Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QIShLOQ XOʻJALIGI TOVAR IShLAB ChIQARUVChILARI UChUN YAGONA YER SOLIGʻINI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli “Soliq imtiyozlari tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartishlar kiritish hamda baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjalik ekinzorlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining pirovard mehnat natijalaridan iqtisodiy manfaatdorligini kuchaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish va bir xil qilish maqsadida:
1. 1999-yilning 1-yanvaridan boshlab qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer soligʻi joriy etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, yagona yer soligʻi amaldagi barcha umumdavlat soliqlari (alkogolli mahsulotga aksiz soligʻidan tashqari) hamda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun belgilangan quyidagi mahalliy soliqlar va yigʻimlarni toʻlash oʻrniga joriy etiladi:
daromad (foyda) soligʻi;
qoʻshilgan qiymat soligʻi;
ekologiya soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yer ostidan foydalanganlik uchun soliq;
mol-mulk soligʻi;
yer soligʻi;
ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi;
boshqa Mahalliy soliqlar va yigʻimlar.
Yagona yer soligʻi toʻlovchilari boʻlmish qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun boj toʻlovi, davlat boji, litsenziya yigʻimlari, budjetdan tashqari jamgʻarmalarga ajratmalar toʻlashning amaldagi tartibi saqlab qolinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari), fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, shuningdek boshqa qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar yagona yer soligʻini toʻlovchilar hisoblanadilar, dehqon xoʻjaliklari bundan mustasnodir. Dehqon xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasining “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunida koʻzda tutilgan soliqqa tortish shartlari tadbiq etiladi;
qishloq xoʻjaligini yuritish uchun egalik qilish, foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer maydoni yagona yer soligʻiga tortish obyekti hisoblanadi;
yagona yer soligʻi miqdori yer maydonining qayerda joylanganligini, sifati (ball-boniteti)ni va suv bilan taʼminlanganligini hisobga oluvchi bazaviy stavkalar hamda tuzatish koeffitsiyentlaridan kelib chiqqan xolda aniqlanadigan yer maydoni birligiga qayd etib qoʻyilgan toʻlov holida belgilanadi. Yagona yer soligʻining miqdori qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xoʻjalik faoliyati natijalariga bogʻliq boʻlmaydi;
yagona yer soligʻi Mahalliy budjet hisobiga oʻtkaziladi.
4. Ilovaga* muvofiq tarkibda yagona yer soligʻini joriy etish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi tuzilib, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
* Ilova berilmaydi.
yagona yer soligʻiga tortiladigan yer maydonlarini hisobga olish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
yagona yer soligʻi miqdorlarining yer maydonlari sifatiga muvofiqligi taʼminlanishini nazarda tutgan holda erni kadastr jihatidan baholash monitoringini oʻtkazish;
yagona yer soligʻi joriy etilishini nazorat qilish;
yagona yer soligʻi bazaviy stavkalari va unga nisbatan tuzatish koeffitsiyentlarining qishloq xoʻjalik korxonalari faoliyati natijalariga taʼsirini tahlil qilish;
yagona yer soligʻining ayrim toʻlovchilarga soliq imtiyozlari berish samaradorligini oʻrganish;
erlarni kadastr jihatidan baholash chora-tadbirlarini amalga oshirishni hisobga olgan holda yagona yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
shu yilning 15-noyabriga qadar yerlar joylashishining tafovutlari, sifati (ball-boniteti)ni va suv bilan taʼminlanganligini hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha qishloq xoʻjalik ekinzorlariga mutlaq miqdorda 1999-yilga moʻljallangan yagona yer soligʻining muvaqqat bazaviy stavkalarini, shuningdek yagona yer soligʻi muvaqqat bazaviy stavkalarining tuzatish koeffitsiyentlarini tasdiqlasin;
yagona yer soligʻining muvaqqat bazaviy stavkalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yilgi Davlat budjetini tasdiqlash chogʻida tumanlar va shaharlar boʻyicha yagona yer soligʻi stavkalarini tasdiqlasin;
1999-yilgi ish yakunlari boʻyicha, Respublika komissiyasining takliflarini hisobga olgan holda yagona yer soligʻining muvaqqat bazaviy stavkalari va tuzatish koeffitsiyentlarini qayta koʻrib chiqsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
ushbu Farmon amalga kiritilgunga qadar ayrim qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga yer soligʻi, shuningdek daromad (foyda) soligʻini toʻlashda imtiyozlar qancha muddatga berilgan boʻlsa shu muddat toʻlagunga qadar bunday imtiyoz yagona yer soligʻi toʻlashga tadbiq etiladi;
yagona yer soligʻini hisoblash chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq yer soligʻiga tortilmaydigan yer maydonlari soliqqa tortish bazasidan mustasno qilinadi;
yangi tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan boshlab ikki yil muddatga yagona yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer soligʻini hisoblash va toʻlash tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
8. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 10-oktabr,
PF-2086-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 202-modda; 2000-y., 9-10-son, 270-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 1-2-son, 9-modda; 2006-y., 16-son, 131-modda, 28-29-son, 262-modda; 2007-y., 25-26-son, 259-modda)