Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASINI TASHKIL QILISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bojxona ishini tashkil qilishni yaxshilash, yagona bojxona siyosatini oʻtkazish, respublika bojxona organlarining tezkorligini hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashda ularning rolini kuchaytirish, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasining negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tashkil qilinib, u bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysundirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ishlab turgan bojxona xizmatlari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tegishli hududiy boshqarmalari tuzilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
respublika bojxona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;
respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, belgilangan vakolatlar doirasida mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, bojxona qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilib borish;
bojxona ishlarini amalga oshirish chogʻida fuqarolarning, shuningdek, yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasida bojxona nazoratini taʼminlash, shu chegara orqali tovarlar va transport vositalari oʻtishini tezlashtirishga imkon beradigan shart-sharoitlarni vujudga keltirish;
kontrabandaga, bojxona qonunchiligini buzishlarga qarshi kurash, narkotik moddalar, psixotrop va portlovchi moddalar, qurol-yarogʻ, valyuta boyliklari, milliy boylik hisoblanuvchi badiiy, madaniy-tarixiy va arxeologik meros buyumlari, aqliy mulk obyektlari respublikaning bojxona chegarasi orqali qonunga xilof ravishda olib oʻtilishiga chek qoʻyish;
savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishning bojxona vositalarini qoʻllash, boj haqi, soliqlar hamda boshqa bojxona toʻlovlarini undirib olish;
xorijiy davlatlarning bojxona organlari bilan, bojxona ishi masalalariga mutasaddi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, xalqaro bojxona va savdo tashkilotlarida ishtirok etish, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bojxona ishiga taalluqli qismidan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatga oid bojxona statistikasi va tovar nomenklaturasini yuritish;
bojxona ishi sohasidagi faoliyat toʻgʻrisida axborot toʻplash hamda unga ishlov berish borasidagi avtomatlashtirilgan tizimni ishlab chiqish va joriy etish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bojxona qoʻmitasi huquqni muhofaza qiluvchi organ boʻlib, u quyidagi huquqqa egadir:
bojxona masalalari boʻyicha xalqaro huquq normalariga muvofiq belgilangan tartibda xalqaro bitimlar va shartnomalar tuzish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat hamda jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining normalariga amal qilgan holda bojxona organlarining vakolatiga daxldor huquqbuzarliklar boʻyicha tergovga kadar tekshiruv, surishtiruv ishlari va zarur tezkor-qidiruv chora-tadbirlarini oʻtkazish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PF-5269-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son)
bojxona qonunchiligi buzilganligi uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllanish;
aybdorlarni javobgarlikka tortish masalasi davlat bojxona organlarining vakolatlari doirasidan chiqadigan hollarda huquqbuzarlik faktlari boʻyicha hujjatlarni tergov va sud organlariga topshirish;
tovarlar va transport vositalari respublika bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishining qonuniy asoslarini aniqlash uchun vazirliklar, idoralar, tashkilotlardan va mahalliy hokimiyat idoralaridan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan tashqi iqtisodiy aloqalarning qatnashchilaridan (mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar) belgilangan tartibda materiallar va hujjatlarni olish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Shu narsa belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan oʻz vakolati doirasida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan qarorlar mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslarning ijro etishlari uchun majburiydir.
5. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining xodimlari uchun belgilangan barcha huquq va imtiyozlar, xizmatni oʻtash, jumladan, maxsus va shaxsiy unvonlar berish, lavozim maoshlariga hamda koʻp yillik xizmatlari uchun ustama haq toʻlash tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining xodimlariga nisbatan joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
7. “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat soliq boshqarmasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga oʻzgartirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 18-yanvardagi Farmonining ikkinchi bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin, shuningdek, mazkur Farmonning kirish qismidagi “va bojxona” soʻzlari olib tashlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 8-iyul,
PF-1815-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 7-son, 182-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son; 06.06.2020-y., 06/20/6005/0728-son)