Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Latviya Respublikasi portlaridan Oʻzbekiston Respublikasi yuklarini ishlash va transportirovka qilish uchun foydalanish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash va transport aloqasini rivojlantirishni istab,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining oʻzaro foydali iqtisodiy taraqqiyoti uchun shart-sharoit yaratishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun ushbu atamalar quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:
a) “port” atamasi Latviya Respublikasining belgilangan chegaralarga ega boʻlgan quruqlik hududining qismini anglatadi, bunga sunʼiy koʻtarmalar hamda ichki suvlarning bir qismi, kemalar hamda yoʻlovchilarga xizmat qilish, yuklar, transport va ekspeditsiya operatsiyalarini amalga oshirish va kemalar qatnovi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xoʻjalik faoliyati uchun jihozlangan port boʻsagʻasidagi ichki va tashqi reydlar va kemalar qatnaydigan yoʻllar ham kiradi;
b) “yuk” atamasi koʻrinishi, kelib chiqishi hajmidan qatʼi nazar, har qanday tovar, turli xil buyum va narsalar, jumladan oʻrash va joylarni kattalashtirish vositalarini anglatadi, agar ular:
i) Latviya Respublikasining dengiz portiga uchinchi mamlakatlarga tranzit uchun Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan yuborilgan boʻlsa;
ii) keyin qayoqqa joʻnatilishidan qatʼi nazar, Latviya Respublikasining dengiz portiga uchinchi mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi adresiga kelib tushgan boʻlsa.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarishga masʼul boʻlgan vakolatli organlarining roʻyxatini belgilaydilar va ushbu Bitim imzolanganidan keyin 90 kun mobaynida diplomatik kanallar orqali uni bir-birlariga maʼlum qiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari rasmiy nomini oʻzgartirsa yoki qayta tuzilsa, ular zudlik bilan diplomatik kanallar orqali bu xususda bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar shunga kelishib oldilarki:
a) Latviya Respublikasining dengiz portlaridan ushbu Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan tranzit yuklarni ishlash uchun foydalaniladi;
b) mazkur yuklarni dengizlarda tashish uchun iloji boricha Latviya Respublikasining dengiz kemalari jalb etiladi;
v) Latviya Respublikasining dengiz portlarida mazkur yuklarni samarali ishlashga toʻsqinlik qiluvchi sabablarni bartaraf etish uchun tezkor choralar koʻriladi;
g) bir turdagi yuklarni koʻplab tashishda uning hajmidan kelib chiqqan holda yuklarni tashish va portlarda ishlashning imtiyozli tarif tizimi qoʻllanadi;
d) agar kontraktlarda boshqacha tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning yuridik va jismoniy shaxslari orasida ushbu Bitimni bajarish yuzasidan Latviya Respublikasi hududida, jumladan dengiz hududlarida ham, kelib chiqqan bahslar xalqaro huquq meʼyorlari hamda Latviya Respublikasining tegishli qonunlariga muvofiq hal qilinadi.
4-modda
Latviya Respublikasining transport va transport-ekspeditsiya tashkilotlari ushbu Bitim doirasida uchinchi mamlakatlardan Latviya Respublikasining dengiz portlari va yuk almashtirish punktlariga Oʻzbekiston Respublikasi adresiga hukumatlararo kredit va gumanitar yordam tariqasida hamda uning tashqi iqtisodiy aloqalarni taʼminlash maqsadida kelayotgan yuklarni tashish uchun harakatlanuvchi sostavlarni eng qulay rejim asosida berishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga qarashli vagonlar boʻshatilganidan keyin ularni qaytarishni taʼminlaydilar.
5-modda
1. Yuklarni bojxona, sanitariya, radioaktiv hamda boshqa jihatlardan nazorat qilish tartibi xalqaro huquq meʼyorlari va Latviya Respublikasining tegishli qonunlari bilan belgilanadi.
2. Tranzit tarzida quyidagi yuklar tegishli hujjatlarga ega boʻlsa, toʻsiqsiz oʻtkaziladi:
a) yarmarkalar, koʻrgazmalar yoki boshqa madaniy tadbirlar uchun moʻljallangan buyumlar va sanʼat asarlari;
b) reklama maqsadlarida qoʻllanadigan buyum va qurilmalar;
v) teatr, kinematografiya, musiqiy va sport tadbirlari, sirk tomoshalari, shuningdek kino va televideniyega olish va radioyozuvlar uchun moʻljallangan apparaturalar, anjomlar hamda jonivorlar;
g) Jahon pochta ittifoqining 1994-yildagi Seul Konvensiyasiga muvofiq barcha turdagi pochta joʻnatmalari.
6-modda
Ushbu Bitim doirasida Ahdlashuvchi Tomonlarning yuridik va jismoniy shaxslari orasida hisob-kitob va toʻlovlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida imzolangan hisob-kitob va toʻlovlar toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining transport va savdo sohasiga mutasaddi boʻlgan tegishli organlari orasida samarali ishchi munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishni, shuningdek ularning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi aloqalar rivojini ragʻbatlantirishni davom ettiradilar.
8-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Ushbu Bitimni qoʻllashda kelib chiqadigan masalalarni koʻrib chiqish uchun vakolatli organlarning teng miqdordagi vakillaridan iborat boʻlgan Qoʻshma komissiya tuzadilar. Ahdlashuvchi Tomonlar Qoʻshma komissiyadagi oʻz vakillari roʻyxatini ushbu Bitim imzolanganidan soʻng ikki oy ichida diplomatik kanallar orqali bir-birlariga yetkazadilar.
2. Qoʻshma komissiya Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra mumkin qadar qisqa muddatda, ammo shu xususda iltimosnoma olingan sanadan soʻng uzogʻi bilan uch oy ichida yigʻiladi. Qoʻshma Komissiya yigʻilishining joyi va vaqti hamda kun tartibi Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida kelishilgan holda belgilanadi.
Qoʻshma komissiya qarorlari protokollarda rasmiylashtiriladi.
3. Ayrim masalalarni muhokama qilish hamda tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish uchun Qoʻshma komissiya ekspertlarni jalb qilishi va ishchi guruhlarini tuzishi mumkin.
4. Qoʻshma komissiya yigʻilishini oʻtkazish mobaynida oʻz vakillari va ekspertlarining yoʻlkira hamda kunlik xarajatlarini tegishli Ahdlashuvchi Tomon toʻlaydi. Boshqa xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar orasida teng boʻlib toʻlanadi.
Qoʻshma komissiya xarajatlarni qoplashning oʻzga tartibini belgilashi mumkin.
9-modda
1. Ushbu Bitim, shuningdek ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokchilari boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalar Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining ichki qonunlariga muvofiq hal qilinadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlarini oʻz mamlakatidagi transport faoliyati sharoitlaridagi boshqa Ahdlashuvchi Tomon manfaatlariga ham daxldor oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qilib turishni oʻz zimmalariga oladilar.
10-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzildi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yozma ravishda diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonni uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilgan kundan olti oy oʻtgunicha oʻz kuchini saqlaydi.
2. Ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha kiritiladi va uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
Riga shahrida 1998-yil 3-iyulda ikki nusxada, oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimning ayrim qoidalari turlicha talqin qilingan holda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)