Navoiy viloyati Karmana tumani hokimining
Qarori
“Obod turmush yili” tuman dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
2013-yilning “Obod turmush yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan mamlakatda xalqning turmush darajasi va sifatini oshirish, farovonlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlash vazifalarini amalga oshirishga resurslar va imkoniyatlarni safarbar qilish, davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarini keng jalb etish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi “Obod turmush yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-1920-sonli va Navoiy viloyati hokimining 2013-yil 13-martdagi Q-49-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Navoiy viloyati hokimining 2013-yil 13-martdagi Q-49-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. “Obod turmush yili” tuman dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar “Obod turmush yili” tuman dasturini amalga oshirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
tumanda barqarorlik va xavfsizlikni, fuqarolar totuvligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlash, inson huquqlari, erkinligi va manfaatlari muhofazasini taʼminlash;
aholi farovonligi va real daromadlarining izchil oʻsishini taʼminlash, ish bilan bandlikni oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni yanada rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda, uning ijtimoiy nochor qatlamlarini va kam taʼminlangan oilalarni davlat tomonidan aniq manzilli muhofaza qilish va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish;
aholi salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy tashxis va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish hamda ularni davolashning ilgʻor tibbiy texnologiyalari va metodlarini joriy etish, pirovard natijada — odamlarning, ayniqsa bolalar va onalarning sogʻligʻini mustahkamlash;
jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, uygʻun kamol topgan oʻsib kelayotgan avlodni, professional, zamonaviy darajada tayyorlangan kadrlarni tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini har tomonlama oshirish, taʼlim saviyasini yanada takomillashtirish va sifatini yuksaltirish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
xalqning turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, yangi uy-joylar qurish, zamonaviy yoʻllar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, aholi punktlarini toza ichimlik suv, elektr energiyasi va issiqlik bilan kafolatli taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mahalla institutini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, joylarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, yosh va ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularga yordam berishni yaxshilash, mahallalar va uy-joy mavzelarining tashqi qiyofasini sifat jihatidan yaxshilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish vazifalarini hal etishda ularning roli va ahamiyatini oshirish;
oilalarni yanada mustahkamlash, ayollarning oila va jamiyatdagi roli va maqomini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ish bilan bandligini taʼminlash hamda ayollarning iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalaridagi faoliyatini munosib ragʻbatlantirish, ularning oʻz iqtidorini namoyon qilishi va uy-roʻzgʻordagi ishlarini yengillashtirish uchun qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
4. “Obod turmush yili” tuman dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha tuman komissiyasiga “Obod turmush yili” tuman dasturining bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish vazifasi yuklatilsin.
5. “Obod turmush yili” tuman dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha komissiyasi (Joʻrayev) quyidagilarni taʼminlasin:
uch kunlik muddatda — tumandagi tegishli tashkilot rahbarlari boshchiligida tuman dasturini amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tuzish, ularga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz, toʻliq koʻlamda va oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyatni yuklash;
uch kunlik muddatda — tumandagi tashkilot, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan har bir tashkilot va idoralar boʻyicha “Obod turmush yili” tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va qabul qilish;
tumandagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar darajasida tasdiqlangan tuman dasturiga kiritilgan yoʻnalishlar va tadbirlarni toʻliq va oʻz vaqtida bajarish ishlarini muvofiqlashtirish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatish;
har chorak yakunlari boʻyicha “Obod turmush yili” tuman dasturida nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisida tuman va viloyat hokimliklariga axborot berib borish.
6. “Karmana ovozi” gazetasi tahririyati davlat korxonasi (Aslonov):
“Obod turmush yili” Davlat dasturi va “Obod turmush yili” tuman dasturining maqsadi va vazifalarini, uni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari va chora-tadbirlarini aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng yoritilishini;
keng jamoatchilikning Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy xabardor boʻlishini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi aniq hissasi yoritilishini taʼminlasin.
7. Tuman hokimligi Tashkiliy-nazorat guruhi (Gʻaniyev) mazkur qarorni Xalq deputatlari tuman Kengashining tasdigʻiga kiritsin.
8. Tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari (Joʻrayev)ga ushbu qarorni “Karmana ovozi” gazetasida rasman eʼlon qilinishini:
tuman Maʼnaviyat targʻibot boʻlimi (Omanov)ga mazkur qarorni tuman hokimligining veb-saytida joylashtirilishini taʼminlash topshirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim Sh. ISMATOV
Karmana t.,
2013-yil 9-aprel,
205-q-son