Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan zondlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
teng huquqlilik, oʻzaro hurmat va oʻzaro foyda prinsiplari asosida geodeziya, kartografiya, shuningdek fanning ular bilan bogʻlangan sohalarida hamda texnika va texnologiyalarni amaliy tatbiq etish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga oʻzaro intilishni ifodalab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari qonunlariga muvofiq xalqaro huquqning umum tan olingan prinsiplari asosida geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan zondlash sohasida ikki tomonlama aloqalarni, shuningdek oʻzaro hamkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish uchun barcha choralarni koʻradilar va barcha shart-sharoitlarni yaratadilar.
2-modda
Tomonlar birgalikdagi ishlarni muvofiqlashtirishni, shuningdek ushbu Bitim shartlari bajarilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni oʻz tashkilotlariga yuklaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi;
Ozarbayjon Respublikasida — Ozarbayjon Respublikasi Geodeziya va kartografiya boʻyicha davlat qoʻmitasi.
3-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlarning ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan davlat geodeziya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi hamda quyidagi soha va turlarni qamrab olishi mumkin:
topografik-geodezik va kartografiya ishlarini ishlab chiqarish, kartalar, atlaslar va bosib chiqariladigan mahsulotning boshqa turlarini nashr etish boʻyicha poligrafiya xizmatlari;
hududlarni aerokosmik suratga olish va masofadan zondlash maʼlumotlari bilan almashish;
kadastrlarning raqamli va elektron kartalari banklarini, geoaxborot tizimlarini barpo etish metodologiyasini ishlab chiqish;
Tomonlar hududi geografik oʻrganilganligiga hamda maʼmuriy-hududiy boʻlinishdagi, geografik obyektlar nomlanishidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq geografik kartalar mazmunini yangilashga taalluqli axborotni almashish;
boshqa ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish axboroti bilan almashish;
tajriba-konstruktorlik ishlarini birgalikda bajarish;
topografiya-geodeziya, kartografiya tashkilotlari va oʻquv yurtlari oʻrtasida ish tajribasi bilan almashish;
geodeziya va kartografiya boʻyicha mutaxassislarni oʻqitish va ularning stajirovkasi;
qurilma va materiallarni oʻzaro taqdim etish va birgalikda ishlab chiqarish.
4-modda
Tomonlar 1998-yil 1-yanvargacha ularning ixtiyorida boʻlgan dastlabki geodezik, kartografik va aerokosmik materiallarni hududiy tegishliligi boʻyicha oʻzaro almashish (berish) majburiyatini oladilar.
Koʻrsatilgan materiallarni almashish tartibi, berish shartlari va muddatlari ushbu Bitim kuchga kirganidan keyin Tomonlarning geodeziya xizmatlari oʻrtasida oʻzaro kelishuv boʻyicha belgilanadi.
5-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish boʻyicha birgalikdagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikning muayyan shartlari va takliflarini ishlab chiqish maqsadida Tomonlarning rasmiy vakillari vakolatlariga ega boʻlgan ekspertlarni tayinlaydilar.
6-modda
Hamkorlik dasturlarini bajarish uchun ikkala Tomon oʻz davlatlarining amal qiluvchi qonunlariga muvofiq oʻzaro faoliyatda, shu jumladan ushbu Bitim doirasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq zarur qurilma, aslaha, uskunalarni, tayyor mahsulot va materiallarni yetkazib berish va koʻchirishga koʻmaklashishda barcha choralarni koʻradilar.
7-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan zondlash sohasida Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha, shu jumladan kompensatsiya va tijorat asosida amalga oshiriladigan Tomonlar oʻrtasidagi ixtisoslashtirilgan aloqalarning boshqa shakllarini istisno qilmaydi.
8-modda
Ushbu Bitim bilan aniqlangan sohalardagi hamkorlikni amalga oshira borib, Tomonlar oʻz davlatlari qonunlaridan, bu masalalar boʻyicha ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalardan kelib chiqqan holda bir-birlarining xavfsizlik manfaatlarini oʻzaro hisobga oladilar.
9-modda
Ushbu Bitim bilan koʻzda tutilgan ilmiy-texnikaviy, kartografik va boshqa materiallar bilan almashish Tomonlar oʻrtasida ochiq xaraktyerga ega boʻlgan hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Cheklangan ruxsatli materiallar va axborot bilan almashganda Tomonlar oʻz davlatlarining amal qiluvchi qonunlariga, bu masalalar boʻyicha ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga muvofiq bu axborotning himoyasini taʼminlaydilar.
10-modda
Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan zondlash sohasida Tomonlar subyektlari olgan hamkorlik natijalari Tomonlar rasmiy vakillarining bunga avvaldan yozma ravishdagi roziligisiz nashr etilishi yoki uchinchi tomonga berilishi mumkin emas.
11-modda
Ushbu Bitimni talqin va tatbiq etishga, shuningdek hamkorlikning boshqa jihatlarini kelishishga tegishli kelishmovchiliklar yuzaga kelganida Tomonlar ularni oʻz rasmiy vakillari orqali qoʻshimcha ikki tomonlama muzokara va maslahatlashishlar yoʻli bilan hal etish majburiyatini oladilar.
12-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuv boʻyicha ushbu Bitimga zarur qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishlari mumkin, ular ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
13-modda
Ushbu Bitim besh yillik muddatga tuziladi, Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda agar Tomonlardan birortasi ushbu Bitim amal qilishining koʻzda tutilgan muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabar bermasa, keyingi har bir yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytirilishi mumkin.
Toshkent shahrida 1999-yil 23-iyulda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matn ishlatiladi.
(imzolar)