O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QO‘MITASINI TASHKIL QILISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bojxona ishini tashkil qilishni yaxshilash, yagona bojxona siyosatini o‘tkazish, respublika bojxona organlarining tezkorligini hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashda ularning rolini kuchaytirish, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Bosh bojxona boshqarmasining negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tashkil qilinib, u bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Bosh bojxona boshqarmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ishlab turgan bojxona xizmatlari negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli hududiy boshqarmalari tuzilsin.
(2-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.06.2020-y., 06/20/6005/0728-son)
(3-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.06.2020-y., 06/20/6005/0728-son)
4. Shu narsa belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘z vakolati doirasida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan qarorlar mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslarning ijro etishlari uchun majburiydir.
(5-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.06.2020-y., 06/20/6005/0728-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
7. “O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat soliq boshqarmasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga o‘zgartirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 18-yanvardagi Farmonining ikkinchi bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin, shuningdek, mazkur Farmonning kirish qismidagi “va bojxona” so‘zlari olib tashlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 8-iyul,
PF-1815-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 7-son, 182-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son; 06.06.2020-y., 06/20/6005/0728-son)