻlarining xaridorning HKKPdagi hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjat;
oʻrtacha narx — bir haftalik birja savdolari natijalari boʻyicha aniqlangan va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan mahsulotning oʻrtacha narxi;
zakalat — Birjada tuziladigan bitimlar bajarilishini kafolatlash uchun xaridorlar va sotuvchilar tomonidan HKKPga kiritilgan pul mablagʻlari;
birja aʼzolari — Birja tomonidan belgilangan tartibda brokerlik oʻrnini sotib olgan yoki olgan yuridik shaxslar;
birja savdolari elektron tizimi — birja aʼzolariga respublikaning har bir geografik nuqtasidan aniq vaqt rejimida uzoq masofadan turib birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi.
2. Mazkur Nizom talablari suyultirilgan gazni ishlab chiqaruvchi, uni birja savdolarida sotuvchi va xarid qiluvchi tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur Nizomga muvofiq birja savdolarida sotib olingan mahsulotdan faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi va uni eksport qilish mumkin emas.
4. Suyultirilgan gazni sotish birja savdolari elektron tizimidan foydalangan holda birja savdolarida real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
II bob. Suyultirilgan gaz hajmlarini shakllantirish va uni sotish
5. Mahsulotni sotish hajmlari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Hayʼati tomonidan tasdiqlanadigan tegishli moddiy balansdan kelib chiqib shakllantiriladi.
6. Sotuvchilar moddiy balanslar bajarilishining tasdiqlangan chorak va oylik jadvallari asosida mahsulotni birja savdolariga qoʻyishning muddatli jadvallarini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mazkur jadvalni Birjaga yetkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sotuvchi har yili Birja bilan oʻzaro faoliyat toʻgʻrisida shartnoma tuzadi.
8. Savdolar haftaning ish kunlarida oʻtkaziladi.
9. Birja savdolarining oʻtkazilishi, birja sessiyalarining davomiyligi, sotuvga qoʻyiladigan mahsulot hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xaridorlarga Birja aʼzolari va Internet tarmogʻi orqali yetkaziladi.
10. Birja barcha savdo ishtirokchilariga, ularning respublikaning qaysi hududida joylashganligidan qatʼi nazar, birja savdolarida bir vaqtda ishtirok etish imkonini taʼminlab berishi lozim.
11. Savdolarni oʻtkazish zakalat summasiga muvofiq har bir savdo boʻyicha ishtirokchilarni kiritish va chetlatish, elektron birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish elektron birja savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi.
12. Bitimni roʻyxatdan oʻtkazish kuni Birja sotuvchining brokeriga bitimlar reyestridan tasdiqlangan koʻchirmani, sotuvchi va xaridorning brokerlariga birja savdolarining elektron tizimida shakllangan namunaviy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun taqdim etadi.
13. Oldi-sotdi shartnomasi bitimda nazarda tutilgan shartlarda u olingan kunda rasmiylashtiriladi. Shartnomani rasmiylashtirish uchun xaridor oʻz brokeriga litsenziyasining notarial tasdiqlangan nusxasini taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Birja savdolarida sotilmay qolgan mahsulot hajmlari keyingi birja savdolariga qoʻyiladi. Sotuvchilar mahsulotni toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha faqat birja savdolariga qoʻyilgan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida sotilmagan hajmlarda oldingi haftadagi birja savdolari natijalarida vujudga kelgan oʻrtacha narxlar boʻyicha sotishi mumkin.
15. Birjada koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlanadigan haq miqdori Birja tomonidan belgilanadi.
16. Oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha mahsulotni yuklab joʻnatish toʻlovni oldindan toʻliq toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi.
17. Xaridor tomonidan shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, sotuvchi mahsulotni qayta birja savdolariga qoʻyadi.
III bob. Mahsulot narxlarini aniqlash hamda oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish
18. Mahsulotni birja savdolariga qoʻyishning boshlangʻich narxi sotuvchi tomonidan deklaratsiyalanadigan narxida (monopolist korxonalar uchun) yoki ulgurji sotish narxida (boshqa korxonalar uchun) belgilanadi.
Birja savdolarida mahsulotning boshlangʻich narxidan oshishi hisobidan qoʻshimcha olinadigan daromadi sotuvchining ixtiyorida qoladi.
19. Birja savdolarida tuzilgan bitimlar bajarilishining moliyaviy kafolatini taʼminlash uchun birja savdolarida tuzilgan bitimlar boʻyicha hisob-kitoblar HKKP tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda HKKP tomonidan Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash va birja bitimlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirishga xizmat qiladigan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi ochiladi. Ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi Birjaning ikkilamchi depozit hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda ochiladi.
20. Sotuvchilar va xaridorlarning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlarining harakatini nazorat qilish uchun HKKP tomonidan har bir sotuvchi va xaridorga ularning shaxsiy raqamiga mos keluvchi shaxsiy hisobvaraq ochiladi va ularning mablagʻlari HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida hisobga olinadi.
21. HKKP mijozning soʻroviga asosan unga xizmat koʻrsatish shartlari hamda uning qolgan pul mablagʻlari toʻgʻrisida axborot berishi shart. Ushbu axborotlarni HKKP tomonidan uchinchi shaxslarga oshkor etish taqiqlanadi.
22. Birja mijozning soʻroviga asosan, birja kliringi natijalari, uning pul mablagʻlari holati va savdolarning joriy kunida pul mablagʻlarining belgilangan limitlari toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
23. Sotuvchi va xaridorlar tomonidan HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga birja savdolariga qoʻyiladigan mahsulotning umumiy qiymatining va moʻljallanayotgan bitim bahosining 10 foizigacha boʻlgan miqdorda zakalat qoʻyiladi.
Bunda xaridorlar zakalatni hisobga olgan holda toʻlash moʻljallanayotgan mablagʻ hajmida bitimlar tuzishga haqlidir.
24. Sotuvchilar va xaridorlarning HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlaridan:
sotuvchi va xaridorning topshirigʻiga asosan, birja bitimlari boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda;
deponentga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan Birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladi.
25. Birja bitimi roʻyxatga olinganidan soʻng, xaridor tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan besh ish kuni ichida moliyaviy majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga zarur pul mablagʻlarini oʻtkazishi lozim.
26. HKKP mablagʻ kelib tushgandan soʻng, keyingi ish kunidan kechiktirmasdan sotuvchiga mahsulotni xaridorga yetkazib berishi uchun toʻlangan bitimlar reyestrini taqdim etishi shart.
27. HKKP tomonidan taqdim etilgan toʻlangan bitimlar reyestri sotuvchining mahsulotni xaridorga joʻnatishi uchun asos boʻladi.
Sotuvchi mahsulotni xaridor oʻzining oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarganligi faktini HKKP tomonidan tasdiqlatmasdan joʻnatgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha xaridor tomonidan majburiyatlar bajarilmaganligi uchun Birja javobgar boʻlmaydi.
28. Mahsulotning joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi xaridor tomonidan imzolangan yuk hujjatlari (schyot-faktura yoki yuk xati) bilan tasdiqlanadi. Mahsulot temir yoʻl transporti orqali joʻnatilganda, mahsulotning joʻnatilganligi schyot-faktura ilova qilingan temir yoʻl yuk xati yoki kvitansiyasi bilan tasdiqlanadi.
29. Sotuvchining mazkur Nizomning 28-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning taqdim etishi HKKP tomonidan sotuvchining unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazishi uchun asos boʻladi.
30. Mahsulotni xaridorga joʻnatish oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda va shartlarda sotuvchining naryadlari boʻyicha amalga oshiriladi.
IV bob. Axborot taqdim etish
31. Birjaning kotirovka hayʼati oʻtkazilgan birja savdolari natijalari boʻyicha birjada sotilgan mahsulotlarning kotirovka narxini aniqlaydi. Birja ularni har hafta ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali eʼlon qilib boradi.
32. Sotuvchilar har oyning 3-kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga oldingi oyda birja savdolariga qoʻyilgan va sotilgan mahsulot hajmi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Birja har kuni Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga qoʻyilgan mahsulotning haqiqiy hajmi, tuzilgan bitimlar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek har haftada — birja savdolari natijalari boʻyicha shakllangan oʻrtacha narxlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V bob. Tomonlarning javobgarligi va nizolarni hal etish
34. Xaridor tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda zarur pul mablagʻlarining toʻliq hajmda oʻtkazilishi taʼminlanmasa, HKKP oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddat oʻtgandan soʻng, bir ish kuni ichida sotuvchi va Birjaga bitim bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi va oʻsha kunning oʻzida shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi pul mablagʻini sotuvchining hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
35. Sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda mahsulotni yuklab joʻnatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmasa, oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddat oʻtgandan soʻng, bir ish kuni ichida Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi pul mablagʻini xaridor hisobiga oʻtkazadi hamda bitim bekor qilinganligi toʻgʻrisida xaridor, sotuvchi va Birjaga xabar qiladi.
Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, tomonlarning oʻz majburiyatlarini bajarmaganliklari sababli bitimlarni bekor qilish va jarima sifatidagi pul mablagʻini sotuvchi yoki xaridorning hisobiga oʻtkazish boʻyicha qaror Birjaning hakamlik komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
36. Birja bitimi XKKP tomonidan oldi-sotdi shartnomasi shartlariga muvofiq yopiladi. Bitim yopilishi bilan oldi-sotdi shartnomasi shartlarini bajarilishini kafolatlash boʻyicha Birja majburiyatlari bajarilgan hisoblanadi.
37. Bekor qilingan bitim boʻyicha mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan majburiy tartibda qayta birja savdolariga qoʻyiladi.
38. Birja, uning aʼzolari va mijozlari, birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
39. Birja aʼzolari, birja savdolarining ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasida birja savdosi qoidalarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar Birjaning hakamlik komissiyasi yoki sud tomonidan hal qilinadi. Nizolarni koʻrib chiqish uchun hakamlik komissiyasi tomonidan yigʻim undirish taqiqlanadi.
VI bob. Yakuniy qoidalar
40. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki, “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Oʻzbekneftgaz” MXK va “OʻzRMXB” OAJ bilan kelishilgan.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
2013-yil 19-avgust
“Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi Sh. MAXMUDOV
2013-yil 19-avgust
“Oʻzbekneftgaz” MXK boshqaruv raisi Sh. FAYZULLAYEV
2013-yil 19-avgust
“OʻzRMXB” OAJ boshqaruv raisi v.b. A. NAGAYEV
2013-yil 19-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 38-son, 498-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2018-y., 10/18/2508-1/1327-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)