Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun, xususan bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalari borasida qulay sharoitlar yaratishni istab, va
xalqaro bitimlarga asoslanuvchi bunday investitsiyalarni taklif etilayotgan tarzda ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash har ikki davlat ravnaqi uchun imkon tugʻdiruvchi tijorat korxonalarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiyalar” atamasi, bir Ahdlashuvchi Tomonning jismoniy yoki yuridik shaxsi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida, uning qonunlari va normativ hujjatlariga muvofiq ravishda, mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar yoki u kuchga kirgandan soʻng investitsiyalarni amalga oshirgan boʻlsa, har qanday koʻrinishda investitsiyalangan mulkchilikni anglatadi va xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
a) mol-mulk va koʻchmas mulk, shuningdek garovlar, chegirib qolish huquqlari va ipotekalar singari har qanday mulkiy va mulkka egalik bilan bogʻliq boʻlgan boshqa huquqlar;
b) aksiyalar, qarz majburiyatlari, sarmoya kiritish yoki kompaniya sarmoyasidagi ishtirokning har qanday boshqa shakli hamda har qanday boshqa kredit majburiyatlari, shu jumladan davlatning qimmatbaho qogʻozlari;
v) pul talabnomalari yoki iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan va investitsiyalar bilan, shuningdek reinvestitsiya qilingan foyda va sarmoyalarning oʻsishidan kelgan daromadlar bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni bajarish talabnomalari;
g) mualliflik huquqlari, tijorat savdo markalari, patentlar, sanoat namunalari hamda intellektual va sanoat mulkiga boʻlgan boshqa huquqlar, “nou-xau”, savdo sirlari, firmaviy nomlar va “gud-vil” huquqlari;
d) qonunga koʻra yoxud kontraktga, iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi amaldagi qoidalarga muvofiq berilgan har qanday litsenziya va konsessiyalarga binoan beriladigan har qanday iqtisodiy huquqlar, shu jumladan tabiiy resurslarni izlash, qazish yoki ulardan foydalanish huquqlari;
e) dastlabki investitsiyalar hajmining har qanday tarzda koʻpayishi.
Investitsiyalar amalga oshirilgan shakldagi hech qanday oʻzgarish ularning xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi.
2. “Investor” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida bevosita yoki oʻzining shuʼba kompaniyalari orqali investitsiyalarni amalga oshirayotgan istalgan jismoniy yoki yuridik shaxsini anglatadi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan “jismoniy shaxs” atamasi oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq uning fuqaroligiga ega boʻlgan istalgan jismoniy shaxsni bildiradi.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan “yuridik shaxs” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq taʼsis etilgan yoki tashkil etilgan va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan bosh ofisga ega boʻlgan hamda u tan olgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida investitsiyalar amalga oshirayotgan mustaqil tuzilmani anglatadi.
5. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan summalarni, xususan foyda, foizlar, sarmoyalarning oʻsishidan kelgan daromadlarni, dividendlar, royalti, mukofotlar va ham pul koʻrinishidagi, ham natura koʻrinishidagi har qanday boshqa toʻlov turlarini oʻz ichiga oluvchi summalarni, ammo nafaqat ularni bildiradi.
6. “Hudud” atamasi davlat chegaralari doirasida joylashgan zonalarga qoʻshimcha ravishda “dengiz makoni”ni anglatadi. Dengiz makoni xalqaro huquqqa muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz suvereniteti va suveren huquqlari yoki yurisdiksiyasini amalga oshiradigan dengiz va suv osti makonini oʻz ichiga oladi.
7. “Investitsion shartnoma” Ahdlashuvchi Tomon (yoki uning vakolatxonalari yoxud idoralari) va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasidagi investitsiyalarga taalluqli boʻlgan shartnomani anglatadi.
8. “Foydalanish huquqi” atamasi Ahdlashuvchi Tomon investorining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirishda ijozat berilganligi toʻgʻrisida huquqqa egalik qilishni bildiradi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunlari va normativ hujjatlariga muvofiq ravishda oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarini investitsiyalar amalga oshirish uchun ragʻbatlantiradi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligiga muvofiq investitsion faoliyatini amalga oshirish uchun 3-moddaning 1-paragrafiga belgilangandan kam boʻlmagan qulayliklardan foydalanish huquqiga ega.
3. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini doimo adolatli va qulay rejim bilan taʼminlaydi. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshirgan investitsiyalarni boshqarish, yuritish, sarflash, oʻzgartirish, egalik qilish yoki topshirish borasida, shuningdek ana shu investitsiyalar kiritilgan yuridik shaxslarga, xususan, kompaniyalar va korxonalarga, ammo nafaqat ularga nisbatan hech qanday nohaq yoki diskriminatsion choralar tatbiq etilmasligini taʼminlaydi.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini kiritish, shu jumladan har bir alohida investorga nisbatan zimmasiga olgan barcha majburiyatlarini halol ravishda bajarish maqsadida, oʻzining qonunchiligiga muvofiq oʻz hududida qulay iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratadi hamda ularni quvvatlaydi.
3-modda
Milliy rejim va eng qulay shart-sharoitlar
Milliy rejim va eng qulay shart-sharoitlar
1. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududining chegarasi doirasida, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalari va orttirgan daromadlari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va orttirgan daromadlari uchun yaratganidan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining qabul qilingan yoki kelgusida qabul qilinadigan xalqaro majburiyatlari, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun ushbu Bitimda koʻzda tutilgan rejimdan koʻra qulayroq rejim yaratuvchi umumiy yoki maxsus qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar, agar ular yanada qulayroq boʻlsa, ushbu Bitimga nisbatan ustun kuchga ega hisoblanadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandi qoidalari, bir Ahdlashuvchi Tomon, uchinchi davlatning bojxona yoki iqtisodiy uyushma, Umumiy bozor, erkin savdo zonasi, mintaqaviy yoki submintaqaviy bitim, koʻp tomonli xalqaro iqtisodiy bitim yoki ikki tomonlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik yoki chegaraoldi savdosini yengillashtirish maqsadida qabul qilingan bitimlarga aʼzoligi tufayli, uning investorlari uchun yaratishi mumkin boʻlgan yengilliklar va imtiyozlarga tatbiq etilmaydi.
4-modda
Zararlar uchun kompensatsiya
Zararlar uchun kompensatsiya
1. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalariga urush yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar, favqulodda holat, fuqarolar toʻqnashuvlari (inqilob yoki ommaviy tartibsizliklar) yoki shu singari boshqa voqealar oqibatida zarar yoki ziyon yetkazilsa, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon, bunday zarar yoki ziyonlar davlat kuchlari tomonidan yetkazilganligidan qatʼi nazar, qayd etilgan zarar yoki ziyonlarni qoplash uchun aynan bir xil kompensatsiya toʻlaydi. Kompensatsiya toʻlovlari asossiz kechiktirishsiz erkin tarzda oʻtkaziladigan toʻlovlar hisoblanadi.
Qayd etilgan investorlarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga yaratiladigan rejim bilan aynan bir xil boʻlgan, ammo barcha holatlarda ushbu Bitimning 3-moddasi, 1 va 2 paragraflarida sanab oʻtilgandek, uchinchi davlat investorlariga yaratiladigan qulayliklardan kam boʻlmagan rejim tatbiq etiladi.
5-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomonning investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida “de-yure” yoki “de-fakto” tarzida ekspropriatsiya qilinmaydi hamda ularga nisbatan oqibat natijasi ekspropriatsiya qilish yoki natsionalizatsiya qilishga oʻxshash (quyida “ekspropriatsiya” deb yuritiladi) boshqa choralar tatbiq etilmaydi, jamoatchilik maqsadlari va milliy manfaatlar yoʻlida qoʻllaniladigan tadbirlar bundan mustasno.
Ekspropriatsiya nodiskriminatsion asosda va tezda, aynan bir xil va samarali kompensatsiya toʻlovlariga almashgan holda, tegishli huquqiy tartibotlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunday kompensatsiya toʻlovlari ekspropriatsiya xususida qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan vaqtgacha bevosita ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning belgilangan bozor narxiga teng boʻladi.
Ekspropriatsiya xususida qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan sanadan avvalgi kunda amalda boʻlgan kurs, istalgan shunday kompensatsiya toʻlovlari uchun qoʻllaniladigan almashtirish kursi hisoblanadi.
Kompensatsiya ekspropriatsiya sanasidan toʻlovlar sanasigacha boʻlgan davrda LIBOR shartlari boʻyicha hisoblangan foizlarni oʻz ichiga oladi, kechiktirishsiz va har qanday holatda ham uch oy mobaynida samarali ravishda amalga oshiriladi hamda erkin tarzda erkin muomaladagi valyutaga aylantiriladi.
2. Kompensatsiya miqdori xususida qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon va investor oʻrtasida oʻzaro tushunish boʻlmagan hollarda, investor investitsiyalarning tashkil topishi toʻgʻrisidagi hujjatlarda koʻzda tutilgan parametrlarga asoslanadi.
3. Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida amaldagi qonunchilikka muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tashkil etilgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori aksiyalariga ega boʻlgan kompaniya aktivlarini ekspropriatsiya qilgan hollarda ham mazkur moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
Agar oʻzbekistonlik va italiyalik investorlar tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan yuridik shaxs ekspropriatsiya obyekti boʻlsa, investorning ulushi investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada, ammo sarmoyaning kamayish yoki yoʻqolish summasidan tashqari, sarmoyaning koʻpayishi va sarmoyani qayta baholashni, taqsimlanmagan daromadlar va zaxira fondlarini hisobga olgan holdagi dastlabki qiymatidan kam boʻlmagan hajmda baholanadi.
4. Oʻz investitsiyalarining butunlay yoki qisman ekspropriatsiya qilinganligiga ishontiruvchi istalgan Ahdlashuvchi Tomonning investori, shunday chora-tadbir amalga oshirilganmi va agar amalga oshirilgan boʻlsa, bunday chora-tadbir va uning uchun toʻlangan har qanday kompensatsiya, ushbu Bitimning moddalari va xalqaro huquq prinsiplariga hamda ishga aloqador boʻlgan boshqa barcha masalalarni hal etish maqsadiga muvofiqligini aniqlash maqsadida, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudlov yoki maʼmuriy organlari tomonidan tezda koʻrib chiqilishi xususida murojaat qilishga haqlidir.
5. Kompensatsiya xorijlik investor tomonidan investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada, agar bunday valyuta konvertatsiya qilinadigan hisoblansa yoki konvertatsiya qilinadigan boʻlib qolsa, yoxud, aks holda, investor tomonidan qabul qilingan har qanday boshqa valyutada toʻlangan holdagina haqiqiy hisoblanadi. Kompensatsiya toʻlovlarini oʻtkazish erkin ravishda amalga oshiriladi.
6. Ushbu moddaning qoidalari investitsiyalardan olinadigan foydaga va kompaniya tugatilgan hollarda, uni tugatish natijasida kelgan tushumlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
7. Agar, ekspropriatsiya natijasi sifatida mulkchilik huquqidan mahrum qilingandan soʻng, ekspropriatsiya qilingan aktivlardan butunlay yoki qisman ularning maqsad yoʻnalishlarida foydalanilmagan boʻlsa, mulk egasi yoki uning huquqiy vorisi aktivlarni bozor narxlari boʻyicha qayta sotib olish huquqiga egadir.
6-modda
Investitsiyalar bilan bogʻliq sarmoyalar, foyda
va daromadlar repatriatsiyasi
Investitsiyalar bilan bogʻliq sarmoyalar, foyda
va daromadlar repatriatsiyasi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan summalarni xorijga asossiz kechiktirishsiz, istalgan muomaladagi valyutada oʻtkazilishini kafolatlaydi. Bunday toʻlovlar, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
a) sarmoya va qoʻshimcha sarmoya, shu jumladan investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va koʻpaytirish uchun sarflanib, reinvestitsiya qilingan daromadlar;
b) sof foyda, dividendlar, royalti, mukofotlar, foizlar va oʻzga daromadlar;
v) investitsiyalarni butunlay yoki qisman sotishdan yoxud ularni butunlay yoki qisman tutatishdan kelgan tushumlar;
g) bir Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilgan investitsiyalar munosabati bilan, amaldagi milliy qonunchilik va normativ hujjatlarda koʻzda tutilgan miqdor va usulda bajarilgan ishlar va xizmatlar uchun toʻlangan ish haqi va pul mukofotlari.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan kreditlarni qoplash uchun zarur mablagʻlar va ular boʻyicha foizlar toʻlovini istalgan muomaladagi valyutada, asossiz kechiktirishsiz xorijga oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
3. Ushbu Bitimning 3-moddasiga ziyon keltirmagan holda, agar uchinchi davlat investorlari amalga oshirgan investitsiyalar uchun yaratiladigan rejim yanada qulayroq boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar, ushbu moddaning 1 paragrafida qayd etilgan pul oʻtkazishlari uchun, aynan shunday rejimni qoʻllash majburiyatini oladilar.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon yoki uning muassasasi, oʻz investorlaridan birining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalariga nisbatan notijorat xavfidan kafolat bersa, hamda ana shu kafolat asosida yuqorida qayd etilgan investorga toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorning huquqlari yuqorida qayd etilgan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning muassasasiga oʻtishini tan oladi.
8-modda
Pul oʻtkazish tartibotlari
Pul oʻtkazish tartibotlari
1. Ushbu Bitimning 4, 5, 6 va 7-moddalarida qayd etilgan pul oʻtkazishlar asossiz kechiktirishsiz hamda barcha fiskal majburiyatlar bajarilgandan soʻng, har qanday holatda ham olti oy mobaynida va konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi. Barcha pul oʻtkazishlar, investor qayd etilgan pul oʻtkazish xususida murojaat qilgan kunda qoʻllanilayotgan almashtirish kursi asosida amalga oshiriladi, 5-moddaning 2 paragrafida qayd etilgan choralardan biri sifatida tatbiq etiladigan almashtirish kursiga taalluqli boʻlgan 5-moddaning 3 paragrafi qoidalari bundan mustasno.
2. Investor, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida koʻzda tutilgan barcha tartibotlarni bajargan holdagina, avvalgi paragraf boʻyicha fiskal majburiyatlar amalga oshirilgan hisoblanadi.
9-modda
Investorlar va Ahdlashuvchi Tomonlar
oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Investorlar va Ahdlashuvchi Tomonlar
oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari oʻrtasidagi investitsiyalar borasida, shu jumladan kompensatsiya miqdori xususida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizolar imkon qadar doʻstona tarzda hal etiladi.
2. Agar investor va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri investitsion shartnoma tuzgan boʻlsalar, investitsion shartnomada belgilangan tartibotlar qoʻllaniladi.
3. Agar bunday nizo, uni hal etish toʻgʻrisida yozma ravishda murojaat qilingan sanadan boshlab olti oy mobaynida doʻstona tarzda hal etilmasa, investor oʻz ixtiyoriga koʻra nizoni koʻrib chiqish uchun:
a) hududiy sudlov boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonning sudiga;
b) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (YuNSITRAL)ning arbitraj qoidalariga muvofiq taʼsis etilgan “ad hos” Arbitraj sudiga. Ushbu bilan, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon yuqorida qayd etilgan arbitrajga ruxsat berish majburiyatini oladi.
v) 1965-yilning 18-martidagi Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish boʻyicha Vashington konvensiyasiga binoan, agar Ahdlashuvchi Tomonlar bunga aʼzo boʻlishsa, yoki aʼzo boʻlishi zahotiyoq, arbitraj tartibotlarini bajarish uchun Investitsion nizolarni hal etuvchi xalqaro markazga topshirishi mumkin.
4. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon, arbitraj tartibotlari yoki huquqiy tartibotlar yakunlanguncha, va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu qarorda shartlashilgan davr mobaynida yoki konkret holatda qoʻllanishi mumkin boʻlgan xalqaro yoki ichki huquq qoidalari asosida belgilanishi mumkin boʻlgan davr mobaynida arbitraj sudi yoki sudning qarorlarini bajarish imkoniyatiga ega boʻlgunga kadar, qayd etilgan tartibotlarga taalluqli boʻlgan biror-bir masala yuzasidan diplomatik vositalar orqali muzokaralar oʻtkazishdan oʻzini tiyadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi
nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi
nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash borasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizolar imkon qadar diplomatik vositalar orqali muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar nizo, bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab, olti oy mobaynida hal etilmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra, nizo mazkur moddada koʻzda tutilganidek, koʻrib chiqish uchun “ad hos” Arbitraj sudiga topshiriladi.
3. Arbitraj sudi quyidagi tarzda tashkil etiladi: nizoni arbitrajga topshirish toʻgʻrisidagi ariza olingandan soʻng, ikki oy ichida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan sud aʼzosini tayinlaydi. Bu ikki sud aʼzosi Rais vazifasini bajaruvchi uchinchi davlat fuqarosini saylaydi. Rais boshqa ikki aʼzo tayinlangan kundan boshlab uch oy mobaynida tayinlanadi.
4. Agar zaruriy tayinlovlar mazkur moddaning 3 paragrafida belgilangan davrlarda amalga oshirilmasa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagan holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni oʻtkazish uchun Xalqaro sud Raisini taklif etishi mumkin. Basharti, sud Raisi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki u boshqa sabablarga koʻra qayd etilgan vazifani bajarolmasa, zaruriy tayinlovlar sud Raisining oʻrinbosari tomonidan amalga oshirilishi lozim. Agar u ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki boshqa sabablarga koʻra mazkur vazifani bajarolmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro sudning lavozimi yuqoriroq boʻlgan aʼzosi taklif etiladi.
5. Arbitraj sudi koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi va uning qarorlari har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining sud aʼzosi va vakillari uchun sarflanadigan xarajatlarni toʻlaydi. Arbitraj sudining Raisi uchun sarflanadigan va boshqa chiqimlarni esa Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda qoplaydilar.
Arbitraj sudi oʻz tartib-qoidalarini mustaqil ravishda belgilaydi.
11-modda
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Boshqa qoidalarni qoʻllash
1. Agar masala, ham ushbu Bitim bilan, ham ikkala Ahdlashuvchi Tomon imzolagan boshqa xalqaro bitim bilan, yoki xalqaro huquqning umumiy qoidalari bilan hal etiladigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomon va uning investorlariga nisbatan eng qulay qoidalar qoʻllaniladi.
2. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon, oʻzining qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga yoki boshqa qoidalarga yoxud maxsus kontraktlarga yoki investitsion ruxsatnomalar yoki investitsion shartnomaga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun yaratgan rejim, ushbu Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra yanada qulayroq boʻlsa, eng qulay rejim qoʻllaniladi.
3. Basharti, investitsiyalar amalga oshirilgan sanadan soʻng, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida investitsiyalar borasida mavjud boʻlgan himoya shartlarida har qanday ogʻirlashtiruvchi holat yuz bersa, milliy qonunchilik va xalqaro huquq boʻyicha qayta qabul qilingan huquqlar qoʻllanilmaydi.
12-modda
Bitimning kuchga kirishi
Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim, ikkala Ahdlashuvchi Tomon bitimning kuchga kirishi uchun oʻzlarining tegishli ichki tartibotlari tugallanganligi toʻgʻrisida bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
13-modda
Tuzatishlar
Tuzatishlar
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim qoidalariga kiritiladigan tuzatishlar xususida kelishishlari mumkin. Bunday tuzatishlar Ahdlashuvchi Tomonlar tuzatishlarning kuchga kirishi yuzasidan oʻzlarining tegishli ichki tartibotlari tugallanganligi toʻgʻrisida bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
14-modda
Bitimning joriy muddati va
harakatdan toʻxtatilishi
Bitimning joriy muddati va
harakatdan toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim, 12-moddaga muvofiq, xabarnoma sanasidan boshlab 10 yil mobaynida amalda joriy boʻladi va shu vaqtdan boshlab, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Bitim harakatdan toʻxtatiladigan sanadan kamida 1 yil avval oʻzining bitimdan chiqishi toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantirmasa, u keyingi 5 yillik davr ichida oʻz kuchida qoladi.
2. Agar investitsiyalar Bitim harakatdan toʻxtatilgan kunga qadar amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu moddaning 1 paragrafida koʻzda tutilganidek, 1—11 moddalarning qoidalari yuqorida qayd etilgan sanadan keyingi 5 yil mobaynida kuchga ega hisoblanadi.
Toshkent shahrida 1997-yil 17-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar bir xil kuchga egadir.
Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)
PROTOKOL
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida Bitimni imzolashda, Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan quyidagi izohlar xususida ham kelishib oldilar.
1. Investitsiyalar bilan bogʻliq faoliyat
Ushbu Bitimning qoidalari investitsiyalar bilan bogʻliq faoliyatning barcha turlariga ham tatbiq etiladi.
Faoliyatning ushbu turlari, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
kompaniyalar, tarmoqlar, agentliklar, ofislar, zavodlar yoki tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan boshqa muassasalarni tashkil etish, nazorat qilish, boshqarish, qoʻllab-quvvatlash va tasarruf etish; kontraktlar tuzish va ularni bajarish; barcha turdagi mulklarni, shu jumladan intellektual mulklarni sotib olish, himoyalash va tasarruf etish, ulardan foydalanish; fondlarni oʻzlashtirish; aksiyalar va boshqa qimmatbaho qogʻozlarni sotib olish, chiqarish va sotish; hamda import qilish uchun valyuta sotib olish.
2. 2-moddaga doir
a) Ahdlashuvchi Tomon (yoki uning vakolatxonalari yoxud organlari), uning hududida milliy manfaatlar yoʻlida investitsiyalarni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari bilan shunday investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan muayyan huquqiy shartlarni belgilab beruvchi investitsion shartnoma tuzishi mumkin.
b) Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon, huquqlarni topshirish yoki mahsulotlarni ichki va xalqaro bozorda sotishda har qanday cheklovlar belgilashni, yoki tovarlarning faqat mamlakat ichida sotilishini yoki shu singari shartlarni belgilashni nazarda tutuvchi investitsiyalarni tashkil etish, kengaytirish yoki davom ettirish borasida hech qanday shartlarni belgilamaydi.
v) Har bir Ahdlashuvchi Tomon investitsiyalar va investitsion shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan daʼvolarni quvvatlash va huquqlarni amalga oshirish borasida samarali vositalar bilan taʼminlaydi.
g) Ushbu Bitimga muvofiq investitsiyalar munosabati bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ishlashga vakolatli boʻlgan har bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq, oʻzining professional faoliyatini amalga oshirish uchun maqbul mehnat sharoitlaridan foydalanish huquqiga egadir.
d) Har bir Ahdlashuvchi Tomon, oʻzining qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq, oʻz hududi boʻylab ushbu Bitim boʻyicha investitsiyalarga taalluqli boʻlgan faoliyatni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari, ularning oila aʼzolarining kelishi, mamlakatda boʻlishi, ishlashi va bir joydan boshqa joyga koʻchishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni imkon qadar maqbul tarzda hal etadi.
e) Bir Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari egalik yoki nazorat qiladigan yuridik shaxslarga, ularning ixtiyoriga koʻra, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq fuqarolikka mansubliligidan qatʼi nazar, yuqori rahbar xodimlarni ishga yollashga ruxsat etiladi.
3. 3-moddaga doir
Xom ashyo va ishlov berilgan materiallar, energiya, yonilgʻi va ishlab chiqarish vositalarini sotib olish, sotish va ularni transportirovka qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha faoliyat turlari uchun, shuningdek ularga taalluqli boʻlgan va ushbu Bitim boʻyicha har bir Ahdlashuvchi Tomon hududida, investitsion faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan boshqaruvning har qanday boshqa usullari uchun, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonning investorlari yoki uchinchi davlatning investorlari amalga oshiradigan shu singari faoliyat turlari va tashabbuslar uchun yaratiladigan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratiladi.
4. 5-moddaga doir
Bir Ahdlashuvchi Tomonning investori tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyalarga nisbatan moliya resurslarini yoki investitsiyalardan kelgan boshqa aktivlarni tortib olish yoxud xuddi shu investitsiya qiymatiga jiddiy zarar yetkazish kabi har qanday chora-tadbirlarning, hamda shunga oʻxshash boshqa har qanday choralarning qoʻllanilishi, 5-moddaning 1 paragrafida koʻzda tutilgan choralardan biri sifatida baholanadi.
5. 9-moddaga doir
9-modda (3) (b)ga muvofiq, arbitraj Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro savdo huquqi komissiyasi (YuNSITRAL)ning arbitraj qoidalariga, shuningdek quyidagi talablarga muvofiq amalga oshiriladi:
a) Arbitraj sudi uch arbitrdan tarkib topadi; agar ular har bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari boʻlmasa, ular har ikki Ahdlashuvchi Tomon bilan diplomatik aloqalarda boʻlgan davlatlarning fuqarolari hisoblanadilar.
Arbitrlarni tayinlash, zaruriy hollarda YuNSITRAL qoidalariga muvofiq Stokgolm Palatasi Arbitraj institutining Raisi tomonidan, uning tayinlash vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Agar ikkala tomon oʻzga tarzda kelishmagan boʻlsalar, arbitraj Stokgolmda oʻtkaziladi.
b) Oʻz qarorlarini qabul qilishda, Arbitraj sudi har qanday holatda ham ushbu Bitim qoidalarini, shuningdek har ikki Ahdlashuvchi Tomon eʼtirof etuvchi xalqaro huquq prinsiplarini qoʻllaydi.
Ahdlashuvchi Tomonlar hududida arbitraj qarorlarining tan olinishi va bajarilishi, tomonlar qatnashchi hisoblangan taalluqli xalqaro konvensiyalarga muvofiq, oʻzlarining tegishli milliy qonunchiliklar bilan tartibga solib boriladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, oʻzlarining tegishli Hukumatlari tomonidan vakolatli etib tayinlangan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 1997-yil 17-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar bir xil kuchga egadir.
Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)