Oʻzbekiston Respublikasi va
Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida
Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun oʻtkazish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
davlat suvereniteti, teng huquqlilik va oʻzaro hurmat prinsiplaridan kelib chiqib,
xalqaro huquq normalariga asoslanib va huquq sohasidagi, shu jumladan jazolarni ijro etish sohasidagi davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishni istab,
hukm etilganlarning jazoni oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatda oʻtashlari jazoni ijro etish maqsadiga samaraliroq erishishga, huquqni buzganlarni jamiyatda normal hayotga qaytarishga koʻmaklashishini hisobga olib,
gumanizm va inson huquqlarini hurmat qilish prinsiplariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
1. Ushbu Shartnoma maqsadlariga erishish uchun quyida koʻrsatilgan atamalar:
1) “Hukm chiqarilgan davlat” atamasi — sudi shaxsni ozodlikdan mahrum etish tarzida jazolash toʻgʻrisida hukm chiqargan Ahdlashuvchi Tomonni;
2) “Hukm ijro etiladigan davlat” atamasi — ozodlikdan mahrum etilgan shaxs jazoni oʻtash uchun oʻtkazilayotgan va uning fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonni;
3) “Mahkum” atamasi — jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish tarzida Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sudi hukm etgan shaxsni;
4) “Yaqin qarindoshlar” atamasi — qarindosh boʻlgan shaxsni (ona, ota, er, xotin, bolalar, tugʻishgan aka va opa-singillar, nevaralar, bobo va buvi, bolalikka oluvchilar, bolalikka olinganlarni);
5) “Vakolatli organlar” atamasi — Ahdlashuvchi Tomonlarning hukm etilganlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlarini;
6) “Markaziy organlar” atamasi —Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi va Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligini bildiradi.
2-modda
Ushbu Shartnoma masalalari boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlari bilan markaziy organlar orqali aloqada boʻladilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnoma shartlariga binoan bir-birlarining soʻrovnomalari boʻyicha, hukm chiqargan davlat hududida jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etilgan joylarda jazoni oʻtayotgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlgan mahkumlarni hukm ijro etiladigan davlatga oʻtkazish majburiyatini oladilar.
Ushbu Shartnoma qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, ular boshqa Ahdlashuvchi Tomon sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan taqdirda, agar ushbu Shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, baravar qoʻllanadi.
4-modda
1. Ushbu Shartnomaga binoan mahkum quyidagi shartlarga koʻra oʻtkazilishi mumkin:
1) mahkum hukm ijro etiladigan davlat fuqarosi boʻlsa;
2) hukm qonuniy kuchga kirgan boʻlsa;
3) oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma olingan vaqtda mahkum yana kamida 6 oy mobaynida jazoni oʻtashi kerak boʻlsa;
4) oʻtkazishga mahkum rozi boʻlsa yoki uning yoshini, jismoniy yoki ruhiy ahvolini eʼtiborga olib, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki mahkumning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili oʻtkazishni zarur deb hisoblashsa;
5) hukm chiqarishga asos boʻlgan kirdikor hukm ijro etiladigan davlatning qonunchiligiga koʻra jinoyat deb hisoblansa;
6) jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zarar undirib olingan boʻlsa;
7) hukm chiqargan davlat va hukm ijro etadigan davlat mahkumni oʻtkazishga rozi boʻlishsa.
2. Mahkumni oʻtkazish va uning yuridik oqibatlari toʻgʻrisida hukm chiqargan davlatning jinoiy-ijroiya tizimi boshqaruv organlari mansabdor shaxslari tomonidan mahkumga yoki uning qonuniy vakiliga tushuntirilgan boʻlishi kerak.
3. Hatto agar mahkumning jazoni oʻtashiga 6 oydan kam vaqt qolgan yoki jinoyat tufayli yetkazilgan zarar toʻliq hajmda undirib olinmagan taqdirda ham Ahdlashuvchi Tomonlar mahkumni oʻtkazishga istisno hollardagina rozi boʻlishlari mumkin.
5-modda
Mahkum quyidagi hollarda oʻtkazilmaydi:
1) mahkum fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga koʻra uning hukm etilishiga sabab boʻlgan kirdikor jinoyat deb hisoblanmasa yoki u ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga sabab boʻlmasa;
2) daʼvo muddati oʻtib ketganligi yoki boshqa qonuniy asosga koʻra jazoni mahkum fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon ijro etishi mumkin boʻlmaganda;
3) bu hukm chiqargan davlatning yoki mahkum fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlganda;
4) ushbu shaxs hukm chiqargan davlat hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlganda;
5) oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma olingan vaqtda mahkum oʻtashi kerak boʻlgan jazo muddati olti oydan kamroqni tashkil etganda.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolarining ozodlikdan mahrum etilgani, shuningdek ularning joylashgan joyi toʻgʻrisida markaziy organlar orqali bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilish majburiyatini oʻz zimmasiga oladilar.
7-modda
Mahkumni jazoni oʻtash uchun oʻtkazish, agar mahkum fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon uni ushbu Shartnoma shartlariga rioya etgan holda hukmni ijro etish uchun qabul qilishga rozi boʻlsa, sudi hukm chiqargan Ahdlashuvchi Tomonning taklifiga binoan amalga oshirilishi mumkin.
8-modda
1. Mahkumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma yozma shaklda tuziladi va unda mahkumning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi) boʻladi hamda unga hukm chiqargan davlatning vakolatli organi tomonidan quyidagilar ilova qilinadi:
1) mahkumning yoki ushbu Shartnomaning 4-moddasi 1-bandi 4-kichik bandida nazarda tutilgan hollarda uning yaqin qarindoshlarining yoki qonuniy vakilining oʻtkazishga roziligi toʻgʻrisidagi yozma arizasi;
2) mahkumning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat;
3) shaxsning hukm qilinishiga asos boʻlgan jinoyat qonuni moddalarining matni;
4) hukmning va vakolatli sud organlarining ish boʻyicha mavjud qarorlarining, hukmning qonuniy kuchga kirishi toʻgʻrisidagi hujjatlarning nusxalari;
5) jazoning oʻtalgan qismi va jazoning oʻtalishi kerak boʻlgan qismi toʻgʻrisidagi hujjat;
6) qoʻshimcha jazoning, agar u tayinlangan boʻlsa, ijrosi toʻgʻrisidagi hujjat;
7) yetkazilgan moddiy zarar va uni undirib olish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
2. Sanab oʻtilgan barcha hujjatlar imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
9-modda
Hukm chiqarilgan davlat ushbu Shartnomaning 4-moddasi 1-bandi 4-kichik bandiga muvofiq oʻtkazishga rozilik berayotgan shaxsning uni ixtiyoriy ravishda va bunday rozilikning huquqiy oqibatlarini toʻliq tushungan holda qilayotganini taʼminlaydi.
10-modda
1. Ahdlashuvchi Tomon tushgan soʻrovnoma boʻyicha mahkumni oʻtkazishga rozilik yoki uni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni ushbu Shartnomaning 8-moddasi 1-bandida sanab oʻtilgan hujjatlar olingan kundan boshlab bir oy muddatdan kechikmay qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror haqida soʻrovnomani yuborgan Ahdlashuvchi Tomonga va oʻzi toʻgʻrisida soʻrovnoma berilgan shaxsga yoki oʻtkazish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan shaxsga yozma ravishda xabar qilinadi.
2. Mahkumni oʻtkazish rad qilinganligi toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi kerak.
11-modda
Mahkumni oʻtkazish joyi va tartibi Ahdlashuvchi Tomonlarning jazoni ijro etuvchi organlari tomonidan belgilanadi.
12-modda
Mahkumlarni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlar, hukm chiqarilgan davlat hududida paydo boʻlgan xarajatlardan tashqari, hukm ijro etiladigan davlat tomonidan amalga oshiriladi.
13-modda
1. Mahkumga tayinlanadigan jazo hukm chiqarilgan davlat sudining hukmi asosida oʻtaladi.
2. Hukm ijro etiladigan davlat, mahkumning holatini yomonlashtirmagan holda, oʻz qonunchiligiga muvofiq jazoni oʻtashning davom etishini taʼminlaydi. Hukmni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ijro etishi bilan bogʻliq masalalar har qaysi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
3. Hukm ijro etiladigan davlatning vakolatli sudi, chiqarilgan hukmga asosan, uni ijro etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
4. Agar hukm ijro etiladigan davlat qonunchiligi boʻyicha sodir etilgan kirdikor uchun ozodlikdan mahrum qilishning cheklangan muddati hukm boʻyicha tayinlangan muddatdan kam boʻlsa, hukm ijro etiladigan davlat sudi ushbu davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etishning eng yuqori muddatini belgilaydi.
5. Agar hukm u ijro etiladigan davlatda bittasi yoki bir nechtasi jinoyat deb eʼtirof etilmaydigan ikki yoki undan koʻproq kirdikorga taalluqli boʻlsa, ushbu davlat sudi jazoning jinoyat deb hisoblanadigan kirdikorga nisbatan qoʻllanadigan qismini belgilaydi.
6. Qoʻshimcha jazoni ijro etish toʻgʻrisidagi qaror, agar bunday jazo sodir etilgan kirdikor uchun ushbu davlat qonunchiligida nazarda tutilgan boʻlsa, hukm ijro etiladigan davlat sudi tomonidan qabul qilinadi.
14-modda
Oʻtkazilgan mahkumga nisbatan afv etish yoki amnistiya hukm ijro etiladigan davlat qonunchiligiga muvofiq qoʻllanadi.
15-modda
Faqat hukm chiqarilgan davlatgina oʻtkazilgan mahkumga nisbatan hukmning asoslanganligini qayta koʻrib chiqish huquqiga egadir.
16-modda
1. Hukm qayta koʻrib chiqilgan taqdirda hukm chiqarilgan davlat hukm ijro etiladigan davlatga sudning hukm bekor qilingani yoki oʻzgartirilgani toʻgʻrisidagi qarorining tasdiqlangan nusxasini darhol joʻnatadi.
2. Agar mahkum jazoni oʻtash uchun oʻtkazilgandan keyin hukm chiqarilgan davlatda hukm bekor qilingan va ishni yangidan koʻrib chiqish yoki sudda koʻrish nazarda tutilgan boʻlsa bu haqdagi qaror nusxasi, jinoiy ish materiallari hamda mahkum yoʻqligida mumkin boʻlgan zarur protsessual harakatlarni oʻtkazish natijalari boʻyicha boshqa materiallar, jinoiy ishning barcha materiallarini rus tiliga tarjima qilgan holda, hukm ijro etiladigan davlatga, ushbu davlat qonunchiligiga koʻra jinoiy taʼqibni amalga oshirish uchun joʻnatiladi.
3. Oqlash asosidagi qoʻshimcha koʻrib chiqishlar natijalari boʻyicha jinoiy ish toʻxtatilganda yoki sud tomonidan oqlov hukmi chiqarilganda asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortish tufayli shaxsga yetkazilgan zarar hududida hukm chiqarilgan davlat tomonidan qoplanadi.
4. Agar mahkum jazoni oʻtash uchun oʻtkazilgandan keyin hukmni chiqargan davlat uni oʻzgartirganda bu haqdagi qaror nusxasi va boshqa zarur hujjatlar hukm ijro etiladigan davlatning vakolatli organiga joʻnatiladi. Hukm ijro etiladigan davlat sudi bunday qarorni ijro etish toʻgʻrisidagi masalani ushbu Shartnomaning 13-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qiladi.
17-modda
1. Hukm ijro etiladigan davlatga jazoni oʻtash uchun oʻtkazilgan shaxsga nisbatan ham xuddi shunday kirdikorni sodir etganlik uchun ushbu davlat hududida hukm etilgan shaxsga nisbatan hukmning xuddi shunday huquqiy oqibatlari sodir boʻladi.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sudi chiqargan hukmni ijro etish uchun oʻtkazilgan shaxs hukm ijro etiladigan davlat hududida qonuniy kuchga kirgan hukmni chiqarishga sabab boʻlgan ayni shu kirdikor uchun yana jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
18-modda
1. Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon uchinchi davlat tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oʻtkazilgan mahkumlarni oʻz hududi orqali tranzit yoʻli bilan tashishga ruxsat beradi. Bunda mahkumni qoʻriqlash uchun zarur shart-sharoitlar taʼminlanadi. Tranzit yoʻli bilan tashishga hukm ijro etiladigan davlatning iltimosiga koʻra ruxsat beriladi. Ushbu qoida havo transportidan foydalanilgan, uning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qoʻnishi rejalashtirilmagan taqdirda qoʻllanilmaydi.
2. Mahkumni tranzit yoʻli bilan tashishni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni bunday tashuv toʻgʻrisida iltimos qilgan Ahdlashuvchi Tomon toʻlaydi.
19-modda
Ushbu Shartnomani qoʻllanishda paydo boʻladigan masalalarni Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy organlari hal etishadi.
20-modda
1. Ushbu Shartnomani bajarishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining davlat tillaridan yoki rus tilidan foydalanishadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat tillarida yozilgan hujjatlarga ularning rus tilidagi tarjimasi tasdiqlangan holda ilova qilinadi.
21-modda
Ushbu Shartnomaning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzlari qatnashchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
22-modda
Ushbu Shartnomaning amal qilishi Ahdlashuvchi Tomonlar sudi tomonidan Shartnoma kuchga kirgungacha hukm etilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
23-modda
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari ayirboshlangandan keyin oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Shartnoma belgilanmagan muddatga tuziladi va oʻzining amalda boʻlishini Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Shartnomaning amalda boʻlishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtgach toʻxtatadi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)