Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar hokimining
Qarori
Shahar hududidagi korxona va tashkilotlardagi traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish va mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar hokimining 2014-yil 28-yanvardagi 42-sonli “Traktor transporti va ularning tirkamalarini, yoʻl qurilish mashinalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2004-yil 15-noyabrdagi “Traktorlar, oʻzi yurar meliorativ, yoʻl qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizom talablaridan kelib chiqib, shahardagi korxona va tashkilotlardagi traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish, mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish, texnik vositalaridan unumli foydalanish va ularning texnik holatini, texnika xavfsizligini hamda yoʻl harakati qoidalarini talabga javob beradigan darajada saqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Shahardagi korxona va tashkilotlardagi traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish va mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish, texnika vositalaridan unumli foydalanish va ularning texnik holatini, texnika xavfsizligini hamda yoʻl harakati qoidalarining talabga javob berilishini taʼminlash komissiyasi tarkibi 1-ilovaga*, traktor transportlari hamda ularning tirkamalari texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan korxona va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga*, korxona va tashkilotlarning traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 — 3-ilovalar berilmaydi.
2. Shahar hududida joylashgan, tasarrufida qishloq xoʻjaligi texnikalari va yoʻl qurilish mashinalari kabi texnikalari boʻlgan tashkilot va korxona rahbarlariga mavjud texnikalarni texnik koʻrikka sifatli qilib tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
3. Shahar “Qoʻqon sadosi” va “Znamya truda” birlashgan tahririyati (R. Otajonov), “Muloqot” TV (X. Shermatov)larga korxona va tashkilotlardagi traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish toʻgʻrisida muntazam eʼlonlar berib borish hamda tegishli korxona, tashkilot mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etish vazifalari yuklatilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimi oʻrinbosari M. Turdiqulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. ABDULLAYEV
Qoʻqon sh.,
2013-yil 11-mart,
98-son