OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 22-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1842-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2024-yil 26-apreldagi 2-son, Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 2024-yil 22-apreldagi 02/11-05/02-son va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 2024-yil 26-apreldagi 2024-07-sonli ““Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1842-7, 10.05.2024-y.) asosan 2024-yil 14-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 9-son, 160-modda) qonunlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi PQ-872-sonli “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda) va 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-sonli “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2008-yil 11-iyuldagi 77, 2008-33-sonli, 2008-yil 26-iyundagi 13-sonli qarori (roʻyxat raqami 1842, 2008-yil 15-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 34-son, 337-modda) bilan tasdiqlangan Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-aprel,
39-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-aprel,
2013-27-son
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-aprel,
01/19-26/02-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2013-yil 24-apreldagi 39, 2013-27, 01/19-26/02-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
Quyidagi mazmundagi VII1, VII2 va VII3 boblar bilan toʻldirilsin:
“VII1. Ichki nazorat qoidalari talablarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
171. Sugʻurtalovchi tomonidan:
masʼul shaxslarning roʻyxatini;
oʻzining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida hisobotni Moliya vazirligiga taqdim etish muddatlariga rioya qilinmagan taqdirda, –
sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII2. Moliya vazirligining koʻrsatmalarini bajarmaganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
172. Moliya vazirligining quyidagi kamchiliklarni:
sugʻurtalovchi vakolat bergan sugʻurta agentlarining reyestri mavjud emasligi;
qabul qilingan pul mablagʻlari va majburiyatlarining miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni Moliya vazirligi oʻz vakolati doirasida talab qilganda taqdim etmasligi;
sugʻurtalovchi oʻzining firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan manzili oʻzgarganligi haqida sugʻurta qildiruvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali, oʻz ijrosidagi bir yildan ortiq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha esa yozma ravishda xabardor qilmasligi;
sugʻurtalovchi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtmasligi;
sugʻurtalovchi tomonidan yiliga bir marta — har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy davomida moliya yilidagi faoliyat yakunlari boʻyicha aktuar tashkilotni aktuar tekshiruvini amalga oshirish uchun jalb etmaganligini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalarini bajarmagan taqdirda, —
sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,09 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII3. Sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashni asossiz rad etganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
173. Sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashni asossiz rad etgan taqdirda, sugʻurtalovchiga har bir asossiz rad etish uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,09 foiz miqdoridagi jarima solinadi. Bunda sugʻurtalovchining rad etishi asossiz deb, sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) arizasiga muvofiq sud tomonidan eʼtirof etiladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 30-son, 395-modda)