Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
Buyrugʻi
Poʻlat eritish korxonalarida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2013-yil 30-martdagi 6-24/23-2744/6-sonli xatiga asosan texnik hujjat deb topilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Poʻlat eritish korxonalarida xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va eʼlon qilinsin.
Boshliq B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-fevral,
29-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2013-yil 26-fevraldagi 29-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
POʻLAT ERITISh KORXONALARIDA XAVFSIZLIK
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda), “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 19-son, 191-modda) ishlab chiqilgan boʻlib, poʻlat eritish korxonalarida xavfsizlik talablarini belgilaydi.
I-BOB.
UMUMIY QOIDALAR
UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalar foydalaniladi:
ariqcha (leshad) — eritish pechi futerovkasining pastki tarnovsimon sathi;
badya — elektr yoyli poʻlat eritish pechiga ustidan shixta materiallarini yuklash uchun moʻljallangan uskuna;
bekitgich — poʻlat quyish kovshining chiqarish teshigini yopuvchi tiqinni boshqarish mexanizmi;
borov — dudboʻronni pech bilan tutashtiruvchi quvur boʻlib, sanoat pechlaridan gazlarni atmosferaga chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi;
donadorlash (granulatsiya) — suyuq shlakni maydalab, suv yoki havo bilan tez sovutib donador shaklga keltirish jarayoni;
kiritish (prisadka) — zarur sifatga ega qotishmalar olish va kerakli metallurgiya jarayonlarini amalga oshirish uchun shixta, shuningdek suyuq metall va shlakka solinadigan qoʻshilma (modda)lar yoki shu jarayonni amalga oshirish;
kristallizator — eritilgan metallni jadal surʼatlarda qotirish uchun qoʻllaniladigan suv bilan sovitiluvchi qolip;
mulda — poʻlat eritish pechlariga shixta materiallarini yuklash uchun moʻljallangan togʻorasimon quyma poʻlat idish;
ochib-yopuvchi klapan — pech regeneratorlarida havo yoki chiqayotgan gazlarning harakat yoʻnalishi oʻzgarishini taʼminlovchi klapan;
poʻlat tashigich — suyuq poʻlatli kovshni pechdan quyish joyigacha tashish uchun xizmat qiladigan moslama;
skrap — poʻlat va choʻyanni pechdan chiqarish, tashish va quyish chogʻida hosil boʻluvchi qora metallarning shlaklangan chiqindisi boʻlib, metallurgiya pechlarida qaytadan eritish uchun ishlatiladi;
stakan — suyuq metallni chiqarish uchun poʻlat quyish kovshining tubiga oʻrnatiladigan quvursimon shakldagi oʻtga chidamli uskuna;
tarnov — suyuq metall va shlakni pechdan chiqarish uchun moʻljallangan quvur;
tuzatish (zapravka) — eritish pechiga oʻtga chidamli kukunsimon materiallarni kiritib, pech futerovkasining yoyilgan va shikastlangan joylarini tiklash jarayoni;
furma — poʻlat eritish agregatlariga puflashni yoʻnaltiruvchi qurilma;
futerovka — issiqlik agregati, pech, kovsh, quvur va boshqalarning oʻtga chidamli materiallardan yasalgan ichki himoya qoplamasi;
chiqarish — eritish pechidan suyultirilgan metall va shlakni toʻkish jarayoni;
chiqarish moslamasi (zatravka) — echib olinadigan kallakli metall shtanga, uni tanavorlarni uzluksiz quyish mashinasi (TUQM) kristallizatoriga kiritib, poʻlatning birinchi porsiyalarini qotirish va qotgan tanavorni toʻxtovsiz tortib chiqarish uchun foydalaniladi;
shixta — poʻlat eritish agregatlarida qayta ishlanadigan xomashyolar aralashmasi, asosan qayta ishlanadigan temir-tersak, temir rudasi, choʻyan, ohaktosh, flyus va baʼzi hollarda yoqilgʻilardan iborat;
shlakdon — metallni eritish chogʻida suyuq shlakni yigʻish uchun moʻljallangan choʻyan idish;
shlakovik — yonish mahsulotlari tarkibidagi changni choʻktirish va yigʻish uchun xizmat qiladigan, marten pechining pastki qurilmasidagi kamera;
eritma — 1. Suyuq holda yakuniy mahsulot olish uchun eritish pechlarida materiallarga qayta ishlov berish jarayoni. 2. Eritish jarayoni natijasida olingan mahsulot;
erker — elektr yoyli poʻlat eritish pechidan suyuq metallni chiqarish uchun xizmat qiladigan va pechning tub qismida joylashgan qurilma;
yuklash (zavalka) — mulda, badya yoki savatlar yordamida eritish pechiga materiallar solish jarayoni;
qoʻshimcha yuklash (podvalka) — eritish pechiga belgilangan hajmgacha qoʻshimcha tarzda material solish jarayoni.
2. Poʻlat eritish korxonalarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni kengaytirish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiya qilish, tugatish, ushbu ishlab chiqarishlar uchun texnik qurilmalarni tayyorlash, montaj qilish, taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish mazkur Qoidalar, Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 1-maydagi 85-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 28-maydagi 20-15-195/12-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan), shuningdek tegishli normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
II-BOB.
POʻLAT ERITISh KORXONALARINING MAYDONI, BINO VA INShOOTLARIGA QOʻYILADIGAN XAVFSIZLIK QOIDALARI
POʻLAT ERITISh KORXONALARINING MAYDONI, BINO VA INShOOTLARIGA QOʻYILADIGAN XAVFSIZLIK QOIDALARI
3. Mavjud sexlarning bino-inshootlariga temir yoʻllarda harakatlanuvchi tarkibning yaqinlashish gabaritlarini belgilangan meʼyoriy oʻlchamlargacha yetkazish imkoni boʻlmasa, gabarit buzilganligi haqida ogohlantiruvchi (yorugʻlik, tovush) signalizatsiya moslamalari oʻrnatilishi kerak.
4. Poʻlat eritish ishlab chiqarish (sex)larida piyodalar harakati bilan temir yoʻllar kesishish joylari turli sathlarda (koʻprikli oʻtish, tonnel va boshqalar) boʻlishi lozim.
5. Poʻlat eritish sexlari hududlarida chuqurlik, zovur va oʻnqir-choʻnqir yerlar boʻlmasligi lozim. Taʼmirlash va qurilish ishlarini bajarish paytida qazilgan chuqurlik, zovurlar balandligi kamida 1,0 m boʻlgan toʻsiq bilan muhofazalanishi, ular sutkaning tungi vaqtida yoritib qoʻyilishi kerak.
Sexlar hududini temir-tersak, ishlab chiqarish chiqindilari va axlatlar bilan band qilib qoʻyish va ifloslantirish mumkin emas.
6. Poʻlat eritish ishlab chiqarishlarining bino va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga mos kelishi lozim.
7. Alanga, suyuqlantirilgan metall va shlak sachrashi yoki issiqlik nurlanishi taʼsiri ostida boʻladigan poʻlat eritish sexlarining toʻsin va ustunlari issiqlikdan izolatsiya qilingan boʻlishi kerak. Issiqlikdan izolatsiya qilish usuli loyihada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
8. Pechlar yaqinidagi ish maydonchalari, suyuq metallga pechdan tashqarida ishlov berish maydonchalari va quyish maydonchalarining pollari tekis boʻlishi hamda eyilishga chidamli mustahkam materiallardan yasalib, sirpanmaydigan yuzaga ega boʻlishi lozim.
9. Ish maydonchalaridagi temir yoʻl relslari orasidagi ochiq joyga rels kallagi sathigacha yuzasi sirpanmaydigan, eyilishga chidamli material yotqizilgan boʻlishi kerak.
10. Poʻlat eritish sexlari binosidagi suv yigʻilib qolishi mumkin boʻlgan pol uchastkalari suvni oqizib yuborish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
11. Pol ustida harakatlanuvchi yuklash mashinalari boʻlgan marten sexidagi pech oraligʻi (prolyot)da joylashgan ish maydonchasining eni muldali tarkibning eng koʻp chiqib turgan qismlari va pech armaturasi, shuningdek muldalar va yuklash mashinalari orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishini taʼminlashi kerak.
Ishlayotgan xodimlar muldali tarkib va pech orasida turmasligi kerak.
12. Marten pechlarining ish maydonchasidan uning ostiga va quyish oraligʻiga tushish uchun kamida bitta supali (marshli) zinapoyalar qurilgan boʻlishi lozim.
13. Elektr bilan poʻlat eritish pechining ish maydonchasidan shixta va quyish oraliqlariga oʻtish uchun kamida bittadan zinapoya oʻrnatilishi kerak.
14. Poʻlat quyish maydonchasining ostidagi quyish oraligʻi devorlarida chiqish joylari boʻlmasligi lozim.
15. Pol yuzasidan 0,6 m dan yuqori balandlikda joylashgan maydonchalar, oʻtish koʻprikchalari, zinalar, oraliqlar, tuynuklar, zovurlar, chuqurliklar va poʻlatni uzluksiz quyish uskunalarining suv tindirigichlari (quyish maydonchalarining quyish tarafi bundan mustasno) pastida balandligi 0,14 m li yaxlit yon qoplamasi boʻlgan, boʻyi kamida 1,0 m li toʻsqichlar bilan muhofazalanishi lozim.
16. Maydonchalar toʻshamasidan shu maydonchalar tepasiga montaj qilingan konstruksiya, shuningdek, uskuna va quvurlargacha boʻlgan masofa 2,0 m dan kam boʻlmasligi kerak.
17. Poʻlat eritish sexlari binosiga kirish joylari ish oʻrinlariga bexatar oʻtishni taʼminlashi lozim. Ishlab chiqarish binolaridagi ish oʻrinlari va oʻtish yoʻlaklari toza tutilishi hamda uskuna, quyma, tanavor va ishlab chiqarish chiqindilari bilan band qilinmasligi kerak. Skrap, gʻisht siniqlari va chiqindilar belgilangan tartibda oʻz vaqtida chiqarib yuborilishi lozim.
18. Temir yoʻl tarkiblari va yuk avtomobillarining kirishi uchun xizmat qiladigan poʻlat eritish sexlari devorlaridagi oraliqlar darvozalar bilan yopilishi kerak. Ularning ochilishi va yopilishi mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
19. Poʻlat eritish sexlaridagi temir yoʻl tarkiblari va yuk avtomobillarining kirishi uchun xizmat qiladigan darvozalar transport vositalarini kirish va chiqishiga ruxsat berish yoki man etish uchun yorugʻlik signalizatsiyasi, shuningdek transport vositalari harakati haqida xabar berish uchun tovush signalizatsiyasi bilan ham jihozlangan boʻlishi lozim.
Darvozani ochish va yopish mexanizmi kirish (chiqish) signalizatsiyasi bilan blokirovka qilingan boʻlishi kerak.
20. Poʻlat eritish sexlari binolarining tomlari chang, muz va qordan oʻz vaqtida tozalanishi kerak. Tomlarni tozalash ishlari tashkilotning tegishli mehnat muhofazasi yoʻriqnomasi asosida bajarilishi lozim.
21. Bino ichidagi chang va chiqindilarni xavfsiz yigʻishtirib-tozalash usullari tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida bayon etilgan boʻlishi kerak. Yangi poʻlat eritish sexlarini loyihalash chogʻida bino tomiga qor va chang oʻtirishini kamaytiruvchi yoki istisno qiluvchi texnik yechimlar qoʻllanilishi kerak.
22. Poʻlat eritish sexlarining tutun va tortuvchi ventilatsiyali quvurlarini ishlatish va ularga texnik qarov “Tutun va shamollatish sanoat quvurlarini ishlatishda xavfsizlik qoidalari” (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2009-yil 30-dekabr 6-15/11-10660/6-son xulosasi) ga muvofiq boʻlishi lozim.
23. Poʻlat eritish sexlarining bino va inshootlari tegishli normativ-texnik hujjatlarga muvofiq yashindan himoyalash moslamalari bilan jihozlanishi kerak.
24. Poʻlat eritish sexining bino va inshootlaridan foydalanish va ularning texnik holati uchun masʼul shaxslar bino va inshootlar ustidan muntazam kuzatishni amalga oshirishlari hamda tegishli foydalanish hujjatlarini yuritib borishlari lozim.
III-BOB.
ShIXTA HOVLISI
ShIXTA HOVLISI
25. Poʻlat eritish sexlaridagi shixta hovlisi (oraligʻi)ning usti yopiq boʻlishi kerak. Shixta hovlisi tomining holati bu yerda saqlanayotgan shixta materiallari ustiga suv (yomgʻir) va qor tushishini istisno qilishi lozim.
26. Ochiq turdagi shixta hovlisiga ega boʻlgan poʻlat eritish sexlarida marten pechiga shixta materiallari bilan birga suv va qor tushishiga yoʻl qoʻymaydigan chora-tadbirlar koʻzda tutilishi kerak.
27. Shixta hovlisi binosida xodimlar uchun eni kamida 1 m li erkin oʻtish yoʻlaklari boʻlishi lozim.
28. Shixta hovlisidagi materiallar bunker, oʻra, xampa (zakroma) va oʻzi toʻkadigan kurakli moslamalarda saqlanishi kerak.
29. Sochiluvchan materiallar tiqilib qolmasligi uchun osma bunkerlar urib tushiruvchi qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
30. Xampa va oʻralarning barcha tomonlari kamida 0,8 m balandlikda toʻsilgan boʻlishi kerak. Shixta materiallarini uzatish uchun dumpkarlar qoʻllanilsa, xampa va oʻralarni temir yoʻl tomonidan toʻsish shart emas.
31. Bunkerlar ustidan oʻtadigan temir yoʻllar mustahkam toʻshama bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
32. Foydalanilayotgan shixta hovlisida xampa va oʻralar mavjud boʻlmasa, magnitli materiallar maxsus tayyorlangan, temir yoʻllar oʻtgan tomoni toʻsilgan maydonchalarga taxlanishi lozim. Osilmalar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Temir-tersak uyumining balandligi shunday boʻlishi kerakki, uning ustidan yuk koʻtarish mexanizmi organining yuqorigi holatigacha boʻlgan masofa 2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
33. Shixta hovlilariga temir-tersak ochiq vagonlarda, sochiluvchan materiallar esa oʻzi toʻkadigan vagonlarda olib kelinishi lozim. Vagonlarga ortiladigan metalli shixta vagon bortlaridan chiqib turmasligi kerak. Sochiluvchan materiallarni oʻzi toʻkmaydigan vagonlarda ham olib kelish mumkin. Sochiluvchan materiallarni tushirish paytidagi xavfsizlik talablari korxonada belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomada bayon etilgan boʻlishi kerak.
34. Muzlab qolgan materiallarni shixta hovlisiga kiritmaslik lozim.
35. Tushirishga qoʻyilgan vagonlar toʻxtash signallari bilan toʻsilishi, eng chekkadagi vagonlarning gʻildiraklari ostiga tormoz boshmoqlari qoʻyilishi kerak.
Tushirish ishlari tugagan zahoti shixta hovlisining temir yoʻllari tozalanishi kerak. Shixta hovlisidagi bunkerlar ustida vagonlarni tozalashga yoʻl qoʻymaslik lozim.
Bunker estakadasidagi ish oʻrinlarining holati, bunkerlar sozligi va ularda begona buyumlar yoʻqligi, shuningdek yoʻllarning sozligi va tozaligi har smenada tekshirilishi kerak.
36. Polga qoʻyilgan konteyner, quti, mulda, oʻzi tushiradigan kurakli idishlar va taxlanayotgan materiallar orasidagi, shuningdek bu materiallardan shixta hovlisining ustunlarigacha boʻlgan masofa kamida 0,7 m ni tashkil etishi kerak.
37. Vagonlardan shixta materiallarini tushirish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Oʻzi tushiradigan vagonlarning eshik va tuynuklari maxsus moslamalar yordamida ochilishi lozim.
Maxsus moslamalar boʻlmagan hollarda oʻzi tushiradigan vagonlarning eshik va tuynuklarini ushbu operatsiyani xavfsiz bajarish uchun ishlab chiqilgan texnologik yoʻriqnomadagi chora-tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng ochish lozim.
Shixta materiallarini vagonlardan tushirish va ularni kurakli idishlar, mulda, quti va hokazolarga yuklash boʻyicha barcha ishlar Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1582, 2006-y., 13-iyun, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 24-son, 221-modda) asosida amalga oshiriladi.
38. Shixta hovlisida mulda, badya, quti va boshqa idishlarga ortiladigan metall shixta tayyor holda, gabarit oʻlchamli qilib berilishi kerak. Shixta hovlilarda materiallarni parchalash, boʻlaklash mumkin emas.
39. Poʻlat eritish sexlariga kelayotgan barcha temir-tersaklar radiatsiya va portlash xavfsizligi boʻyicha pirotexnika nazoratidan oʻtishi hamda ularda tez alangalanuvchi moddalar mavjud emasligi tekshirilishi lozim.
40. Temir-tersaklar bevosita mulda, badya va boshqa idishlarga ortilishidan avval GOST 2787-75 talablariga asosan portlash xavfsizligiga tekshirilishi kerak. Tekshirish natijalari tekshiruvchi pirotexnik-xodim tomonidan metall shixtani hisobga olish jurnaliga imzo qoʻyib qayd etilishi lozim.
41. Greyfer yoki magnit kranlar bilan shixta materiallarini mulda, kurakli idish, quti, badya va boshqa idishlarga yuklash hududlarida ishchi-xodimlar boʻlmasligi kerak.
Materiallarni yuklash chogʻida greyfer yoki magnitni biror tomonga yoʻnaltirish uchun uzunligi kamida 3 m boʻlgan ilmoq, langarchoʻpdan foydalanish mumkin. Mulda, quti va hokazolarga yuklangan temir-tersakni qoʻl bilan toʻgʻrilash faqat kran ish joyidan uzoqlashgandan soʻng amalga oshirilishi lozim.
Yuklash badyalarining toʻldirilishini nazorat qiluvchi shaxs xavfsiz joyda turishi kerak.
42. Ichi boʻsh buyum (ballon, quti va boshqa)larni mulda, kurakli idish, quti, badya, konteynerlarga yuklashdan avval ularni qismlarga boʻlib kesish lozim.
43. Metall shixtani mulda, kurakli idish, quti, badyalarga yuklab boʻlgandan keyin temir-tersaklarning uchlari idishlardan chiqib yoki osilib turmasligi kerak, muldalarning qulflarini esa tozalash va tekshirib chiqish kerak.
Mulda, quti va boshqa idishlardagi temir-tersak temir yoʻl tarkibi harakatlanayotgan paytda toʻgʻrilanmasligi lozim.
44. Suv oqib ketishi uchun mulda, kurakli idish, badyalarning tubida teshiklar qilingan boʻlishi lozim. Bu teshiklar idish tubining butun yuzasi boʻylab bir meʼyorda joylashgan boʻlishi va muntazam ravishda iflosliklardan tozalanib turilishi lozim.
45. Marten va elektr bilan poʻlat eritish sexlarining shixta hovlilariga muldalarni qoʻyish uchun mustahkam va barqaror stellajlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Ilmoqli zanjirlar qoʻllaniladigan kranlarda muldalarni tashish chogʻida stellajlarning eni muldalarning uzunligidan kam boʻlmasligi kerak. Agar muldalarni siljitish mexanizatsiyalashtirilgan tutqich bilan jihozlangan kranlar yordamida amalga oshirilsa, stellajlarning eni ramalar bilan muldalarni ushlash shart-sharoitlariga qarab belgilanadi.
Muldalarni stellejlarga osiltirmasdan va ogʻishtirmasdan oʻrnatish lozim.
46. Sexga olib kelinayotgan sochiluvchan shixta materiallarining tarkibiy qismi, shu jumladan, namlik darajasi davlat standartlari, belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik shartlar yoki texnologik yoʻriqnomalar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
47. Yopiq binolardagi changlanuvchi materiallar qayta yuklanadigan joylar aspiratsiya uskunalariga ulangan zich gʻiloflar bilan yopilgan boʻlishi kerak.
48. Tasmali konveyerlar tasma tezligi nominal tezlikning 75 foizgacha pasayganda (shataksirash yuz berganda) konveyer yuritmasini oʻchirilishini taʼminlovchi himoya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
49. Poʻlat eritish sexlarida konveyerlar ostidan chiqindi-axlatlarni tozalash jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Toʻkilgan narsalarni qoʻlda tozalash faqat konveyer oʻchirilgan vaqtda va kalit-birka tizimi talablariga rioya etib bajarilishi lozim.
50. Konveyerni ishga tushirishdan avval konveyerning butun uzunligi boʻyicha eshitiladigan ogohlantiruvchi tovush signali avtomatik ravishda berilishi lozim.
51. Yuk tushiradigan koʻchma arava va reversiv koʻchma konveyerlarning tok oʻtkazuvchi kabellari mexanik shikastlanishlardan muhofazalangan boʻlishi kerak.
52. Aspiratsiya tizimlarining chang yigʻuvchi bunkerlaridagi changni maxsus uskunalangan mashinaga chiqarib yuborish lozim.
53. Konveyerlar ustidan oʻtish uchun GOST 12.2.022 ga asosan muqim koʻprikchalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ishlab chiqarish binolarida koʻprikchalar konveyer uzunligining har 30 m dan kam boʻlmagan, galereyalarda esa 100 m dan kam boʻlmagan masofasida oʻrnatilishi lozim.
Bu talab koʻchma aravalar oʻrnatilgan konveyerlarga taalluqli emas.
54. Vagonlardan elektrodlarni tushirish va ularni tashish mexanizatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi kerak.
Elektrodlarni saqlash uchun stellajlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
55. Elektrod siniqlarini maydalash jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Elektrodlarga tokarlik dastgohlarida ishlov berilsa, chang soʻruvchi aspiratsiya tizimi oʻrnatilishi kerak.
Elektrodlarga tokarlik dastgohlarida ishlov berilsa, chang soʻruvchi aspiratsiya tizimi oʻrnatilishi kerak.
56. Maydalash va yanchish uskunalari alohida ajratilgan xonada joylashgan boʻlishi kerak.
Ushbu uskunalar shixta oraligʻida joylashtirilmasligi kerak.
57. Maydalash va yanchish agregatlariga material yuklash jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Ishga tushirish qurilmasi oʻrnatilgan joydan maydalash va yanchish agregatlari ularni ishga tushirayotgan xodimga aniq koʻrinib turishi lozim.
58. Maydalash va yanchish agregatlari chang soʻruvchi aspiratsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
59. Shixta hovlilarida yilning sovuq mavsumida xodimlarni isinishi uchun isitiladigan xonalar boʻlishi kerak.
IV-BOB.
PEChLARNING ISh MAYDONChALARIGA MATERIALLAR ETKAZIB BERISh
PEChLARNING ISh MAYDONChALARIGA MATERIALLAR ETKAZIB BERISh
1-§. Marten pechlarining ish maydonchalariga materiallar yetkazib berish
60. Shixta materiallari, qoʻshimcha moddalar, oksidsizlantiruvchi moddalar, shuningdek tiklovchi materiallarni pechlarga yetkazib berish jarayoni mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi va GOST 12.3.009 hamda GOST 12.3.020 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
61. Muldalarni tashish uchun moʻljallangan aravachalar muldali tarkiblarni ulash va uzish paytida aravachalar orasiga xodimlar kirmasligini taʼminlaydigan avtomatik yoki yarim-avtomatik ulash qurilmalari, shuningdek silkinish va tebranish paytida muldalarni boʻylama yoʻnalishda siljishiga toʻsqinlik qiluvchi tirgak va boʻrtmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
62. Pech oraligʻining balkoniga muldalarni joylashtirish uchun mazkur Qoidalarning 45-bandiga muvofiq stellajlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
63. Marten sexlarida qoʻshimcha yoki oksidsizlantiruvchi moddalar solingan muldalarni oʻrnatish uchun pechning yon tomoniga stellajlar oʻrnatish mumkin. Stellajlarning yon taraflariga tirgaklar qoʻyilishi kerak. Stellajlar va pech kallaklari orasidagi erkin oʻtish yoʻlaklarining eni kamida 0,7 m boʻlishi talab etiladi.
64. Pech oraligʻiga shixta materiallarini uzatish uchun qoʻllaniladigan chigʻir qurilmalarini ishlatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish “Asbob va moslamalar bilan ishlash paytida xavfsizlik qoidalari” (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2007-yil 10-dekabr 20-15-306/11-son xulosasi), amaldagi “Yuk koʻtarish kranlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari” va tashkilotning uskunalardan texnik foydalanish yoʻriqnomalariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Chigʻirlar foydalanishga topshirilishdan oldin, rekonstruksiya, mukammal taʼmirlashdan soʻng va davriy ravishda, har 12 oyda kamida bir marta texnik shahodatlashdan oʻtkazilishi lozim.
65. Polda yuradigan yuklash mashinalari boʻlgan sexlarda sochiluvchan materiallar pechning ish maydonchasiga maxsus bunkerlarda keltirilishi kerak.
66. Ferroqotishmalar sexga mulda, konteyner yoki maxsus qoplarda keltirilishi lozim.
Ish maydonchalariga olib kelinayotgan ferroqotishmalar quritilgan boʻlishi kerak.
Tayyorlangan ferroqotishmalar quyish oraligʻiga oʻrnatilgan maxsus bunkerlarda saqlanishi lozim. Bunda ferroqotishmalarni pechga solish uchun ham muldalarga, ham bevosita kovshga (pechning orqa tarafiga) uzatish imkoniyati mavjud boʻlishi kerak.
Bu holda ferroqotishmalar maxsus aravachalarga oʻrnatilgan muldalarga solinishi, ish jarayonida muldalar pechlarga kran bilan tashilishi lozim.
Ferroqotishmalarni bunkerlarga solish va ularni pechlarga uzatish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi lozim.
67. Mulda aravachalarini taʼmirlash uchun mustahkam toʻsinlar va toʻxtash signallari bilan jihozlangan maxsus berk yoʻllar qurilgan boʻlishi kerak.
Shixta yetkazib berish yoʻllarida aravachalarni taʼmirlash uchun ish joylarini toʻxtash signallari bilan toʻsish, eng chekka aravachalarning gʻildiraklari ostiga boshmoqlar oʻrnatish va kuzatuvchi-signalchi qoʻyish lozim.
68. Kranlarga muldalar tubi ostidan zanjirlar oʻtkazib ilinmasligi lozim.
2-§. Elektr bilan poʻlat eritish pechlarining ish maydonchalariga materiallar yetkazib berish
69. Elektr bilan poʻlat eritish pechlarining ish maydonchalariga materiallar yetkazib berish chogʻida ushbu Qoidalarning 60, 65 va 66-bandlaridagi talablarga rioya qilish lozim.
70. Uzatish aravachasining eng koʻp chiqqan qismlari bilan bino konstruksiyalari, uskuna hamda sexda taxlanadigan materiallar orasida aravachaning har ikki tomonidan kamida 0,7 m ortiq masofa taʼminlangan boʻlishi kerak.
71. Yuklash badyalarini tashuvchi aravachani harakatlantirish mexanizmining oʻz-oʻzidan ishlab ketishi istisno etilgan boʻlishi kerak.
72. Yuklash badyasini pech ish maydonchasiga egarsiz (tagdon)siz koʻtarish mumkin emas.
Greyfer tipidagi yuklash badyasini koʻprikli kranlar yordamida (tagdonsiz) tashish mumkin.
73. Yuklash badyasini kran bilan tashish uchun maxsus traversa qoʻllanilishi lozim.
74. Xodimlarning yuklash badyasini tepasiga chiqishi va uni ichiga tushishi uchun yengil koʻchma metall narvonlar qoʻllanilishi, narvonlarni badya bortiga mahkamlash uchun ularda ilgaklar boʻlishi kerak.
Badya ichida ish bajarish paytida bir ishchi uning tashqarisida kuzatib turishi lozim.
75. Elektr pech ish maydonchasining balkoniga materiallarni kran elektrmagniti yordamida yetkazib berilishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
V-BOB.
PEChLARGA MATERIALLAR YUKLASh
PEChLARGA MATERIALLAR YUKLASh
76. Poʻlat eritish pechlariga materiallar yuklash, shuningdek qoʻshimcha materiallar kiritish (prisadka) jarayonlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
Yuklanayotgan materiallar pech tubiga bir tekis taqsimlanishi kerak.
77. Yuklash jarayoni boshlanishidan oldin pech tubini tekshirib koʻrish kerak.
78. Yuklash mashinasining harakatlantirish, tebratish va aylantirish mexanizmlari elektr tormozlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
79. Yuklash mashinasi harakat boshlanganda avtomatik tarzda yoqiladigan, ishonchli ishlaydigan tovush signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
80. Kran tipidagi yuklash mashinasining aravachasi ikkita oxirgi ulab-uzgichlar bilan taʼminlangan boʻlishi yoki yuklash mashinasining kabinasi bino ustunlariga 0,5 m dan kamroq masofaga yaqinlashishini istisno qiladigan boshqa qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
81. Yuklash mashinasining kabinasi mustahkam, issiqlikdan izolatsiyalangan boʻlishi va mashinistni metall hamda shlaklar sachrashidan muhofaza qilishi lozim.
82. Polda yuradigan va kran tipidagi yuklash mashinasi mashinistining ish oʻrni suyanchiqli qulay oʻrindiq bilan jihozlangan boʻlishi va ish hududining yaxshi koʻrinishini taʼminlashi kerak.
Oʻrindiqlar konstruksiyasi titrashga yoʻl qoʻymasligi kerak. Kabinaga kirish uchun tutqichli zinapoya oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
83. Yuklash mashinalarining yaqinlashish gabaritlarini biror-bir qurilma yoki materiallar bilan band qilib qoʻyish mumkin emas.
84. Polda yuradigan turdagi yuklash mashinasi aravachasining elektrdvigatellarini taʼminlash uchun moʻljallangan trolleylar mashina ramasining ichiga, yetishib boʻlmaydigan joyga oʻrnatilgan boʻlishi zarur, agar ular mashina ramasining yetishish mumkin boʻlgan joyiga oʻrnatilgan boʻlsa, trolleylar mashinaning tashqi tarafidan toʻr bilan toʻsilgan boʻlishi kerak.
85. Trolleylarda yoki ularga xavfli yaqinlikda taʼmirlash ishlari bajarilayotgan paytda trolleylardagi kuchlanish oʻchirilishi, oʻchirib qoʻyuvchi qurilmalar esa qulflab qoʻyilishi lozim.
86. Polda yuradigan yuklash mashinasining tok qabul qilgichlarini taʼmirlash paytida, agar mashina konsoli va yuklash krani kabinalari orasidagi masofa 1,8 m dan kam boʻlsa, taʼmirlash ishlari bajarilayotgan uchastka ustidan kranlar harakatlanmasligi uchun chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
Yurish maydonchasining tok qabul qilgichlarini ushlab turuvchi konsollar mavjud boʻlmasa, taʼmirlash ishlari panjara bilan toʻsilgan havoza yoki osma maydonchalarda turib amalga oshirilishi lozim.
87. Shixta yuklash jarayoni paytida yuklash mashinasining harakatlanish yoʻlida biror-bir ishlarni bajarish mumkin emas.
Materiallarni yuklash paytida mashinaning harakat tezligi 5 km/h dan oshmasligi kerak.
88. Yuklash jarayoni tugagandan soʻng va sexdan temir yoʻl tarkibi chiqib ketishidan avval muldalarning aravachalarga toʻgʻri oʻrnatilganligi tekshirilishi lozim.
Notoʻgʻri qoʻyilgan yoki gabarit oʻlchamlari buzilib oʻrnatilgan muldali tarkibning sexdan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
89. Pech oraligʻidagi tiklovchi materiallar maxsus bunkerlarda saqlanishi kerak.
Pech oldidagi ish maydonchasida tiklovchi materiallarni faqat bir yoki ikki eritmaga yetadigan miqdorda saqlash lozim.
90. Yuklanayotgan shixtaning miqdori shixta eritilgandan soʻng vannadagi metall sathi pechning asosiy ostonalaridan baland boʻlmasligini taʼminlashi lozim.
91. Mazkur Qoidalarning 76-(birinchi bandi), 77 — 83-bandlari talablari elektr yoyli pechlarga materiallar yuklash jarayonlariga ham taalluqlidir.
92. Elektr bilan poʻlat eritish sexlarida pechlarga materiallar yuklash uchun faqat oʻzi toʻkadigan turdagi badyalar qoʻllanilishi kerak.
93. Elektrpechlarga yuklanayotgan ruda, ferroqotishma va boshqa materiallar oldindan quritilgan yoki qizdirilgan boʻlishi lozim. Eritilgan vannaga nam materiallarni solish man etiladi.
94. Ruda va boshqa materiallarni quritish va qizdirish pechlarining joylashtirilishi xodimlarni ikki tomonlama nurlanish taʼsiriga tushib qolishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
95. Materiallar yuklash va qoʻshimcha shixta yuklash chogʻida pechdagi barcha ishlar toʻxtatilishi, xodimlar esa pech gumbazi qayta yopilguncha xavfsiz joyga chiqarib yuborilishi lozim.
96. Yuklash badyasi ish maydonchasiga koʻtarilayotgan va pechga shixta yuklanayotgan paytda tovushli ogohlantirish signali berilishi kerak.
97. Pechdagi surilma maydonchaning yuritmasi yoki gumbazni koʻtarish va yon tarafga burish yuritmasini ishga tushirishdan avval poʻlat erituvchi barcha xodimlar pech atrofidan xavfsiz masofaga uzoqlashganiga ishonch hosil qilishi lozim.
Ish maydonchasi ostida ishlayotgan xodimlarni pech gumbazini yon tarafga burish mexanizmi yurgizilganligi toʻgʻrisida ogohlantirish uchun signal berish qurilmasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
98. Pech tubi shikastlanishi va shixta materiallarining boʻlaklari otilib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik uchun badyani ochib-yopish mexanizmini faqat badya pastki holatga tushirilgandan soʻng ochish lozim; bu paytda yuklash darchasi yopiq boʻlishi kerak.
99. Qoʻshimcha shixta toʻliq erimagan shixta ustiga yuklanishi, bu paytda pechning yuklash darchasi yopiq boʻlishi lozim.
Qoʻshimcha shixta yuklash paytida koʻprikli kran mashinisti kabinaning kuzatish darchasini kataklari 0,5x0,5 mm li metall toʻr bilan toʻsishi, xodimlar esa pechdan xavfsiz masofaga uzoqlashtirilishi kerak.
Shixta qoʻshish paytida pechdan ish maydonchasiga sachrab tushgan metall va shlaklar yuklash jarayoni tugagandan keyin darhol olib tashlanishi kerak.
100. Pech atrofidagi ish maydonchasida eritish jarayonida ishlatiladigan materiallarning ikki-uch smenalik zaxirasini maxsus xampalarda saqlash lozim.
Xampalarning qurilmasi va joylashishi ishlarni qulay va bexatar bajarilishini taʼminlashi lozim.
101. Ish maydonchalari balkonidagi stellajlarga muldalarni uzatish ilgakli zanjirlar yordamida amalga oshiriladigan sexlarda bir vaqtning oʻzida kran bilan muldalarni stellajlarga oʻrnatish va ularni yuklash mashinasi vositasida olish mumkin emas.
VI-BOB.
POʻLAT ERITISh KORXONASIDA KISLOROD QOʻLLANIShIGA DOIR UMUMIY TALABLAR
POʻLAT ERITISh KORXONASIDA KISLOROD QOʻLLANIShIGA DOIR UMUMIY TALABLAR
102. Poʻlat eritish pechlariga kislorod markazlashtirilgan usulda uzatilishi lozim.
103. Yopib-ochadigan va rostlovchi armatura oʻrnatilgan joylar yoritilgan boʻlishi kerak.
104. Yuqori haroratli yoki issiqlik nurlanishi kuchli hududda oʻtkazilgan kislorod oʻtkazuvchi quvurlar issiqlikdan izolatsiya qilingan boʻlishi lozim.
105. Kislorod oʻtkazuvchi quvurlar va kislorod qurilmalari ularga yogʻ tushishidan himoyalangan boʻlishi kerak.
106. Kislorod quvuri va kislorod qurilmalarida muzlab qolgan suv kondensati bugʻ yoki qaynoq suv yordamida eritilishi kerak.
107. Armaturadagi nozichliklardan yoki boshqa sabablar bilan kislorod sizib chiqayotgan boʻlsa, kislorod uzatilishi nosozlik bartaraf etilguncha toʻxtatilishi lozim.
108. Kislorod oʻtkazgich (eng)lar va armaturalarning zichligini har oyda kamida bir marta sovun eritmasi bilan tekshirib chiqish va tekshirish natijalarini quvur oʻtkazgichlardan foydalanish jurnaliga yozib qoʻyish kerak.
Olov yoki tutayotgan buyumlar bilan zichlikni tekshirish mumkin emas.
109. Kislorod quvurlari poʻlat eritish sexlari binolariga kirishda va ulardan chiqishda sex elektr uskunalarini yerga ulash konturiga ulangan boʻlishi lozim.
Gardishli (flanetsli) birikmalar boʻlgan joylarga doimiy tok oʻtkazuvchi tutashtirgichlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
110. Bosim ostida boʻlgan kislorod quvurlarida taʼmirlash ishlari olib borilmasligi lozim.
111. Taʼmirlanishi lozim boʻlgan kislorod quvuri foydalanilayotgan kislorod quvurlaridan uzib qoʻyilishi va undagi kislorod 20 foizdan (hajmiy) oshmaydigan miqdorga pasayguncha havo, azot yoki bugʻ bilan puflanishi, bu ikki karra tahlil orqali nazorat qilinishi lozim.
Kislorod quvurlarini porshenli kompressordan olinadigan havo bilan puflash mumkin emas.
112. Kislorod quvurlaridagi olovli ishlar ushbu Qoidalarning 603 — 605-bandi talablariga asosan naryad-ruxsatnoma boʻyicha va mutaxassislarning uzluksiz kuzatuvi ostida bajarilishi kerak.
113. Kislorod qurilmalari (kislorod rostlovchi punkt va hokazolar) joylashgan xonalarda chekish va olovdan foydalanish mumkin emas.
114. Kislorod oʻtkazgichlar va kislorod qurilmalarini taʼmirlash boʻyicha barcha ishlar kamida ikki xodim tomonidan bajarilishi kerak.
Kislorod xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun moʻljallangan xonalar tegishli normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq jihozlangan boʻlishi lozim.
115. Kislorod quvurlari va kislorod qurilmalariga xizmat koʻrsatish paytida qoʻllaniladigan asbob-anjomlar mis bilan qoplangan va toʻliq yogʻsizlantirilgan boʻlishi kerak.
116. Kislorod quvurlari va kislorod qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi xodimning qoʻllari, maxsus kiyimi, maxsus poyabzali, qoʻlqopi moy bilan ifloslanmagan boʻlishi kerak. Ish tugagandan soʻng chekish va ochiq olovga yaqinlashishga faqat ish kiyimi kamida 30 daqiqa davomida shamollatilganidan keyin ruxsat etiladi. Kislorod quvurlarining gardish yoki joʻmrak (ventil)lariga kiyim-boshni ilish mumkin emas.
117. Kislorod quvuri yona boshlasa yoki u joylashgan hududda yongʻin sodir boʻlsa, zudlik bilan kislorod quvurini uzib qoʻyish lozim.
118. Kislorod quvurlarini ulash yoki uzish paytida ulardagi kislorod bosimini asta-sekin va ravonlik bilan oʻzgartirish kerak.
119. Poʻlat eritish pechlariga kislorod keltiradigan quvurlar ularga (suyuq) metall va shlak sachrab tegmaydigan joylarga oʻrnatilishi kerak.
120. Poʻlat eritish pechlariga kislorod uzatuvchi furmalar mis uchlik bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
121. Poʻlat eritish pechlari vannalariga kislorod uzatish uchun qoʻllaniladigan furmalarning suv bilan sovitish elementlari tayyorlangandan yoki taʼmirlash oʻtkazilgandan soʻng 1,5 R bosim ostida germetiklik va mustahkamlikka gidravlik sinovdan oʻtkazilishi lozim, bu yerda R — furmadan oldingi magistralda boʻlgan suvning ish bosimi kattaligi. Gidravlik sinov natijalari furma pasportiga kiritilishi kerak.
122. Poʻlat eritish pechlariga kislorod uzatish uchun ishlatiladigan yeng (shlang)lar kislorod parametrlariga hamda kislorod muhitida ishlaydigan uskunalarga qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Englar darz va yoriqlarga ega boʻlmasligi lozim. Kislorod uzatish uchun qoʻllaniladigan metallquvurchalar quruq boʻlishi va ularda moy qoldiqlari boʻlmasligi lozim.
123. Eng (shlang)lar shtutserlarga, shuningdek, quvurchalar yenglarga ularning chiqib ketishiga hamda kislorod sizib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus qisqich (rezbali birikma)lar bilan mahkamlanishi kerak.
124. Furmalar oʻrnatilishidan avval, shuningdek yenglar qoʻllanilishidan oldin yogʻsizlantirilishi kerak.
125. Boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun kislorod qoʻllanilgan paytda mazkur Qoidalarning 102 — 118, 122 (ikkinchi bosh bandi) — 124-bandlari talablariga rioya qilish lozim.
126. Korxonada kislorod stansiyalari mavjud boʻlmasa, gazsimon kislorodli ballonlardan foydalanish mumkin.
Markazlashtirilgan usulda kislorod uzatish uchun taqsimlovchi qurilma (rampa) oʻrnatilgan boʻlishi va bu yerdan kislorod isteʼmol qilish joylariga joʻnatilishi kerak.
127. Kislorod rampasi nol sathida, alohida olovbardosh binoda joylashgan boʻlishi lozim. Kislorod rampasining binosi shamollatish, isitish va yoritish uskunalari bilan jihozlanishi kerak. Rampa binosi ichida chekish va ochiq olovdan foydalanish man etiladi.
128. Rampa binosidagi kislorod ballonlari ularning yiqilib ketishini istisno qiluvchi maxsus ustunlarga oʻrnatilishi lozim.
Rampa reduktori bino devori tashqarisida, umumiy ventil esa rampa binosi ichida oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
129. Kislorod ballonlarining kundalik zaxirasi qulflanadigan maxsus omborda saqlanishi lozim.
130. Kislorod ballonlarini saqlash, tashish va ishlatish paytida ularni moy bilan ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
131. Nosoz reduktor yoki manometrli ballonlardagi kisloroddan foydalanish mumkin emas.
132. Taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotgan vaqtda kislorod shlanglarini ulash uchun moʻljallangan qurilmalar qulay va bexatar joylarga oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
VII-BOB.
MARTEN PEChLARINING TUZILIShI VA ULARGA XIZMAT KOʻRSATISh
MARTEN PEChLARINING TUZILIShI VA ULARGA XIZMAT KOʻRSATISh
1-§. Umumiy xavfsizlik talablari
133. Pechning yuqori qismini tekshirish va taʼmirlash, shuningdek undan changlarni tozalash uchun pech gumbazi va kallagi ustida joylashgan konstruksiyalarga muqim maydonchalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Pech gumbazi yoki armaturasi ustida yurish mumkin emas.
134. Marten pechining orqa maydonchasini eni kamida 2 m boʻlishi va toʻsqichlar bilan muhofazalash kerak. Pech uchastkasidagi toʻsqichlar butun himoya balandligida temir listdan boʻlishi lozim. Bunda suyuq poʻlat chiqarish tarnovi oldidagi toʻsqichlar olinadigan yoki suriladigan qilib yasalishi kerak.
Poʻlat chiqarish teshigi va boshqa elementlarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan maydonchalarning muqim va olinadigan toʻsqichlari mavjud boʻlmasa yoki nosoz holatda boʻlsa, pechni ishlatmaslik lozim.
135. Koʻchma poʻlat chiqarish tarnovi boʻlgan pechlarda tarnovlar olib qoʻyilgandan soʻng ish maydonchasida ochilib qoladigan joylarni yopib qoʻyish lozim.
136. Issiqlik nurlanishidan saqlanish uchun pechning orqa devori ekran bilan toʻsilishi kerak.
Pechning orqa maydonchasida joylashgan chiqarish tarnovi oldidagi ish joylariga tashqi havoni tortuvchi (“havo dushi”) uskunalar oʻrnatilishi lozim.
137. Vannalariga kislorod puflanuvchi marten pechlari ularning ichidagi gazlarni toʻliq chiqarib yuboradigan qurilmalar bilan jihozlanishi, keyinchalik bu gazlar zararli aralashmalardan sanitariya meʼyorlarida belgilangan konsentratsiyalargacha tozalanishi kerak.
Gaz tozalash qurilmalarining elektrfiltrlari tegishli normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
2-§. Pechlardagi yuklash darchalarining qopqoq va ramalari
138. Qopqoqlarni koʻtarish mexanizmlari koʻtarilishni cheklaydigan qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
139. Qopqoqlar konstruksiyasi ularning yuklash darchasi ramalariga jips oʻtirishini taʼminlashi lozim.
140. Koʻtarish mexanizmining zanjiri uzilgan paytda qopqoqlar tushib ketishining oldini olish uchun maxsus moslamalar qoʻllanishi kerak.
141. Yuklash darchasining qopqoqlari uzluksiz ravishda sovitilib turilishi lozim.
Qopqoqlar suv yordamida sovitilsa, ularning konstruksiyasida bugʻning erkin chiqib ketish imkoniyati koʻzda tutilishi kerak.
142. Yuklash darchalarining kuygan qopqoq yoki ramalarini, shuningdek futerovkasi eyilib ketgan qopqoqlarni ham almashtirish kerak. Ularni almashtirish tashkilotning texnik qurilmalardan foydalanish yoʻriqnomasiga binoan pechga gaz va havo kamaytirilib amalga oshirilishi lozim.
143. Yuklash darchalaridagi qopqoqlarning sovitish qurilmalari va koʻtarish mexanizmlarini taʼmirlash ishlari birka tizimi talablariga muvofiq bajarilishi lozim. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan avval qopqoqlarning koʻtarish mexanizmlarini ishga tushirish qurilmalari elektr tokidan uzilishi va ularga “Ishga tushirilmasin, odamlar ishlayapti!” degan lavhalar osilishi kerak.
144. Shixta eritilayotgan paytda qopqoq, ramalarni almashtirish, shuningdek pechning yuqori qismida yuklash darchasi yaqinida xodimlarning boʻlishi bilan bogʻliq boshqa ishlarni bajarish ham mumkin emas. Qopqoq futerovkasini taʼmirlash uchun yuk koʻtarish mexanizmlari xizmat koʻrsatadigan maxsus joylar ajratilishi lozim.
3-§. Pech kallaklari, regenerator va shlakoviklar
145. Pech kallaklari hamda gaz va havo vertikal kanallarining choklari zichlangan boʻlishi kerak.
Kallaklar atrofidagi hududni biror-bir material yoki begona buyumlar bilan band qilib qoʻyish mumkin emas.
146. Regenerator va shlakovik devorlarining chuqurlashgan qismiga (ariqcha (leshad)dan sex poli sathigacha) gil tuproq bilan qum aralashmasi sepilishi, soʻngra shibbalanishi lozim. Bu maqsadda qurilish chiqindilarini ishlatmaslik lozim. Regenerator va shlakoviklarning gumbazlari germetik hamda issiqlikdan izolatsiyalangan boʻlishi kerak.
147. Regeneratorlar gumbazi va devorlarining germetikligi har smenada tekshirilishi lozim.
Gumbaz usti hamda regenerator va shlakovik devorlari atrof-muhitida uglerod oksidi mavjudligiga havo namunasi tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq olinishi kerak.
148. Reteneratorlarning yon devorlarida regenerator nasadkalarini puflash yoki yuvish uchun teshiklar boʻlishi kerak. Bu ishlar bajarilgandan soʻng teshiklar maxsus tiqinlar bilan berkitilishi lozim.
149. Ishlab turgan pech regeneratorlarini yuvish yoki puflash faqat regeneratorlar tutunda ishlayotgan paytda bajarilishi kerak.
150. Shlakoviklarning ariqchasi (leshadi) quyish oraligʻidagi sex poli sathidan pastroq joylashgan boʻlsa, shlakoviklarning yon tomonlariga maxsus oʻralar qilinib, panjaralar bilan toʻsilishi yoki usti olinadigan plitalar bilan yopilishi kerak.
151. Shlakoviklardan shlakni olib tashlash jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
152. Regenerator borovlari chuqurlashtirilgan, zichlashtirilgan boʻlishi va ularga yer osti suvlari oʻtmasligi uchun himoyalangan boʻlishi lozim. Drenaj qurilmalari mavjud boʻlsa, suvni tortish avtomatik ravishda amalga oshirilishi kerak.
Gaz borovlarining gumbazi yer sathidan kamida 0,8 m pastroq joylashtirilishi lozim.
153. Gaz borovlariga kirish uchun ularning gumbazlarida oʻlchami 0,8x0,8 m dan kam boʻlmagan tuynuklar qilinishi kerak.
Tuynuklar yoʻnaltiruvchi shtirlar bilan taʼminlangan va qatronda qaynatilgan asbest qistirmalarga joylashtirilgan qoʻsh qopqoqlar yordamida yopilishi lozim. Qopqoqlar orasidagi boʻshliq qum bilan toʻldirilishi kerak.
Ishchilarning borovga tushishi uchun koʻchma narvonlar qoʻllanishi kerak. Tuynuk va borovlarning devorlariga tutqichlar oʻrnatilmasligi lozim.
4-§. Pechlarni sovitish
154. Pechlarning suv bilan sovitiladigan elementlarini oʻrnatishdan oldin ularni 1,5 R kattalikda gidravlik sinovdan oʻtkazish lozim, bunda R — sovituvchi suvning ish bosimi.
155. Suv bilan sovitiladigan elementlarining ulanmasi alohida elementlarni sovitish tizimidan uzib qoʻyish imkonini berishi kerak.
156. Sovitish uchun berilayotgan suv mexanik aralashmalardan tozalangan boʻlishi kerak.
157. Sovuq suv sovitiladigan elementlarning pastki qismiga uzatilishi, qizigan suv esa yuqori qismidan olib ketilishi lozim.
158. Pechning suv bilan sovitiladigan elementlari va sovitish tizimi magistrallariga oʻrnatilgan yopib-ochadigan armatura xizmat koʻrsatish uchun qulay va bexatar joylarga oʻrnatilishi hamda chambaraklar bilan taʼminlanishi kerak.
159. Sovitish suvi eritilgan metall va shlak tegmaydigan joylarga oʻrnatilgan suv toʻplash rezervuarlariga olib ketilishi lozim.
160. Yuklash darchalari qopqoqlaridan suvni olib ketish uchun moʻljallangan uskunalar konstruksiyasi pechning asosiy gumbaziga suv tushishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
161. Suv bilan sovitiladigan elementlardan qaytayotgan suvning harorati vaqtinchalik qattiqlik choʻkindilari tushish haroratidan past boʻlishi va tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Sovitiladigan elementlar vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi va zarur boʻlsa, tozalanishi kerak.
162. Sovitish tizimining ishlashini nazorat qilish uchun uning yaqinida suv toʻplagich oʻrnatilgan boʻlishi, unga suv bilan sovitish tizimining barcha elementlaridan suv qaytadigan quvurchalar keltirilgan boʻlishi kerak. Suv toʻplagichdan tushayotgan suv oqimi xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga koʻrinib turishi lozim.
163. Pechni sovitish uchun berilayotgan suv toʻxtagan hollarda suv berish quvurlarining joʻmraklari yopilishi va pechga yoqilgʻi uzatilishi toʻxtalishi kerak. Suv qaytadan berilganda shiddat bilan bugʻ paydo boʻlmasligi va sovitish tizimi buzilmasligi uchun suv uzatilishini bir maromda oz-ozdan koʻpaytirib borish kerak.
164. Bugʻlatib sovitish tizimining sovitiladigan elementlarini oʻrnatishdan avval gidravlik sinovdan oʻtkazish lozim.
165. Bugʻlatib sovitish tizimining baraban-separatorlari olovga bardoshli materiallardan yasalgan maxsus galereyalarda yoki marten sexi binosidan tashqariga oʻrnatilishi lozim.
166. Galereya qurmasdan sex binosining stropila osti fermalariga baraban-separatorlarni oʻrnatish mumkin emas.
167. Baraban-separatorlar oʻrnatilgan galereyalar qarama-qarshi taraflarda joylashgan kamida ikkita kirish (chiqish)larga ega boʻlishi kerak. Kirish (chiqish) eshiklari tashqi tomonga ochilishi va ichki bekitgichlarga ega boʻlmasligi kerak. Galereyaga kirish uchun supali qiya zinapoyalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Galereyalar havo yetkazib berilishini kafolatlaydigan kiritish-tortish shamollatgichi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
168. Baraban-separatorlar kran osti toʻsinlari oraligʻiga alohida hollarda, quyidagi talablarga rioya etib, oʻrnatilishi lozim:
a) baraban-separatorlar atrofiga eni kamida 0,5 m li yurish maydonchasi qurilgan boʻlishi zarur. Maydoncha polidan kran osti toʻsinining yuqori tokchasigacha boʻlgan masofa 2 m dan kam boʻlmasligi lozim;
b) baraban-separatorlarga chiqish uchun qiya zinalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak;
v) toʻsinlarning ichki boʻshligʻini shamollatib turish kerak;
g) kran osti toʻsinlari boʻylab yurish maydonchalari qurilgan boʻlishi kerak. Maydonchadan kranning chiqib turgan ostki qismlarigacha boʻlgan masofa vertikal yoʻnalishda kamida 2 m va gorizontal yoʻnalishda kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
169. Pech ustida joylashgan yurish maydonchasi balandligi kamida 1,8 m li temir listdan yasalgan yaxlit devor bilan toʻsilishi kerak. Maydonchaning pol va devorlari qizishdan va issiqlik nurlanishdan ekranlar bilan muhofazalangan boʻlishi kerak.
170. Bugʻlatib sovutish tizimining yopib-ochadigan armaturasi xizmat koʻrsatish uchun qulay va xavfsiz joylarga oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Marten pechlarining gumbaz va kallaklari ustiga yopib-ochadigan armaturani oʻrnatish mumkin emas.
171. Pechga xizmat koʻrsatish hududida joylashgan bugʻlatib sovutish tizimining quvur va armaturalari issiqlikdan muhofazalangan boʻlishi kerak.
172. Baraban-separatorlarning saqlash klapanlaridagi svechalar xodimlarning bugʻ bilan kuyib qolishini istisno qiluvchi joylarga chiqarilgan boʻlishi lozim.
173. Bugʻlatib sovutish tizimidan bugʻni tashqariga chiqarib yuborish uchun tizimda shovqin soʻndirgich oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
174. Bugʻlatib sovutish tizimining baraban-separatorlaridagi suv sathi avtomatik tarzda saqlab turilishi kerak.
175. Agar baraban-separatordagi suv sathi meʼyoridan 150 mm yuqoriga yoki pastga qarab oʻzgarsa, marten pechining boshqarish postiga tovush va yorugʻlik signallari berilishi lozim.
Chegara sathlar signalizatsiyasining ishga yaroqliligi smena davomida kamida bir marta uni (pastki va yuqori chegara sathlarda) ishga tushirib tekshirilishi va smena jurnalida qayd etilishi kerak.
176. Pechlarni bugʻlatib sovutish tizimini boshqarish postlari havoni moʻtadillash uskunasi yoki kiritish-tortish shamollatgichi bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Shamollatish uskunalari bir soat mobaynida havoning kamida bir yarim marta almashishini taʼminlashi kerak.
Post derazalariga issiqlikni qaytaruvchi qoplamali toblangan oynaklar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
177. Bugʻlatib sovutiladigan pechlar texnik suv bilan sovutishga almashtirib ulaydigan qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
178. Bugʻlatib sovutish tizimini ishga tushirish, toʻxtatish, almashtirib ulash va ishlashini kuzatish ushbu tizimning loyiha hujjatlarida koʻzda tutilgan talablarni hisobga olib korxonada ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan foydalanish yoʻriqnomasiga asosan amalga oshirilishi kerak.
179. Pechning bugʻlatib sovutish tizimini ishga tushirish, shuningdek pechni bugʻlatib sovutishdan suvli sovutishga va aksincha, suvdan bugʻlatishga oʻtkazish paytida barcha xavfsizlik choralari koʻrilishi lozim.
180. Pechlarni sovutish tizimining holatini har smenada tekshirib borish kerak. Tekshirish natijalari smena jurnalida qayd etilishi lozim. Ushbu jurnalga oʻtkazilgan taʼmirlash ishlari, nosozliklar va ularni bartaraf qilish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritilishi kerak.
181. Baraban-separatorlar galereyasida yoki navbatchi xodimlar xonasi va pechni boshqarish postida bugʻlatib sovutish tizimining sxemasi hamda avariya vaziyatlari uchun foydalanish yoʻriqnomasidan koʻchirma osigʻliq boʻlishi lozim.
182. Bugʻlatib sovutish tizimidan sizib chiqishlar paydo boʻlsa, zudlik bilan pech gumbazi va regneratorlarga suv tushishini istisno qiluvchi choralar koʻrilishi kerak.
183. Bugʻlatib sovutish tizimini taʼmirlash ishlari ushbu Qoidalarning 603 — 605-bandi talablariga binoan naryad-ruxsatnoma asosida va faqat tizimdan bugʻ bosimi tushirilgandan soʻng bajarilishi lozim. Zarur hollarda, taʼmirlash boʻyicha ishlarni tizim texnik suv bilan sovutishga oʻtkazilgandan keyin bajarish lozim.
5-§. Eritmani suyuqlantirish va meʼyoriga yetkazish
184. Pechdagi shlakni ish maydonchasining ostiga oʻrnatilgan kovshlarga toʻkish kerak.
Shlak toʻkishlar orasidagi davrda va kovshlarni almashtirish paytida shlak teshiklari, shuningdek, ish maydonchasidagi shlak toʻkish teshigi yopiq boʻlishi lozim.
Shlakni kovshga toʻkish imkoni boʻlmagan sexlarda uni pech darchalari pastiga oʻrnatilgan shlakdonlarga qabul qilib olish kerak.
185. Shlakni qabul qilish uchun oʻrnatiladigan kovshlar quruq va ohak eritmasi bilan qoplangan boʻlishi kerak. Kovsh tubiga quruq shlak, tiklovchi va oʻtga chidamli materiallar chiqindilari solinishi lozim. Nam yoki moylangan materiallar boʻlgan kovshlarga suyuq shlak quyish mumkin emas.
Ish maydonchasi ostidagi polning kovshlar oʻrnatiladigan joylari quruq boʻlishi talab etiladi.
186. Shlak tarnovida paydo boʻladigan qatqaloq (nastil)lar oʻz vaqtida olib turilishi kerak. Tarnovni tozalash chogʻida tarnov ostida xodimlar boʻlmasligi lozim.
187. Ish maydonchasi ostiga suyuq shlakni toʻkishdan avval poʻlat erituvchi xavfli hududda xodimlar yoʻqligiga ishonch hosil qilishi lozim.
188. Kovsh va shlakdonlarni shlak bilan toʻldirish sathi ularning yuqorigi qirrasidan 250 mm pastroq boʻlishi lozim.
Shlakni bexatar choʻktirish usuli tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida aniqlab qoʻyilishi kerak. Suyuq eritmani meʼyorlash va chiqarish paytida shlakni nam materiallar va suv yordamida choʻktirish mumkin emas.
Shlakni toʻkish paytida shlakdonga metall tushishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
189. Ish maydonchasi ostidan shlakdonlarni olib ketish mexanizatsiyalashgan boʻlishi zarur. Bu maqsad uchun chigʻir (lebedka)dan foydalanilsa, bloklarning qurilmasi ulardan kanatlar chiqib ketishini istisno qilishi lozim.
Chigʻirni boshqarish pulti shlakdon oʻrnatilgan aravacha harakatlanishi koʻrinishini taʼminlovchi xavfsiz hududda joylashgan boʻlishi kerak.
Kanat va roliklarning tortuvchi qurilmalarini taʼmirlash paytida chigʻirni ishga tushirish qurilmasi elektr tokidan uzib qoʻyilishi kerak.
Shlakni yigʻishtirish uchun moʻljallangan uskunadan foydalanish va taʼmirlash kalit-birka qoʻllanilib amalga oshirilishi lozim.
190. Sexning ish maydonchasi ostiga shlak yigʻishtiruvchi vositalarni oʻrnatish uchun tonnellar qurilgan boʻlsa, temir yoʻl tarkibi va tonnel devorlari oʻrtasidagi ochiq oraliqning eni 0,7 m dan kam boʻlmasligi kerak.
191. Shlak quyiladigan kovshlar oʻrnatiladigan joyga juda yaqin joylashgan klapanlarning ochib-yopish qurilmalari shlak sachrashidan olovbardosh materiallardan yasalgan toʻsiq bilan muhofazalangan boʻlishi kerak.
192. Shixtani yuklash va qizdirish davrida pech ostidan shlak va chiqindilarni yigʻishtirish ishlari faqat pechning poʻlat erituvchisi ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
Pechning ish maydonchasi ostidagi hudud yoritilgan boʻlishi kerak.
193. Pechga ruda, oksidsizlantiruvchi modda va legirlovchi qoʻshimchalar kiritish paytida klapanlarni ochib-yopishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
194. Eritmani meʼyoriga yetkazish davrida pechga kiritilayotgan materiallar quruq boʻlishi va pechdan metall otilib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan miqdorda berilishi lozim.
Materiallarni kiritish tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq pechni qizdirish quvvati pasaytirilganda amalga oshirilishi kerak.
Pech va kovshga kiritiladigan ferroqotishma hamda legirlovchi materiallar quritilgan boʻlishi kerak.
195. Pechga materiallar kiritish paytida ishlovchilarning gumbaz, shuningdek yuklash darchalarining roʻparasidagi ish maydonchasida turishi mumkin emas.
196. Marten pechi vannasining holatini uzluksiz kuzatib turish kerak.
197. Pechdan metall namunasini quruq va isitilgan asbob yordamida olish lozim.
Klapanlar ochilib-yopilayotgan vaqtda namuna olish mumkin emas.
198. Stakandagi namunani metall qotgandan soʻng tushirib olish kerak.
199. Namuna olinadigan joydan 50 m va undan ortiq masofada joylashgan laboratoriyaga namuna pnevmo-pochta orqali yetkazib berilishi lozim.
6-§. Pech darchalari ostonalariga qarov
200. Ostonalarni tuzatish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Ostonalarga sepib qoʻyish uchun ishlatiladigan materiallar quruq boʻlishi lozim.
201. Klapanlarni ochilib-yopilish mahalida ostonalarni tuzatish va tozalash mumkin emas.
202. Ostonalarni tuzatishdan avval ularni metall va skrapdan puxtalik bilan tozalash kerak.
203. Muldali tarkiblar harakatlanayotgan paytda ostonalarni tuzatish va materiallarni yigʻishtirish ishlari toʻxtatilishi, xodimlar esa pechdan xavfsiz masofaga uzoqlashtirilishi lozim.
204. Tuzatish mashinasini yuklash mashinasi yordamida pechning bir darchasidan ikkinchisiga siljitish, shuningdek, pech darchasining roʻparasida tuzatish mashinasini taʼmirlash va boshqa ishlarni bajarish mumkin emas.
Tuzatish mashinasi issiqlik nurlanishi va uchib chiquvchi buyumlar taʼsiridan xodimlarni muhofazalash uchun maxsus pardacha bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
7-§. Pech tubiga qarov
205. Tub, yon devorlar va chiqarish teshigining holati pechdan metall va shlakning toʻliq tushishini taʼminlashi lozim.
206. Eritma chiqarilgandan keyin pech tubi koʻzdan kechirilishi kerak. Pech yuklanishiga usta ruxsat berishi lozim. Pech tubini tuzatish va sepib qoʻyish uchun quruq material ishlatish kerak.
207. Tub chuqurligida qolgan metallni, odatda, yuklash darchalari qopqoqlarining kuzatish tuynuklari orqali siqilgan havo yoki kislorod puflab poʻlat chiqarish teshiklaridan chiqarib olish kerak.
208. Tub chuqurligidagi metallni puflab chiqarishdan avval metall va shlaklar sachramasligi uchun poʻlat chiqarish teshigi oldiga ekran oʻrnatilishi, shuningdek kislorod yoki havo berilishi uchun moʻljallangan shlang, biriktiruvchi shtutser, quvur va joʻmraklarning sozligi tekshirilishi lozim.
Oldin metallni havo bilan puflab chiqarish uchun ishlatilgan shlanglarni keyin kislorod yordamida puflab chiqarish uchun qoʻllash mumkin emas.
209. Metallni chuqurlikdan puflab chiqarish maxsus koʻchma maydoncha yoki tublarni taʼmirlash uchun moʻljallangan tarkib, shuningdek sochiluvchan materiallar yuklangan va toʻsuvchi signallar oʻrnatilgan muldalar yordamida amalga oshirilishi kerak.
210. Pechning tubi va boshqa elementlarini tuzatish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
Shlak tushiriladigan maydonchadagi teshik ochiq boʻlganda marten pechlarini toʻliqlash mumkin emas.
8-§. Marten pechlarini qizdirish
211. Pechning issiqlik rejimini boshqarish avtomatlashtirilgan boʻlishi kerak.
212. Pechga kelayotgan gaz bosimi havo bosimidan tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan miqdorga ortiq boʻlishi kerak.
213. Pechga gaz uzatishdan avval ochib-yopish qurilmalari, yuklash darchalarining qopqoqlarini koʻtarish mexanizmlari, bajaruvchi mexanizmlar, nazorat-oʻlchov apparaturalarining ishga yaroqliligi, shuningdek tuynuk, shiber, klapan, drossel va uzuvchi klapanlar holati tekshirilishi lozim.
214. Gaz pechga kiritilayotganda uning alangalanishini kuzatish uchun kallak yaqinidagi gaz kiritiladigan ikkita yuklash darchalari toʻliq ochiq boʻlishi kerak.
Pechdagi bosimni pasaytirish uchun (paqqillash yuz bergan holda) gaz kiritilayotgan paytda barcha boshqa darchalar yarim ochiq boʻlishi lozim.
Pechga gaz uzatishdan avval barcha xodimlar pechdan xavfsiz masofaga oʻtishlari kerak.
215. Klapanlar ochilib-yopilishidan avval va ochib-yopilayotgan paytda ish maydonchasi va uning ostiga avtomatik ravishda tovush signali berilishi lozim.
216. Ochib-yopish qurilmalari havo klapanlarining oʻz-oʻzidan ochib-yopilishini istisno qiluvchi blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi kerak.
217. Ochib-yopish qurilmalarining kontryuklari toʻsilgan boʻlishi lozim.
218. Ochib-yopish klapanlari chigʻirlarining elektrdvigatellari chigʻirlar yoniga oʻrnatilgan ulab-uzgichlarga ega boʻlishi kerak.
Klapanlarning koʻtarilish balandligini rostlash uchun moʻljallangan chigʻirlarning dastaki yuritmasi chambarak tipda boʻlishi lozim.
219. Tutun klapanlari ichiga xodimlarning kirishiga faqat ochib-yopish qurilmalari oʻchirilgandan soʻng va birka tizimiga muvofiq ruxsat etilishi lozim.
220. Tortish kuchini rostlovchi shiber vertikal oʻqqa nisbatan 15 — 25 darajali burchak ostida tutun boroviga oʻrnatilishi kerak.
Shiber va ramalarning tutashuvchi yuzalari ularning bir-biriga jips oʻtirishini taʼminlashi kerak.
Shiber elektrlashtirilgan usulda boshqarilishi lozim.
221. Marten pechlariga havo uzatuvchi shamollatgichlarning soʻrish tuynuklariga himoya toʻrlari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
222. Sexning gaz quvurlaridan yuklarni koʻtarish paytida tayanch sifatida, shuningdek kommunikatsiyalarni mahkamlash yoki uskunalarni yerga ulab elektrdan muhofazalash uchun foydalanish mumkin emas.
223. Ish maydonchasining pastidagi ochib-yopish qurilmalari va regeneratorlar joylashgan hudud yoritilgan boʻlishi lozim.
224. Pechga yoqish uchun uzatiladigan mazut filtrlanishi va bugʻlarning chaqnash haroratidan koʻp boʻlmagan haroratgacha isitilishi kerak.
225. Mazut quvurlari issiqlikdan izolatsiya qilinishi va ularni boʻshatish mumkin boʻlgan tarafga qarab kamida 0,003 nishablikka ega boʻlishi lozim.
Mazut quvuri bilan parallel tarzda isituvchi bugʻ quvuri birgalikda umumiy izolatsiya qilinib oʻtkazilishi kerak.
Mazut quvurini yuqori belgisidan quyi belgisigacha bugʻ bilan puflab tozalash imkoniyati yaratilgan boʻlishi lozim.
226. Mazut quvurlarni boʻshatish paytida mazut quyiladigan sigʻimlar sex binosining tashqarisiga oʻrnatilishi kerak.
227. Mazut quvurini pech ustiga joylashtirish mumkin emas.
228. Mazut quvurining sexga kirish joyiga berkituvchi zulfin (zadvijka) oʻrnatilishi kerak.
229. Pechga mazut keltiruvchi umumiy quvurga yopib-ochadigan va rostlovchi armatura hamda mazutning bosimi va haroratini nazorat qiluvchi asboblar, shuningdek pechning tomonlariga mazut uzatilishini avtomatik ravishda almashlab ulaydigan qurilma oʻrnatilishi lozim.
230. Forsunkalar holatini oʻzgartirish mexanizatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi kerak.
231. Mazutli sarflash baklari pechlardan kamida 5 m uzoqlikda oʻrnatilishi zarur va issiqlik nurlanishidan qizib ketmasligi uchun maxsus ekranlar bilan toʻsilgan boʻlishi kerak. Baklarni pech ustiga oʻrnatish mumkin emas. Sarflash baklaridagi mazutning miqdorini sath oʻlchagichlar yordamida oʻlchash lozim.
232. Mazutli sarflash baklari mazut bugʻlarini olib ketish uchun jezdan yasalgan muhofazalash toʻri oʻrnatilgan tortish quvurlari va baklar toʻlib toshib ketishga yoʻl qoʻymaydigan quyib olish quvurchalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
233. Yongʻin hollari roʻy berganda mazutni chiqarib yuborish uchun sarflash baklari bekitilgan quvur oʻtkazgichlar vositasida maxsus sigʻimlarga ulangan boʻlishi kerak. Ushbu sigʻimlarga sarflash baklarining quyib olish quvurchalari ham ulangan boʻlishi lozim.
234. Avariya yoki yongʻin hollari roʻy berganda zudlik bilan mazut uzatilishini yopish uchun mazut quvurlariga xizmat koʻrsatish oson boʻlgan joyga maxsus joʻmraklar oʻrnatilishi kerak.
235. Ishchilarning mazut yoki qatron baklari ichiga tushishiga faqat baklar quvur oʻtkazgichlardan uzib qoʻyilgandan, toʻliq boʻshatilgandan, bugʻlatib tozalangandan, shamollatilgandan hamda ulardagi havo tarkibi zararli moddalarning mavjudligiga tekshirilgandan keyin ruxsat etish lozim.
Bak ichida xodimlar boʻlgan paytda barcha tuynuklar ochiq boʻlishi kerak. Agar tuynuklarni ochgan paytda baklarning shamollatilishi taʼminlanmasa, sunʼiy shamollatish qoʻllanishi kerak.
Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bak ichida ishlayotgan paytda yoritish uchun portlashdan himoyalangan chiroqlar qoʻllanishi lozim. Chiroqlar baklar tashqarisidan yoqilishi va oʻchirilishi kerak.
9-§. Marten pechlariga kislorod berish
236. Pech vannasiga kislorod berish uchun suv bilan sovitiladigan maxsus furmalar qoʻllanishi lozim.
237. Pech vannasiga kislorod beruvchi furmaning yuritmasida blokirovka qurilmalari boʻlishi, ularning yordamida sovituvchi suvning harorati koʻtarilib ketgan yoki kislorodning bosimi belgilangan chegaradan pasayib ketgan paytlarda pechning ish boʻshligʻidan furmani avtomatik tarzda chiqarish amalga oshirilishi kerak.
Pechning ish boʻshligʻidan furmani koʻtarish chogʻida kislorod uzatilishi avtomatik ravishda toʻxtashi kerak.
238. Furmalar oʻrnatiladigan gumbaz teshiklaridagi sovitgichlarning konstruksiyasi sovitgichlar kuyib qolganda ularni tezda almashtirish imkonini taʼminlashi lozim.
Furma va sovitgichlarni almashtirish uchun koʻtarish-tashish moslamalari koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
Sovitgichlarni almashtirish va furmalarni tekshirish uchun pech gumbazi ustiga maydonchalar qurilgan boʻlishi kerak.
239. Marten pechlarining kallaklari yonida alanga oqimiga kislorod berilishini reversivlaydigan klapanlar oʻrnatilmasligi kerak.
240. Pechda shiddatli reaksiyalar paydo boʻlgan paytda kislorod berilishini kamaytirish yoki toʻxtatish kerak. Bir vaqtning oʻzida pechga berilayotgan qizdirish quvvatini ham pasaytirish lozim.
241. Alanga oqimiga kislorod berish uchun moʻljallangan furmani tekshirish, taʼmirlash yoki tozalashdan avval pechga kislorod uzatilishini toʻxtatish kerak.
242. Agar kislorod pechga gumbaz orqali berilsa, choʻyanni toʻkish va shixtani eritish vaqtida furma hamda shlanglarni almashtirish mumkin emas.
243. Pechga quvur yoki furmani kiritishdan avval teshikni metall va shlak qatqaloqlaridan tozalash kerak.
244. Yonilgʻidan foydalanish parametrlari birlamchi asbob (datchik)lar yordamida oʻlchanishi, aniqlangan koʻrsatkichlar ikkilamchi asboblarga masofadan uzatilishi lozim.
Parametrlarni nazorat qilish asboblari alohida yoki boshqaruv postlariga yondosh qurilgan maxsus xona yoki shkaflarga oʻrnatilishi kerak.
245. Pechning issiqlik rejimini rostlovchi ikkilamchi asbob va avtomatizatsiya vositalari, shuningdek yonilgʻi va kislorod eltgichlar parametrlarining chegaraviy miqdorlaridan ogohlantiruvchi signalizatsiya marten pechlarini boshqarish postlariga joylashtirilgan boʻlishi lozim.
246. Eritish davrida metall haroratini uzluksiz ravishda oʻlchab turish uchun marten pechlari mexanizatsiyalashgan harorat oʻlchagichlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
247. Marten pechining har bir boshqaruv posti umumzavod ATS telefoni va marten sexi nozimiga bevosita ulangan aloqa, shuningdek baland tovushda soʻzlashish uchun sex ichki aloqasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
VIII-BOB.
ELEKTRPEChLARNING TUZILIShI VA ULARGA XIZMAT KOʻRSATISh
ELEKTRPEChLARNING TUZILIShI VA ULARGA XIZMAT KOʻRSATISh
1-§. Elektr yoyli pechlar
248. Elektrpechlar ajralib chiqayotgan tutun gazlarini chiqarib yuborish va ularni changdan tozalash uchun samarali qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
249. Elektrpech poydevori konstruksiyasi uning ostki qismini tekshirish va ish maydonchasi tagida joylashgan mexanizmlar taʼmirlanishi qulayligini taʼminlashi lozim.
Elektr bilan poʻlat eritish sex (pech)larida pech ostidagi shlak mexanizatsiyalashgan usulda tozalanishi lozim.
250. Pech va gʻildiratib chiqariladigan maydonchalarning ogʻdirish mexanizmlariga oʻtish uchun panjarali zinapoyasi boʻlgan maydonchalar qurilgan boʻlishi kerak.
251. Pechni ogʻdirish mexanizmi ham old tarafga, ham orqa tarafga ogʻish cheklagichlariga ega boʻlishi kerak. Ogʻish cheklagichlari nosoz pechni ogʻdirish mumkin emas. Ogʻish cheklagichlarining sozligi har kuni tekshirib turilishi lozim. Tekshirish natijalari smena jurnaliga yozib borilishi lozim.
Elektrpechining ogʻirlik markazi shunday joylashtirilishi kerakki, ogʻdirish mexanizmi ishdan chiqqan holda ham pech yana tik holatiga qaytsin.
252. Pechni ogʻdirish yuritmasining boshqarish qurilmasi eritmani chiqarish va shlakni ogʻdirib toʻkish paytidagi operatsiyalar aniq koʻrinishini taʼminlaydigan joyga oʻrnatilishi lozim.
Boshqarish dastagining harakat yoʻnalishi pech ogʻishi yoʻnalishi bilan bir xil boʻlishi kerak.
253. Pechni ogʻdirish uchun gidravlik yuritma qoʻllanilgan holda gidravlik qurilmalarga erigan metall va shlak tushishini istisno qiluvchi chora-tadbirlar koʻrilgan boʻlishi lozim.
254. Gumbaz ayri (vilka)lari buzilishi natijasida gumbaz qulashi mumkin boʻlganligi uchun, ular kamida oʻn karra mustahkamlik zaxirasiga ega boʻlishi kerak.
Gumbazning koʻtarish va tushirish mexanizmlari issiqlik nurlanishi va elektrodlar kiritiladigan teshiklarning tirqishidan chiqadigan alangadan muhofazalangan boʻlishi lozim.
255. Yuqori haroratli hududda, yaʼni bevosita pech gumbazi ustida joylashgan konstruksiyalarda zinapoyali va issiqlikdan izolatsiya qilingan polli maydonchalar boʻlishi kerak. Bevosita pech gumbaziga chiqish mumkin emas. Xodimlarning gumbaz maydonchasiga chiqish tartibi tegishli yoʻriqnomada belgilab qoʻyilishi kerak. Xodimlarning gumbaz maydonchasiga koʻtarilishidan oldin pechdan elektr kuchlanishi uzib qoʻyilishi, kalit-birka esa pech ustiga chiqayotgan shaxsda boʻlishi lozim. Elektrpechning mexanizm va uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish va profilaktik ishlarni bajarish paytida gumbaz yopiq boʻlishi kerak.
256. Ish darchalari qopqoqlari tushib ketmasligi uchun koʻriladigan chora-tadbirlar ushbu Qoidalarning 140, 142-bandlaridagi talablarga javob berishi kerak.
Ish darchalari qopqoqlarini almashtirish pech oʻchirilgan paytda amalga oshirilishi lozim.
257. Suv bilan sovutiladigan elektrod zichlagichlarining mahkamlash moslamasi gumbaz qulab tushgan paytda ularning pech vannasiga tushib ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
258. Barcha pechni sovutish elementlari va ularga suv keltirish tarmoqlari germetik boʻlishi kerak.
Pechning eng muhim uzellarini sovutish suvi bilan betoʻxtov taʼminlab turish lozim.
Elektrpechlar uchun sovutish tizimining barcha tarmoqlariga suv oqimini nazorat qilish datchigi, eng muhim uzellarning tarmoqlariga esa oqim va haroratni nazorat qilish datchiklari oʻrnatilishi kerak.
Sovutish suvining uzatilishi toʻxtagan yoki uning harorati texnologik yoʻriqnomadagi koʻrsatkichlardan oshib ketgan hollarda pechning elektr taʼminoti manbaini oʻchirib qoʻyish uchun oqim va haroratni nazorat qilish datchiklari blokirovka tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
259. Elektrpechlarning sovutish elementlariga mazkur Qoidalarning 154 — 159, 161 — 163-bandlaridagi talablar taalluqlidir.
260. Sovutish suvini keltirish va olib ketish tarmoqlarini ish darchasi hamda erkyer ostiga joylashtirmaslik lozim.
261. Elektrodlarni siljitish mexanizmi ular belgilangan chegaraviy sathgacha koʻtarilgan yoki tushgan paytda avtomatik ravishda ishlab ketadigan yoʻl cheklagichlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
262. Elektrodlarni yigʻish va almashtirilayotgan elektrodni oʻrnatish uchun elektrpech yonida maxsus dastgoh (mexanizatsiyalashtirilgan stend) boʻlishi lozim. Ish maydonchasi ostida turgan elektrod qismi toʻsib qoʻyilishi kerak. Elektrodlarni pechning oʻzida ulashga ruxsat etiladi. Elektrodlarni ulashdan avval pech oʻchirib qoʻyilishi va bu ishlarni bajarish paytida mazkur Qoidalarning 255-bandi talablariga rioya qilish kerak.
263. Elektrodlarni almashtirish paytida metall nippel elektrodga toʻliq burab kirgizilgan (kertikning oxirigacha) boʻlishi lozim.
264. Elektrodlarni ulash va almashtirish chogʻida qoʻllaniladigan kranning ilgagi undan elektrod nippeli bandlari oʻz-oʻzidan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan moslama bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
265. Elektrodtutqichlarning elektrodlarni qisib olishi va boʻshatishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Elektrodlarni qisish mexanizmi pech oldidagi maydonchadan boshqarilishi kerak. Elektrodlar gumbaz teshiklari boʻylab erkin siljishi va gumbaz devoriga tegmasligi kerak. Elektrod qisqichlari pech ustunlari va yerga ulangan uzellardan izolatsiya qilingan boʻlishi lozim.
Elektrod halqalari va elektrodlar orasidagi tirqish zichlashtirilgan boʻlishi kerak.
266. Pechdagi shixta erigandan soʻng ishchi-xodimlarning pech ostida turishiga yoʻl qoʻymaslik lozim. Ish maydonchasi ostida va metall quyish oraligʻida ishlayotgan xodimlarni shlakni toʻkish yoki eritmani chiqarish uchun pech ogʻdirilishi haqida ogohlantirish uchun yorugʻlik-tovush signalizatsiyasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Signal pech ogʻdirilishidan kamida bir daqiqa oldin berilishi lozim.
267. Pech oraligʻining ish maydonchasi butun perimetri boʻylab pastida balandligi 0,14 m li yaxlit yon qoplamasi boʻlgan, boʻyi kamida 1,0 m li toʻsqich bilan muhofazalangan boʻlishi kerak.
Ish darchalari yaqinidagi panjarali toʻsiq echib olinadigan boʻlishi kerak.
Pech oraligʻining ish maydonchasi va ogʻdiriladigan pech maydonchasi orasidagi tirqishlar pechning yon tomonlaridan sigʻimi 50 t dan kam pechlar uchun 80 mm dan koʻp boʻlmasligi, sigʻimi 50 t va undan yuqori pechlar uchun esa 150 mm dan koʻp boʻlmasligi lozim.
268. Ish maydonchasining pechga yaqin joylariga ish oʻrinlarini havo bilan shamollatish qurilmalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
269. Elektrpech tubi, qiyaligi va devorlarini tiklash jarayoni mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
270. Pechdan metall va shlak otilib chiqmasligi uchun oksidlanish davrida pechga bir vaqtning oʻzida kiritilayotgan qattiq oksidlovchi modda miqdori texnologik yoʻriqnomada belgilangan miqdordan koʻp boʻlmasligi kerak.
271. Elektrpechning ish darchasiga gazkislorod yondirgichini oʻrnatish uchun darcha qopqogʻida yondirgich oʻlchamlariga mos keluvchi maxsus teshik boʻlishi lozim.
272. Gazkislorod yondirgichlari ochib-yopuvchi moslama, shuningdek gaz, kislorod va sovutish suvining sarfi hamda bosimini nazorat qiluvchi asboblar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
273. Yondirgich yoqilishidan avval kislorod bilan puflab tozalanishi, keyin gaz berilishi kerak. Aralashma yonishiga ishonch hosil qilmay, gaz va kislorodning belgilangan sarfini oʻrnatish mumkin emas.
Yondirgichni oʻchirish teskari tartibda bajarilishi kerak. Avariya yuz bergan holda birinchi navbatda kislorod oʻchirilishi lozim.
Yondirgichlardagi gaz-kislorod nisbati avtomatik tarzda saqlanishi kerak.
274. Koʻchma yondirgichni yoqishdan avval barcha keltiruvchi shlanglar va yondirgich shikastlanmaganligiga hamda undagi teshiklar tozaligiga ishonch hosil qilish lozim.
275. Pech ishlab turgan paytda metallni kislorod bilan puflash uchun kiritiladigan yondirgich-furmalar va elektrod orasidagi masofa elektr yoyning yondirgichga tutashishini istisno qilishi kerak.
276. Sovutish suvi bosimi avariyaviy ravishda tushib ketgan, kislorod yoki gaz berilishi toʻxtagan hollarda yondirgich avtomatik tarzda oʻchirilishi va pechning ish boʻshligʻidan chiqarilishi lozim.
277. Suv bilan sovutiladigan yondirgich kuyib qolganda, u oʻchirilishi va pechning ish boʻshligʻidan eng chekka yuqori (ishlamaydigan) holatga chiqarib qoʻyilishi kerak. Yondirgichning holatini nazorat qilish uchun karetkalarda maxsus koʻrsatkichlar boʻlishi kerak.
278. Gazkislorod yondirgichi ishlayotgan vaqtda ish darchasining qopqogʻi yopiq boʻlishi lozim.
279. Toʻkib olinayotgan shlakni qabul qilish maqsadida shlak kovshlari yoki shlakdonlardan foydalanish kerak. Shlakdonlar ularni tashish va agʻdarish uchun moʻljallangan qurilma bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
280. Shlakni qabul qilish uchun oʻrnatilgan kovsh va shlakdonlar quruq boʻlishi kerak. Bundan tashqari kovshlarning ichiga ohak eritmasi surtilgan boʻlishi lozim. Pech ostidagi pol, shuningdek shlakdon oʻrnatiladigan oʻraning tagi ham quruq boʻlishi kerak.
281. Ishchilarni shlak sachrashidan muhofazalash uchun kovsh yoki shlaqdon oʻrnatiladigan pech ostidagi joy saqlovchi qalqonlar bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
282. Kovsh va shlakdonlarni shlak bilan limmo-lim qilib toʻldirish mumkin emas.
Koʻpiklanayotgan shlakni quruq qum yoki oʻtga chidamli gʻisht siniqlari bilan choʻktirish kerak.
283. Pech ostidagi hududni, shuningdek shlak va chiqindi oʻralarini tozalashga faqat pech toʻxtagan va unda suyuq metall boʻlmaganda hamda quyidagi talablarga rioya etilganda ruxsat etiladi:
a) ish maydonchasidagi ochiq tuynuklar yopilgan boʻlishi kerak;
b) ish maydonchasi ostidagi hudud yoritilgan boʻlishi lozim.
284. Shlak palaxsalarini idishga solmasdan temir yoʻl platformasi yoki dumpkarga tashib keltirish va ortish mumkin emas.
Shlakni nam dumpkar yoki hoʻl platformaga ortish mumkin emas. Agar shlak shlaqdonda qisilib qolgan boʻlsa, uni urib chiqarish shu maqsadda alohida ajratilgan, xodimlar xavfsizligini taʼminlaydigan joylarda maxsus moslamalar yordamida bajarilmogʻi lozim.
Shlakni agʻdarish paytida xodimlar harakatlanuvchi tarkib ustida turmasligi lozim.
Shlak ortish uchun qoʻyilgan dumpkar yoki platformalar tormoz boshmoqlari bilan mahkamlanishi kerak.
285. Metalldan namuna olish ushbu Qoidalarning 197, 198, 199-bandlari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
286. Elektr yoyli pechlarning gaz tozalash tizimi tegishli normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
287. Gaz chiqarish va tozalash uskunalari avtomatlashtirilgan boʻlishi, markazlashtirilgan masofadan turib boshqarish tizimiga va xavfsiz ishlatish uchun kerakli nazorat oʻlchov asboblariga ega boʻlishi kerak. Elektr yoyli pechning gaz chiqarish traktini boshqarish pultida gazni sovutish, gaz tozalash, tutun soʻrgʻich va yondirib tugatish qurilmasining sxemasi osigʻliq boʻlishi kerak.
Elektr pechini boshqarish pulti operatori bilan tutun soʻrish qurilmasining operatori oʻrtasida telefon aloqasi boʻlishi lozim.
288. Elektr yoyli pechning gaz chiqarish trakti konstruksiyasi eritish jarayonida ajralib chiquvchi uglerod oksidining toʻliq yonib tugashini taʼminlashi kerak.
289. Elektr pechni taʼmirlash paytida sovutgich, chang tutuvchi qurilma va gaz traktlarini reviziya qilish va tozalash kerak.
290. Gaz chiqarish trakti va gaz tozalash qurilmalarida taʼmirlash ishlarini mexanizatsiyalashtirish uchun ular yuk koʻtarish-tashish vositalari, shuningdek ishlovchilarni balandlikka koʻtarish uchun mexanizmlar (lyulka va hokazo) bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
291. Sovutgich va chang tutuvchi qurilmalar (skrubber, quvur-changlatgich, gaz quvurlari va hokazo) koʻzdan kechirish va taʼmirlash uchun qopqoqli tuynuk (lyuk)larga ega boʻlishi hamda bu ishlarni bexatar bajarilishini taʼminlaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak. Qopqoqli tuynuklar germetik boʻlishi, ularga bemalol yaqinlashish taʼminlangan boʻlishi lozim. Gaz chiqarish trakti ishlayotgan vaqtda tuynuk (lyuk)larni ochish mumkin emas.
292. Elektr pechi qish faslida taʼmirlashga toʻxtatilgan paytda suv bilan sovitish va gaz chiqarish trakti taʼminotining butun tizimi suvdan boʻshatilishi yoki isitish bilan taʼminlanishi kerak.
293. Gaz chiqarish trakti elementlarida hosil boʻladigan choʻkindi (qatqaloq, quyqum va hokazo)larni olib tashlash tashkilotning uskunalarni taʼmirlash va tozalash yoʻriqnomasiga muvofiq naryad-ruxsatnoma asosida bajarilishi lozim.
294. Elektr pechining gaz chiqarish trakti taʼmirlash paytida umumiy kollektor, borov va hokazolardan ishonchli tarzda uzib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Taʼmirlanayotgan gaz tozalash apparatlarining oqova suvlarini chiqarish tizimi oqova suv chiqarish umumiy kollektoridan uzib qoʻyilishi lozim (bundan uglerod oksidini toʻliq yondirish tizimi mustasno).
295. Sovutgich va gaz yoʻllariga portlaydigan saqlovchi klapanlar oʻrnatilishi kerak.
296. Gaz tozalash va tutun soʻrgʻichlar joylashgan binolar uglerod oksidi mavjudligini avtomatik nazorat qiluvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Gaz tozalash va tutun soʻrgʻichlar binolarining havosida uglerod oksidi mavjudligi belgilangan tartibda tasdiqlangan grafikka asosan tekshirib turilishi kerak.
297. Barcha gaz yoʻllari germetik boʻlishi lozim.
298. Gaz chiqarib yuborish trakti pechdan uzilgan paytda gaz yoʻliga havo yuborish qurilmasi avtomatik ravishda ochilishi lozim.
299. Tutun soʻrgʻich avariyaviy tarzda toʻxtaganda gaz chiqarib yuborish traktining pechdan avtomatik ravishda yopilishi taʼminlangan boʻlishi kerak.
300. Gaz tozalash uskunalarini tozalash, taʼmirlash boʻyicha ishlar ular toʻxtatilgandan va uglerod oksidini toʻliq chiqarib yuborish hamda sovitish uchun shamollatilgandan soʻng bajarilishi lozim.
2-§. Induksion pechlar
301. Induksion pechning karkasi induktor oʻramlaridan izolatsiya qilingan boʻlishi kerak. Pech induktoriga tok keltiruvchi kabellar izolatsiya qilingan va toʻsilgan boʻlishi lozim.
302. Pechning elektr yuritmali ogʻdirish mexanizmi pech ogʻishini cheklovchi qurilma va ogʻdirilayotgan pechni istalgan holatda darhol toʻxtashini, shuningdek pech ogʻdirilayotgan vaqtda elektrenergiya taʼminoti uzilishi roʻy berganda uning toʻxtashini taʼminlaydigan tormoz qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Ogʻdirish mexanizmi metall va shlak sachrashidan himoyalangan boʻlishi kerak.
Pechni ogʻdirish mexanizmi joylashgan xona QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq yoritilgan boʻlishi kerak.
303. Koʻtarib qoʻyilgan pechning ostida joylashgan uskunani koʻzdan kechirish va taʼmirlashga faqat koʻtarilgan pech mustahkam va barqaror maxsus tayanchlar yordamida qoʻshimcha tarzda mahkamlangandan soʻng ruxsat etilishi lozim.
304. Induktor quvurchalari mustahkamlik va germetiklikka kamida 1,5 R gidravlik bosim ostida sinalishi lozim, bu yerda R — sovitish suvining ish bosimi miqdori.
305. Induktor va suv keltirish quvurlari orasidagi suv keltirish qismi rezina-matoli yenglardan yasalgan boʻlishi kerak.
306. Suvning pech induktoriga uzluksiz kelishi vizual va sovutish suvi kelmay qolganda pechni avtomatik ravishda oʻchirib qoʻyuvchi maxsus asboblar yordamida nazorat qilinishi lozim.
307. Pechning ish maydonchasi butun perimetri boʻylab pastki qismida balandligi 0,14 m li yaxlit yon qoplamasi boʻlgan, boʻyi kamida 1,0 m li toʻsqich bilan muhofazalangan boʻlishi kerak. Pech yaqinidagi ish maydonchasining poli elektrdan izolatsiyalovchi toʻshama bilan qoplangan boʻlishi lozim.
308. Pechga qoʻshimcha yuk ortish paytida metall sachramasligi uchun erigan vannaga nam shixta va ferroqotishmalarni solish man etiladi. Pechning yuqori qismida erimagan shixtadan “koʻprik” hosil boʻlsa, shu zahoti pechni oʻchirib uni chiqarib olish kerak.
309. Induksion pechlarga xizmat koʻrsatish paytida qoʻllaniladigan metall asboblar elektr izolatsiyali dastaga ega boʻlishi kerak. Pechdagi ishlar izolatsiya qilinmagan metall asboblar yordamida bajarilsa, pech oʻchirilgan boʻlishi lozim.
310. Ish joylarida elektromagnit maydoni oqimining kuchlanishi va zichligini oʻlchash muddatlarining davriyligi tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi kerak.
311. Ochiq induksion pechlar tortuvchi aspiratsiya tizimi, ish maydonchalari esa ish joylariga havo puflovchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
3-§. Elektr bilan poʻlat eritish pechlariga kislorod berish
312. Pechga gumbaz orqali kislorod berish uchun moʻljallangan furmani tushirish va koʻtarish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
313. Pech vannasiga kislorod beruvchi furmaning yuritmasi ushbu Qoidalarning 237-bandi talablariga muvofiq furmani ish boʻshligʻidan chiqarilishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmalariga ega boʻlishi lozim. Furma koʻtarilayotgan paytda kislorod berilishi avtomatik tarzda toʻxtashi lozim.
314. Kislorod pechga yuklash darchasi orqali metall quvurcha yordamida berilsa, pechning yuklash darchasi oldiga quvurcha kiradigan teshikli muhofaza qalqoni oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
4-§. Pechlar elektr qismining tuzilishi va unga xizmat koʻrsatish
315. Elektr bilan poʻlat eritish pechlari elektr qismining tuzilishi va ishlatilishi tegishli normativ-texnik, loyiha hujjatlariga hamda mazkur Qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
316. Pech transformatoridan pech elektrodlariga elektr toki yetkazib beruvchi “qisqa tarmoq” kabellari balandda joylashgan boʻlsa, ularning ostida toʻsilgan yoʻlak, agar kabellar pastda joylashgan boʻlsa, qulflanadigan eshikli panjara bilan toʻsilgan boʻlishi kerak.
317. Elektr pech korpusi va konstruksiyasi puxtalik bilan yerga ulab himoyalangan boʻlishi lozim.
318. Elektr pechni boshqarish pultlarining joylashtirilishi xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga elektr yoyning koʻzni qamashtiradigan taʼsiri boʻlmasligini taʼminlashi kerak. Boshqarish pulti elektr yoy nurlanishi hududida joylashgan boʻlsa, himoya ekranlari qoʻllanishi lozim.
319. Boshqarish pulti derazalariga issiqlikdan himoyalovchi oynalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Pult xonalari normal mikroiqlim sharoitlarini taʼminlovchi shamollatish yoki havoni moʻtadillash qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Yilning sovuq va oʻtish mavsumlarida pult xonalari isitilishi lozim.
320. Boshqarish pulti taʼminlovchi elektr stansiyalar bilan bevosita telefon aloqasiga ega boʻlishi va zarur signalizatsiya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
321. Eritish jarayonini boshlash uchun pechni yoqishdan avval poʻlat erituvchi hamda mexanika va elektr-xizmatlarining javobgar shaxslari pech uskunasi, futerovkasi va gumbazining sozligini tekshirib chiqishlari kerak.
Pult operatori faqat poʻlat erituvchidan pechni ishga tushirish huquqini beruvchi kalit-birkani olgandan soʻnggina pechni yoqishi lozim.
Pechni ishga tushirishdan oldin barcha xodimlarni xavfsiz masofaga uzoqlashtirish kerak.
Ishlab turgan pech yonida unga xizmat koʻrsatmaydigan xodimlar boʻlmasligi kerak.
322. Qisqa muddatli oʻchirishlar uchun (qayta ishga tushirish, elektrodlarni almashtirish yoki ulash, elektrod siniqlarini olish uchun va hokazo) pech kalit-birka olib qoʻyilgan paytda yuqori voltli ulab-uzgichning uzib qoʻyilishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
Qayta ishga tushirish, elektrodlarni almashtirish va ulash, elektrodlar siniqlarini chiqarib olish va hokazo ishlar bajarilayotganda kalit-birka ushbu ishlarni bajarayotgan xodimda boʻlishi kerak.
323. Yuqori voltli ulab-uzgich bilan pechni ishga tushirish va oʻchirish tartibi tashkilotning texnik qurilmalardan foydalanish yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilgan boʻlishi lozim.
324. Elektr pechdagi “qisqa tarmoq” kabellarining qisqa tutashishi yuz bermasligi yoki koʻprikli quyish kranining poʻlat arqonlari shikastlanmasligi (kuyib ketmasligi) uchun elektrodlardagi kuchlanish oʻchirilmagan paytda pechni ogʻdirishga imkon bermaydigan blokirovka qurilmasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Ishlayotgan pech quyish oraligʻiga qarab 15 darajadan ortiqroq ogʻdirilgan paytda blokirovka qurilmasi ishga tushishi lozim.
325. Elektr toki urmasligi uchun ishlab turgan elektrpechga kiritilayotgan asboblar pech ish darchasiga oʻrnatilgan temir taxtachaga tegib turishi kerak.
Pechga kiritilayotgan asbob bilan kuchlanish ostida boʻlgan elektrodlarga tegish mumkin emas.
326. Elektr pechda elektrpayvandlash ishlarini olib borish chogʻida yuqori kuchlanish uzatiladigan tarafga va pech transformatorining yuqori va past kuchlanish taraflariga yerga ulash moslamasini oʻrnatish shartdir.
IX-BOB.
OSON ALANGALANUVChI KUKUNSIMON MATERIALLAR, ULAR ASOSIDA TAYYORLANGAN ARALAShMALARNI IShLAB ChIQARISh VA QOʻLLASh
OSON ALANGALANUVChI KUKUNSIMON MATERIALLAR, ULAR ASOSIDA TAYYORLANGAN ARALAShMALARNI IShLAB ChIQARISh VA QOʻLLASh
327. Oson alangalanuvchi kukunsimon materiallar va ularning asosida tayyorlangan aralashmalarning* (bundan buyon — material va aralashmalar deb ataladi) texnik hujjatlarida va texnologik yoʻriqnomalarda quyidagi tavsiflar keltirilgan boʻlishi kerak:
a) yonuvchanlik guruhi;
b) alanga tarqalishining quyi konsentratsiya chegarasi;
v) aerosuspenziyaning alangalanish va qatlamda oʻz-oʻzidan alangalanish harorati;
g) portlashning eng katta bosimi va uning oshib borish tezligi;
d) aralashmalar uchun, bulardan tashqari, mustaqil yonish qobilyati.
*Oson alangalanuvchi kukunsimon materiallar — bu yondirish manbasi olib qoʻyilgandan soʻng qatlamda mustaqil yonish yoki aerosuspenziya holatida portlash xossasiga ega boʻlgan moddalar.
Tarkibida oksidlovchi moddalar boʻlgan aralashmalar uchun bundan tashqari quyidagilar ham koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
a) yonish jarayonining hisoblangan solishtirma issiqligi va harorati;
b) mexanik taʼsir (ishqalanish, zarba)ga sezuvchanligi.
Oxirgi tavsif aralashmaning faol tarkibiy qismi (yonilgʻi bilan oksidlovchi aralashmasi) uchun ham alohida aniqlanishi kerak.
328. Oldingi, yaʼni 327-bandda koʻrsatilgan tavsiflarni (yonish jarayonining hisoblangan solishtirma issiqligi va haroratidan tashqari) hamda material va aralashmalardan foydalanish mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosani tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotlar beradi. Yonish jarayonining solishtirma issiqligi va harorati ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan aniqlanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan tavsiflar mavjud boʻlmasa, oson alangalanuvchi materiallar va aralashmalarni ishlatishga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
329. Poʻlat ishlab chiqarishda quyidagi aralashmalarni ishlatishga ruxsat etilmasligi kerak:
a) ularning yonish jarayoni portlashga olib kelsa;
b) mustaqil yonishi mumkin boʻlsa va yonish jarayonining solishtirma issiqligi 50 kJ/mol dan ortiq boʻlsa;
v) ularning mexanik taʼsir (zarba)ga sezuvchanligi 19,6 J va undan kamroqni tashkil etsa, faol tarkibiniki esa 9,8 J va kamroq boʻlsa.
Havo kirmasa ham mustaqil yona oladigan aralashmalarni tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq ishlatish lozim.
330. Oson alangalanuvchi boshlangʻich materiallarning texnik shartlarida aralashmalarni tayyorlash uchun ishlatiladigan materiallar yirikligining quyi chegarasi, shuningdek asosiy komponent va aralashmalarning chegaraviy miqdorlari koʻrsatilishi lozim.
Material va aralashmalar texnik shartlarga muvofiq tashkilotlarga yetkazib berilishi yoki tashkilotning oʻzida ishlab chiqarilishi kerak.
331. Yonayotgan material va aralashmalarni ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan usul va vositalar bilan oʻchirish lozim. Bu maqsadda suv va koʻpikli oʻt oʻchirgichlardan foydalanish mumkin emas.
332. Material va aralashmalar ishlab chiqariladigan va saqlanadigan xonalarda ochiq olovdan foydalanish mumkin emas.
Bu xonalardagi pollarning materiallari uchqun chiqarmaydigan boʻlishi kerak.
Chekish faqat maxsus ajratilgan va jihozlangan (tashkilotning yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan) joylarda ruxsat etilishi kerak.
333. Material va aralashmalar ishlab chiqariladigan va saqlanadigan xonalardagi barcha taʼmirlash ishlari mazkur Qoidalarning 603 — 605-bandlari talablariga binoan naryad-ruxsatnoma asosida bajarilishi lozim.
Portlash va yongʻin xavfi boʻlgan kukunsimon material va aralashmalar ishlab chiqariladigan va saqlanadigan xonalarda ochiq olov qoʻllaniladigan taʼmirlash ishlari tashkilotning tegishli yoʻriqnomasi talablariga muvofiq bajarilishi kerak.
334. Materiallar va aralashmalarni saqlash va ishlab chiqarish uchun moʻljallangan bino va xonalarning toifalari belgilangan boʻlishi kerak.
Bino va xonalarning toifalarini belgilashda avariya vaziyatlarining eng xavfli tusini inobatga olib portlashning ortiqcha bosimini hisoblab chiqish shartdir.
335. Ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga yoki yangi turdagi oson alangalanuvchi material va aralashmalarni ishlab chiqarishga faqat ishlab chiqarish hajmi ortishi yoxud ishlab chiqarilayotgan oson alangalanuvchi material va aralashmalar turlari oʻzgarishi inobatga olingan holda portlashning ortiqcha bosimi hisoblab chiqilgandan soʻng ruxsat etilishi kerak.
336. Material va aralashmalar ishlab chiqariladigan yoki saqlanadigan binolarning tashqarisini toʻsuvchi konstruksiya (devor, qoplama)lar soz holatda tutilishi, atmosfera yogʻinlari bino ichiga tushmasligi lozim. Shamollatish tizimida havoning namlanishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
337. Kukunsimon material va aralashmalar ishlab chiqariladigan yoki saqlanadigan binolarda portlash xavfi boʻlgan hududlar belgilab qoʻyilishi kerak.
Ushbu binolar portlashdan himoyalangan tarzda yasalgan telefon aloqasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
338. Ishlab chiqarish binolarining pol, maydoncha, zinalar katagi, devor va boshqa qurilish konstruksiyalariga, shuningdek quvur oʻtkazgich va uskunalar sirtiga oʻtirgan changni muntazam ravishda tozalab turish kerak. Tozalash davriyligi qatlam yoki aerosuspenziya holatida yonishi mumkin boʻlgan chang miqdori toʻplanishini istisno qilishi kerak.
Changni tozalash davriyligi va tartibi hamda bu vaqtda xavfsizlik choralari korxonaning tegishli yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
339. Kukunsimon material va aralashmalar saqlanadigan va ishlab chiqariladigan xonalarda portlovchi va zaharli gazlar tarkibini nazorat qilish uchun bunday gazlar ajralib chiqishi mumkin boʻlgan joylarga signalizatorlar oʻrnatilishi lozim.
340. Changning mustaqil yonish qobiliyatini va oʻz-oʻzidan alangalanish haroratini aniqlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlagan jadvalga muvofiq uskuna sirti va aspiratsiya tizimlaridan chang namunalari olinishi kerak.
341. Maydalash mashinasining yuklash tuynugi parchalash paytida ferroqotishma va modifikatorlar boʻlaklari uchib chiqmasligi uchun yopilgan boʻlishi kerak.
342. Maydalagich bunkerini kataklarining oʻlchami maydalagich ogʻzi yoki yuklash tuynugi oʻlchamlaridan katta boʻlmagan panjara bilan berkitish lozim.
Panjara kataklarining oʻlchami 300 mm dan ortiq boʻlsa, bunker darchalari toʻsiqlar bilan oʻralgan yoki xizmat koʻrsatish maydonchalari bunkerning yuqori qismidan 1,1 m pastroqda joylashgan boʻlishi kerak.
343. Maydalash uchun ferroqotishma va modifikatorlarni yuklash jarayoni mexanizyatsiyalashgan boʻlishi kerak.
344. Maydalagich yonida parchalangan tayyor materialni tushirish uchun qurilgan oʻralar tegishlicha toʻsilgan va zinalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Oʻra ichida xodimlar ishlayotgan paytda yuk qutilarni uning ichiga tushirish yoki undan koʻtarib chiqarish mumkin emas.
345. Changi portlashga xavfli boʻlgan (silikokalsiy, ferrosilikomarganets modifikatorlari va hokazolar) yoki yongʻinga xavfli boʻlgan (ferrotitan, kremniy kristalli, ferromarganets, marganets metalli, yuqori foizli ferrosilitsiy va hokazolar) ferroqotishma va modifikatorlarni parchalash chogʻida maydalash agregatlaridan changni maksimal darajada chiqarib tashlash, shuningdek agregat va aspiratsiya tizimlarini changdan oʻz vaqtida hamda muntazam ravishda tozalash choralari koʻrilishi lozim.
Aspiratsiya tizimi havo oʻtkazgichlarining konstruksiyasi ularda chang oʻtirib qolishini istisno qilishi kerak.
Modifikatorlar uchun ishlatiladigan maydalash agregatlarining aspiratsiya tizimlari portlashdan himoyalangan tarzda yasalgan va vodorodni chiqarib yuborish uchun portlovchi saqlash klapani hamda svechalari, shuningdek vodorod miqdorini nazorat qiladigan datchiklar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
346. Parchalash va yanchish jarayonlari kechayotganda yongʻin va portlash xavfi boʻlgan muhit hosil boʻlishining oldini olish choralari (inert gaz va hokazo) koʻrilishi lozim.
347. Zoldir va sterjenli tegirmonlardagi ferroqotishma va modifikatorlarni maydalovchi uzellar parchalangan ferroqotishma va modifikatorlarni mexanizatsiyalashgan usulda yuklash tizimi, tegishli toʻsiqlar, panalagichlar va aspiratsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Ferroqotishma va modifikatorlar parchalarini mexanizatsiyalashgan usulda yuklash tizimi, toʻsqich, panalagich hamda aspiratsiya tizimlari nosoz boʻlsa, maydalash uzellaridan foydalanish mumkin emas.
348. Changi yongʻin va portlashga xavfli boʻlgan ferroqotishma va modifikatorlarni tegirmonlarda yanchish jarayoni portlash va yongʻin roʻy berishini istisno qiluvchi chora-tadbirlar koʻrilib amalga oshirilishi lozim.
Tegirmon va undagi materiallar yuklanadigan hamda tushiriladigan joylar germetik boʻlishi hamda gaz va chang chiqishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
349. Tegirmon ishlayotgan paytda yanchish xonasida barcha eshiklar yopiq boʻlishi va yorugʻlik ogohlantirish tablosi yoqilgan boʻlishi lozim.
350. Kukunlar oʻzi toʻkuvchi yopiq konteynerlarda tashilishi kerak.
Konteynerlar va ularni taxlash hamda boshqa idishga toʻkish paytida oʻrnatish uchun moʻljallangan maydonchalar konstruksiyasi uchqun paydo boʻlishini istisno qilishi lozim.
351. Bino va uskunalar nam usulda tozalanishi kerak.
352. Yanchish xonalarida chekish va ochiq olovdan foydalanmaslik lozim.
353. Oson alangalanuvchi material va aralashmalarni tashish hamda saqlash uchun moʻljallangan idish ishga yaroqli, toza va quruq boʻlishi kerak.
Koʻrsatib oʻtilgan materiallar va selitra uchun ishlatilgan idishlar belgilangan tartibda tasdiqlangan korxona yoʻriqnomasiga muvofiq tozalanishi lozim.
354. Material va aralashmalar ularning toʻkilishini hamda aralashmali idishga namlik oʻtishini istisno qiluvchi yopiq idishda tashilishi va saqlanishi kerak.
355. Material va aralashmalarni oksidlovchi modda, kislota va ishqorlar bilan birga tashish mumkin emas.
356. Material va aralashmalarni tashish usullari idishlarning oʻzaro va boshqa buyumlarga urilishini istisno qilishi lozim.
Sex ichki transport vositalari yongʻin va portlash xavfsizligi talablariga javob berishi kerak.
357. Material va aralashmalar solingan baraban, bochka, banka va idishlarni tashish uchun ishlatiladigan konteynerlarning ichki yuzasi va ostdonlar yuklash, tashish va tushirish paytida idish konteyner yoki ostdonga urilgan yoxud ishqalangan vaqtda uchqun chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan materiallar bilan qoplangan boʻlishi lozim.
358. Eritma chiqarilayotgan paytda pechlar yonidan va metall quyilayotgan paytda quyish maydonchalari yaqinidan oson alangalanuvchi kukunsimon materiallarni olib oʻtmaslik lozim.
359. Material va aralashmalarni pnevmotransport vositasida tashish himoya atmosferasidan foydalanib amalga oshirilishi kerak. Himoya atmosferasining tarkibi va undagi oksidlovchi moddaning chegaraviy miqdori normativ-texnik hamda loyiha hujjatlariga mos boʻlishi kerak. Pnevmotransport ishlayotgan vaqtda gazdagi oksidlovchi moddaning miqdori avtomatik ravishda nazorat qilinishi kerak.
360. Material va aralashmalar yopiq omborxonalarda saqlanishi lozim. Omborxonada kukun materiallar turlariga qarab alohida-alohida saqlanishi kerak.
Oson alangalanuvchi kukun materiallarning shtabeli (baraban, quti, bochka, banka) va devor orasidagi masofa kamida 1 m boʻlishi lozim.
Shtabellar barqaror oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ularning balandligi 1,7 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
Kukun materiallar bilan kislota, ishqor hamda oksidlovchi modda (selitraga oʻxshash)larni bitta xonada saqlash mumkin emas.
361. Material va aralashmalar saqlanayotgan xonalarda materiallarni saralash, aralashtirish va tayyorlash boʻyicha boshqa ishlarni bajarish, shuningdek aralashmalar tayyorlash ham mumkin emas.
362. Material va aralashmalarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari hamda qoʻllaniladigan texnologik uskuna GOST 12.1.004, GOST R 12.3.047 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Materiallar va aralashmalar ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarida portlash xavfi boʻlgan muhit paydo boʻlishi mumkin boʻlsa, bu jarayonlar va qoʻllaniladigan texnologik uskunalar GOST 12.1.010, GOST 12.1.041 talablariga muvofiq boʻlishlari kerak.
363. Material va aralashmalarni ishlab chiqarish uchun qoʻllaniladigan barcha texnologik uskunalar statik elektrdan muhofazalangan boʻlishi lozim.
364. Material va aralashmalar solingan idish (banka, baraban, konteyner va hokazo)larni ochish uchun ishlatiladigan asbob va moslamalar uchqun chiqarmaydigan materiallardan yasalgan boʻlishi kerak.
365. Uskunani yukdan boʻshatish va tozalash chogʻida material va aralashmalar qatlamiga mexanik taʼsir (zarba, ishqalanish) berilmasligi lozim.
366. Turli materiallar va aralashmalarni ishlab chiqarish yoki tashish uchun bitta uskuna (idish)dan foydalanilsa, uni ilgari ishlab chiqarilgan yoki tashilgan material va aralashmalarning qoldiqlaridan puxtalik bilan tozalash kerak.
367. Idishni ochish, material va aralashmalarni fasovka qilish va boshqa idishga solish changitmaydigan, mexanizatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi lozim.
368. Kukunsimon materiallarni quritish va qizdirish ularning oʻz-oʻzidan alangalanishga olib kelmaydigan haroratda, turlari boʻyicha alohida-alohida amalga oshirilishi kerak. Quritish rejimi tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi lozim.
369. Quritilgan va qizdirilgan kukunsimon materiallarning harorati qoʻllanishdan avval 80° S (353 K) dan koʻp boʻlmasligi kerak.
370. Tarkibida portlashga xavfli muhit tugʻdiradigan faol oksidlovchi modda va oson alangalanuvchi kukunsimon materiallar boʻlmagan aralashmalarni tayyorlash vaqtida bunker (aralashtirgich)ga dastlab inert materiallar va oksidlovchi moddalar, soʻngra oson alangalanuvchi kukunsimon materiallar yuklanishi kerak. Oson alangalanuvchi kukunsimon materiallarni oldindan aralashtirmay yuklash mumkin.
371. Yaroqsiz aralashmani poʻlat ishlab chiqarishda ishlatib boʻlmasa, tashkilotning tegishli yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan xavfsizlik chora-tadbirlariga rioya etib yoʻq qilish kerak.
372. Bino va uskunalarni tozalash paytida yigʻilgan changni texnologik jarayonda ishlatish mumkin emas.
Tozalash paytida yigʻilgan changni tashkilotning tegishli yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan xavfsizlik chora-tadbirlariga rioya etib yoʻq qilish kerak.
373. Poʻlat eritish sexlarida kukunsimon material va aralashma solingan idish unga uchqun, ochiq alanga hamda suyuq metall sachrab tushmaydigan joylarga oʻrnatilishi lozim.
Mustaqil yonishi mumkin boʻlgan material va aralashmalarning zaxirasi ular bevosita ishlatiladigan joyda faqat bitta eritmaga yetadigan miqdorda, sexda esa bir sutkalik sarflash miqdorida boʻlishi lozim.
374. Pech yoki kovshga bir vaqtda qoʻshilayotgan material va aralashmalarning miqdori tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi kerak.
375. Material va aralashmalarni pech yoki kovshga kiritish sex boʻyicha farmoyish bilan tayinlangan javobgar shaxs ishtirokida amalga oshirilishi lozim.
376. Material va aralashmalarni elektr yoyli pechga kiritish jarayoni pech transformatorning past quvvatida ishlayotganda, tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan xavfsizlik chora-tadbirlariga rioya etib amalga oshirilishi kerak.
377. Aralashmaning alangalanish haroratidan yuqori haroratga qizdirilgan poʻlat quyish kovshiga kukunsimon va briketlangan aralashmalarni solish mumkin emas.
378. Pechdan metall chiqarilayotgan paytda material va aralashmalar poʻlat quyish kovshiga kiritilayotgan boʻlsa, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz hududga chiqarilgan boʻlishi lozim.
X-BOB.
KOVSh VA TARNOVLARNING TUZILIShI. ULARNI TAYYORLASh
KOVSh VA TARNOVLARNING TUZILIShI. ULARNI TAYYORLASh
379. Kovshlar konstruksiyasi ularning oʻz-oʻzidan agʻdarilish xavfini istisno qilishi kerak. Kovsh halqa va tsapfalari yasalgandan soʻng putur yetkazmaydigan nazorat usuli bilan tekshirilishi kerak.
380. Kovsh tsapfalari bolgʻalash usulida yasalishi va kamida sakkiz karra mustahkamlik zaxirasiga ega boʻlishi lozim.
Markasi 25 va 30 poʻlatdan elektr shlakli qayta eritish usuli bilan tayyorlangan tsapfalarni, agar ularning kimyoviy va mexanik xossalari bolgʻalab yasalgan tsapfalarning xossalariga mos boʻlsa, ishlatishga yoʻl qoʻyilishi kerak.
381. Kovsh tsapfalari olti oyda kamida bir marta puxtalik bilan koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. Sapfaning barcha oʻlchamlardagi eyilishi boshlangʻich oʻlchamning 10 foizidan ortiq boʻlmasligi lozim. Bundan tashqari, kovsh tsapfalari bir yilda kamida bir marta putur yetkazmaydigan nazorat usuli bilan tekshirilishi kerak. Koʻrik va tekshirishlar natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
382. Kovshlarning gʻishtin futerovkasi kamida ikki qatordan: gʻisht-armaturali va ishchi gʻishtlaridan iborat boʻlishi kerak.
Armaturali va ishchi qatorlarning choklari bir-biriga toʻgʻri kelmasligi kerak. Kovsh tubi va devori futerovkasini terish tartibi ochiq chok boʻlishini istisno qilishi lozim.
383. Kovshlarning bekitgichi (stopori) va shiberli ochib-yopqichi (zatvori) masofadan turib boshqarilishi kerak.
384. Poʻlat quyish kovshlaridagi shiberli ochib-yopqichning gidroyuritmasida yonmaydigan ish suyuqligi qoʻllanilishi lozim.
385. Kovshga xizmat koʻrsatish uchun uning korpusiga mahkamlanadigan narvon, tutqich, maydoncha va boshqa moslamalar texnik va loyiha hujjatlariga muvofiq yasalishi kerak.
386. Bekitgichlar tayyorlangandan soʻng va kovshga oʻrnatilishidan oldin puxtalik bilan quritilishi kerak. Bekitgichlarni quritish harorati va muddati tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyiladi. Quritish harorati uni avtomatik tarzda qayd qiluvchi termopara bilan nazorat qilinishi lozim.
387. Bekitgichlarni quritish pechi (sushila)ga yuklashdan avval har biriga quritishga qoʻyish sanasi va vaqti yozilgan boʻlishi kerak.
388. Bekitgichlar kran yordamida tashilishi kerak. Bekitgichlarni aravachalarda tashishga faqat sexning bir oraligʻidan ikkinchisiga olib oʻtish va kamera tipidagi quritish pechiga yuklash uchun yoʻl qoʻyilishi kerak.
389. Kuyish stakanini uyaga mutlaqo vertikal qilib oʻrnatish kerak. Stakan va uya devori orasidagi tirqish oʻtga chidamli massa bilan toʻldirilishi yoki stakanga puxtalik bilan loy surtilgan boʻlishi lozim.
390. Quyish stakanlarini issiq kovsh ichiga oʻrnatish paytida kovsh ichiga tushiriladigan, devori issiqlikdan izolatsiyalangan maxsus himoya kameralari (kessonlar) qoʻllanilishi lozim.
Kessonlarga tushish uchun ularning ichki devorlariga chiqish-tushish tutqichlari oʻrnatilishi kerak.
391. Kovshdan stakanni urib chiqarish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
392. Poʻlat quyish stakanlari, bekitgich yoki ularning oʻrniga ishlatilayotgan qurilmalarni almashtirish shu maqsadda maxsus ajratilgan va jihozlangan joylarda hamda tashkilotning texnik qurilmalardan foydalanish yoʻriqnomasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
393. Poʻlat quyish uchun shiberli ochib-yopqich qoʻllaniladigan sexlarda ochib-yopqichlarni yigʻish, qismlarga ajratish va quritish uchun maxsus uchastkalar koʻzda tutilishi lozim. Ochib-yopqichlarni yigʻish, qismlarga ajratish, tashish va oʻrnatish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
394. Shiberli ochib-yopqichlar kovshlarga maxsus mexanizatsiyalashtirilgan stendlarda oʻrnatilishi lozim.
395. Metall va shlak taʼsiridan muhofazalash uchun bekitgichning yuqori qismidagi shamot quvurcha va ayri (vilka) oraligʻiga loy surtish lozim.
396. Kovshlarni tashish paytida ularni boshqa kovsh va uskunalarga 0,5 m dan kam boʻlgan masofaga yaqinlashtirmaslik kerak.
397. Eritmani qabul qilishga kovshni tayyorlash paytida uning futerovkasi, tubi va unga tutashgan devor futerovkasi qatorlari, shuningdek korpus va tsapfalari holatini tekshirish lozim.
Futerovkasi shubhali yoki bekitish mexanizmi nosoz boʻlgan kovshlarni, shuningdek ustiga shlak toʻkilgan yoki ichida metall qotib qolgan (“zakozlenniy”) kovshlarni eritma qabul qilishga uzatish mumkin emas.
398. Marten pechlarining poʻlat chiqarish tarnovlari olinadigan qilib yasalishi kerak.
399. Eritmani chiqarish boshlangunga qadar, tarnov taʼmirlanishi, suvalishi va quritilishi lozim. Tarnovning olinadigan, qoʻzgʻaluvchan yoki qoʻzgʻalmas qismi va pech orasidagi chokni oʻtga chidamli material bilan toʻldirish hamda quritish kerak.
Tarnov va choklarni quritish sifatini pechda poʻlat erituvchi tekshirishi kerak.
Tarnovni tayyorlash vaqtida uning ostida xodimlar boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
400. Kovshlarga poʻlat quyilishini rostlovchi bekitgichlarning qurilmasi ularning ishonchli va buzilmasdan ishlashini taʼminlashi lozim.
Rostlovchi bekitgichlar uzilib ketmasligi uchun ularning koʻtarilish balandligini cheklovchi qurilma koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. Bekitgichlar konstruksiyasi uning oʻz-oʻzidan pastga tushishni istisno qilishi kerak.
Bekitgichni boshqarish joyi tarnovdan chetroqda boʻlishi va issiqlik nurlari hamda metall sachrashidan himoyalovchi ekran bilan muhofazalangan boʻlishi lozim.
401. Tarnov ostidagi “fartuk”ni taʼmirlash maxsus oʻrnatilgan havozalarda turib bajarilishi kerak. Ushbu maqsadlar uchun tirkama narvonlardan foydalanish mumkin emas.
XI-BOB.
POʻLATNI ChIQARISh, QUYISh VA OLIB KETISh
POʻLATNI ChIQARISh, QUYISh VA OLIB KETISh
402. Poʻlat chiqarish teshigini faqat tarnov yoki erkyer ostiga kovshlar qoʻyilgan boʻlsa ochish lozim.
403. Elektrpech oldida kovshni joylashtirish uchun oʻra boʻlsa, uning tubi quruq boʻlishi kerak. Eritma chiqarilgandan soʻng oʻrani chiqindi va skrapdan tozalash lozim.
404. Eritmani qabul qilish uchun tayyorlab qoʻyilgan kovsh, bekitgich, shiberli ochib-yopqich va oʻralarning holati uskunalardan texnik foydalanish yoʻriqnomasi talablariga muvofiq tekshirib chiqilishi kerak.
405. Poʻlat chiqarish teshigini ochish paytida xodimlarning tarnov ustiga yoki uning bortlariga chiqib turishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
406. Poʻlat chiqarish teshigining shakli va oʻlchamlari metallning pechdan bir meʼyorda toʻla oqim boʻlib tushishini taʼminlashi lozim. Poʻlatning oqib chiqish muddati texnologik yoʻriqnomada belgilab qoʻyilishi lozim.
407. Poʻlat chiqarish paytida metall va shlak sachrab tegishi mumkin boʻlgan joylarda xodimlarning turishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
408. Eritilgan metall kovshlarga ularning yuqori chekkasidan 250 mm pastroq sathgacha quyilishi kerak.
409. Poʻlat chiqarish teshigini bekitish tashkilotning texnik qurilmalardan foydalanish yoʻriqnomasiga asosan amalga oshirilishi lozim.
410. Kovsh yoki tarnovga oksidsizlantiruvchi moddalarni kiritish jarayoni mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak. Kovshga oksidsizlantiruvchi moddalarni kiritish paytida bekitish qurilmalariga shikast yetmasligi lozim.
Kovsh tubiga quruq ferroqotishma va boshqa qoʻshimcha moddalarni bexatar kiritish shartlari tashkilotning texnologik yoʻriqnomalarida koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
411. Poʻlat quyish kovshi tubiga quyilgan suyuq sintetik shlakka qattiq ferroqotishmalarni kiritish mumkin emas.
412. Karbonizator-kukunining alohida porsiyalarini ogʻirligi va uni kovshga bexatar kiritish shartlari texnologik yoʻriqnomada koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
413. Metall va shlakli kovshlarni koʻtarish faqat kranning yuk tutish moslamasi tsapfaga toʻgʻri ilinganligi tekshirilgandan soʻng tashkilotning tegishli yoʻriqnomasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
414. Poʻlat chiqarish paytida kovshdagi suyuq metalldan namuna olish va haroratini oʻlchash masofadan turib boshqariladigan maxsus qurilma yordamida bajarilishi kerak.
Qurilma vaqtincha nosoz boʻlsa, ushbu operatsiyalarni qoʻlda bajarishga tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq ruxsat etilishi lozim.
415. Namunani kovshdan bekitgich yoki shiberli ochib-yopqich berk boʻlganda olish lozim. Namuna olish asboblari quruq boʻlishi kerak.
416. Sexda poʻlat tashuvchi aravachalar qoʻllanilsa, aravachaning boshqaruv pulti (kabinasi) metall va shlak sachrashidan muhofazalangan boʻlishi kerak. Kabina derazalariga issiqlik qaytaradigan qoplamali toblangan oynalar va metall toʻr oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Kabinani yoritish uchun 12 V li kuchlanishdan foydalanish kerak.
Eritmani chiqarish chogʻida aravacha mashinisti kabinadan xavfsiz joyga oʻtib turishi kerak.
417. Poʻlat tashuvchi aravachalar signal beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Aravacha gʻildiraklari rels kallaklariga 10 mm yetmaydigan himoya qalqonchalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Aravacha harakati boshlanishidan oldin tovush signali berilishi kerak.
418. Aravachaning elektrdvigatelini taʼminlovchi egiluvchan kabel olovbardosh qobiqqa ega boʻlishi yoki metall va shlak sachrashidan, shuningdek, mexanik shikastlanishlardan muhofazalangan boʻlishi lozim.
419. Poʻlat tashuvchi aravacha va binoning qurilish konstruksiyalari, shuningdek inshootlar orasidagi ochiq masofa 0,7 m dan kam boʻlmasligi shart.
420. Quyish oraligʻida poʻlat chiqarilayotgan pech roʻparasidan lokomotiv va vagonlarning oʻtishiga ruxsat berilmasligi kerak.
421. Poʻlat quyish paytida ushbu ishlarga bevosita daxldor boʻlmagan xodimlarning kovsh yaqinida turishi mumkin emas.
422. Tiqin erib stakanga yopishib qolgan hollarda poʻlatni bexatar quyish usullari tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Shu maqsadda metall shtirdan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik lozim.
423. Taʼmirlanayotgan marten pechi roʻparasida poʻlat quyish jarayonini amalga oshirmaslik kerak. Agar bu talabni bajarib boʻlmasa, shlakoviklardagi taʼmirlash ishlari toʻxtatilishi, xodimlar esa xavfsiz hududga chiqarilishi lozim.
Kovshlar taʼmirlanadigan oʻralar roʻparasida poʻlat quyilayotgan paytda oʻralar ichida ishlayotgan xodimlar chiqarib yuborilishi kerak.
424. Shlak kovshlari va shlakdonlarning konstruksiyasi ularning oʻz-oʻzidan agʻdarilib ketishini istisno qilishi lozim.
Poʻlat quyish va shlak kovshlarini shlak toʻkilgan stendlarga va qistirmalardan foydalanib oʻrnatish mumkin emas.
425. Eritma chiqarilayotgan paytda suyuq shlak shlakdonga yoki shlak kovshlariga quyilishi lozim.
Kovsh va shlakdonlar quruq boʻlishi va ohak eritmasi bilan qoplangan boʻlishi kerak. Kovsh va shlakdonlarga ohak eritmasini surtish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Kovsh tubiga quruq shlak yoki oʻtga chidamli va tiklovchi materiallar chiqindisi sepilgan boʻlishi lozim.
426. Koʻpirayotgan shlak ushbu Qoidalarning 188-bandi talablariga muvofiq choʻktirilishi kerak.
427. Poʻlat quyish yakunlangandan keyin poʻlat quyish kovshidagi suyuq shlak qoldiqlari shlak kovshi yoki shlakdonlarga quyilishi lozim.
Shlakdonlarni ikki qavat qilib oʻrnatish mumkin emas. Xodimlarning shlak toʻkish joyi yaqinida boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
428. Lokomotiv brigadasini shlak chayqalib sachrashidan himoyalash uchun lokomotivdan keyingi birinchi shlak-tashigich oldiga maxsus vagon-panalagich qoʻyilishi kerak.
429. Tanavorlarni uzluksiz quyish mashina (TUQM)laridagi barcha ishlab chiqarish jarayonlari, yaʼni metallni quyishdan boshlab to tanavorlarni stellajlarga uzatish mexanizatsiyalashtirilgan va imkon boricha avtomatlashtirilgan boʻlishi lozim. Shuningdek, barcha mexanizmlarning ishini qoʻlda boshqarish imkoni ham koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
TUQM si mexanizmlarini ishlatish va taʼmirlash chogʻida birka tizimi talablariga rioya etish lozim.
430. Ikkilamchi sovutish zonasi tortuvchi shamollatgich bilan jihozlangan va devori issiqlikdan izolatsiyalangan alohida xonaga ajratib joylashtirilgan boʻlishi lozim.
Metall quyish vaqtida ikkilamchi sovutish zonasi joylashgan xonaga olib boruvchi eshiklar qulflogʻliq boʻlishi kerak.
Ikkilamchi sovutish zonasiga xizmat koʻrsatish uchun maydoncha va zinapoyalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
431. Ikkilamchi sovutish zonasi pastida joylashgan texnologik uskuna to tortuvchi qurilmalargacha, qurilmalarning oʻzi ham, olovbardosh devorli xonaga oʻrnatilishi lozim. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning metall quyish paytida bu xonaga kirishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
432. TUQM telefon va baland tovushli aloqa, signalizatsiya hamda zarur boʻlsa, alohida agregatlarning ishini kuzatish uchun televizion qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
433. TUQM sining barcha yopiq boshqaruv pultlari moʻtadil havo bilan taʼminlangan va tovushdan izolatsiya qilingan boʻlishi kerak.
434. TUQM sining boshqaruv pultida kristallizatorni sovutish uchun va ikkilamchi sovutish zonasiga kelayotgan suvning miqdori va haroratini nazorat qiluvchi asboblar boʻlishi kerak.
435. Kristallizatorni moylash mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
TUQM mexanizmlari markazlashtirilgan moylash tizimiga ega boʻlishi kerak. Kristallizatorda yuzasi shlak bilan qoplangan metall bilan ishlash paytida barcha qoʻllaniladigan aralashmalar tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq quritilgan yoki qizdirilgan boʻlishi lozim.
436. Kristallizator va ikkilamchi sovutish zonasining sovutish tizimida asosiy tizim uzilib qolganda avariyaviy tarzda suv bilan taʼminlash koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
Kristalizator va ikkilamchi sovutish zonasiga suv kelishi toʻxtab qolgan yoki kamaygan paytda TUQM ni boshqaruv pultiga avtomatik ravishda tovush va yorugʻlik signalizatsiyasi berilishi hamda poʻlat quyish darhol toʻxtatilishi lozim.
Kristallizatorning ichki boʻshligʻi nam boʻlmasligi kerak.
437. Kristallizator va ikkilamchi sovutish zonasining sovutish tizimiga suv berilishidan oldin poʻlat quyish jarayonini boshlab yuborish mumkin emas.
438. Kristallizatorda hosil boʻlayotgan tanavor uzilmasligi va kristallizatordan chiqqan tanavordan suyuq metall yorib chiqmasligi uchun quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
a) tanavor osilib qolmasligi uchun kristallizator ilgarilama-qaytma harakat qilishi kerak;
b) tortuvchi qurilmalar kristallizator texnologik yoʻriqnomada koʻzda tutilgan sathgacha metall bilan toʻldirilgandan soʻng ishga tushirilishi lozim;
v) tortuvchi qurilmalarni va kristallizatorning tebratish mexanizmini ravonlik bilan ishga tushirib tezlikni asta-sekin oshirib borish kerak; tanavorni kristallizatordan tortish tezligi texnologik yoʻriqnomada belgilangan boʻlishi lozim;
g) tanavorlarning ikkilamchi sovutish tizimi ularni bir tekisda sovushini taʼminlashi kerak.
Ikkilamchi sovutish zonasidagi tayanch elementlarining konstruksiyasi ferrostatik bosim taʼsirida tanavor qobigʻining doʻppayishi va uzilishidan saqlashi kerak.
439. Chiqarish moslamasi (zatravka)ni kristallizatorga kiritish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi va tashkilotning texnik qurilmalardan foydalanish yoʻriqnomasiga binoan amalga oshirilishi lozim.
440. Quyish maydonchasidagi TUQM ni boshqaruv pulti alohida xonada joylashgan boʻlishi, quyish maydonchasi ikkita chiqish eshigiga ega boʻlishi va issiqlik nurlanishi taʼsiridan muhofazalangan boʻlishi kerak. Post derazalariga issiqlik qaytaruvchi qoplamali toblangan oynalar solingan va metall toʻr bilan himoyalangan boʻlishi kerak.
Boshqarish postining oʻrni mashinada bajarilayotgan operatsiyalar yaxshi koʻrinishini taʼminlashi lozim.
Metall quyish vaqtida boshqarish posti va kristallizator oʻrtasiga koʻchma ekran oʻrnatilishi lozim.
441. TUQM quyish maydonchasining poliga oʻtga chidamli gʻishtlar terilgan boʻlishi va atrofi panjarali toʻsiq bilan muhofazalangan boʻlishi kerak. Quyish maydonchasida kamida ikkita chiqish joyi boʻlishi kerak.
442. Quyish maydonchasida ish oʻrinlarini havo bilan shamollatish qurilmalari boʻlishi lozim.
443. Quyish jarayoni tugagandan soʻng oraliq kovshlardagi shlak quruq sigʻimlarga toʻkilishi kerak. Oraliq kovshlar futerovka qilingan qopqoqlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
444. Poʻlat quyish kovshidan metallni avariyaviy tarzda toʻkish uchun barcha suyuq metall sigʻadigan avariyaviy idishlar boʻlishi lozim.
Oraliq kovshdan metall va shlakni avariyaviy tarzda toʻkish uchun metall va shlakni qabul qiladigan futerovkali sigʻimlar boʻlishi kerak.
445. Gaz bilan kesishni boshqarish postlari issiqlikdan izolatsiyalangan devorli xonalarga joylashtirilgan boʻlishi va issiqlikdan himoyalovchi oynali kuzatish darchalariga ega boʻlishi lozim.
446. Gaz bilan kesuvchi keskichlar suv bilan sovutilishi kerak.
Keskichlarni aravachaga mahkamlash moslamasi ularni uskuna ishidagi qisqa muddatli tanaffuslarda taʼmirlab olish uchun istalganini qulay va xavfsiz echib olish imkonini taʼminlashi kerak.
447. Tanavorni mashinadan chiqarib beradigan koʻtargich ishlayotgan paytda uning harakat hududiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar kirmasligi uchun toʻsiq oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
448. Tanavorlarni yigʻishtirish va yuklash, shuningdek kuyundini yigʻishtirib olish mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
449. TUQM si avariyaviy yoritish bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
450. TUQM sining nasos-akkumulyator stansiyalari alohida xonalarda joylashgan boʻlishi kerak.
451. Nasos-akkumulyator stansiyalari yongʻin xavfsizligi meʼyorlari talablariga mos boʻlishi va moy uchun oqib tushish joyiga yoki toʻplagichga ega boʻlishi kerak.
452. Nasos-akkumulyator stansiyalarida oʻrnatilgan sigʻimlar tuzilishi va ishlatilishi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarni tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari” (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2011-y. 23-dekabrdagi 6-24/11-13112/6-sonli xulosasi bilan texnik hujjat deb topilgan) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
453. Quyidagi ishlarni amalga oshirish mumkin emas:
a) suv oqayotgan va ish boʻshligʻida yirik (3 mm dan katta) yoriqlarga ega boʻlgan kristallizatorga metall quyish;
b) kristallizator va ikkilamchi sovutish zonasidagi suv sarfini, quymani tortish tezligini koʻrsatuvchi asboblar nosoz boʻlganda metall quyish;
v) koʻtarilgan koʻtarish-burish stendi ostida hamda poʻlat quyish va oraliq kovshlari tagida ish bajarish;
g) poʻlat quyish kovshi stendini va oraliq kovsh aravachasini siljitish;
d) kristallizatorni tebratish mexanizmlari nosoz boʻlganda metall quyishni boshlash va davom ettirish;
e) kristallizator va ikkilamchi sovitish zonasiga suv berilishi toʻxtaganda metall quyishni davom ettirish.
XII-BOB.
SUYUQ METALLGA PEChDAN TAShQARIDA IShLOV BERISh
SUYUQ METALLGA PEChDAN TAShQARIDA IShLOV BERISh
454. Suyuq metallga pechdan tashqarida ishlov berish uskunalarini boshqarish va texnologik jarayonlarni vizual kuzatish “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-y. 28-maydagi 20-15-195/12-sonli xulosasi bilan texnik hujjat deb topilgan) talablariga javob beradigan boshqarish pulti, postlaridan amalga oshirilishi lozim.
455. Avtomatizatsiya, ishlab chiqarish signalizatsiyasi va aloqa vositalari, blokirovka qurilmalari loyiha hujjatlariga, montaj hamda ishlatish yoʻriqnomasiga muvofiq boʻlishi, shuningdek “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari” (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-y. 28-maydagi 20-15-195/12-sonli xulosasi bilan texnik hujjat deb topilgan) va mazkur Qoidalar talablariga javob berishi lozim.
456. Uskunalarni loyihalash paytida ularni mexanizatsiyalashgan usullarda taʼmirlash koʻzda tutilishi kerak.
Profilaktik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash ishlari ushbu Qoidalarning 601 — 616-bandlari talablariga muvofiq oʻtkazilishi lozim.
457. Uskunani ishga hozirlash, ishlarni bajarish va tugatish, mumkin boʻlgan avariya vaziyatlarida texnologik jarayonlarni bexatar olib borish choralari va bu vaziyatda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xatti-harakatlari, shuningdek shlak, skrap va ishlab chiqarish chiqindilarini yigʻishtirish paytida koʻriladigan xavfsizlik chora-tadbirlari tashkilotning tegishli yoʻriqnomalarida belgilab qoʻyilishi kerak.
458. Korxonalarda argon (azot) ishlab chiqarilmasa va argon (azot)ning sex magistrallari boʻlmasa, ballonlarga toʻldirilgan gazsimon argon(azot)dan foydalanish kerak.
Argon (azot)ni markazlashtirilgan usulda uzatish uchun taqsimlash qurilmasi (rampasi) qurilgan boʻlishi kerak, undan argon (azot) isteʼmol qilinadigan joylarga uzatilishi lozim.
Argon (azot) isteʼmol qilish uchastkalarida oʻra, chuqurlik, sigʻimlar mavjud boʻlsa, ularga xodimlarning kirish tartibi tashkilotning tegishli yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi kerak.
459. Suyuq metallning haroratini oʻlchash va undan namuna olish masofadan turib boshqariladigan maxsus qurilma yordamida amalga oshirilishi lozim. Qurilma vaqtincha nosoz boʻlsa, bu operatsiyalarni tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga rioya qilib qoʻlda bajarish kerak.
460. Ish gazi moy bilan aloqada boʻladigan gidrotizimlarda ish gazi tarkibidagi kislorodning eng koʻp ruxsat etilgan miqdori tegishli yoʻriqnomada belgilab qoʻyilishi lozim.
461. Oʻzi toʻkadigan konteyner va pnevmohaydagichlarga yuklanadigan hamda suyuq metallga kiritiladigan ferroqotishma va boshqa kukunsimon materiallar quritilgan boʻlishi kerak.
462. Kovshni toʻldirish balandligi va qoʻshilmalarning umumiy miqdori pechdan tashqarida ishlov berish paytida metall va shlakning chayqalib sochilishini istisno qilishi lozim.
463. Gaz yordamida suyuq metallni puflash uskunalari quyidagilar: gaz quvurlarini yopib-ochadigan va rostlovchi armatura, gaz sarfi va nazorat qilish asboblari, signalizatsiya va aloqa vositalari bilan jihozlanishi lozim.
464. Gaz quvurlari (argon, azot, tabiiy gaz) issiqlik nurlanishi taʼsiridan izolatsiya qilingan va suyuq metall, shlak sachrashidan hamda mexanik shikastlanishlardan himoyalangan boʻlishi lozim.
465. Puflash jarayonini boshlashda gaz quvuridagi gaz bosimi loyiha hujjatlarida eng kam ruxsat etilgan koʻrsatkichdan past boʻlmasligi kerak.
466. Suyuq metallni gazlar yordamida puflash furmalari quritilgan va texnologik yoʻriqnomada belgilab qoʻyilgan haroratgacha maxsus pechda isitilgan boʻlishi kerak.
467. Suyuq metallni puflash uchastkasiga oksidsizlantiruvchi va legirlovchi materiallarni konveyer transporti yoki konteynerlarda yetkazib berish kerak.
468. Suyuq metallni puflash rejimi, oksidsizlantiruvchi, legirlovchi materiallarni kiritish, sovituvchi element (quyma va hokazo)ni tushirish, furma va sovituvchi elementni bexatar almashtirish usullari tashkilotning texnologik yoʻriqnomalarida koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
469. Tub orqali puflash furmalarining konstruksiyalari ularni kovsh tagiga mustahkam va jips mahkamlanishini taʼminlashi hamda suyuq metallning yorib chiqish imkonini istisno qilishi kerak.
Barcha boltli, shponkali va ponali birikmalar oʻz-oʻzidan boʻshab ketish va eyilishdan muhofazalangan boʻlishi lozim.
Puflash furmalarini mahkamlash uchun qoʻllanilgan pona va boltlarning holatini vaqti-vaqti bilan tekshirib turish kerak.
470. Eritmani qabul qilish uchun kovshni qoʻyishdan oldin tabiiy gazdan foydalanilsa, tub furmasi orqali kirayotgan gaz bosimi yoki tezligining kattaligi kovshda gaz toʻplanishini istisno qilishi va tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi kerak.
Tub furmasidan kirayotgan tabiiy gaz furmadan uzilmay yonayotgan alanga koʻrinishida boʻlishi kerak.
471. Puflash paytidagi gaz bosimi kovshdagi suyuq metallning ferrostatik bosimidan katta boʻlishi va metall hamda shlakni chayqalib sochilishini istisno qilishi lozim.
472. Eritma chiqarilayotganda furmalardagi gaz bosimini oshirish tezligi puflash furmalariga suyuq metall kirib ketishini istisno qilishi va texnologik yoʻriqnomada koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
473. Furmalar gaz (argon, azot, tabiiy gaz) quvurlariga ulanmagan boʻlsa, tubiga furma oʻrnatilgan poʻlat quyish kovshlariga eritmani quymaslik kerak.
474. Porsiyalab vakuumlash uskunasi mexanizmlarning bexatar rejimlarda ishlashini va ularning holatini mnemosxemada qayd etilishini hamda nazorat qilinadigan parametrlar loyihada berilgan koʻrsatkichlardan chetga chiqqan paytda ularni avtomatik tarzda oʻchirilishini taʼminlovchi boshqarish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
475. Poʻlat tashigich va vakuum kamerasining koʻchma platformalarini harakatlantirish mexanizmlari blokirovka qurilmasiga ega boʻlishlari lozim. Blokirovka qurilmasi vakuum kamerasidagi soʻrish nayining uchi poʻlat tashigichga oʻrnatilgan poʻlat quyish kovshining yuqori qirrasi sathi bilan baravar yoki undan pastroqda boʻlganda poʻlat tashigichning harakatlantirish mexanizmi yuritilishini istisno qilishi lozim.
476. Koʻchma platformani harakatlantirish mexanizmi vakuum kamerasidagi bosim atmosferanikidan past boʻlganda, suyuq metalldan soʻruvchi nay chiqarilishiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka tizimi bilan jihozlanishi kerak.
477. Uskunalar mexanizmini taʼminlash manbalari sxemasida quyidagi hollar uchun uskuna yuritilishini istisno qiluvchi blokirovka qurilmasi koʻzda tutilishi kerak:
a) gaz-sovutgich orqali oʻtayotgan suv sarfi loyiha hujjatlarida eng kam ruxsat etilganidan pasayib ketsa;
b) gaz sovutish tizimidagi zaxira nasos nosoz boʻlsa;
v) gaz-sovutgichda suv paydo boʻlsa.
478. Gaz-sovutgich vakuum kamerasi sovugandan soʻng oʻchirilishi kerak. Vakuum kamerasidagi harorat hosil boʻlayotgan kondensatning alangalanish haroratidan past boʻlishi kerak.
479. Gaz-sovutgichni changdan vakuumlash jarayoni tugagandan va vakuum kamerasiga azot toʻldirilgandan keyin tozalash lozim.
480. Sovutish tizimi berilgan sovutish parametrlari buzilgani va uskuna mexanizmlarini taʼminlash manbasi oʻchirilgani toʻgʻrisida avtomatik ravishda yorugʻlik va tovush signali beradigan suv harorati va oqimi datchiklari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Suv uzatish avariyaviy ravishda toʻxtagan hollar uchun sovutish tizimida zaxira suv taʼminoti koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
481. Vakuum kamerasining yangidan futerovka qilingan nayi quritilgan va tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilangan ish haroratigacha qizdirilgan boʻlishi kerak.
Vakuum kamerasi nayini tushirish tezligi optimal va shlak-ajratgichning (erib ketmasdan) shlak qatlamidan vakuumga ziyon yetkazmay oʻtishi uchun yetarli boʻlishi kerak.
482. Porsiyalab vakuumlash uchastkasiga ferroqotishmalar konteynerda yoki konveyer transporti vositasida berilishi lozim.
483. Vakuum kamerasini germetiklash ishlari quyidagi tartibda bajarilishi kerak:
a) qumli ochib-yopgich (zatvor)ga nay oʻrnatilgandan va vakuum kamerasi azot yoki argon bilan atmosfera bosimigacha toʻldirilgandan soʻng;
b) vakuum kamerasini harakatlantirish va burish mexanizmlarini boshqarish elektr sxemasi oʻchirilgandan keyin va kalit-birka uskunani bexatar ishlatilishiga javobgar shaxsda boʻlsa.
484. Bugʻejektor nasosini boshqarish elektr sxemasida quyidagi hollarda nasosning toʻxtatishini taʼminlovchi blokirovka tizimi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim:
a) bugʻ bosimi va harorati belgilangan koʻrsatkichdan ortiq koʻtarilgan;
b) sovutish suvi harorati loyiha hujjatlaridagi eng koʻp belgilangan darajadan oshib ketgan;
v) elektr energiyasi uzatilishi toʻxtagan;
g) bugʻ va suv quvur oʻtkazgich hamda armaturalarining butunligi buzilgan.
485. Elektr isitgichning grafitli elektrodlari quyidagi tartibda almashtirilishi kerak:
a) vakuumlash jarayoni, vakuum kamerasini azot yoki argon bilan puflash tugagandan va nay qumli ochib-yopgichga oʻrnatilgandan soʻng;
b) vakuum kamerasini harakatlantirish va elektr isitish mexanizmlarini boshqarish elektr sxemasi oʻchirilgandan keyin va kalit-birka uskunani bexatar ishlatilishiga javobgar shaxsda boʻlsa.
486. Porsiyalab vakuumlash uskunalari chiqib ketayotgan gazlarni, shu jumladan uglerod oksidini ham toʻliq yondiruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishlari lozim.
487. Sirkulatsiyali vakuumlash uskunalariga ushbu Qoidalarning 465, 478 — 486-bandlari talablari taalluqlidir.
488. Sirkulatsiyali vakuumlash uskunalarining boshqarish tizimi mexanizmlar holatini mnemosxemada qayd etib, ularning bexatar rejimlarda ishlashini va nazorat qilinadigan parametrlar berilgan koʻrsatkichlardan chetga chiqqan paytda ularni avtomatik tarzda oʻchirilishini taʼminlashi kerak.
489. Uskunaning vakuum kamerasi bosim 0,01 MRa (0,1 kgf/sm2) boʻlganda ishlab ketadigan saqlovchi klapan bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
490. Poʻlat tashigichni va vakuum kamerasining koʻchma platformasini harakatlantiruvchi mexanizmlarga oʻrnatilgan blokirovka tizimi vakuum kamerasining keltiruvchi va olib ketuvchi quvurlari uchi poʻlat tashigichga oʻrnatilgan poʻlat quyish kovshini yuqorigi chekkasiga teng yoki undan pastroq boʻlganda poʻlat tashigichni harakatlantiruvchi mexanizm ishga tushishini istisno etishi lozim.
491. Poʻlat tashigichni yoki vakuum kamerasining koʻchma platformasini harakatlantirish mexanizmlariga oʻrnatilgan blokirovka tizimi vakuum kamerasidagi bosim atmosferanikidan past boʻlganda suyuq metalldan keltiruvchi va olib ketuvchi quvurlarning chiqarilishini istisno qilishi lozim.
492. Tashuvchi gaz (argon) keltiruvchi quvurga zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan bir nechta quvurchalar yordamida uzatilishi va quvurchalar tiqilib qolganda tashuvchi gaz uzatilishi toʻxtab qolmasligi uchun har bir quvurchaning oʻzida alohida rostlash moslamasi boʻlishi kerak.
493. Suyuq metallga oksidsizlantiruvchi va legirlovchi materiallarni kiritish titrama tarnovli vakuum shlyuzi orqali amalga oshirilishi lozim.
494. Suyuq metallni sirkulatsiyali vakuumlash uskunalari gazni nazorat qilish va sarfini oʻlchash asboblari, gaz quvurlariga oʻrnatilgan yopib-ochuvchi va rostlovchi armatura bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
495. Vakuumli uglerodsizlantirish va kovshni vakuumlash uskunalarining boshqarish tizimi mexanizmlar holatini mnemosxemada qayd etib, ularning bexatar rejimlarda ishlashini va nazorat qilinadigan parametrlar loyihaviy (berilgan) koʻrsatkichlardan chetga chiqqanda ularning ishlashini avtomatik tarzda oʻchishini taʼminlashi kerak.
496. Uskuna kamerasi yopilayotgan paytda poʻlat erituvchi unda ishlovchilar yoʻqligiga ishonch hosil qilishi lozim.
497. Uskuna kamerasida vakuum keskin tushib ketgan holatda u vakuumning tushib ketish sabablari aniqlanib va ular bartaraf etilguncha oʻchirib qoʻyilishi kerak.
498. Tigeldan metall oqib chiqqanda uskuna oʻchirilishi va suyuq metall qolipga quyilishi kerak. Uskunani ochishdan avval uni inert gaz bilan toʻldirish zarur. Uskunani faqat metall sovugandan (qoraygandan) soʻng asta-sekin havo bilan toʻldirish lozim.
499. Eritish jarayoni va eritishlar orasidagi tanaffus paytida texnologik zaruriyat yuzasidan vakuum kamerasiga havo kiritish tartibi, shuningdek kamerani germetiksizlantirish tartibi tashkilotning texnologik yoʻriqnomalarida belgilab qoʻyilishi lozim.
500. Kislorod furmasini harakatlantirish mexanizmiga ushbu Qoidalarning 236, 312, 313-bandlari talablari taalluqlidir.
501. Suyuq metall quyilgan kovshga vakuum ostida oksidsizlantiruvchi va legirlovchi materiallarni faqat vakuum shlyuzi orqali kiritish, uning konstruksiyasi tizimdagi vakuum saqlanishini taʼminlashi lozim.
502. Vakuum kamerasining qopqogʻi yon tarafga surilib ochilishi kerak.
Vakuum kameralaridagi qaytarma tipdagi qopqoqlar ularning oʻz-oʻzidan yopilib qolishini istisno qiluvchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Kamera qopqoqlari issiqlikdan izolatsiya qilingan boʻlishi kerak.
503. Vakuum kamerasi tubiga, yaʼni kovsh tagiga metall ostdon (oʻrnatkich moslama) oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
504. Vakuumlash paytida vakuum ochib-yopqichi asta-sekin ochilishi lozim.
505. Kovshdan kovshga quyilayotgan poʻlat oqimi vakuumlansa, poʻlat quyuvchi uchun moʻljallangan maydonchaning kovsh tarafi panjara balandligida issiqlikdan himoyalovchi yaxlit toʻsiq bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Maydonchaning ikki tarafiga qiyalik burchagi 45 darajali zinalar oʻrnatilishi lozim.
506. Vakuum nasoslarining xonasi keltiruvchi-tortuvchi shamollatish qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Nasos xonasiga vakuumlash jarayoniga aloqador boʻlmagan uskunani joylashtirish mumkin emas.
507. Vakuum nasoslarining tortish quvuri tegishli normativ-texnik hujjatlarda koʻzda tutilgan balandlikka chiqarilgan boʻlishi lozim.
508. Suyuq metallga kukunsimon materiallarni purkash uskunalari argon quvurlariga oʻrnatilgan yopib-ochuvchi va rostlovchi armatura, argon, kukunsimon materiallar bosimi va sarfini nazorat qilish asboblari, signalizatsiya va aloqa vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
509. Materiallarni uskunaga oʻzi toʻkadigan germetik konteynerlarda yetkazib berish kerak.
Konteynerlarda material nomi, uning markasi, usta familiyasi, uning imzosi va kukun ishlab chiqarilgan sana koʻrsatilgan yorliq yopishtirilgan boʻlishi lozim.
510. Kukunsimon materiallarni konteynerga yuklash mexanizatsiyalashgan boʻlishi va inert atmosferada bajarilishi kerak.
511. Pnevmo-haydagichga yuklanayotgan kukunsimon materiallarning miqdori suyuq metallni puflash uchun zarur boʻlgan bir martalik meʼyordan ortiq boʻlmasligi lozim.
512. Suyuq metallga kukunsimon materiallarni purkash boʻyicha operatsiyalarni bajarish tartibi tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida qatʼiy belgilab qoʻyilishi kerak.
513. Pnevmohaydagichga kukunsimon materiallarni yuklashdan avval argon bilan puflab tozalash kerak.
514. Suyuq metallga kukunsimon materiallar bilan ishlov berish jarayoni boshqaruv pultidan boshqarilishi lozim.
515. Uskunada ishlashga quyidagi holatlarda yoʻl qoʻymaslik kerak:
a) kukunsimon materiallarni uzatish tizimining germetikligi buzilganda;
b) pnevmohaydagichdagi bosim loyiha hujjatlarida belgilangan eng katta koʻrsatkichdan oshib ketsa;
v) furma soplosi payvandlanib qolgan yoki nosoz boʻlsa;
g) kukunsimon materiallarni purkash vaqtida argon berilishi toʻxtagan boʻlsa;
d) furmani koʻtarish va tushirish mexanizmi ishdan chiqqan boʻlsa;
e) chang va gazni tutish tizimi ishlamayotganda.
516. Pnevmohaydagich va uzatish traktidan kukunsimon materiallarni sex atmosferasiga puflab tozalash mumkin emas.
517. Yuklash konteyneri va pnevmohaydagichni biriktiruvchi konstruksiya germetiklikni taʼminlashi lozim.
518. Suyuq metallga sim yoki kukunsimon sim (keyingi oʻrinlarda sim) koʻrinishidagi oksidsizlantiruvchi modda va modifikatorlarni kiritish mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
519. Simni kiritish uskunalari (trayb-apparat va hokazolar) simni tortish mexanizmlari va kiritish tezligini oʻlchovchi asboblar, shuningdek yoʻnaltiruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
520. Suyuq metallga sim koʻrinishidagi oksidsizlantiruvchi moddalar va modifikatorlarni kiritish tezligi sim markasi va tarkibiga bogʻliq holda texnologik yoʻriqnomada qatʼiy belgilab qoʻyilishi kerak. Bu tezlik kattaligi kovshdagi suyuq metallning yuqori qatlamlarida oksidsizlantiruvchilar va modifikatorlar tarkibi erishi, bugʻlanishini hamda sex atmosferasiga bugʻlanish mahsulotlari tushishini istisno qilishi lozim.
521. Sim koʻrinishidagi oksidsizlantiruvchi modda va modifikatorlarni kiritish jarayoni masofadan turib boshqarilishi kerak.
522. Chalkashib ketgan sim oʻramalaridan foydalanmaslik lozim.
524. Suyuq metallga kompleks ishlov berish agregatlarining boshqarish tizimi mexanizmlar holatini mnemosxemada qayd etib, ularning bexatar rejimlarda ishlashini va nazorat qilinadigan parametrlar berilgan koʻrsatkichlardan chetga chiqqanda avtomatik tarzda oʻchishini taʼminlashi kerak.
525. Suyuq metallga kompleks ishlov berish operatsiyalarini bajarish tartibi texnologik yoʻriqnomada belgilab qoʻyilishi lozim.
526. Kovshlarga toʻldirilgan suyuq metallning sathi ularning yuqori qirrasidan 400 mm past boʻlishi kerak.
Kovshning yuqori qirrasidan undagi suyuq metall sathigacha boʻlgan masofa 400 mm dan kam boʻlsa, bunday kovshni kompleks ishlov berishga uzatish mumkin emas.
527. Tubdan puflash furmalarini ochish uchun zarur boʻlgan inert gaz (azot, argon) bosimining eng yuqori miqdori tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilishi lozim.
528. Poʻlat tashigichni harakatlantirish va suyuq metallga kompleks ishlov berish agregati gumbazini koʻtarish mexanizmlarining blokirovka qurilmasi elektrodlarning pastki uchi poʻlat tashigichga oʻrnatilgan poʻlat quyish kovshining yuqori qirrasiga teng yoki undan pastroqda boʻlganda, shuningdek kovsh qopqogʻi (gumbazi) koʻtarilmaguncha poʻlat tashigichni harakatlantiruvchi mexanizmlar ishga tushishini istisno qilishi lozim.
529. Chiqayotgan gazlarni olib ketish tizimi gazlarning kovsh qopqogʻi ostidan chetga chiqib ketishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
530. Qopqoq (gumbaz)ni tushirish jarayoni kovshni harakatlantiruvchi mexanizm bilan blokirovka qilingan boʻlishi kerak.
531. Ishlov berish jarayonida suyuq metallga sochiluvchan, legirlovchi materiallar va oksidsizlantiruvchi moddalarni berish mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan boʻlishi kerak.
XIII-BOB.
SANITARIYA TALABLARI
SANITARIYA TALABLARI
532. Poʻlat eritish sexlarini loyihalash, qurish, texnik qayta jihozlash va rekonstruksiya qilishda SanQvaM 0271-09 sonli “Qora metallurgiya korxonalari uchun sanitariya qoidalari”, shuningdek amaldagi sanoat tashkilotlarini loyihalash sanitariya normalari, qurilish meʼyorlari va qoidalari hamda ushbu Qoidalar talablariga rioya etish lozim.
533. Poʻlat eritish sexlarida ShNQ 2.09.04-09 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolar”ga muvofiq sanitariya-maishiy xonalar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
534. Ishlab chiqarish jarayonlari bajarilayotganda ish hududida paydo boʻladigan zararli ishlab chiqarish omillarini bartaraf etish yoki chegaraviy ruxsat etilgan miqdorlargacha kamaytirish uchun ishlovchilar GOST 12.4.011 va boshqa tegishli davlat standartlari boʻyicha jamoaviy texnik himoya vositalari hamda shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishlari kerak.
535. Poʻlat eritish sexlarining ishlab chiqarish va yordamchi binolari ish hududi havosidagi zararli moddalar, shovqin, tebranishning miqdorini GOST 12.1.005 hamda tegishli sanitariya qoida va meʼyorlarida belgilangan chegaraviy miqdorlargacha pasaytirilishini taʼminlovchi isitish, shamollatish, aspiratsiya va havoni moʻtadillash tizimlari bilan jihozlanishi lozim.
536. Ishlab chiqarish sexlarining ish hududlaridagi harorat, namlik va havo harakati tezliklarining ruxsat etilgan oʻzaro moslashuvi SanQvaM 0203-06 sonli “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimining sanitariya meʼyorlari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
537. Poʻlat eritish sexlarining ishlab chiqarish va yordamchi bino hamda xonalaridagi tabiiy va sunʼiy yoritish, shuningdek, avariyaviy yoritish ham QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish”, “Elektruskunalarni oʻrnatish qoidalari” (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2004-y. 27-fevraldagi 20-15-62/24-sonli xulosasi bilan texnik hujjat deb topilgan) talablariga mos boʻlishi lozim.
538. Ishlab chiqarish jarayonida havo yuborish-tortish ventilatsiyasi va aspiratsiya vositalarining uzluksiz ishlashi taʼminlanishi va ushbu tizimlar amaldagi Korxonalarda ventilatsiya tizimini xavfsiz ishlatish boʻyicha namunaviy yoʻriqnoma NY-VT-94 va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
539. Binoning suv oʻtkazish va kanalizatsiya tizimlari QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv oʻtkazgich va kanalizatsiyalari” talablariga javob berishi lozim.
540. Tovush darajasi yoki tovush darajasiga ekvivalent 80 dB dan yuqori boʻlgan hududlarga GOST 12.4.026 talablariga muvofiq xavfsizlik belgilari oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ushbu hududlarda ishlovchilar tegishli shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
541. Radioaktiv moddalar va boshqa ionlovchi nurlanish manbalari qoʻllaniladigan texnik qurilmalarni ishlatish amaldagi SanQvaM 0193-06 sonli “Radiatsiya xavfsizligi qoidalari va sanitariya meʼyorlari”, RXM-2006 “Radiatsiya xavfsizligi meʼyorlari”, RXTASQ-2006 “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlovchi asosiy sanitariya qoidalari” talablari hisobga olinib ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomalarda aniqlab qoʻyilishi kerak.
542. Poʻlat eritish sexlarida radioaktiv preparatlarini oʻrnatish usuli va tartibi oldindan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
543. Radioaktiv izotoplarni tanlash va oʻrnatish ishlari taʼmirlash chogʻida oʻrnatilgan moddalarning faolligi ruxsat etilgan meʼyorlardan ortiq boʻlmasligi uchun preparatning xizmat vaqti, oʻrnatish joyini hisobga olgan holda bajarilishi lozim.
Radioaktiv izotopning yarim emirilish muddati tugaguncha oʻrnatish joyini taʼmirlash zarurati tugʻilganda maxsus himoya chora va vositalari (himoya ekrani, materiallarni chiqarish uchun manipulyator va hokazolar) qoʻllanilishi kerak.
544. Radioaktiv preparatlar oʻrnatilgan joydan chiqishi mumkin boʻlgan barcha turdagi radioaktiv nurlanishlar tegishli dozimetrik asboblar bilan nazorat qilinishi kerak.
545. Ish oʻrinlarida radioaktiv izotoplarning boʻlishi va saqlanishi man etiladi.
546. Korxonalarda ishlovchi xodimlar soni boʻyicha tibbiy punktlar, feldsherlik sogʻliqni saqlash punktlari yoki shifokorlik sogʻliqni saqlash punktlari ShNQ 2.09.04-09 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolar”ga muvofiq tashkil etilgan boʻlishi kerak. Punktni tashkil etish va uning uskunalari mahalliy sogʻliqni saqlash organlari bilan kelishiladi. Har bir maishiy xonada birinchi tibbiy yordam aptechkalari boʻlishi kerak.
547. Aptechkalarda dori-darmonlar mavjudligi va ularning toʻplami toʻliqligi ustidan kuzatishni sex (boʻlinma) boshligʻi va sogʻliqni saqlash punkti xodimlari olib borishlari lozim.
XIV-BOB.
OʻTGA ChIDAMLI MATERIALLARNI SAQLASh VA ETKAZIB BERISh
OʻTGA ChIDAMLI MATERIALLARNI SAQLASh VA ETKAZIB BERISh
548. Oʻtga chidamli mahsulot va materiallar (pech va kovshlarni taʼmirlash uchun gʻisht, sifon jihozlari, kovshlar uchun stakanlar, bekitgich uchun tiqinlar, shiberli ochib-yopqichlar uchun plitalar, magnezit va dolomit) maxsus yopiq omborlarda saqlanishi lozim.
Oʻtga chidamli materiallarni ochiq maydonchalarda faqat konteynerlarda saqlash kerak.
549. Oʻtga chidamli materiallarni omborga tushirish va ularni sex binosi hamda taʼmirlash oʻtkazilayotgan joylarga yetkazib berish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
550. Sexlarda kundalik sarf uchun moʻljallangan oʻtga chidamli materiallar ushbu materiallar ishlatiladigan joylarga imkon boricha yaqin boʻlgan, maxsus ajratilgan maydonchalarga taxlanishi lozim.
551. Quyish maydonchalari ostiga uskuna va oʻtga chidamli materiallarni taxlashga yoʻl qoʻymaslik kerak.
552. Oʻtga chidamli materiallar tekis maydonchalarga taxlanishi kerak. Shtabelning balandligi 1,5 m dan koʻp boʻlmasligi, ularning orasidagi oʻtish yoʻlaklarining eni 1 m dan kam boʻlmasligi kerak.
Oʻtga chidamli materiallar yuklangan konteynerlarni uch qavatdan baland qilmay taxlash kerak.
Sifon jihozlari maxsus stellajlarda saqlanishi lozim.
553. Marten pechining ish maydonchasi ostida oʻtga chidamli materiallarni pechning navbatdagi taʼmirlanish ehtiyojidan ortiq boʻlmagan miqdorda saqlash kerak.
Ochib-yopuvchi qurilmalarning yaqinida oʻtga chidamli materiallarni saqlash mumkin emas.
Kovsh, tarnov va pech qopqoqlarini taʼmirlash uchun ishlatiladigan oʻtga chidamli materiallarni ish maydonchalari ostidagi boʻsh oraliqlarda saqlash mumkin.
554. Gʻishtlar avtoyuklagichlarda tashilganda gʻisht paketlari tagliklarga, donaboy gʻishtlar esa ostiga panshaxali tutqichlar kira oladigan tagdonlarga terilishi lozim.
Sex ichida harakatlanayotgan avtoyuklagichning tezligi 4 km/h dan oshmasligi kerak.
Oʻtga chidamli materiallarni taxlash tartibi haydovchiga harakat yoʻli koʻrinishini taʼminlashi kerak.
XV-BOB.
ShLAK HOVLILARI, ShLAKNI DASTLABKI QAYTA IShLASh BOʻLINMASI
ShLAK HOVLILARI, ShLAKNI DASTLABKI QAYTA IShLASh BOʻLINMASI
555. Yangi qurilayotgan shlak hovlilari yordamchi va maishiy binolar, shuningdek yoʻlak va transport yuradigan yoʻllardan uzoqroq hududda joylashgan boʻlishi lozim.
556. Shlak tashigichning lafeti kovsh agʻdarilishi boshlanishidan avval uni agʻanab ketishiga yoʻl qoʻymaydigan moslama bilan mahkamlanishi kerak.
557. Shlak hovlisida temir yoʻl boʻylab eni kamida 1 m li bemalol oʻtish yoʻlaklari boʻlishi lozim.
558. Shlak hovlisiga kirish joyida yashil va qizil rangli chiroqlardan iborat yorugʻlik signalizatsiyasi oʻrnatilgan boʻlishi, bu chiroqlar tashkilotning tegishli yoʻriqnomasi talablariga muvofiq yoqilishi kerak.
559. Shlak hovlisida harakatlanayotgan temir yoʻl transportining tezligi 4 km/h dan ortiq boʻlmasligi lozim.
560. Shlak tashigichlar avtoulagich va belgilangan eng chekka holatga kelganda kovsh agʻdarilishini toʻxtatuvchi cheklagichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
561. Shlak tashigichlar shlak toʻkiladigan maydonchaga qoʻyilgandan soʻng lokomotiv shlak hovlisi tashqarisiga chiqarib yuborilishi kerak.
562. Shlak kovshlarini agʻdarishdan avval qotib qolgan shlakning qobigʻi bosib sindirilishi, shuningdek shlak oʻrasida namlik yoʻqligi tekshirilishi lozim.
563. Shlak kovshlarini agʻdarishdan avval baland tovushli signallar berilishi, shundan soʻng barcha xodimlar muhofazalangan joyga chiqarilishi, kran esa xavfsiz joyga oʻtkazilishi lozim.
564. Suyuq shlak oʻraga bir tekis oqim boʻlib toʻkilishi kerak.
Bir vaqtning oʻzida ikkita yonma-yon turgan kovshlarni agʻdarishga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
565. Shlak oʻralarining devorlari issiqbardosh betondan yasalgan va metall plitalar bilan qoplangan boʻlishi lozim.
566. Shlak kovshlarini agʻdarish jarayoni masofadan turib va boshqaruv postlaridan boshqarilishi kerak.
567. Shlak kovshlarini agʻdarish boshqariladigan postlar yonmaydigan materialdan yasalgan boʻlishi kerak. Agʻdarish uchun ishlatiladigan kovshlar boshqaruv postlariga 10 m dan yaqin boʻlmagan joyga oʻrnatilishi lozim. Pultlarning kuzatish tuynuklari shlak sachrab tegishidan muhofazalangan boʻlishi kerak.
568. Elektr kabelni agʻdarish qurilmasining yuritmasiga shtepselli birlashtirish muftasi yordamida ulash lozim. Kabelning uchlarini ochiq qisqich yoki uyalarga ulash mumkin emas.
569. Yilning sovuq va oʻtish mavsumlarida ishchilarni dam olish va isinishi uchun shlak hovlisida isitiladigan xona boʻlishi lozim.
570. Shlakni dastlabki qayta ishlash boʻlinmalariga mazkur Qoidalarning 556 — 561, 564 — 569-bandlaridagi talablar taalluqlidir.
571. Shlakni dastlabki qayta ishlash boʻlinmasining barcha taraflari, transport kirish joyidan tashqari, toʻsilgan boʻlishi kerak. Toʻsiqlarning konstruksiyasi va balandligi boʻlinmadan shlak otilib chiqishini istisno etishi kerak.
Shlakni dastlabki qayta ishlash boʻlinmasidan yordamchi va maishiy binolar, yoʻlak va yoʻllargacha boʻlgan xavfsiz masofa kamida 50 m boʻlishi va loyihada aniqlab qoʻyilishi lozim.
572. Shlakni toʻkish va unga ishlov berish uchun kamida ikkita seksiya boʻlishi kerak. Shlakni toʻkish va unga ishlov berish navbatma-navbat bajarilishi kerak. Bitta seksiyaning oʻzida bir vaqtda shlakni toʻkish va ishlash mumkin emas.
573. Shlak ariqlari texnologik va yuza suvlarini qochirish uchun drenaj tizimi bilan jihozlangan hamda ularga sizot suvlari tushishidan muhofazalangan boʻlishi lozim.
Shlak ariqlaridagi drenaj tizimining ishi koʻrsatib oʻtilgan suvlarni toʻliq qochirilishini taʼminlashi va tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida oʻrnatilgan muddatlarda muntazam ravishda tekshirib turilishi kerak.
574. Suv bilan sovutish tizimining sachratish qurilmalari shlak sirtiga bir tekisda suv sepilishini taʼminlashi kerak. Shlak toʻkilmagan joylarga suv sepilmasligi lozim.
575. Suyuq va qotgan shlakli kovshlar shlak maydonining turli zonalariga agʻdarilishi kerak.
576. Shlakni dastlabki qayta ishlash boʻlinmasi yorugʻlik va yaxshi eshitiladigan tovush signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Shlak toʻliq toʻkilguncha signalizatsiya ishlab turishi kerak.
577. Shlak idishlarini agʻdarish uchun ochiq havoda ishlashga moʻljallangan, masofadan turib boshqaradigan qurilma bilan jihozlangan va shlakning issiqlik nurlanishidan himoyalangan koʻprikli kranlardan foydalanish kerak.
578. Shlak toʻkilishini boshqarish postlaridagi kuzatish tuynuklariga issiqbardosh oynalar solingan boʻlishi lozim.
579. Shlak kovshlarini tashish va agʻdarish uchun avto-tashigichlar qoʻllanilsa, shlak toʻkiladigan joyda avto-tashigichlarni shlak arigʻiga agʻanab ketishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus muqim toʻsiq (tirgaklar) koʻzda tutilishi kerak.
580. Qoʻllaniladigan avto-shlaktashigichlarda shlakni tashish va toʻkish paytida haydovchi kabinasiga shlak tushishini istisno qiluvchi qurilma boʻlishi lozim.
581. Shlak kovshlarini agʻdarishdan avval ariqlardagi hoʻl joylarga suvni toʻliq bugʻlatib yuborish uchun issiq shlak sepilishi kerak. Shlakni hoʻl yuzaga toʻkish mumkin emas.
582. Kovshdagi shlak qobigʻini bosib sindirish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak. Qobiqni qoʻlda urib sindirish mumkin emas.
583. Shlakni toʻkish va sovutish tartibi, shuningdek shlak kovshlarini tashish va agʻdarish uchun moʻljallangan shlak-avtotashigichlardan foydalanish paytidagi xavfsizlik choralari uskunalardan texnik foydalanish yoʻriqnomasida koʻzda tutilishi lozim.
584. Shlak kovshlaridan qatqaloq va shlak garnisajlarini urib chiqarish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
585. Ekskavator, yuklagich, buldozer yoki boshqa mashina va mexanizmlar yordamida shlakka ishlov berish va uni yuklashga shlak toʻkiladigan joydan kamida 50 m uzoqlikda ruxsat etiladi. Agar bu masofa 50 m dan kam boʻlsa, shlak toʻkilayotgan vaqtda ishlov berish jarayonlari toʻxtatilishi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar esa maxsus xonaga kirib turishlari lozim.
586. Shlak toʻkilayotgan joydan bugʻ kelishi yoki noqulay ob-havo sharoitlari tufayli boʻlinmada (xandaqda) koʻrinish keskin yomonlashgan hollarda qoʻshimcha yoritish yoqilishi kerak. Agar shundan keyin ham yoritilganlik yetarli boʻlmasa, shlakka ishlov berish va yuklash jarayonlari toʻxtatilishi lozim.
587. Ohakli eritma purkash uchun shlak kovshlari va shlakdonlar kamida 200° S (473 K) haroratga qizdirilgan holatda uzatilishi kerak.
588. Poʻlat eritish ishlab chiqarishining shlaklarini donadorlash (granulatsiya) suv, siqilgan havo yoki bir vaqtning oʻzida suv va siqilgan havo yordamida amalga oshirilishi mumkin.
589. Donadorlash uskunalarining ish rejimi va asosiy texnologik parametr (suv va havoning bosimi va sarfi, donadorlash havzasining chuqurligi va boshqa)lari loyiha hujjatlarida belgilangan boʻlishi kerak va faqat loyihani ishlab chiqqan tashkilot bilan kelishilgan holda oʻzgartirilishi mumkin.
590. Bino ichida joylashgan donadorlash uskunalari bugʻni toʻliq chiqarib yuboradigan aspiratsiya tizimlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
591. Donadorlash qanday usulda bajarilmasin, shlak kovshlarini agʻdarish, suv, siqilgan havo yoki bir vaqtda suv va siqilgan havoni uzatish shlak toʻkiladigan joydan kamida 10 m uzoqlikda joylashgan boshqaruv pultida masofadan turib boshqarilishi kerak.
Donadorlash uskunasining pulti olovbardosh va bugʻ hamda shlak sachrashidan muhofazalangan boʻlishi kerak.
592. Shlakni donadorlash jarayoni chogʻida donadorlash uskunasi yonida unga xizmat koʻrsatmaydigan sex xodimlari boʻlmasligi, yuk koʻtarish kranlari turmasligi va temir yoʻlda manevr ishlari bajarilmasligi kerak.
593. Donadorlashdan avval kovsh ichidagi shlak qobigʻini urib sindirish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi lozim.
594. Donador shlakni tashish uchun foydalaniladigan temir yoʻllar shu yoʻllar boʻylab qazilgan oqova zovurlarga yoki donadorlash havzasiga suv va toʻkilgan shlaklarni qaytadan oqib tushishini taʼminlaydigan ariqchalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Donador shlakni yuklash uchun ishlatiladigan temir yoʻl vagonlarining donadorlash havzasi boʻylab harakatlanishi mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
595. Shlak tozalovchi greyfer kranlar ular harakatlanayotganda signal beradigan avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
596. Donadorlash havzalari donador shlakning kanalizatsiyaga tushishini istisno qiluvchi moslamalar bilan taʼminlanishi lozim.
597. Tarkibida metall boʻlgan shlakni donador qilishga yoʻl qoʻymaslik kerak. Shlakni donadorlashga yaroqliligini mutaxassis aniqlab berishi kerak.
598. Shlak toʻkilishi boshlanganligi toʻgʻrisida xodimlarni ogohlantirish uchun donadorlash uskunasi yorugʻlik-tovush signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
599. Xodimlarning dam olishi va isinishi uchun donadorlash uchastkasida tegishli xona qurilgan boʻlishi kerak.
600. Donadorlash uskunasining boshqaruv pulti kalit-birka bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
XVI-BOB.
USKUNALARNI PROFILAKTIK KOʻRIKDAN OʻTKAZISh VA TAʼMIRLASh
USKUNALARNI PROFILAKTIK KOʻRIKDAN OʻTKAZISh VA TAʼMIRLASh
601. Poʻlat eritish sexlarining texnik qurilmalari tashkilotda oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan grafiklarda belgilangan muddatlarda koʻrikdan oʻtkazilishi, tekshirilishi va taʼmirlanishi kerak.
Poʻlat eritish sexlarining asosiy metallurgiya uskunalarini kapital taʼmirlash muddatlarini koʻchirishga taʼmirlash grafigini tasdiqlagan shaxsning ruxsati va uskunadan foydalanishni davom ettirish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa berilgan texnik shahodatlash dalolatnomasi boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
602. Metallurgiyada qoʻllaniladigan texnik qurilmalarni profilaktik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash, shuningdek taʼmirlash ishlarini bajarish uchun ishlab chiqilgan tegishli hujjatlar amaldagi “Qora metallurgiya korxonalarining uskunalarini taʼmirlash paytida xavfsizlik qoidalari” va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
603. Poʻlat eritish sexlarida taʼmirlanishi uchun birka tizimi, naryad- ruxsatnoma qoʻllaniladigan yoki ishlarni tashkil etish loyihasi (ITEL) rasmiylashtiriladigan obyekt, agregat va uskunalar roʻyxati tuzilgan boʻlishi hamda tashkilotda belgilangan tartibda tasdiqlanishi lozim.
Ishlarni tashkil etish loyihasida taʼmirlash ishlarini oʻtkazishga javobgar shaxslar, shuningdek taʼmirlash ishlarini bajarish tartibi va ketma-ketligi hamda xodimlarning xavfsizligini taʼminlovchi chora-tadbirlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
604. Ishlab turgan sexlarda boshqa sexlar yoki pudratchi tashkilotlar tomonidan bajarilayotgan taʼmirlash, sozlash, qurilish va montaj ishlari xavfi yuqori ishlar jumlasiga kiritiladi va naryad-ruxsatnomalar asosida bajarilishi kerak.
605. Ishni boshlashdan oldin taʼmirlash ishlariga jalb qilingan barcha mutaxassis va ishchilar ITEL bilan tanishishlari va mehnat xavfsizligi boʻyicha maqsadli yoʻl-yoʻriqdan oʻtishlari kerak.
Taʼmirlash chogʻida mehnat sharoitlari oʻzgarganda yangi naryad-ruxsatnoma rasmiylashtirilishi va takroran yoʻl-yoʻriq oʻtkazilishi kerak.
606. Birka tizimi qoʻllanib ishlatiladigan mexanizmlarni koʻrikdan oʻtkazish, sozlash va taʼmirlash ishlari OST SSBT 1455-79, tashkilotning uskunalarni taʼmirlash va tozalash yoʻriqnomasiga muvofiq bajarilishi lozim.
607. Pechlarni taʼmirlashdan avval zarur joylarda xavfsiz oʻtish yoʻlaklari qilinishi, GOST 12.4.026 ga asosan texnika xavfsizligi boʻyicha ogohlantirish plakatlari oʻrnatilishi lozim.
608. Xodimlar oʻtishi uchun moʻljallangan maydoncha va ust yopmalardagi toʻsiqsiz tuynuklar oshiq-moshiqli qopqoqlar bilan yopilishi kerak.
609. Taʼmirlash ishlari olib borilayotganda konstruksiya, uskuna, detal, qurilish materiallari va boshqalarni koʻtarish hamda tashish mexanizatsiyalashgan boʻlishi va ularning tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan usulda bajarilishi lozim.
Yuklarni koʻtarish uchun gaz quvurlari va ularni koʻtarib turuvchi ustunlardan tayanch sifatida foydalanish mumkin emas.
610. Pechning metall konstruksiyalarini montaj va demontaj qilayotganda ularni osigʻliq va qaltis holatda qoldirib ketish mumkin emas.
Demontaj qilinayotgan konstruksiya va uskunalar zarur oʻtish yoʻlaklari qoldirilib barqaror holatda taxlanishi kerak.
611. Xodimlar yuqorida ishlayotganda asbob va mayda detallarni olib yurish uchun maxsus sumkalardan foydalanishi lozim.
612. Qoʻllanilayotgan asbob va moslamalar “Asbob va moslamalar bilan ishlash paytida xavfsizlik qoidalari” (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2007-yil 10-dekabr 20-15-306/11-son xulosasi) va tegishli davlat standartlari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
613. Zaxira detal va uskunalarni saqlash uchun sexlarda yuk koʻtarish mexanizmlari va kirish yoʻllari bilan jihozlangan omborlar koʻzda tutilishi lozim.
614. Pechlarda navbatdagi rejali-oldini olish taʼmirlanishi oʻtkazilayotganda dudboʻronlarning holati tekshirilishi kerak.
615. Poʻlat eritish pechlari, kovshlarning futerovkasini sindirish tartibi ishlarni bexatar olib borish choralari koʻzda tutilgan tashkilotning tegishli yoʻriqnomalarida belgilab qoʻyilishi lozim.
616. Poʻlat eritish pechlari taʼmirdan chiqqandan soʻng quritilishi va qizdirilishi kerak. Ularni quritish va qizdirish tashkilotda belgilangan tartibda tasdiqlangan jadval va yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Quritish rejimi nazorat-oʻlchov asboblari yordamida nazorat qilinishi kerak.
617. Taʼmirlanayotgan pechlarning ichini yoritish uchun kuchlanishi 12 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma chiroqlardan foydalanish lozim.
618. Marten pechini taʼmirlash chogʻida uni ikkala tarafiga (quyish va pech oraliqlarida) oʻtkazilayotgan taʼmirlash ishlari toʻgʻrisida ogohlantiruvchi plakatlar osib qoʻyish lozim.
619. Marten pechi toʻxtatilgandan soʻng gumbaz, devor va arka qismlari ostiga ishchilar faqat almashtirilayotgan devor buzilgandan soʻng qoʻyilishi kerak.
Pechning ish boʻshligʻiga xodimlarni kiritishdan avval yuklash darchalaridagi qopqoqlar olib qoʻyilishi lozim.
620. Devorlarni buzish paytida pechning rama va boshqa qismlarini osigʻliq va mahkamlanmagan holatda qoldirib ketishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
621. Pechning yuqori va pastki qurilmalari gumbazlarini sindirish paytida gumbaz ustida turish mumkin emas. Pech kallaklari gumbazini sindira boshlashdan avval xodimlar shlakovikdan chiqarib yuborilishi lozim.
622. Pech kallaklarining devorini ish maydonchasi sathigacha sindirgandan soʻng paydo boʻladigan ochiq joylarni yopib qoʻyish yoki ish maydonchasining chekkasi boʻylab toʻsib qoʻyish kerak.
623. Kesson ariqchasi (leshad) sathidan pastroq boʻlgan vertikal kanal devorlarini sindirish faqat kesson mahkamlab yoki olib qoʻyilgandan soʻng bajarilishi lozim.
624. Yuqori va pastki qurilmalar gumbazlarini terish faqat opalubka holati va uning toʻgʻri oʻrnatilganligi tekshirilgandan soʻng bajarilishi lozim.
625. Qizib turgan uskuna (pech, regenerator, shlakovik, kovsh va boshqa)lar ichiga ishchilar kirib bajaradigan taʼmirlash ishlarini oʻtkazishga undagi havo harorati 40° S (313K) dan ortiq boʻlmaganda ruxsat etilishi kerak.
626. Pech kallaklarining kanallari ochiq boʻlganda xodimlar shlakovik ichida boʻlmasligi lozim.
Taʼmirlash ishlari olib borilayotganda shlakovikdan shlak va gʻisht siniqlarini chiqarish mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
627. Taʼmirlanayotgan pech oldidagi ish maydonchasiga gʻisht shtabellari, konteyner, materiallar solingan quti, konstruksiya va hokazolarni joylashtirishga ruxsat etiladi. Bunda yuklash mashinalarining taxlangan buyumlarga kamida 1,5 m masofaga yaqinlasha olmasligi uchun chora-tadbirlar koʻrilishi lozim.
Taʼmirlanayotgan pech oldidagi mulda yoʻllari boʻylab harakatlanuvchi tarkiblarning oʻtish tartibi ITEL da belgilangan boʻlishi kerak.
628. Pechlarni sovuq holatda taʼmirlash paytida bugʻlatib sovutish tizimi va armaturalar reviziya qilinishi hamda taʼmirlanishi, soʻngra maxsus jurnalga qayd qilinishi lozim.
629. Yuklash darchasining ramasini almashtirish dastlab undan sovutish suvi toʻkilgandan soʻng amalga oshirilishi kerak.
Qopqoq va ramalarni almashtirish paytida muldali aravachalarni pech oldida harakatlantirmaslik lozim.
630. Pech gumbazida issiq holatda taʼmirlash oʻtkazilayotgan paytda pechga yonilgʻi uzatilishi toʻxtatilishi lozim.
631. Taʼmirlanayotgan pech oldida shlak idishlarini almashtirish va pech taʼmirlanishi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa texnologik ishlarni bajarish mumkin emas.
632. Pechni zichlash boʻyicha barcha ishlar ITEL va tegishli yoʻriqnomalar talablariga muvofiq bajarilishi hamda jurnalga yozib qoʻyilishi lozim. Zichlash paytida ish joyini kuchlanishi 12 V dan koʻp boʻlmagan koʻchma chiroqlar bilan yoritish kerak.
633. Pechni quritish uchun yoqish paytida va taʼmirlashdan soʻng pechga gaz yuborilayotganda barcha xodimlar pechdan xavfsiz hududga oʻtkazilishi lozim.
634. Elektr yoyli pech sovuq holatda taʼmirlash boshlanishidan avval oʻchirilishi va taʼminlovchi elektr nimstansiyada elektr sxema uzib qoʻyilishi lozim.
Elektrod-tutqichlarni mahkamlab qoʻyish kerak.
635. Taʼmirlanayotgan elektr yoyli pech ostidagi hudud toʻsib qoʻyilishi kerak. Pech va ish maydonchalari oʻrtasidagi oraliqlar yopilishi yoki toʻsilishi lozim.
636. Elektr pech futerovkasini almashtirish va yigʻishtirish ishlari mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak.
637. Taʼmirlash ishlarini bajarish paytida elektr pechning alohida qismlariga xavfsiz oʻtish uchun yengil metall narvonlar qoʻllanilishi, ular yiqilib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan moslamalar bilan taʼminlanishi lozim.
638. Sovuq holatda taʼmirlash paytida elektr pech gumbazi olib qoʻyilishi yoki gumbaz ostida ishchilar turishini istisno qiluvchi toʻsiq oʻrnatilishi kerak.
639. Gaz chiqarish trakti va gaz tozalash qurilmalari ichida olib boriladigan tekshirish, tozalash va taʼmirlash ishlari naryad-ruxsatnoma asosida bajarilishi kerak.
640. Kovshlarni taʼmirlash maxsus ajratilgan joylarda, toʻsqichli maydoncha va zinapoyalar bilan jihozlangan stendlarda yoki balandligi kamida 0,8 m boʻlgan bortlar bilan taʼminlangan oʻralarda amalga oshirilishi lozim.
Oʻra devorlari va kovsh oʻrtasidagi ochiq joyni maydonchalar bilan yopish kerak, bu maqsadda oʻra bortlariga qoʻyilgan taxtalardan foydalanish mumkin emas.
641. Taʼmirlashdan oldin kovsh ichidagi skrap, qotib qolgan metall va axlatlarni kovsh sovugandan soʻng mexanizatsiyalashgan usulda olib tashlash kerak.
Futerovka qisman almashtirilayotganda kovshlar sovushini tezlatish uchun shamollatgich yordamida havo puflashga ruxsat etiladi. Futerovka toʻliq almashtirilsa, kovsh ichiga suv sepib sovutish lozim.
642. Taʼmirlash uchun gorizontal holatda oʻrnatilgan kovshlar oʻz-oʻzidan agʻdarilib ketmasligi uchun bortlari ostiga maxsus taglik qoʻyib mahkamlanishi lozim.
643. Kovsh futerovkasini sindirish va uni chiqarib tashlash mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
644. Taʼmirlash uchun kovsh ichiga gʻisht uzatish mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Gʻishtlar quti yoki badyada uzatilsa, oldin xodimlar kovsh ichidan chiqarib yuborilishi kerak.
645. Faqat korpusi, tsapfasi va agʻdargichi ishga yaroqli boʻlgan kovshlarni futerovka qilish lozim.
Taʼmirlanayotgan kovshlarni futerovka qilish ushbu Qoidalarning 382-bandi talablariga rioya qilib amalga oshirilishi lozim.
646. Sigʻimi 40 t dan koʻp boʻlgan kovshlarni taʼmirlash paytida mexanizatsiyalashgan koʻtaruvchi stollar qoʻllanishi kerak.
Kovshlarni havozalarda turib taʼmirlashga faqat ayrim hollarda yoʻl qoʻyilishi kerak.
647. Futerovkani terish paytida kovshga havo berilishi, qish mavsumida havo isitilishi lozim.
Kichik sigʻimli (10 t gacha) kovshlarning futerovkasi terilayotganda infraqizil nurtarqatgichdan foydalanish mumkin.
648. Taʼmirlashdan soʻng kovshlarning devorlari puxtalik bilan quritilishi kerak.
Kovshlar tegishli normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq tabiiy gaz (koks gazi) yoki mazut yordamida tortuvchi qurilmalar bilan jihozlangan maxsus joylarda quritilishi lozim. Quritish jarayonining muddati va tugashining tashqi belgilari tashkilotning uskunalardan texnik foydalanish yoʻriqnomasida aniqlab qoʻyilishi kerak. Quritish paytida gazning yonishi kuzatib borilishi lozim.
649. Poʻlat quyish kovshlarining monolit (quyma) futerovkasini yasash uchun ishlatiladigan mashina (uskuna)larda ishlarni tayyorlash, bajarish va tugatish tartibi, texnologik operatsiyalarni olib borishda avariya vaziyatlari va bu paytda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xatti-harakatlari hisobga olingan xavfsizlik choralari tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida qatʼiy belgilab qoʻyilishi lozim.
650. Poʻlat quyish kovshlarining monolit (quyma) futerovkasini yasash uchun ishlatiladigan mashinalarda quyidagi jihozlar: aralashtirgich va taʼminlagich bunkerini yopib-ochuvchi va rostlovchi armatura, futerovka qorishmasi sarfini, uning taʼminlagich bunkeridagi sathini nazorat qilish, tezlik (shnekli taʼminlagichdan foydalanganda) yoki bosimni (pnevmotaʼminlagich ishlatilganda) nazorat qilish asboblari, signalizatsiya va aloqa vositalari boʻlishi kerak.
651. Platformani burish va taʼminlagichdan futerovka qorishmasini uzatish mexanizmlariga oʻrnatilgan blokirovka qurilmasi taʼminlagich bunkerida futerovka qorishmasi boʻlmaganda platformani burish mexanizmi yuritilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
652. Poʻlat quyish kovshlarining monolit (quyma) futerovkasini yasash uchun ishlatiladigan mashina (uskuna)larda uni quyidagi hollarda toʻxtashini taʼminlaydigan blokirovka tizimi koʻzda tutilishi kerak:
a) taʼminlagich bunkerida futerovka qorishmasi mavjud boʻlmasa;
b) mashina uzellaridan birortasi (aralashtirgich, taʼminlagich, platformani burish mexanizmi) nosoz boʻlsa;
v) himoya toʻsigʻi notoʻgʻri oʻrnatilsa;
g) elektr energiyasi uzatilishi toʻxtasa.
653. Poʻlat quyish kovshlarining monolit (quyma) futerovkasini yasash uchun ishlatiladigan mashina (uskuna)larda ishlashga quyidagi holatlarda yoʻl qoʻymaslik kerak:
a) toʻsuvchi qurilmalar nosoz yoki mavjud boʻlmasa;
b) futerovka massasi sarfi, tezlik (shnekli taʼminlagich ishlatilganda) va bosimni (pnevmotaʼminlagich ishlatilganda) nazorat qilish asboblari nosoz boʻlsa;
v) futerovkalash paytida futerovka qorishmasini uzatish toʻxtasa;
g) taʼminlagich va taʼminlagich bunkerining butunligi buzilsa;
d) platforma, poʻlat quyish kovshi va shablonlarning vertikal oʻqlari bir biriga mos kelmasa.
654. Poʻlat quyish kovshlarining monolit (quyma) futerovkasini yasash uchun ishlatiladigan mashina aralashtirgichiga oʻtga chidamli materiallarni uzatish paytida tashuvchi gaz sifatida azotdan foydalanilsa, tashkilotning texnologik yoʻriqnomasida tegishli xavfsizlik chora-tadbirlari koʻzda tutilishi lozim.
655. Texnik qurilmalar (asosiy metallurgiya agregatlari) kapital taʼmirlash yoki rekonstruksiya qilingandan keyin tegishli normativ-texnik hujjatlarda belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinishi kerak. Qabul qilish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
656. Ishlab chiqarish jarayonida qoʻllaniladigan barcha oʻlchash vositalari tegishli normativ hujjatlarida belgilangan tartibda taʼmirlashdan va davlat qiyoslovidan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
XVII-BOB.
XAVFSIZLIK QOIDALARINING BUZILIShI UChUN JAVOBGARLIK
XAVFSIZLIK QOIDALARINING BUZILIShI UChUN JAVOBGARLIK
657. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.