Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Atoqli oʻzbek shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Betakror isteʼdod sohibi, oʻzbek xalqi madaniyati, milliy adabiyotining rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Gʻafur Gʻulom qoldirgan adabiy va ilmiy merosning katta ahamiyatini inobatga olib hamda tugʻilgan kuniga 100 yil toʻlishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashining Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligini 2003-yil may oyida mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
Ushbu sanaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda yubiley tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2003-yilning may oyida “Gʻafur Gʻulom ijodining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati” mavzuida ilmiy konferensiya va yubiley tadbirlarini oʻtkazsin.
3. Toshkent shahar hokimligiga yubiley kuniga qadar:
Badiiy akademiya va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda shoir haykalini yaratish va uni Gʻafur Gʻulom koʻchasida (metroning Gʻafur Gʻulom bekati yonida) oʻrnatish;
adib uy-muzeyi binosini taʼmirlash va muzey atrofini obodonlashtirish vazifasi topshirilsin.
4. Madaniyat ishlari vazirligi Gʻafur Gʻulom uy-muzeyining yangi ekspozitsiyasini tashkil qilish hamda adib asarlari asosida spektakllar, adabiy-badiiy kompozitsiyalar yaratish tadbirlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Gʻafur Gʻulomning bir jildli “Tanlangan asarlar”ini, ijodkor toʻgʻrisidagi tadqiqotlar va ilmiy-ommabop risolalarni yubiley kunigacha chop etishni rejalashtirsin.
6. “Oʻzbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodiga bagʻishlangan hujjatli film yaratish vazifasini hal etsin.
7. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Gʻafur Gʻulom siymosi tushirilgan va uning asarlari mavzusi asosida ishlangan pochta markalari va konvertlar turkumini chiqarsin.
8. Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligini nishonlash, adib uy-muzeyini taʼmirlash, yangi ekspozitsiyasini yaratish hamda obodonlashtirish bilan bogʻliq xarajatlar, tasdiqlangan smetaga muvofiq, respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjetidan 2003-yilgi davlat budjeti parametrlarida ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida va homiylar mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanishi inobatga olinsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 9-oktabr,
349-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 9-oktabrdagi 349-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
Tarkibi
| 1. | Karomatov H. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, tashkiliy qoʻmita raisi |
| 2. | Sultonov X. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari (kelishuv asosida) |
| 3. | Oripov A. | — | Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri, tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari |
| 4. | Qoʻchqorov R. | — | Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi, tashkiliy qoʻmita kotibi |
| 5. | Vohidov E. | — | Oliy Majlis qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri |
| 6. | Said Ahmad. | — | Oʻzbekiston xalq yozuvchisi |
| 7. | Yoʻldoshev B. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti |
| 8. | Gʻulomov S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| 9. | Joʻrayev R. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| 10. | Qurbonov B. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| 11. | Shogʻulomov R. | — | Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori |
| 12. | Mahmudov M. | — | Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari |
| 13. | Abdullayev Sh. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| 14. | Koʻchimov A. | — | “Oʻzteleradio” kompaniyasi raisi |
| 15. | Karimov N. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti boʻlim mudiri |
| 16. | Murod Muhammad Doʻst. | — | “Oʻzbekkino” kompaniyasi raisi |
| 17. | Boliyev A. | — | Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashi masʼul kotibi |
| 18. | Qoʻziyev T. | — | Badiiy akademiya raisi |
| 19. | Hazratqulov M. | — | OʻzAning bosh direktori |
| 20. | Gʻulomova-Ahmedova O. | — | Gʻafur Gʻulom uy-muzeyining direktori |