Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi 515-sonli “Yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritishda davlat tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda mazkur tadbirlarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 19-apreldagi PQ–1958-son qaroriga muvofiq, tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
2013 — 2022-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining kredit liniyasi hisobiga tajriba tariqasida tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish uchun tijorat banklari tomonidan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
2. Belgilansinki, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish ustuvor tartibda:
vegetatsiya davrida suv resurslari oʻrtacha koʻp yil taqchil boʻlgan sugʻoriladigan yer uchastkalarida, shuningdek sugʻorish suvini yuqoriga koʻtarishda katta xarajatlar qilinadigan mashina bilan sugʻoriladigan yerlarda;
bogʻlar, uzumzorlar, sabzavot-poliz mahsulotlari va boshqa yuqori rentabelli ekinlar uchun ajratilgan yer uchastkalarida;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan kuchli nishabli yer uchastkalarida;
shoʻrlanmagan va kam shoʻrlangan yengil tuproqli tekis yer uchastkalarida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga tomchilatib sugʻorish tizimini qurish tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha meliorativ ishlarni va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashgan pudratchi tashkilotlar tomonidan foydalanishga tayyor holda amalga oshiriladi.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
3. Belgilansinki:
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga tejalgan suv resurslaridan boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlarda qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻstirish uchun foydalanish huquqi beriladi;
Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tomchilatib sugʻorish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalari uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga deklaratsiya qilingan narxlar boʻyicha polietilen granula xarid qilish uchun har yillik kvotalar ajratiladi;
tomchilatib sugʻorish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarining butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish uchun ajratilgan polietilen granuladan maqsadli foydalanish yuzasidan masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga yuklanadi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati har yili, asoslangan hisob-kitoblar va Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligining roʻyxatlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga tomchilatib sugʻorish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarining butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish uchun deklaratsiya qilingan narxlar boʻyicha polietilen granulaning zarur hajmini ajratsinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:
besh kun muddatda tomchilatib sugʻorish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hududiy va tuman ishchi guruhlari tashkil etilishini;
moliyalashtirish uchun tijorat banklari bilan, loyihalashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun loyiha tashkilotlari bilan hamda foydalanishga tayyor holda tomchilatib sugʻorish tizimini qurish uchun meliorativ ishlarni va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashgan pudratchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzishda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga yordam berilishini;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning hududiy manzilli dasturlari amalga oshirilishi, loyihalarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va tijorat banklarining kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan monitoring oʻrnatilishini, monitoring natijalari boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning hududiy manzilli dasturiga kiritilgan har bir loyihaning har tomonlama muhokama qilinishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish parametrlari doirasida tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning har yillik Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqsin;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning hududiy manzilli dasturlari amalga oshirilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishning holati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va tijorat banklari rahbarlarining har choraklik hisobotlarini eshitsin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
8. Tijorat banklariga tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish Davlat dasturiga kiritilgan loyihalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha kreditlar berish tavsiya qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
oʻn kun muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlarni amalga oshirish va ularning talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar;
bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.Sh. Roʻziyev va Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 21-iyun,
176-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 21-iyundagi 176-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 19-apreldagi PQ–1958-son qaroriga muvofiq tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish Davlat dasturini hamda hududiy manzilli dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etish suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
3. Quyidagilar:
tomchilatib sugʻorish tizimini qoʻllagan holda sugʻorish;
gʻoʻza va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini polietilen plyonka qoplangan egatlar boʻyicha, qatorlar orasiga ishlov bergan holda sugʻorish;
gʻoʻza va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini koʻchma egiluvchan sugʻorish quvurlari, sifonlar va shu kabilar bilan sugʻorish sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarining ustuvor turlari hisoblanadi.
4. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish ustuvor tartibda:
vegetatsiya davrida suv resurslari oʻrtacha koʻp yil taqchil boʻlgan sugʻoriladigan yer uchastkalarida, shuningdek sugʻorish suvini yuqoriga koʻtarishda katta xarajatlar qilinadigan mashina bilan sugʻoriladigan yerlarda;
bogʻlar, uzumzorlar, sabzavot-poliz mahsulotlari va boshqa yuqori rentabelli ekinlar uchun ajratilgan yer uchastkalarida;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan katta nishabli yer uchastkalarida;
shoʻrlanmagan va shoʻrlanishga moyil boʻlmagan yengil tuproqli tekis yer uchastkalarida amalga oshiriladi.
5. Gʻoʻza va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini polietilen plyonka qoplangan egatlar boʻyicha, qatorlar orasiga ishlov bergan holda sugʻorish texnologiyalarini:
shoʻrlanmagan va kam shoʻrlangan yerlarda;
yer yuzasi kam va oʻrtacha nishabli yer uchastkalarida joriy etish tavsiya qilinadi.
Sugʻorishning barcha zonalarida gʻoʻza va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini koʻchma egiluvchan sugʻorish quvurlari orqali nisbatan toza suv bilan sugʻorish tavsiya etiladi. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sifonlardan foydalangan holda sugʻorish lotok va koʻtarma kanallardan suv olinadigan barcha yerlarda tavsiya etiladi.
6. Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish har yili tasdiqlanadigan Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish Davlat dasturlari (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) asosida amalga oshiriladi.
II. Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning har yilgi Davlat dasturini hamda hududiy manzilli dasturlarini shakllantirish va tasdiqlash tartibi
7. Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning har yilgi hududiy manzilli dasturi (keyingi oʻrinlarda hududiy manzilli dastur deb ataladi) qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining nomlari, ularning joylashgan joyi, tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish maydonlari, qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, dastlabki qiymati va moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan holdagi loyihalar roʻyxatidan iborat boʻladi.
8. Hududiy manzilli dasturni shakllantirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlarining qarorlari bilan tegishli ravishda hududiy va tuman ishchi guruhlari tashkil etiladi.
9. Hududiy ishchi guruh tarkibiga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — hududiy ishchi guruh rahbari;
Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasi boshligʻi — hududiy ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari;
tijorat banklarining viloyat boʻlinmalari rahbarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri, viloyat suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi;
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
hududiy Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raisi;
(9-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbari;
meliorativ ekspeditsiya, shuningdek, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshligʻi;
(9-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun ujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshligʻi;
elektr tarmogʻi hududiy tashkiloti boshligʻi;
loyiha tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar rahbarlari kiritiladi.
Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hududiy ishchi guruhning ishchi organi hisoblanadi.
10. Tuman ishchi guruhi tarkibiga:
tuman hokimi — ishchi guruh rahbari;
tijorat banklarining tuman boʻlinmalari rahbarlari;
tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi;
(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
irrigatsiya tizimi boshqarmasi rahbari;
irrigatsiya tizimlari boshqarmalarining gidrouchastkalari va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyaning meliorativ tizimlari rahbarlari;
tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi boshligʻi;
elektr tarmogʻi tuman tashkiloti boshligʻi;
boshqa manfaatdor tashkilotlarning rahbarlari kiritiladi.
Irrigatsiya tizimining tegishli boshqarmasi hamda yer resurslari va davlat kadastri tuman boʻlimi tuman ishchi guruhining ishchi organi hisoblanadi.
11. Tuman ishchi guruhi har yili 1-fevralgacha ommaviy axborot vositalarida kelgusi yilda tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etishni xohlovchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining (keyingi oʻrinlarda talabgorlar deb ataladi) loyihalarini tanlash, shuningdek ularni tanlash shartlari toʻgʻrisida eʼlon beradi.
12. Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni xohlovchi talabgorlar har yili 1-martgacha tuman ishchi guruhiga xat-ariza bilan murojaat qiladilar.
Xat-arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihaning biznes-rejasi;
sugʻorish uchastkalarining konturlari, ularning ball-boniteti va sugʻorish manbalari koʻrsatilgan holda yer uchastkasining masshtabli xaritasi;
oxirgi uch yilda sugʻoriladigan yerlarning suv bilan taʼminlanganligi va meliorativ holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oxirgi uch yilda yoxud amalda foydalanilgan davrda yer uchastkalaridan foydalanish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchisining xoʻjalik faoliyati va moliyaviy holati, shuningdek kredit olish uchun garov bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ariza beruvchining loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun oʻz mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yer-suv resurslari, loyihaning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilgan holda loyihaga annotatsiya.
Tuman ishchi guruhi yuqorida koʻrsatilgan maʼlumotlarni va zarur hujjatlarni toʻplashda talabgorlarga koʻmaklashadi.
Loyihaning biznes-rejasi va boshqa maʼlumotlar talabgor tomonidan mustaqil ravishda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotni shartnoma asosida jalb etgan holda tayyorlanadi.
13. Tuman ishchi guruhi har yili 1-aprelgacha:
joyiga borgan holda tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni xohlovchi talabgorlarning xat-arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganadi;
har bir loyiha boʻyicha tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi asoslangan xulosani tayyorlaydi;
eng ustuvor loyihalarni tanlaydi va kelgusi yil uchun tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tuman manzilli dasturi loyihasini shakllantiradi.
14. Kelgusi yil uchun tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish tuman manzilli dasturi loyihasi (keyingi oʻrinlarda tuman manzilli dasturi loyihasi deb ataladi):
loyihaning, talabgorning nomi va sugʻorish manbai, yer uchastkasi konturi raqami, qishloq xoʻjaligi ekinining maydoni va turi, loyihaning dastlabki qiymati, moliyalashtirishning moʻljallanayotgan manbalari (bank krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklarining nomlari va boshqalarni;
kutilayotgan samara koʻrsatilgan holda tuman manzilli dasturi loyihasining annotatsiyasini oʻz ichiga oladi.
15. Tuman ishchi guruhining tuman manzilli dasturi loyihasini maʼqullash toʻgʻrisidagi qarori guruhning har bir aʼzosi bilan kelishgan holda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Tuman manzilli dasturining maʼqullangan loyihasi talabgorlarning arizalari, tuman ishchi guruhi rahbarining xati bilan birgalikda har yili 15-aprelgacha koʻrib chiqish uchun hududiy ishchi guruhga kiritiladi.
16. Hududiy ishchi guruh:
tuman manzilli dasturlari loyihasi taqdimotini tashkil etadi, tuman manzilli dasturi loyihasiga kiritilgan har bir loyihani batafsil muhokama qiladi;
moliyalashtirish manbalarini, har bir loyihaning asoslanganligi va samaradorligini oʻrganadi va zaruriyat boʻlganda tuman manzilli dasturi loyihasiga tuzatishlar kiritadi;
har yili 1-maygacha tuman manzilli dasturlari loyihalarini umumlashtiradi va tasdiqlangan prognoz parametrlar doirasida tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning hududiy manzilli dasturi loyihasini (keyingi oʻrinlarda hududiy manzilli dastur loyihasi deb ataladi) ishlab chiqadi.
Hududiy manzilli dastur loyihasi quyidagilardan iborat boʻladi:
loyihalar va talabgorlar soni, loyihalarning maydoni va dastlabki qiymati, qishloq xoʻjaligi ekinlari turlari, moliyalashtirish manbalari (bank krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklarining nomlari va boshqalar koʻrsatilgan holda tumanlar boʻyicha loyihalarning yigʻma roʻyxati;
loyihaning, talabgorning nomi va sugʻorish manbai, yer uchastkasi konturi raqami, qishloq xoʻjaligi ekinlari maydoni va turi, loyihaning dastlabki qiymati, moliyalashtirish manbalari (bankning krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklari nomlari va boshqalar koʻrsatilgan holda tumanlar boʻyicha loyihalar roʻyxati;
kutilayotgan samara koʻrsatilgan holda hududiy manzilli dastur loyihasining annotatsiyasi.
Hududiy ishchi guruhning tuman manzilli dasturi loyihasini maʼqullash toʻgʻrisidagi qarori guruhning har bir aʼzosi bilan kelishgan holda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
17. Hududiy ishchi guruh rahbarlari har yili 15-maygacha Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga har bir loyihaning annotatsiyasini ilova qilgan holda hududiy manzilli dasturning maʼqullangan loyihasini kiritadilar.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi har yili:
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
25-maygacha — hududiy ishchi guruhlar rahbarlari bilan birgalikda hududiy manzilli dasturlar loyihalarini muhokama qiladi;
10-iyungacha — tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish parametrlari doirasida hududiy manzilli dasturlar loyihalarini umumlashtiradi va Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqadi.
Davlat dasturi loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
loyihalar va talabgorlarning soni, loyihalarning maydoni va dastlabki qiymati, qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, moliyalashtirish manbalari (bank krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklarining nomlari va boshqalar koʻrsatilgan holda hududlar boʻyicha loyihalarning yigʻma roʻyxati;
loyiha va talabgorning nomi va sugʻorish manbai, qishloq xoʻjaligi ekinlari maydoni va turi, loyihaning dastlabki qiymati, moliyalashtirish manbalari (bank krediti, talabgorning oʻz mablagʻlari), moliyalashtiruvchi tijorat banklarining nomlari va boshqalar koʻrsatilgan holda hududlar va tumanlar boʻyicha loyihalar roʻyxati;
kutilayotgan samara koʻrsatilgan holda Davlat dasturi loyihasining annotatsiyasi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) har yili 15-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga kelgusi yilda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlarining dastlabki hisob-kitob hajmini taqdim etadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
20. Jamgʻarma har yili 25-iyungacha tijorat banklariga kelgusi yilda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlarining dastlabki limiti toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
21. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi kelgusi yilda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlarining hisob-kitob hajmini hisobga olgan holda loyihalarni moliyalashtirish manbalari yuzasidan Davlat dasturi loyihasiga tuzatish kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bilan kelishilgan takliflari asosida Davlat dasturlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega. Bunda taqdim etilgan takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻn kun ichida koʻrib chiqiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
22. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Davlat dasturi loyihasini maʼqullash, Davlat dasturiga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining barcha aʼzolari bilan kelishilgan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
23. Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri har yili 1-iyungacha kelgusi yilga Davlat dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi Kengashiga (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma Kengashi deb ataladi) kiritadi va uning taqdimotini tashkil etadi.
(23-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
Kelgusi yil uchun Davlat dasturi har yili 1-iyulgacha Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
III. Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish Davlat dasturini amalga oshirish
24. Kelgusi yil uchun Davlat dasturi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va tumanlar hokimlari 15-iyulgacha kelgusi yil uchun tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etishning tegishli hududiy va tuman dasturlarini (keyingi oʻrinlarda hududiy va tuman dasturlari deb ataladi) tasdiqlaydilar va tanlangan talabgorlarga yetkazadilar.
25. Hududiy va tuman ishchi guruhlari talabgorlar murojaatlari asosida ularga tomchilatib sugʻorish tizimlarining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlaydigan va pudrat ishlarini bajaradigan tashkilotlarni jalb qilishda amaliy yordam koʻrsatadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
26. Quyidagilar loyihalarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish loyihalari boʻyicha — kredit liniyasi mablagʻlari, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining oʻz mablagʻlari, shu jumladan tijorat banklarining kreditlari;
(26-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish loyihalari boʻyicha — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining oʻz mablagʻlari, shu jumladan tijorat banklarining kreditlari.
27. Tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish boʻyicha loyihalarni Jamgʻarmaning kredit liniyasi hisobiga moliyalashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
28. Tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanish moliyalashtiradigan tijorat banklari tomonidan nazorat qilinadi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
29. Tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilish boʻyicha tugallangan loyiha belgilangan tartibda uch nusxada tuzilgan qabul qilish hujjati bank, tomchilatib sugʻorish tizimini qurgan pudrat tashkiloti va qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili tomonidan imzolangandan soʻng foydalanishga qabul qilinadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 21-iyundagi 176-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
2013 — 2022-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining kredit liniyasi hisobiga tajriba tariqasida tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish uchun tijorat banklari tomonidan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 19-apreldagi PQ–1958-son qaroriga muvofiq tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kreditlar berish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Jamgʻarmaning kredit liniyasi — tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish boʻyicha qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining loyihalarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan maqsadli mablagʻlar;
Davlat dasturi — Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish Davlat dasturi.
II. Banklarda Jamgʻarmaning kredit liniyasini ochish tartibi
3. Jamgʻarma tomonidan ochiladigan barcha kredit liniyalarining miqdori Jamgʻarma yillik budjeti xarajatlar qismining 5 foizidan ortiq boʻlmaydi.
4. Jamgʻarmaning kredit liniyasini ochish uchun Jamgʻarma va tijorat banki (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) oʻrtasida Bosh bitim tuziladi.
5. Bosh bitimda Jamgʻarmaning ochiladigan kredit liniyasiga xizmat koʻrsatishning asosiy shartlari, shu jumladan oʻzaro majburiyatlar, loyihaning oʻzini oʻzi qoplashi hisobga olingan holda kredit berish muddatlari, imtiyozli davr berilishi shartlari, imtiyozli foiz stavkasi miqdori, bankning marjasi va boshqalar belgilanadi.
6. Bosh bitim imzolangandan keyin bank va Jamgʻarma oʻrtasida kredit shartnomasi tuziladi.
7. Bank va Jamgʻarma oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida quyidagi asosiy shartlar boʻlishi kerak:
Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlarining yillik summasi miqdori;
bank marjasi chiqarib tashlangan holda imtiyozli foiz stavkasi miqdori;
Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlaridan foydalanish maqsadlari;
Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlaridan bank tomonidan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi;
Jamgʻarmaning kredit liniyasi amal qilishi muddati;
bank tomonidan Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari qaytarilishi muddatlari va shartlari.
8. Jamgʻarma kredit shartnomasida koʻrsatilgan mablagʻlar summasini kredit shartnomasi kuchga kirgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida bankning korrespondentlik hisob raqamiga oʻtkazadi.
9. Kredit shartnomasining amal qilish muddati tamom boʻlgandan keyin bank Jamgʻarmaning gʻaznachilik hisob raqamiga hisoblangan foizlarni hisobga olgan holda Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlarini, ular qarz oluvchilar tomonidan amalda qaytarilishidan qatʼi nazar, qaytarishga majbur.
10. Jamgʻarmaning kredit liniyasidan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish maqsadida Jamgʻarma tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun berilgan kreditlar boʻyicha bankning hujjatlarini oʻrganishga va loyihaning amalga oshirilishi holatini bank vakillari bilan birgalikda joylarga borgan holda tekshirishga haqlidir.
Jamgʻarma kredit liniyasining ajratilgan mablagʻlaridan bank tomonidan boshqa maqsadlarda foydalanilishi holatlari aniqlangan taqdirda Jamgʻarma bankdan boshqa maqsadlarda foydalanilgan Jamgʻarma kredit liniyasi qismini muddatidan oldin qaytarishni talab qilish va kredit shartnomasida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllash huquqiga egadir.
Bank bank va Jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida belgilangan shartlarga muvofiq Jamgʻarma talablarini bajarishga majbur.
11. Jamgʻarma va bank oʻrtasida har chorakda Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha oʻzaro taqqoslash dalolatnomasi tuziladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
12. Jamgʻarmaning kredit liniyasi miqdorini koʻpaytirish uchun Jamgʻarma va bank oʻrtasida kredit shartnomasiga qoʻshimcha bitim tuziladi.
13. Jamgʻarmaning kredit liniyasi boʻyicha olingan mablagʻlar hisobi banklar tomonidan 22005 — “Budjetdan tashqari fondlarga toʻlash uchun uzoq muddatli kreditlar” balans hisob raqamida yuritiladi.
III. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun banklar tomonidan kreditlar berish shartlari
14. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun kreditlar qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblanadigan yuridik shaxslarga beriladi.
Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kreditlar Jamgʻarma kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan faqat Davlat dasturiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun beriladi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
15. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish uchun qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kredit berish, qoidaga koʻra, bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha miqdorda, 6 oylik imtiyozli davr bilan, kamida 3 yil muddatga, xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining marjasi hisobga olingan holda, imtiyozli foiz stavkasi boʻyicha amalga oshiriladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kreditlardan foydalanganlik uchun imtiyozli foiz stavkasi yillik 6%, shu jumladan bank marjasi — 3% miqdorida belgilanadi.
16. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etishga kredit olish uchun qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan bankka ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etiladi.
17. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kreditlar qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga muddatlilik, qaytarish, toʻlov, taʼminlanganlik va maqsadli foydalanish tamoyillari asosida beriladi.
IV. Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kreditlar berish uchun banklar tomonidan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining buyurtmanomalarini koʻrib chiqish tartibi
18. Davlat dasturiga kiritilgan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kredit olish uchun oʻzlariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilishlari kerak.
19. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kredit olish uchun xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
kredit olishga buyurtmanoma;
pul oqimlari prognozi majburiy koʻrsatilgan holdagi biznes-reja;
ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy organlarida ekspertizadan oʻtgan tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish loyihalarining loyiha-smeta hujjatlari (ishchi loyiha);
(19-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)
Davlat soliq qoʻmitasining mahalliy (tuman) organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi hisobot sanasi uchun buxgalteriya balansi (1-shakl), shuningdek toʻqson kundan ortiq muddat boʻyicha qarzdorlikni taqqoslash dalolatnomalari, hisobot berish sanasidagi moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-shakl).
(19-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
20. Olingan kredit qaytarilmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi taʼminlanganlikka ega boʻlishi kerak. Qarz oluvchi bankka taʼminlanganlikning quyidagi turlaridan birini yoki bir nechtasini taqdim etishi mumkin:
garovga qoʻyiladigan mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlar;
bankning yoki sugʻurta tashkilotining kafolati;
kafillik;
olingan kredit qarz oluvchi tomonidan qaytarilmasligi xavfi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
Kredit mablagʻlari hisobiga sotib olingan asbob-uskuna ham uning qiymatining 80 foiziga teng miqdorda garov predmeti boʻlishi mumkin.
21. Bank qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilaridan ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingandan keyin oʻn ish kuni mobaynida kredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi yoki kredit berishning asosli rad etilganligini yozma shaklda maʼlum qilishi kerak.
22. Xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan kredit buyurtmanomasi maʼqullangan va Jamgʻarmaning kredit liniyasi boʻyicha mablagʻlar mavjud boʻlmagan taqdirda xizmat koʻrsatuvchi bank oʻsha kunning oʻzida bosh bankka ushbu kredit liniyasi boʻyicha mablagʻlar ajratilishi yuzasidan buyurtmanoma — talabnomani yuboradi.
Bank xizmat koʻrsatuvchi bankning buyurtmanoma — talabnomasi asosida buyurtmanoma — talabnoma olingan sanadan keyingi kundan kechikmay Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga soʻralayotgan summani ajratadi.
Bunda Jamgʻarmaning kredit liniyasi mavjud boʻlmaganda bank unga Jamgʻarmaning kredit liniyasini ochish uchun Jamgʻarmaga murojaat qiladi.
23. Xizmat koʻrsatuvchi bank Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari vaqtincha mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xabar olingandan keyin bunday maʼlumot olingandan keyingi kundan kech boʻlmagan muddatda bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi.
Ayni bir vaqtda bank tomonidan loyihalari bankning kredit qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan qarz oluvchilarning kreditga buyurtmanomalari kredit qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan sana hisobga olingan holda kalendar boʻyicha navbatlilik tartibida qarz oluvchilar roʻyxati tuziladi.
Jamgʻarmadan mablagʻlar olingandan keyin Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga kreditlar berish bankning kredit qoʻmitasi yoki uning filiali tomonidan loyihalari maʼqullangan qarz oluvchilar roʻyxatiga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Bankning korrespondentlik hisob raqamiga Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari tushgandan keyin besh ish kuni mobaynida bank qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga kredit berish yoki kredit liniyasi mablagʻlarining berilmagan qismini Jamgʻarmaga qaytarish majburiyatini oladi.
24. Qarz oluvchilar bankka taqdim etiladigan maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, loyihalarni amalga oshirish parametrlarining oʻz loyiha-smeta hujjatlariga va biznes-rejasiga muvofiqligi uchun javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(24-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
V. Kreditlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanish monitoringini yuritish tartibi
25. Kreditlar mijozlar tomonidan talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqamlari ochilgan banklar tomonidan beriladi.
Kreditlar berish alohida ssuda hisob raqami ochish va qarz oluvchining toʻlov topshiriqnomalari asosida naqd boʻlmagan pul shaklida tovar-moddiy boyliklar uchun ushbu hisob raqamidan toʻlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
26. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga berilgan kreditlar hisobi tegishli balans hisob raqamlarida amalga oshiriladi.
27. Jamgʻarmaning kredit liniyasini ochish uchun bank tomonidan taqdim etilgan mablagʻlar hisobi Jamgʻarma tomonidan alohida gʻaznachilik hisob raqamida yuritiladi.
28. Bank kreditdan foydalanishning butun muddati mobaynida Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari oʻzlashtirilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi. Doimiy monitoring tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshirishda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga har tomonlama yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.
29. Monitoring jarayonida bank qarz oluvchining kredit layoqatini muntazam ravishda tahlil qiladi.
Bankka taqdim etilgan garov predmetining holati, shuningdek kreditdan samarali va maqsadli foydalanish joyiga borib tekshiriladi.
30. Berilgan kreditdan boshqa maqsadda foydalanish hollari aniqlangan taqdirda bank keyinchalik kredit berishni rad etishga va qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilaridan kredit summasini muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga va kredit shartnomasida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllashga haqlidir.
31. Besh ish kuni mobaynida foydalanilmagan va Jamgʻarmaga qaytarilmagan Jamgʻarmaning kredit liniyasi mablagʻlari uchun bank Jamgʻarmaga Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi miqdoridan past boʻlmagan miqdorda foizlar toʻlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 334-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son; 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)